TERMIZ, Oʻzbekiston – Tolibonning Afgʻonistonni egallab olishi unga qoʻshni postsovet mamlakatlarda noxush xotiralarni olib keldi – ular ham ekstremistik tahdid, ham qochqinlar bilan bogʻliq inqirozdan xavotirga tushmoqda.
Garchi jangari guruh Afgʻonistondan tashqaridagi hududlar uchun hech qachon kurashmagan boʻlsa-da, uning hukmronligi bundan yigirma yil avval ham qoʻshni Markaziy Osiyoda mavhumliklar paydo qilgan edi.
Mintaqa aholisi yangi qoʻshnilarning kelishiga tayyorgarlik koʻrar ekan, mamlakatlar hukumatlari hududga yana beqarorlik yoyilishi mumkinligidan tashvishda.
“Qochqinlar keladigan boʻlishsa, ularga oʻz uyimizni, non-tuzimizni beramiz”, deydi Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan chegaradosh Termiz shahrida yashovchi 26 yoshli tadbirkor Abdualaziz Muxamadjonov. “Boshqa nima ham qilardik?”
Mintaqada qudratli oʻyinchilardan boʻlgan Rossiya bu fikrga qoʻshilmaydi – U Markaziy Osiyo mamlakatlarini Gʻarbning afgʻonlarga boshpana berish haqidagi iltimoslarini rad etishga undagan.
Afgʻonistondan Gʻarbga ommaviy koʻchish
Hukumat ularga faqat uchinchi mamlakatga oʻtish uchun ruxsat berayotgani aytilsa-da, qochqinlar Oʻzbekiston hududiga kirib kelishgan.
20-avgust kuni hukumati qariyb 2000 kishini – asosan mamlakatda ishlagan Yevropa fuqarolari va bir qancha afgʻonlarni Toshkent aeroporti orqali evakuatsiya qilishga yordam berganini aytgan.
Bundan tashqari, fuqarolar xavfsizligini kafolatlash boʻyicha oʻtkazilgan muzokaralardan soʻng 150 nafar afgʻon fuqarosi Tolibonlarga qaytarilgani aytiladi.
Shunga qaramay, qoʻlbola sollarda Amudaryo orqali Oʻzbekistonga oʻtayotgan koʻp sonli qochoqlar haqida xabarlar tarqalgan. Afgʻoniston elchixonasi xodimlaridan biri Termizdagi koronavirus markazida 1500 kishi yashayotganini aytgan.
Rasmiy Toshkent yuzaga kelgan vaziyat haqida sukut saqlamoqda.
Muhammadjonov va Afgʻoniston chegarasi yaqinidagi boshqa termizliklar qochqinlarning chegarani kesib oʻtgani haqidagi xabarlardan taajjubga tushgan. Oʻzbekiston esa AFP muxbirlariga koronavirus markazi va chegara yaqinidagi lagerga kirishga ruxsat bermagan.
Tolibonning 1996-yildan 2001-yilga qadar davom etgan ilk hukmronligi davrida Oʻzbekiston islom harakati (OʻIH) Afgʻoniston va Pokistonda mustahkam oʻrnashgan edi.
OʻIH 1999-yilda Qirgʻizistonga bostirib kirib, mintaqani esankiratib qoʻygan va u yerdagi qishloqlardan birini qisqa muddatga egallab olgan edi. Oʻzbekiston oʻsha yil boshida Toshkentda sodir boʻlgan portlashlarda ayni guruhni ayblagan.
OʻIH sezilarli darajada kuchini yoʻqotgan deb ishonilsa-da, lekin uning Afgʻonistondagi qoldiqlari va jangarilar guruhlari (ular orasida Markaziy Osiyoliklar ham bor) hali ham tahdid tugʻdirishi mumkin, deydi Pitsburg universiteti mutaxassisi Jennifer Brik Murtazashvili.
“Tolibon hech qachon Markaziy Osiyoga nisbatan hech qanday harakatlarni amalga oshirmagan, lekin uning safida mintaqa davlatlariga bosim oʻtkazish vositasi sifatida foydalanish mumkin boʻlgan Markaziy Osiyolik jangarilari bor”, dedi u.
Ayni vaqtda Afgʻonistondagi Tolibonning har qanday tahdidiga qarshi turish bahonasida Rossiyaning Markaziy Osiyodagi harbiy hozirligini kuchaytirayotgani kuzatuvchilarni Kremlning asl maqsadlariga shubha bilan qarashga undamoqda.
Markaziy Osiyoda harbiy oʻquv mashgʻulotlarini faollashtirgan Moskvaning aytishicha, Afgʻoniston bilan chegaradosh davlatlar yangi qurollarga buyurtma berishgan.
Avgust oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin jangarilar “qochqin niqobi ostida” mintaqaga kirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.
Shunday boʻlsa-da, Rossiya rejimi ikki taraflama oʻyin qilib, kamida 2015 yildan beri Tolibonni qurol-yarogʻ va moliyaviy koʻmak bilan taʼminlab kelgani aytiladi.
“Eng avvalo – xavfsizlik”
Afgʻoniston bilan chegaradosh uchta postsovet mamlakat – Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston ichidan faqat hududida Moskvaning harbiy bazasi boʻlgan Tojikiston Tolibon bilan rasman muzokara oʻtkazishdan bosh tortgan.
Yaqinda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 1300 kilometrlik umumiy chegaraning Afgʻoniston tomonida “terrorchi guruhlar” toʻplanganidan shikoyat qilgan edi.
Tojikiston olis Panjsher vodiysida toliblarga qarshilik koʻrsatayotgan asosan etnik tojiklardan iborat afgʻonistonliklarga harbiy yuklar joʻnatgani haqidagi xabarlarni rad etgan.
90-yillarda besh yillik fuqarolar urushini boshdan kechirgan nochor respublikaning radikalizmdan qoʻrqishi bejiz emas. Oʻshanda islomiy va mintaqaviy kuchlar koalitsiyasi hukumatga yengilgan edi.
Bundan tashqari, Afgʻonistonda Tolibon tarafdorlaridan boʻlgan Jamoat Ansorulloh ekstremistik guruhi bir necha bor Tojikiston hukumatini agʻdarishga vaʼda bergan. Guruh asosan Tojikiston fuqarolaridan tarkib topgan.
“Turkmaniston va Oʻzbekiston uchun iqtisodiy masalalar ustuvor boʻlishi mumkin, bu esa toliblar bilan aloqalarni mustahkamlashni taqozo qiladi”, deydi Parijdagi Ijtimoiy fanlar boʻyicha ilgʻor tadqiqotlar maktabiga (EHESS) taklif qilingan ilmiy xodim Parviz Mullojonov.
“Tojikiston uchun esa xavfsizlik birinchi oʻrinda boʻladi”.
AQSH tomonilan tashkillashtirilgan evakuatsiya doirasida 1000 ga yaqin afgʻon fuqarosiga Tojikistonda vaqtincha boshpana taqdim etildi, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining tojik xizmati shanba (28-avgust) kuni.
Afgʻonistonliklar Kulob aeroporti yaqinidagi chodirli lagerda boʻlib turibdi.
Turkmaniston ham qochqinlarni qabul qilishga tayyorligini bildirgan.
Qozogʻiston va Qirgʻiziston esa ijtimoiy tarmoqlardagi mish-mishlarning oldini olish maqsadida qochqinlarni qabul qilishdan bosh tortgani haqida bayonot bergan.