Karvonsaroy
Xavfsizlik

Markaziy Osiyo Tolibonning vaʼdalariga qaramay, chegaralarni mustahkamlashda davom etmoqda

Kanat Altinbayev

Afgʻonistondagi voqealar munosabati bilan jangovar tayyorgarlikni sinash boʻyicha umummilliy mashgʻulotlarda ishtirok etayotgan tojikistonlik askarlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, 22-iyul. [Tojikiston hukumati matbuot xizmati]

Afgʻonistondagi voqealar munosabati bilan jangovar tayyorgarlikni sinash boʻyicha umummilliy mashgʻulotlarda ishtirok etayotgan tojikistonlik askarlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, 22-iyul. [Tojikiston hukumati matbuot xizmati]

OLMAOTA – Tolibon rahbarlari guruhning Afgʻonistonga qoʻshni mamlakatlar uchun xavf solmasligiga ishontirayotgan boʻlsa-da, Markaziy Osiyo hukumatlari voqealarning ehtimoliy rivojiga tayyorgarlik koʻrishda davom etmoqda.

Qoʻshma Shtatlar oʻz qoʻshinlarini olib chiqishi ortidan Afgʻonistondagi xavfsizlik yomonlashar ekan, Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan chegarani mustahkamlash uchun tezkor choralar koʻrgan.

Oʻzbekiston janubidagi eng chekka shahar – Termizda favqulodda vaziyatlarda tezkor chora koʻrish markazi tashkil qilingan. Bu haqda avgust oyida Surxondaryo viloyatidagi Oʻzbekiston chegara qoʻshinlarida xizmat qilayotgan podpolkovnik Abror Berdiyev “Oʻzbekiston 24” telekanaliga maʼlum qilgan.

Uning soʻzlariga koʻra, markazda kuch ishlatar idoralar rasmiylari, shuningdek, boshqa davlat idoralari vakillari ish olib bormoqda.

Bishkekda 31-avgust kuni Qirgʻiziston mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan paradda Qirgʻiziston harbiy texnikasi namoyish etilgan. [Maksat Osmonaliyev/Karvonsaroy]

Bishkekda 31-avgust kuni Qirgʻiziston mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan paradda Qirgʻiziston harbiy texnikasi namoyish etilgan. [Maksat Osmonaliyev/Karvonsaroy]

Jangovar shaylikni namoyish qilayotgan oʻzbekistonlik harbiylar, 24-iyun kuni olingan surat. Oʻzbekiston Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) qoʻshilishdan bosh tortgan. [Oʻzbekiston mudofaa vazirligi]

Jangovar shaylikni namoyish qilayotgan oʻzbekistonlik harbiylar, 24-iyun kuni olingan surat. Oʻzbekiston Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) qoʻshilishdan bosh tortgan. [Oʻzbekiston mudofaa vazirligi]

Oʻzbekistonning chegara qoʻshinlari yuqori jangovar tayyorgarlik holatiga keltirildi, prezident Shavkat Mirziyoyev esa Milliy gvardiya, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklarining eng sara boʻlinmalarini chegarada jangovar navbatchilik rejimiga oʻtkazdi, dedi Berdiyev.

“Qurolli kuchlar chegarani yanada ishonchli himoya qilish uchun eng zamonaviy qurollar bilan jihozlangan”, dedi Berdiyev. “Chegarachilarimiz tunu kun navbatchilik qilmoqda”.

30-avgust kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston-Afgʻoniston chegarasi hozirda toʻliq yopilganini, quruqlikdan oʻtish toʻxtatilgani va yaqin kelajakda uni qayta tiklash rejasi yoʻqligini eʼlon qildi.

“Sababidan qatʼi nazar, chegarani kesib oʻtishga boʻlgan har qanday urinishlarning oldi olinadi”, deyiladi vazirlik xabarida.

