BANGI, Markaziy Afrika Respublikasi – Shu yili avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ekspertlari rossiyalik yollanma askarlarni Markaziy Afrika Respublikasida (MAR) “inson huquqlarini jiddiy poymol qilishda” ayblar ekan, turli surishtiruvlarga koʻra, Kreml ittifoqchisi Yevgeniy Prigojin matbuotdagi negativni rad etishga qaratilgan filmni moliyalashtirayotgani maʼlum boʻlgan.
Mart va aprel oylarida MARda suratga olingan “Turist” filmi oʻtgan yilgi prezident saylovlaridan keyin mahalliy aholini bir guruh qonxoʻr isyonchilardan himoya qiluvchi rossiyalik harbiy maslahatchilar guruhi haqida hikoya qiladi.
Film boshidagi subtitrlarda uning prezident Fosten-Arshanj Tuadera rejimini qoʻllab-quvvatlaydigan 300 nafar rus harbiy instruktorlaridan ilhomlanib suratga olingani aytiladi. Rossiya uni 2018-yildan beri qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Filmda ruslar qahramon, mehribon va olijanob qilib tasvirlangan. Ammo bu tasvirlar MARdan olingan xavotirli xabarlardan keskin farq qiladi.
31-mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlar guruhi rossiyalik yollanma askarlarning 27-dekabr kuni MARda “prezidentlik saylovlaridan keyin yuz bergan zoʻravonlik hujumlariga aloqadorligi” yuzasidan xavotir izhor etgan.
Ular uchta guruh nomini tilga olganlar: Sewa Security Services, Lobaye Invest SARLU va Vagner guruhi.
Yollanma askarlar “ommaviy qotilliklar, oʻzboshimchalik bilan hibsga olishlar, soʻroq paytida qiynoqlar qoʻllash, tinch aholini majburan koʻchirish, fuqarolik obyektlarini betartib nishonga olish, sogʻliqni saqlashga oid huquqlarni poymol qilish va gumanitar tashkilotlarga hujumlarning kuchayishiga” aloqador, deyiladi BMTning yollanma askarlar boʻyicha ishchi guruhi bayonotida.
Bu film Prigojin uchun shaxsiy “shuhratparastlik va profil loyihasi” boʻlishdan tashqari, amaliy maqsadga ham xizmat qiladi, deydi Rossiya xavfsizligiga oid masalalar boʻyicha mutaxassis, londonlik Mark Galeotti.
“Hozirgi vaqtda Vagner eng sara yangi askarlarni yollashga qiynalmoqda, chunki ularni hukumat homiyligidagi “Patriot” va “Shchit” (Qalqon) kabi jangovar guruhlar yaxshi shartlar va maosh bilan oʻz safiga jalb qilmoqda”, degan edi u may oyida The Moscow Times nashriga bergan intervyusida.
Vagner ilk marta 2014-yilda Ukrainada paydo boʻlgan. Oʻshandan beri uning yollanma askarlari butun dunyoda, jumladan Suriya, Mozambik, Sudan, Venesuela, Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) va Chaddagi mojarolarda qatnashganlar.
Ukrainadagi yollanma askarlar uchun tashviqotning kuchayishi
18-avgust kuni Rossiya hukumatiga moyil NTV telekanalida Prigojin tomonidan moliyalashtirilgan yana bir film namoyish etildi, deb xabar beradi “Ozodlik” radiosi.
“Solnsepyok” (“Jazirama” deb tarjima qilingan) filmining treylerida 2014-yilning yozida Rossiya Qrimni noqonuniy bosib olgan Ukrainaning Lugansk viloyatida urush boshlanganidan keyingi hayot tasvirlangan.
Treylerda dasturxon ustida qadah koʻtarayotgan oila, shahar markazi boʻylab ketayotgan harbiy kiyimdagi erkak va tuproq yoʻldan yurib borayotgan mashina aks etadi.
Ismini oshkor qilmagan Prigojinga yaqin manbalarning “Meduza” mustaqil nashriga aytishicha, bu film uning ikkinchi loyihasi boʻlib, u Vagner guruhining Ukraina sharqida Kiyev kuchlariga qarshi jang qilayotgan Kreml qoʻllovidagi ayirmachilarni qoʻllab-quvvatlashdagi rolini aks ettiradi.
