Karvonsaroy
Ayollar huquqlari

Qozogʻistonda radikalizm taʼsiriga tushgan ayollar reabilitatsiyasi muvaffaqiyatli davom etmoqda

Kseniya Bondal

“Jusan isi” hujjatli filmidan olingan kadr: dalada bolalari bilan sayr qilib yurgan qozoq ayoli. U “Jusan” operatsiyasi doirasida Suriyadan qaytarilgan toʻrt nafar qozogʻistonlik ayoldan biri boʻlgan.

“Jusan isi” hujjatli filmidan olingan kadr: dalada bolalari bilan sayr qilib yurgan qozoq ayoli. U “Jusan” operatsiyasi doirasida Suriyadan qaytarilgan toʻrt nafar qozogʻistonlik ayoldan biri boʻlgan.

OLMAOTA – Oʻtgan yil davomida Qozogʻistonning radikallashuvga qarshi kurash boʻyicha hukumat dasturi Internetda profilaktik chora-tadbirlar va ayollarga moʻljallangan reabilitatsiya dasturlarini birlashtirib, ijobiy natijalarni qayd etdi.

7-sentabr kungi matbuot anjumanida hukumatning Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi Yerjan Nukejanov hukumat fuqarolar radikallashuvining oldini olish, shuningdek, sobiq ekstremistlarni deradikalizatsiya qilishda foydalanadigan ayrim usullar va strategiyalar haqida soʻzlab bergan.

Uning soʻzlariga koʻra, 2021-yilning birinchi yarmida hukumat Internetda oʻn minglab profilaktik va aksiltashviqot materiallarini joylashtirgan, bu oʻtgan yilgiga nisbatan ikki baravar koʻp.

Nukejanovning taʼkidlashicha, bu materiallar minglab qozogʻistonliklarni ijtimoiy tarmoqlardagi radikal guruhlar taʼsiriga tushishining oldini olgan.

Vataniga qaytarilgan qozogʻistonlik ayollar va bolalar: Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasining (KNB) mart oyida Internetda joylashtirilgan videolavhasidan olingan kadr.

Vataniga qaytarilgan qozogʻistonlik ayollar va bolalar: Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasining (KNB) mart oyida Internetda joylashtirilgan videolavhasidan olingan kadr.

U ayniqsa, koʻp bosqichli “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi doirasida terror iskanjasidagi Yaqin Sharq mintaqalaridan vataniga qaytarilgan deyarli barcha ayollar bilan ishlashda ijobiy natijalar koʻrsatgan deradikalizatsiya dasturining muvaffaqiyatini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Jusan va Zoom

Pavlodar shahridagi Dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi (SARMO) direktori Gulnaz Razdikova bir yildan oshibdiki, vataniga qaytarilgan ayollarni onlayn reabilitatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli dasturga rahbarlik qilib kelmoqda.

SARMO Qozogʻistonda sobiq ekstremist ayollarni reabilitatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi nohukumat tashkilotlardan biridir.

Pandemiya tufayli tashkilot oʻz ishini muvaffaqiyatli davom ettirishning yangi usullarini oʻylab topdi. 2020-yil iyun oyida u reabilitatsiya dasturidan oʻtgan repatriant ayollar uchun moʻljallangan “Jusan Zoom” onlayn loyihasini ishga tushirdi.

Qozogʻiston hukumati maʼlumotlariga koʻra, 2019-2021-yillar davomida “Jusan” operatsiyasi doirasida Suriya va Iroqdagi IDning sobiq hududlaridan qaytarilgan qaytarilgan 700 dan ortiq qozogʻistonlikning 188 nafari ayollar boʻlgan.

Bu ayollardan 20ga yaqini qamoq jazosini oʻtamoqda, “shuning uchun ular bilan ishlay olmadik”, deb qoʻshimcha qildi u.

Dasturning tilga tushgani u haqdagi maʼlumotning keng tarqatilishiga sabab boʻldi. Qozogʻistonga oʻz kuchi bilan qaytgan va “Jusan” operatsiyasi repatriantlariga yordam beruvchi rasmiy reabilitatsiya resurslaridan foydalana olmaganlar Jusan Zoom haqida xabar topib, unga qoʻshildilar, dedi u.

Buning natijasida ishtirokchi ayollarning umumiy soni 100 nafarga yetdi.

“Fikrimcha, bu dasturimizning nechogʻli samarali va muhim ekanidan dalolat beradi”, dedi Razdikova.