OAVda “Oʻzbekiston Afgʻonistondagi Tolibon rejimidan qochgan odamlar uchun oʻz chegaralarini ochishga tayyor”, degan xabarlarga javoban vazirlik shunday bayonot bergan.

Rossiya Tojikistondagi harbiy hozirligini kuchaytirmoqda

Tojikiston ham xuddi shunday choralar koʻrgan.

“Chegarani qoʻriqlash va himoya qilish yuqori jangovar shaylik holatida amalga oshirilmoqda”, deb xabar bergan Tojikiston kuch tuzilmalaridagi anonim manbalar avgust oyida Dushanbedagi “Aziya-Plus” saytiga.

“Afgʻoniston bilan chegara boʻylab uchta mudofaa chizigʻi tashkil etilgan. Ularga chegara qoʻshinlari, Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi va Tojikistonning boshqa xavfsizlik idoralari maxsus kuchlari va vositalari, armiya zaxirasidagilar jalb etilgan”, dedi rasmiy.

Aftidan, Dushanbening xavotirlanishiga asos bor, ammo bu Afgʻoniston tahdidi bilan emas, balki Rossiyaning xorijdagi eng yirik 201-harbiy bazasidagi harbiy hozirlikning kuchayishi bilan bogʻliq.

Avgust oyida Rossiya bazaga tanklarga qarshi “Kornet” raketa majmualari va “Verba” koʻchma zenit-raketa komplekslari kabi bir qancha yangi qurollarni joylashtirgan, deb xabar beradi Deutsche Welle.

Rossiya mintaqaviy xavfsizlik masalasini koʻtarib, zarur boʻlsa, “Afgʻoniston bilan chegarani himoya qilish uchun Tojikistonga qoʻshimcha yordam” koʻrsatishga tayyorligini aytmoqda.

Biroq, Moskva oʻzining geosiyosiy maqsadlarini koʻzlamoqda, deydi tahlilchilar.

Rossiya “Tolibon” tahdididan mintaqani qoʻrqitish va uni yanada qattiqroq nazoratga olish uchun qulay bahona sifatida foydalanmoqchi, deydi Xavflarni baholash boʻyicha konsalting guruhi direktori, olmaotalik Dosim Satpayev.

AQSH va NATO qoʻshinlari Afgʻonistondan chiqib ketar ekan, Moskva Markaziy Osiyoda oʻz taʼsirini kuchaytirish va xavfsizlik kafolati sifatidagi mavqeini mustahkamlash imkonini koʻrmoqda, deydi u.

Rossiya bu imkoniyatdan foydalanib, Oʻzbekistonni Rossiya rahbarlik qilayotgan va Oʻzbekiston qoʻshilishdan bosh tortayotgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga aʼzo boʻlishga undaydi.

Toshkentdagi “Bilimlar karvoni” tahliliy markazi rahbari Farhod Tolipov Toshkentning rad javobini izohlar ekan, “mamlakat, jumladan Afgʻonistondan chiquvchi xavfsizlik tahdidlariga KXSHT yordamisiz qarshi turish salohiyatiga ega ekanligini” aytdi.

Tolipovga koʻra, KXSHT oʻz aʼzolarini real tashqi tahdidlardan himoya qilishdan koʻra, koʻproq hiyla-nayrang va geosiyosiy mojarolar bilan ovora boʻlib qolgan .

Qozogʻiston va Qirgʻiziston ham jangovar shaylikni mustahkamlamoqda

Afgʻoniston bilan chegaradosh boʻlmagan Markaziy Osiyo davlatlari ham muammolarga qarshi turishga ehtiyoj sezmoqdalar.

Avgust oyining oʻrtalarida Qozogʻiston “ogohlikni kuchaytirish” choralarini koʻrdi: harbiy qismlar jangovar shay holatga keltirildi, maxsus harbiy mashqlarni oʻtkazish rejalandi, havo kengliklarini, harbiy obʼektlarni, qurol-yarogʻ omborlari va zaxiralarini qoʻriqlash yanada kuchaytirildi.

