MOSKVA – Rossiya prezidenti Vladimir Putin keyingi oy boʻlib oʻtadigan parlament saylovlari oldidan mashhurligi tushib ketgan Yagona Rossiya partiyasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida, seshanba (31-avgust) kuni huquqni muhofaza qilish sohasi zobitlari va armiya xizmatchilarga 200 AQSH dollaridan toʻlash haqida buyruq chiqardi.
Sentyabr oyida Davlat Dumasi uchun boʻlib oʻtgan saylovlardan avval pensionerlarga 135 AQSH dollari miqdorida bir martalik nafaqa berilgan, oʻshanda tobora koʻtarilayotgan narxlar va kamayib borayotgan maoshlar tufayli Yagona Rossiya partiyasining reytingi keskin tushib ketgan edi.
Rossiya huquqiy axborot portaliga koʻra, Putin harbiylar va huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining “ijtimoiy himoyasi” uchun sentyabr oyida ularga 15 ming rubl (200 AQSH dollari) miqdorida bir martalik naqd pul mablagʻini berish haqidagi qarorni imzolagan.
Bu toʻlovlar oʻsib borayotgan inflyatsiyani jilovlash muammolari yuzaga chiqayotgan bir vaqtga toʻgʻri keldi. 2020-yilning oxiridan beri Putin hukumatga koʻtarilib ketayotgan narxlarni nazorat qilish boʻyicha bir necha bor buyruqlar bergan.
Yillik inflyatsiya miqdori 6,5 foizga chiqqan, deb xabar beradi iyun oyida asosiy foiz stavkasini shu koʻrsatkichga olib chiqqan Markaziy Bank, bu 2014-yilgi valyuta inqirozidan keyin eng katta oʻsishdir.
2018-yilda bahsli pensiya dasturining qabul qilinishi va mamlakat iqtisodining turgʻunlashuvi ortidan, soʻnggi yillarda “Yagona Rossiya”ning reytingi tusha boshlagan.
Davlatga qarashli VTsIOM – Butunrossiya jamoatchilik fikrini oʻrganish markaziga oʻra, hukmron partiya 30 foiz ovoz toʻplagan, bu 2016-yilda quyi palata saylovlaridagi natijalardan 10 ta punkt pastroq.
Mazkur partiya davlat Dumasida 75 ta oʻringa egalik qiladi, qolgani Kreml buyruqlarini bajaruvchi partiyalarga tegishli.
Bosimlar
Sentyabr saylovlari oldidan Rossiya hukumati muxolifat va mustaqil ommaviy axborot vositalariga nisbatan bosim oʻtkazmoqda.
Hibsdagi Aleksey Navalniyning tashkiloti “ekstremistik” deb topilib, mamlakatda faoliyati taqiqlangan va uning asosiy ittifoqdoshlari mamlakatni tark etishgan.
Bu orada yetakchi mustaqil OAV jumladan, “Meduza” veb-sayti va “Dojd” telekanali “xorijiy agentlik”, “Proyekt” surishtiruv loyihasi esa “istalmagan tashkilot” deb topilgan.
Iyun oyida Navalniyning mintaqaviy idoralari va uning korruptsiyaga qarshi kurash jamgʻarmasining (FBK) “ekstremistik” deb topilishi siyosiy motivlar bilan bogʻliq, deydi Markaziy Osiyolik kuzatuvchilar.
Sud qarori “mutlaqo bemaʼni”, deb aytgan oʻsha vaqtda Olmaotada yashovchi Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (KNB) isteʼfodagi zobiti Arat Narmanbetov.
Navalniyni zaharlashga qaratilgan muvaffaqiyatsiz urinishdan soʻng, Kreml endi uning mamlakatda korruptsiyaga qarshi kurashadigan tashkilotlarini ham taʼqib qilmoqda, dedi u.
Narmanbetovning taʼkidlashicha, FBKni “ekstremistik tashkilot” deb topish bilan Rossiya bosh prokuraturasi uni “haqiqiy ekstremistlar, oʻtaketgan kallakesarlardan” iborat “Islom davlati” (ID) bilan tenglashtirmoqda.