“Aftidan ular... jamoatchilikka oʻzlarining romantik va tashviqotchi versiyalarini koʻrsatishga qaror qilganlar”, deb yozadi “Meduza” 12-avgust kungi maqolasida Prigojinga yaqin manbalardan biriga iqtibos keltirib.
Prigojinning matbuot xizmati film kim tarafidan moliyalashtirilgani nomaʼlum, deya mujmal bayonot bergan.
“Evgeniy Viktorovich (Prigojin) “Jazirama” filmini suratga olishni moliyalashtirgani haqida hech qanday maʼlumotga ega emas”, deyiladi xabarda.
Matbuot xizmati film prodyuseri Sergey Shcheglovning gʻoya “tashabbuskoriga” minnatdorchilik bildirganini aytib, “Bu Yevgeniy Viktorovichga qaratilganmi-yoʻqmi, xabardor emasmiz”, deb qoʻshimcha qilgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning eski qadrdoni boʻlgan Prigojin Vagner bilan aloqalarini rad etib keladi, Moskva esa hech qachon Vagner yollanma askarlari haqidagi xabarlarni tasdiqlamagan.
Moskvaning “himoyalanmagan siri”
Tergovchilar Prigojinning saylovlarga aralashuvi va butun dunyo boʻylab Kremlparast yollanma jangarilarni moliyalashtirishga aloqadorligini tergov qilar ekan, u huquqiy javobgarlik xavfi ostida qolgan.
2018 va 2020-yillarda Vashington Prigojinga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi – oʻshanda uning Internet tadqiqotlari agentligi (ITA), yaʼni Sankt-Peterburgdagi “trollar fabrikasi” 2016 va 2020-yillarda AQSHda oʻtkazilgan saylovlarga aralashishda ayblangan.
ITA, shuningdek, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya kabi boshqa mamlakatlarda oʻtkazilgan saylovlar va referendumlar chogʻida buzgʻunchi tashviqot bilan shugʻullanishda ayblangan.
Oʻtgan yili Belarusda saylovlar oldidan muxolifat bilan tartibsizliklar keltirib chiqarishga urinishda ayblangan 33 nafar Vagner “jangarisi” hibsga olingan edi.
Oʻtgan yilning oktabr oyida Yevropa Ittifoqi “Vagner” guruhi orqali Liviyadagi vaziyatni beqarorlashtirgani uchun Prigojinga nisbatan sanksiyalar qoʻllagan.
Fevral oyida AQSH Federal tergov byurosi (FTB) Prigojinning hibsga olinishiga yordam beradigan maʼlumot uchun 250 ming dollar mukofot taklif qildi va uning “AQSHni aldash fitnasiga aloqadorlikda gumon qilinayotgani” sababli qidirilayotganini aytdi.
Karnegi jamgʻarmasining tahlil markazi Vagnerni “Moskvaning eng himoyalanmagan sirlaridan biri” deb atagan.
Markaz maʼlumotlariga koʻra, guruhning ikkita asosiy maqsadi bor: “Urush hududlariga jangarilarni joylashtirishda Kremlni haqiqatnamo inkor bilan taʼminlash” va “qabul qiluvchi davlatlarda bosim oʻtkazishga tayyor boʻlish”.
Liviyada topilgan planshet koʻp narsalarni ochiqlagan
Yaqinda ovoza boʻlgan xatolar va mojarolar tufayli “Vagner” guruhining xavfsizlikka nisbatan pala-partish yondashuvi yuzaga chiqar ekan, hozirgi vaqtda xalqaro qidiruvda boʻlgan Prigojin atrofidagi sirtmoq ham torayib bormoqda.
Liviyada guruh aʼzosi tarafidan tashlab ketilgan planshet buni tasdiqlovchi soʻnggi dalillardan biridir. Vagner xalqaro hamjamiyat tarafidan tan olingan Liviya milliy kelishuv hukumatini (MKH) agʻdarishga urinayotgan liviyalik yetakchi, Rossiyaning mijozi Xalifa Haftarni 2018-yildan beri qoʻllab-quvvatlab keladi.
