Karvonsaroy
Diplomatiya

AQSH Oʻzbekistondan 500 ga yaqin afgʻon fuqarolari va harbiy xizmatchilarni evakuatsiya qildi

Karvonsaroy va AFP

Oʻtgan oy Kobuldagi evakuatsiya chogʻida AQSH harbiy samolyoti bortiga koʻtarilayotgan fuqarolar. [CENTCOM]

Oʻtgan oy Kobuldagi evakuatsiya chogʻida AQSH harbiy samolyoti bortiga koʻtarilayotgan fuqarolar. [CENTCOM]

TOSHKENT – Seshanba (14-sentyabr) kuni Amerika Qoʻshma Shtatlari 500 ga yaqin harbiy xizmatchi va afgʻonistonlik oddiy fuqarolarni Oʻzbekistondan evakuatsiya qilgani haqida xabar berdi.

Tolibonning Afgʻonistonni egallashidan bir necha kun avval afgʻon xizmatchilari harbiy samolyotlarda Oʻzbekiston va Tojikistonga chegara osha qochib oʻtganlar.

Toshkent qochqinlar soni va ularning holati haqida hech qanday maʼlumot bermadi, ammo AQSH elchixonasi vakili seshanba kuni AFPga bergan intervyusida Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekiston hukumati yordamida 494 nafar afgʻonistonlik “harbiy xizmatchi va fuqaroni” Oʻzbekistonning Termiz shahridagi aeroportdan evakuatsiya qilgani haqida xabar bergan.

“Evakuatsiya jarayoni 12-13-sentyabr (yakshanba-dushanba) kunlari yakunlandi”, deb aytgan elchixona vakili AFPga telefon orqali. Qochqinlarning yakuniy manzili ochiqlanmagan.

15-avgust kungi surat: Termiz yaqinida Oʻzbekiston va Afgʻonistonni ajratib turuvchi Amudaryo ustidagi “Doʻstlik” koʻprigidan 2 km uzoqlikda joylashgan nazorat-oʻtkazish punktini qoʻriqlayotgan oʻzbek askarlari. [Temur Ismoilov/AFP]

15-avgust kungi surat: Termiz yaqinida Oʻzbekiston va Afgʻonistonni ajratib turuvchi Amudaryo ustidagi “Doʻstlik” koʻprigidan 2 km uzoqlikda joylashgan nazorat-oʻtkazish punktini qoʻriqlayotgan oʻzbek askarlari. [Temur Ismoilov/AFP]

Afgʻoniston harbiy samolyotining taqdiri ham nomaʼlumligicha qolmoqda.

Afgʻonistonlik uchuvchilar va ularning oila aʼzolari Birlashgan Arab Amirliklaridagi AQSHning harbiy bazasiga koʻchirildi, deb aytgan amerikalik kongressmen New York Times nashriga.

Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Yusuf Qobuljonov Kun.uz yangiliklar saytiga evakuatsiya jarayoni olib borilganini tasdiqlagan.

“Barcha afgʻonistonlik qochqinlar Oʻzbekistonni tark etdi”, deb aytgan u aniq raqamlarni keltirmay.

Afgʻoniston elchixonasi xodimining oʻtgan oy AFP nashriga bergan xabariga koʻra, Oʻzbekistonga 1500 taga yaqin afgʻonistonlik oʻtgan boʻlishi mumkin.

Avgust oyida Oʻzbekiston tomonidan berilgan favqulodda bayonotda Oʻzbekiston Tolibon bilan xavfsizlikni kafolatlaganidan keyin Afgʻonistonga oʻz talablariga koʻra 150 nafar kishini qaytarib yuborgan.

Bu orada Tolibon bilan rasmiy aloqalardan qochayotgan Tojikiston ham qabul qilib olingan qochqinlar sonini yashirmoqda.

