OLMAOTA – Markaziy Osiyoning besh postsovet respublikasi oʻz mustaqilligining 30 yilligini nishonlar ekan, Rossiya taʼsirining pasayishi fonida umumiy muammolarni hal qilish va oʻz qadriyatlarini himoyalash yoʻlida yanada yaqinroq hamkorlik qilmoqda.
Qirgʻiziston 31-avgustda, Oʻzbekiston 1-sentabrda, Tojikiston esa 9-sentabrda oʻz mustaqilligining yubileyini nishonladi.
Turkmanistonda bu kunni 27-sentabrda, Qozogʻiston esa 16-dekabrda nishonlaydi.
Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar oʻz mustaqilligini Sovet Ittifoqining parchalanishi arafasida, 1991-yil 26-dekabrda eʼlon qilishgan.
Oʻshandan beri bu mintaqa iqtisodiy qiyinchiliklar, harbiy nizolar va siyosiy inqirozlarga duch keldi – ularning ayrimlari hali ham davom etmoqda. Ammo soʻnggi bir necha yildan beri Markaziy Osiyo respublikalari oʻzaro hamkorlikka moyillik bildirmoqdalar.
Mintaqa davlatlari mustaqillikning 30 yilligini nishonlar ekan, birgalikda umumiy muammolarni hal qilish ustida ishlamoqda. Hozirda ularning chegaralari “20 yil ichida har qachongidan koʻra ochiqroq”, deb yozgan edi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi avgust oyida.
“Ajablanarlisi, bu yil Markaziy Osiyoning besh sobiq sovet respublikasida mustaqillik kuni bilan bogʻliq eng yaxshi jihatlardan biri – bu ularning hamkorlik qobiliyati va bir-biriga avvalgidan koʻra koʻproq bogʻliqligi boʻlishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Ayirmachilik kayfiyatlarini yengish
Markaziy Osiyolik tahlilchilar Qozogʻistonni mintaqadagi barqarorlik va iqtisodiy farovonlik mayogʻi deb biladilar.
1993-yildan beri Qozogʻiston 365 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qildi – bu mintaqadagi eng katta raqam. Bu mablagʻlarning yarmidan koʻpi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, 15 foizi esa AQSHdan kirib kelgan.
Ammo 90-yillarda, mamlakat shimoliy hududlarning rusiyzabon aholisi Rossiyaga qoʻshilishni istagan paytda, uning hududiy yaxlitligi xavf ostida qolgan edi.
Ayirmachilik kayfiyatlari toʻlqini namoyishlar va isyon koʻtarish urinishlariga olib keldi.
Mamlakatni birlashtirish uchun Qozogʻiston hukumati viloyatlar tuzilmasini isloh qilib, poytaxtni Olmaotadan shimoldagi shaharga koʻchirdi – bu shaharga 2019-yilda Qozogʻistonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev sharafiga Nur-Sulton nomi berildi.
Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish
Sovet Ittifoqidan keyingi davrda Markaziy Osiyo mamlakatlari koʻp jihatdan mustaqil rivojlanib, koʻp tomonlama emas, ikki tomonlama aloqalar oʻrnatdi va muayyan masalalarda kelishuvlarga erishdi.
2016-yil sentabrda esa uzoq vaqt hokimiyat tepasida boʻlgan Islom Karimov vafotidan keyin Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston prezidenti boʻldi.
Mirziyoyev Oʻzbekistonning rivojlanish strategiyasini oʻzgartirib, mintaqaviy hamkorlik va qoʻshnichilik aloqalarini tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishi qilib belgiladi.
Prezidentligining ilk yilida u rasmiy tashriflar bilan Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida boʻldi va yechimini kutayotgan muammolarni hal qildi. Hududiy bahslar va Oʻzbekistonni suv tanqisligi ostida qoldirish ehtimoli boʻlgan energetik loyihalar shular jumlasidandir.
2018 yilda Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan beri ilk marta Bishkekda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi – Turkiy kengash majlisida ishtirok etdi va 2019-yilda uning toʻlaqonli aʼzosi boʻldi.
Mirziyoyev, shuningdek, 2019-yil mart oyida ilk marta Qozogʻiston poytaxtida yigʻilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat kengashini tuzish tashabbusi bilan chiqdi.
Birgalikda Rossiyasiz
“Markaziy Osiyo har doim yagona organizm boʻlgan va shundayligicha qolmoqda”, deydi Toshkentdagi “Bilimlar karvoni” tahliliy markazi rahbari Farhod Tolipov. “Oʻzbekiston oʻz-oʻzini yakkalash rejimidan chiqar ekan, mintaqamizning oʻzgarib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz”.
“Bu – Markaziy Osiyo 2.0”, dedi u.
“Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Rossiyasiz uchrasha boshlagani ijobiy belgi, deydi bishkeklik siyosatshunos Mars Sariyev.
“Ilgari Markaziy Osiyo davlatlari tashqi oʻyinchilar uchun shunchaki piyoda edi, endi esa ular mintaqaviy miqyosda tashqi nazoratsiz, mustaqil tarzda oʻz siyosatini yuritmoqda”, deydi u. “Respublikalarimizning hamjihatligi yangi bosqichga koʻtarilmoqda”.
Mintaqadagi yana bir muhim tendensiya – jahon hamjamiyatiga yaqin boʻlish uchun kirill alifbosidan lotin alifbosiga oʻtish.
Turkmaniston toʻliq lotin alifbosiga oʻtib boʻlgan, Oʻzbekiston ayni vaqtda ikkala alifbodan ham foydalanmoqda, Qozogʻiston ham lotin yozuviga asoslangan oʻz alifbosini ishlab chiqmoqda.
Kirill yozuvidan voz kechish qozoq qadriyatlari ustun boʻlgan jamiyatni yaratish yoʻlidagi tabiiy harakatdir, deydi Qozogʻiston parlamentning quyi palatasi deputati, Nur-Sultonlik Aydos Sarim.
“Qozogʻistonliklarning yangi avlodi qozoq tilida soʻzlashayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Uning milliy oʻzlikni anglash darajasi Sovet davrida ulgʻaygan katta avlodga nisbatan yuqori”, dedi u.
Qozogʻistonning tashabbusi Markaziy Osiyo respublikalarini xiyonatda ayblagan rossiyalik siyosatchilar va Rossiya ommaviy axborot vositalarida keskin tanqidlarga sabab boʻldi.
Bu Rossiyaning gʻashiga tegadi, chunki uning Qozogʻiston, shuningdek, mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi madaniy taʼsiri kamayib bormoqda, deydi u.
Pandemiya davridagi qoʻshma choralar
Markaziy Osiyo davlatlari pandemiya davrida birdamlikni namoyish etib, COVID-19 bilan kurash yoʻlida kuchlarni birlashtirdilar.
Masalan, 2020-yil aprel oyida Oʻzbekiston Qirgʻizistonga gumanitar yordam ortilgan poyezd joʻnatdi – uning ichida un, oziq-ovqat, shaxsiy himoya vositalari va isitmani koʻrsatadigan yuqori tana haroratini aniqlovchi infraqizil kameralar bor edi.
Oʻsha oyning oʻzida Qozogʻistondan Qirgʻiziston va Tojikistonga 6 million dollarlik gumanitar yordam yuborildi.
2020-yil iyun oyida Oʻzbekiston Qozogʻistonga tibbiy niqob va qoʻlqoplar, himoya xalatlari, termometr va yotoqlar taqdim etgan.
Iyul oyida Nur-Sulton Bishkekka COVID-19ga qarshi 25 ming doza mahalliy QazVac vaksinasini yubordi.