Ixtiyoriy ishtirok

Dasturda ishtirok etish shartlaridan biri shuki, ayollar bu ishga ixtiyoriy ravishda bosh qoʻshadilar – hech kim ularni Zoom guruhiga qoʻshilishga majburlamagan, deb tushuntirdi Razdikova.

Uning aytishicha, 2020-yildan beri 40 nafar ayol reabilitatsiyani tugatganidan soʻng, “Jusan Zoom”da 60 ga yaqin ayol qolgan.

“Internet orqali bir yarim yil davomida odamlar eʼtiborini ushlab turish qiyin, lekin biz buni uddaladik. Kurs davomida men ayollardan yana nimani oʻrganishni xohlayotganliklarini va dasturda qanday kamchiliklar borligini soʻradim, ularning javoblaridan kelib chiqib, jonli efirga oʻzgartirish kiritdim”, deydi u.

Barcha ishtirokchi ayollar ona boʻlgani va oʻz farzandlari haqida qaygʻurgani sababli, birinchi oʻrinda bolalar psixologiyasi, defektologiya va nevrologiyaga (bolalardagi enurez, nutq rivojidagi kechikish va duduqlanish) oid muammolarga qiziqish katta boʻldi.

Qozogʻistonda bolalar huquqlari boʻyicha ombudsman Arujan Sain bilan ham uchrashuv oʻtkazildi, unda ayollar bolalarni himoyalash va ular uchun yozgi dam olishni tashkil qilishga oid savollarni berishdi.

“Eng koʻp soʻraladigan savollarning ikkinchisi – oilaviy psixologiya, keyingisi esa salomatlikka oid savollardir (3-oʻrin)”.

“Shuning biz ayollarning maslahatlashuvi uchun umumiy amaliyot shifokorlari, ginekologlar va yuqumli kasalliklar boʻyicha mutaxassislarni taklif qildik”, deydi Razdikova.

Eng koʻp soʻraladigan toʻrtinchi masala huquqiy va ijtimoiy sohaga taalluqli: Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi mutaxassislari bu savollarga javob berishdi va manzilli ijtimoiy yordam taqdim etish qoidalarini muhokama qilishdi: bu toʻlovlarni kim oladi, ularning miqdori qancha va arizachilar qanday hujjatlarni taqdim etishi kerak.

Diniy mutaxassislar va imomlar bilan uchrashuvlar

Ayollar Qozogʻiston bosh muftiysi Navroʻzboy Hoji Taganuli bilan Zoom orqali ikki bor uchrashuv oʻtkazdilar.

“Safimizga xalqaro ekspertlarni ham jalb qildik. Masalan, oʻzbekistonlik diniy mutaxassis Baxtiyor Bobojonov radikalizm va ekstremizm, mamlakatning radikallashuvdan xalos boʻlish tajribasi haqida soʻzlab berdi”, deydi Razdikova.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Bishkekdagi vakolatxonasidan Yelena Jiruxina esa odam savdosi va terrorizm oʻrtasidagi bogʻliqlikni tushuntirib berdi.

Mashgʻulotlar har shanba va yakshanba kunlari boʻlib oʻtmoqda, ularda Qozogʻistonning turli viloyatlaridan yashovchi repatriant ayollar ishtirok etmoqdalar, dedi Razdikova.

Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi (QMDI) va Din ishlari qoʻmitasining (DIQ) viloyat boʻlimlari joylarda qozogʻistonlik ayollar orasida reabilitatsiya ishlarining asosiy qismini olib bormoqda.

“Qilayotgan ishimiz – ayollar jamoatlari orasida qoʻshimcha reabilitatsiya ishlarini olib borish”, dedi Razdikova.

Razdikovaning aytishicha, dastur davomida radikalizm bu ayollarning dindorligi yoki psixologiyasidan emas, balki taʼlim darajasining pastligi va tor dunyoqarashidan kelib chiqishi maʼlum boʻlgan.

Shuning uchun, aynan shu sohalarga eʼtibor qaratish lozim, dedi u.

“Men mashgʻulotlarni dindorlar mentalitetiga moslashtirdim – ularga dunyoviy odamga nisbatan ishlatadigan taktikani qoʻllab boʻlmaydi. Ish jarayonida gender xususiyatlarini ham hisobga olish kerak. Ayollarni suratga olib boʻlmaydi, ular bilan muloqot vaqtida maxfiylik saqlash va oʻzaro ishonch munosabatlarini oʻrnatish kerak”, deydi Razdikova.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500