22-avgust kuni Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev Olmaota viloyatida boʻlib oʻtgan “Qaysar-2021” harbiy mashgʻulotlarini shaxsan kuzatdi. U Afgʻonistondagi vaziyatning keskinlashuvi sharoitida Qozogʻiston kuch tuzilmalari toʻliq safarbarlik holatida boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

“Afgʻonistondagi voqealar Qozogʻistonga toʻgʻridan-toʻgʻri xavf solmasa-da, ular shubhasiz ayrim tahdidlarni paydo qiladi. Shu bois voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib borishimiz va har qanday tahdidga munosib javob qaytarishga hozir boʻlishimiz kerak”, deyiladi Toʻqayev matbuot xizmatining bayonotida.

1-sentabr kuni xalqqa murojatida Toʻqayev Afgʻonistondagi vaziyat va global keskinlikning kuchayib borishi sharoitida Qozogʻiston mudofaa salohiyatini kuchaytirish va tahdidlarga qarshi zudlik bilan chora koʻrish uchun “mamlakat mudofaa sanoati va harbiy doktrinasini qayta yuklash” zarurligini bayon qilgan.

Afgʻoniston bilan chegaradosh boʻlmagan mintaqadagi yana bir davlat – Qirgʻiziston ham ehtiyot choralari sifatida Oʻzbekiston va Tojikiston bilan chegarada qoʻshimcha blokpostlar tashkil etgan.

Bundan tashqari, Qirgʻiziston kuch tuzilmalari chegara hududlarida muntazam ravishda razvedka-qidiruv operatsiyalarini oʻtkazmoqda. Qirgʻiziston Davlat chegara xizmatiga koʻra, qoʻshni mamlakatlar bilan operativ maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan, deb xabar beradi “Kabar” axborot agentligi avgust oyida.

“Qirgʻiziston davlat idoralari va kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda qoʻshma harakatlar rejasi ishlab chiqilib, chegaradagi vaziyat keskinlashgan taqdirda oʻzaro hamjihatlik mexanizmi yoʻlga qoʻyildi”, deyiladi Kabar.kg xabarida.

30-avgust kuni diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvda Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov birinchi navbatda chegara tumanlarini mustahkamlash, chegara xavfsizligini kuchaytirish va qirgʻiz harbiylarini qoʻshimcha qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlash rejalashtirilayotganini aytgan.

Ssenariylar koʻlami

Markaziy Osiyo davlatlari bir qator ssenariylarga tayyor turishi kerak, deydi tahlilchilar.

Tolibonning oʻzi Markaziy Osiyo mamlakatlariga jangovar yoki terror xavfini tugʻdirmasa-da, ular Afgʻonistonda mintaqa radikallashuviga sabab boʻladigan keskin harakatlar uchun qulay zamin yaratishi mumkin, deydi Vashingtondagi AQSH milliy mudofaa universiteti professori Erika Marat Karvonsaroyga.

Uning soʻzlariga koʻra, ekstremizmga yollovchilar odatda ogʻir iqtisodiy ahvolda qolganlarni tuzoqqa ilintiradi.

“Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari ekstremizmga qarshi kurashda asosiy eʼtiborni ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratmogʻi lozim”, deydi Marat.

Toshkentlik siyosatshunos Ravshan Nazarov Tolibonni Afgʻoniston tashqarida nima boʻlayotgani qiziqtirmaydi, degan fikrga qoʻshilmasligini aytar ekan, ularning mafkurasi transchegaraviy xarakterga ega ekanligini taʼkidlaydi.

“Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa Afgʻoniston bilan bevosita chegaradosh Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmaniston oʻz qurolli kuchlarini yuqori tayyorgarlik holatiga keltirishi, kollektiv mintaqaviy xavfsizlik tizimini mustahkamlashi kerak”, deb aytgan u avgust oyida Eurasianet nashriga bergan intervyusida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500