Karvonsaroy
Saylovlar

“Millionlab sovrinlar”: Putinning partiyasi pul va imtiyozlar bilan saylovchilar eʼtiborini jalb qilmoqda

Karvonsaroy va AFP

Moskva boʻylab oʻrnatib chiqilgan bannerlarda saylovda elektron ovoz bergan saylovchilar uchun “millionlab sovrinlar” (pul mukofotlari, kvartira, avtomobil va sovgʻa sertifikatlari) reklama qilingan boʻlib, bularning bari mashhurlik darajasining pasayganiga qaramay, “Yagona Rossiya” partiyasiga yana koʻpchilik ovoz olib beradigan koʻrinadi. [AFP]

Muxolifat mislsiz tazyiqqa duchor qilingan oxirgi yil davomida prezident Vladimir Putinning “Yagona Rossiya” partiyasi soʻrovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragach, hukumat juma-yakshanba (17-19-sentyabr) kunlari oʻtadigan parlament saylovlariga qiziqishni oshirish uchun qoʻlidan kelganini qilmoqda, deydi Markaziy Osiyolik kuzatuvchilar.

Moskva boʻylab oʻrnatib chiqilgan bannerlarda saylovda elektron ovoz bergan saylovchilar uchun “millionlab sovrinlar” (pul mukofotlari, kvartira, avtomobil va sovgʻa sertifikatlari) reklama qilingan boʻlib, bularning bari mashhurlik darajasining pasayganiga qaramay, “Yagona Rossiya” partiyasiga yana koʻpchilik ovoz olib beradigan koʻrinadi.

Tanqidchilarning fikricha, Kremlning bosh raqibi Aleksey Navalniy qamoqda qolayotgan va boshqa muxoliflar oʻyindan chetlatilgan bir vaqtda bu saylov Putin ittifoqchilarining rasmiyatchiligidan boshqa narsa emas.

Saylovoldi kampaniya sust oʻtdi, debatlar tungi telekanallar orqali translyatsiya qilindi, Moskvadagi koʻplab saylovchilar esa jarayonga katta ishtiyoq bildirgani yoʻq.

Rossiya parlamentining quyi palatasi – Davlat dumasi binosi yonida boʻlajak Rossiya parlamenti va mahalliy kengashga saylovlar oldidan eʼlon qilingan “sovrinlar” banneri, 8-sentyabr, Moskva. [Natalya Kolesnikova/AFP]

Rossiya parlamentining quyi palatasi – Davlat dumasi binosi yonida boʻlajak Rossiya parlamenti va mahalliy kengashga saylovlar oldidan eʼlon qilingan “sovrinlar” banneri, 8-sentyabr, Moskva. [Natalya Kolesnikova/AFP]

12-sentyabr kuni Moskvada saylovoldi banneri yonida uyali telefonidan foydalanib turgan velosipedchi. 17-19-sentabr kunlari Rossiyada parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar boʻlib oʻtadi, Kreml tanqidchilarining aksariyatiga saylovda qatnashish taqiqlangan, hukmron “Yagona Rossiya” partiyasi esa parlamentdagi koʻpchilikni saqlab qolishi kutilmoqda. [Aleksandr Nemenov/AFP]

12-sentyabr kuni Moskvada saylovoldi banneri yonida uyali telefonidan foydalanib turgan velosipedchi. 17-19-sentabr kunlari Rossiyada parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar boʻlib oʻtadi, Kreml tanqidchilarining aksariyatiga saylovda qatnashish taqiqlangan, hukmron “Yagona Rossiya” partiyasi esa parlamentdagi koʻpchilikni saqlab qolishi kutilmoqda. [Aleksandr Nemenov/AFP]

“Bizda real tanlov yoʻq; buni hammamiz bilamiz va koʻrib turibmiz”, deydi teatrda chiroq ustasi boʻlib ishlaydigan 29 yoshli Grigoriy Matveyev.

“Men saylovda koʻp marta qatnashganman, lekin bu safargisi maynabozchilikdan boshqa narsa emas.”