Mamlakatdagi Yevropa Ittifoqining (YI) delegatsiyasi seshanba kuni Tojikistonning Afgʻoniston bilan chegaradosh ikki viloyatidagi “koʻchirilgan 5000 ga yaqin afgʻonga” 160 ming yevro (189 ming AQSH dollari) mablagʻ ajratgani haqida xabar bergan.

YIning Birlashgan Millatlar Tashkiloti qochqinlar agentligiga (UNHCR) tayanib bergan bayonotiga koʻra, “2021-yil oxiriga borib, Amerika va NATO qoʻshinlari Afgʻonistondan toʻliq olib chiqilganidan keyin Tojikistonda 50 mingga yaqin qochqinlar roʻyxatdan oʻtishi mumkin”.

Yordam haqidagi vaʼdalar

Oʻzbekistondan qochqinlarning olib ketilishi AQSH armiyasi tomonidan olib borilgan birinchi noharbiy evakuatsiya operatsiyasi hisoblanadi.

Kobul aeroportidagi operatsiyalar 14-avgustda boshlanib, 30-avgustda yakuniga yetgan.

Umumiy hisobda AQSH harbiy samolyotlari Kobul aeroportidan 79 mingdan ortiq kishi, jumladan, 5500 ta amerikalik va 73500 dan ortiq uchinchi mamlakat fuqarolari va afgʻonistonliklarni evakuatsiya qilgan.

“AQSH va koalitsiya havo kuchlari samolyotlari birgalikda 123 mingdan ortiq fuqaroni evakuatsiya qilayotgan paytda AQSH harbiy xizmatchilari aeroport xavfsizligini va nazoratini taʼminladi”, deb xabar bergan AQSH markaziy qoʻmondonligi qoʻmondoni, general Kennet “Frenk” Makkenzi 30-avgust kuni AQSH mudofaa vazirligi bayonoti matniga koʻra.

“Biz 18 kun davomida har kuni oʻrtacha 7500 dan ortiq fuqaroni evakuatsiya qildik, shundan 16 kun toʻliq evakuatsiya jarayoni oʻtkazildi va bir kunda eng koʻpi 19 mingdan ortiq odam olib chiqildi.”

Dushanba kuni Qoʻshma Shtatlar mintaqadagi afgʻonistonliklar va qochqinlar uchun yangi gumanitar yordam sifatida 64 million AQSH dollari ajratishni vaʼda qilgan. Bundan tashqari, BMTning favqulodda murojaatidan soʻng, Fransiya mamlakatdagi favqulodda gumanitar ishlar uchun qoʻshimcha 100 million yevro (118 million AQSH dollari) ajratishga soʻz bergan.

Shu tariqa AQSHning Afgʻoniston va mintaqadagi afgʻon qochqinlari uchun 2002-yildan beri ajratgan gumanitar yordamining umumiy miqdori 4 millard AQSH dollariga yetgan.

BMT Afgʻonistonga oziq-ovqat yordamini yetkazish maqsadida Pokiston, Tojikiston va Oʻzbekistondagi omborlarda eng zarur mahsulotlar zahirasini koʻpaytirmoqda, deyiladi BMTning chorshanba kungi bayonotida.

Buning uchun Oʻzbekistonning Termiz shahrida logistika markazi ishga tushirildi.

Bu orada dushanba kuni Jenevada boʻlib oʻtgan donorlar anjumani Afgʻoniston uchun 1,2 milliard AQSH dollari yordam ajratilishi haqidagi vaʼdalar bilan yakunlandi.

Ayni damda BMT oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlarni xarid qilish uchun donorlardan vaʼda berilgan mablagʻlarni imkon qadar tezroq ajratishni soʻramoqda.

Avvalroq Oʻzbekiston Afgʻonistonning Balx viloyatiga 1300 tonna gumanitar yordam, jumladan oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechak yetkazib bergan, deb xabar beradi AsiaPlus nashri chorshanba kuni.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500