“Korruptsiyaga botgan amaldorlar, jumladan, Rossiyaning ayrim davlat xizmatchilari esa... ekstremistlar deb tan olinmaydi, aslida ular terrorchilardan ham battar”, dedi u.
Moskva sudining qarori mutloq siyosiy xarakterga ega, chunki sudyalar Kremlning fikriga mos ravishda qaror chiqarishdi, deb aytgan edi shuningdek iyun oyida Frantsiyada yashovchi oʻzbekistonlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.
“Navalniy boshchiligidagi FBK axborot kampaniyasi rossiyaliklarning Vladimir Putinga ishonchini keskin pasaytirib yubordi”, dedi u, jumladan Qora dengiz boʻyidagi Putinniki deb iddao qilingan “poraxoʻrlik qasri” haqidagi YouTube videolavhasini nazarda tutib.
“Navalniy fondining shu va boshqa harakatlari Putin hokimiyatining legitimligiga jiddiy putur yetkazdi”, dedi Rabbimov.
“Shu tariqa Kremlning Rossiyada chindan ham korruptsiya va avtoritarizmga qarshi kurashayotgan mustaqil jamgʻarma faoliyatini qonun darajasida taqiqlashdan boshqa chorasi qolmadi.”
Umrbod prezident
Yigirma yildan ortiq hukmron boʻlgan Putin aprel oyida hokimiyatda yana ikki marotaba olti yillik muddatga saylanish imkonini beruvchi qonunni imzoladi, bu esa unga 2036-yilga qadar hokimiyatni boshqarishga imkon yaratdi.
Yana ikki marta prezident etib saylansa va oʻshanda ham tirik boʻlsa, Putin 84 yoshga toʻlgan boʻladi. Shuningdek, bu Buyuk Pyotr davridan beri Iosif Stalindan keyin eng uzoq davom etgan hukmronlik boʻlishi mumkin.
Qonun prezidentlik muddatlarini “nolga tenglashtiradi” va Putinga joriy – ikkinchi muddati tugaganidan keyin – 2024-yilda ham yana prezidentlikka saylanish imkonini beradi.
Putin 2000-yildan 2008-yilgacha ikki marta toʻrt yillik muddatdan prezident boʻlgan. Uning ittifoqdoshi Dmitriy Medvedev esa 2008-yilda uning oʻrnini egallagan, tanqidchilar buni ikki marta qayta-qayta prezident boʻlib saylanish cheklovini aylanib oʻtish yoʻli deb ataganlar.
Ammo Medvedev prezidentligi davrida Putin taxt ortida turib hukumat tepasida qolgan va bosh vazir lavozimini egallagan.
Medvedev oʻz hukmronligi davrida keyingi prezidentdan boshlab vakolat muddatini olti yilga uzaytiradigan qonunga imzo chekdi.
Putin 2012-yilda Kremlga qaytgan va 2018-yilgi saylovlarda gʻalaba qozongan.
Muddatni “nolga tenglashtirish” populistik iqtisodiy choralar va bir jinsli nikohlarga nisbatan demagogik taqiqni oʻz ichiga olgan konstitutsion islohotlarning bir qismi edi.
Yakunda rasmiy raqamlarga koʻra, rossiyaliklarning 78 foizi islohotlarni yoqlab ovoz berishgan.
Kreml muxolifatchilari islohotlar Putinga “umrbod prezident” boʻlishga imkon beruvchi bahona boʻlganini aytishadi.
“Ular odamlar tuzgan qonunni oʻzgartira olgan boʻlsalar, tabiat qonunini ham oʻzgartira olamiz, deb oʻylaydilar”, deb yozgan muxolifatchi siyosiy arbob Yevgeniy Royzman aprel oyida oʻzining Twitter sahifasida.
Axir, bu qonunbuzarlik va ovozlarni sotib olish; bu saylov noqonuniy.
Javob berishFikrlar 1