Saylovda 334 oʻrin “Yagona Rossiya”ga tegishli boʻlgan 450 deputatdan iborat quyi palata – Davlat Dumasi va bir qancha mahalliy qonun chiqaruvchi kengashlar uchun deputatlar saylanadi.

Qolgan oʻrinlarni, odatda Putinni tanqid qilmaydigan, hukumatga sodiq muxolifat partiyalar – “Adolatli Rossiya”, shuningdek kommunistlar va millatchi Rossiya liberal-demokratik partiyasi (LDPR) vakillari egallagan.

“Bu saylov emas”

Oxirgi oʻn yil mobaynida rossiyaliklarning turmush darajasi sezilarli pasaydi, pandemiya oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy tanazzul esa qoʻshimcha zarba boʻldi – buning natijasida Rossiyadagi Markaziy Osiyolik migrantlarning ahvoli yanada yomonlashan.

Iyun oyida Kreml migrantlarga “sodiqlik kelishuvini” imzolash talabini qoʻydi, bu ularga nisbatan tobora kuchayib borayotgan cheklovlarning navbatdagisi boʻldi.

Putin “Yagona Rossiya”si parlamentda yana gʻalaba qozonsa, Rossiyada ish izlovchi Markaziy Osiyoliklar uchun bundan ham ogʻir kunlar kelishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Rossiyada aholi daromadlari 2013-yildan beri 10% ga kamaygan, narxlar esa koʻtarilmoqda, avgust oyida inflyatsiya 6,7% ni tashkil etgan.

Korruptsiya ayblovlari bilan taʼqib ostiga olingan Navalniy uni “firibgarlar va oʻgʻrilar partiyasi” deb atagan – “Yagona Rossiya” umidsizliklar bosh sababchisiga aylangan.

VTsIOM davlat sotsiologik markazi tomonidan oʻtkazilgan soʻnggi soʻrovlar shuni koʻrsatdiki, bu partiyaga ovoz berish istagidagi rossiyaliklar 30% dan kamroqni tashkil etgan, 2016-yilda oʻtgan oxirgi parlament saylovlari arafasida bu raqam 40-45% ni tashkil etgan edi.

Ammo Dumadagi jami oʻrinlarning uchdan ikki qismiga egalik qiluvchi “Yagona Rossiya” koʻpchilik oʻrinlarni saqlab qolishi kutilmoqda, bu Putinga 2036-yilga qadar hukumat tepasida qolishga imkon beruvchi islohotlar kabi konstitutsiyaga oʻzgartish kiritish uchun kifoya qiladi. Agar u oʻshanda ham tirik boʻlsa, 84 yoshga toʻlgan boʻladi.

Navalniyning asosiy yordamchilaridan biri Leonid Volkov uchun buning sababi oddiy: “Bu saylov emas”.

“Ular hammani poygadan chetlatib, boshqa nomzodlarning ishtirokiga imkon qoldirishmadi... bu mohiyatan raqobatbardosh saylov emas”, deydi quvgʻinlikda yashayotgan Volkov AFPga.

Siyosiy “ekstremistlarning” ovozini oʻchirish

Saylovdan avvalgi yil 20 yillik Putin hukmronligining eng repressiv yillaridan biri boʻldi.

2020-yil avgust oyida asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlanib, Germaniyada davolangan Navalniy vataniga qaytishi bilan hibsga olinib, ikki yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Oʻtgan oy zaharlanish bilan bogʻliq mudhish hodisaga bir yil toʻlar ekan, Britaniya va AQSH Rossiyaning bir qancha rasmiy shaxslari va tashkilotlariga sanktsiyalar joriy qilgan.

Iyun oyida uning tashkilotlari “ekstremistik” deb topildi va taqiqlandi, koʻplab ittifoqchilari hibsga olindi, bir necha yordamchisi mamlakatni tark etdi.