Planshet ichida Rossiya yollanma armiyasining harakatlanishiga oid maʼlumotlar, uning odamlar yashaydigan tumanlarda minalar joylashtirganiga oid dalillar va soyadagi guruh ortida turgan pullarga oid ishoralar boʻlgan, deb xabar bergan BBC 12-avgust kuni.
BBCga koʻra, planshet ichidan oʻnlab fayllar, jumladan piyodalarga qarshi minalar va qoʻlbola portlovchi moslamalarning qoʻllanmalari, razvedka dronidan olingan tasvirlar va front chizigʻining harbiy xaritalari aks etgan xarita ilovasi (barchasi rus tilida) topilgan.
Ikki nafar sobiq vagnerchilardan intervyu olgan BBC jangarilarning urush olib borishiga oid ikki tafsilotni ochiqlagan: Guruh aʼzolari uchun hech qanday xulq-atvor kodeksi mavjud boʻlmagan va ular muntazam ravishda asirlarni oʻldirgan.
“Hech kimga ortiqcha boqimanda odam kerak emas”, deb aytgan sobiq vagnerchi BBC nashriga.
Qonli izlar
Vagnerning Liviyadagi faoliyati Rossiyaning Suriya mojarosidagi ishtiroki bilan ham bogʻliq.
2020-yilda Suwayda.com sayti Rossiya qoʻllovidagi kuchlar safida jang qilish maqsadida Liviyaga ketish uchun ruxsatnoma olgan 20600 nafar suriyalik erkakning roʻyxatini qoʻlga kiritgan.
Ammo, aprel va iyun oyida nashr iyun oyida oʻsha kuchlar bilan qisqa muddatli shartnomalar tuzgan norozi suriyaliklardan intervyu olgan.
Aprel oyida oʻz ismini ochiqlamagan suriyalik jangari WhatsApp ilovasi orqali Suwayda.com xodimlari bilan aloqaga chiqqan. U besh oylik shartnomasi tugaganiga qaramay, Liviyada qolib ketganini, maoshining kamligi, taʼminotchi oziq-ovqat yordamini kamaytirgani uchun oʻzini boqishga qodir boʻlmay qolganini aytgan.
Suriyadagi qarindoshlari unga Liviyadagi qoʻmondonlardan birining birodari orqali pul yuborib turishgan.
Iyun oyida Liviyadan qaytib kelgan suriyalik sobiq jangarilar Suwayda.com veb-saytiga, rossiyaliklar ularga vaʼda bergan pulning yarminigina toʻlashganini, ularga yetarlicha oziq-ovqat berilmaganini, qora mehnat bilan shugʻullanishga majbur boʻlishgani va ularga nisbatan har turli noloyiq munosabatda boʻlishganini aytganlar.
Suriyada Vagner jangarilarining qotilliklari va urush jinoyatlari haqidagi hikoyalar talaygina. Guruh bu mamlakatga Moskva 2015-yil sentabrida Suriya prezidenti Bashar Asad armiyasini qoʻllab-quvvatlab nizoga aralashgan vaqtda kirgan.
Shuningdek, vagnerchilar 2017-yilda ham suriyalik erkakni oʻldirganlikda gumon qilingan edi.
15-mart kuni Fransiya, Suriya va Rosssiyadan uchta huquqbon guruh 2017-yilda suriyalik erkakning boshi tanasidan judo qilinishi va “urush jinoyatlariga” teng deya koʻrilgan zoʻravonligi yuzasidan Moskvada Vagner guruhiga qarshi qonuniy shikoyat bilan sudga murojaat qilishgan.
Bu jarayon Vagner va Prigojinning guruhdagi rolini yuzaga chiqarish yoʻlidagi noyob urinishlardan biri boʻldi.
Rossiya – terrorizm homiysi!
Javob berishFikrlar 2
Bu Rossiyadan chiqqan jazo otryadi va qotillar brigadasi.
Javob berishFikrlar 2