Navalniyning hududiy idoralari va uning korruptsiyaga qarshi kurash jamgʻarmasining (FBK) “ekstremistik” deb topilishini koʻpchilik Markaziy Osiyolik kuzatuvchilar siyosiy sabablar bilan izohlaydi.

Sud qarori “mutlaqo bemaʼni”, degan edi oʻshanda Olmaotada yashovchi Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (KNB) isteʼfodagi zobiti Arat Narmanbetov.

Navalniyni zaharlashga qaratilgan muvaffaqiyatsiz urinishdan soʻng, Kreml endi uning mamlakatda korruptsiyaga qarshi kurashadigan tashkilotlarini ham taʼqib qilmoqda, dedi u.

Narmanbetovning taʼkidlashicha, FBKni “ekstremistik tashkilot” deb topish bilan Rossiya bosh prokuraturasi uni “haqiqiy ekstremistlar, oʻtaketgan kallakesarlardan” iborat “Islom davlati” (ID) bilan tenglashtirmoqda.

Moskva sudining qarori mutloq siyosiy xarakterga ega, chunki sudyalar Kremlning fikriga mos ravishda qaror chiqarishdi, degan edi Frantsiyada yashovchi oʻzbekistonlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov iyun oyidagi suhbatda.

“Navalniy boshchiligidagi FBK axborot kampaniyasi rossiyaliklarning Vladimir Putinga ishonchini keskin pasaytirib yubordi”, dedi u, jumladan Qora dengiz boʻyidagi Putinniki deb iddao qilingan “poraxoʻrlik qasri” haqidagi YouTube videolavhasini nazarda tutib.

Shuningdek, hukumat mustaqil ommaviy axborot vositalariga nisbatan bosimni kuchaytirgan.

Yetakchi media nashrlar, jumladan “Meduza” yangiliklar sayti hamda “Dojd” mustaqil telekanali “xorijiy agent”, Proyekt surishtiruv nashri esa “istalmagan tashkilot” deb topilgan.

“Aqlli saylovlar” taktikasi

Bu bosimlar Navalniy ittifoqchilariga saylovda ishtirok etish taqiqlanganidan keyin, u tomonidan taklif etilgan “Aqlli saylovlar” rejasi tufayli putinparast partiyalar mahalliy kengashlarga saylovlarda magʻlubiyatga uchrashi ortidan boshlangan.

Bu usul saylovchilarni hukmron partiyani magʻlub etish ehtimoli katta boʻlgan nomzodga ovoz berishga chaqiradi. Shu tariqa Kremlga aloqador nomzodlar oʻz joylaridan mahrum boʻlishi natijasida 2019-yilda Moskva kengashida oʻz joylarini yoʻqotgan edilar.

Navalniy jamoasi bu yil ham saylovchilarni xuddi shunday qilishga chaqirmoqda, ammo koʻpchilik muqobil nomzodlarga saylovda ishtirok etishga ruxsat berilmagan, kampaniyaning tashviqot veb-sayti esa bloklangan.

“Kremlning Aqlli saylovlarga qarshi jon-jahdi bilan kurashayotganiga sabab shuki, ular ehtimoliy taʼsirni hisoblab chiqib, uning juda katta boʻlishini yaxshi anglab yetganlar”, deydi Volkov.

Mashhurlik reytingi 60-65 foizlik koʻrsatkich bilan yuqori darajada qolayotgan Putin “Yagona Rossiya” imkoniyatlarini oshirishni maqsad qilib, saylov oldidan nafaqaxoʻrlarga 10 ming rubl (137 AQSH dollari), harbiylar va huquq-tartibot idoralari xodimlariga 15 ming rubl (205 AQSH dollari) miqdorida bir martalik nafaqa toʻlash haqida qaror chiqardi.

Bu toʻlovlar oʻsib borayotgan inflyatsiyani jilovlash muammolari yuzaga chiqayotgan vaqtga toʻgʻri keldi. Putin 2020-yil oxiridan beri koʻtarilib ketayotgan narx-navoni nazorat qilish boʻyicha hukumatga bir necha bor koʻrsatma bergan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500