Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Tojik tadbirkorlari agrobiznes loyihalari ortidan daromadini oshirishga muvaffaq boʻlmoqda

Neʼmatullo Mirsaidov

2019-yil, 2-iyun kungi surat: Sharofat Abdulloyeva, oʻrik quritish jarayoni. [USAID]

2019-yil, 2-iyun kungi surat: Sharofat Abdulloyeva, oʻrik quritish jarayoni. [USAID]

XATLON VILOYATI – Tojikistondagi meva-sabzavot yetishtiruvchilar, xususan ayollar AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) Tojikistonda agrobiznes raqobatbardoshligini oshirishga oid saʼy-harakatlari ijobiy samara berayotganiga guvoh boʻlmoqdalar.

Dastur Tojikistonda agrobiznesdagi bandlik imkoniyatlari va daromadlarni oshirish hamda sut va bogʻdorchilik tarmoqlari raqobatbardoshligini kuchaytirishga moʻljallangan.

Besh yilga moʻljallangan 18,6 million dollarlik dastur 2018-yilda ishga tushirilgan edi.

USAIDning mart oyidagi maʼlumotlariga koʻra, dastlabki ikki yilda tashkilot tomonidan Xatlon viloyatining 14 tumanida 2139 ta ish oʻrni yaratildi.

Jomiy tumanida istiqomat qiluvchi USAID loyihasi ishtirokchisi Azizamoh Mahmadiyevaning (oʻrtada) quritilgan xurmolari, 2019-yil, 20-noyabr. [Xosiyat Komilovaning shaxsiy arxivi]

Jomiy tumanida istiqomat qiluvchi USAID loyihasi ishtirokchisi Azizamoh Mahmadiyevaning (oʻrtada) quritilgan xurmolari, 2019-yil, 20-noyabr. [Xosiyat Komilovaning shaxsiy arxivi]

27-may kungi bu fotosuratda Yovon shahrida yosh tadbirkor Rajabali Rajabov tomonidan tashkil etilgan “Tichorati Sorbon” korxonasidagi yogurt tayyorlash jarayoni aks etgan. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

27-may kungi bu fotosuratda Yovon shahrida yosh tadbirkor Rajabali Rajabov tomonidan tashkil etilgan “Tichorati Sorbon” korxonasidagi yogurt tayyorlash jarayoni aks etgan. [Neʼmatullo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Ishga qabul qilinganlarning uchdan ikki qismi (67%) – bungacha uy bekasi yoki ishsiz boʻlgan ayollar.

Boxtar: yuksak maqsadlar

Boxtar shahridagi maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlaydigan Sharofat Abdulloyeva dasturdan foyda olayotganlardan biridir.

Abdulloyeva akasining ortidan Rossiyaga ish izlab ketmay, Tojikistonda qoldi va hozirda 0,6 gektar maydonda oʻrik, gilos, olcha va boshqa mevali daraxtlar bogʻini oʻz ichiga olgan “Azizamoh” dehqon xoʻjaligini boshqarmoqda.

Janubdagi Xatlon viloyati dehqonlari meva quritish ommalashmagan, Abdulloyeva esa Tojikiston shimolida oʻriklar maxsus texnologiya yordamida quritilishi va yaxshi pulga sotilishidan xabardor edi.

USAID treninglarida qatnashgan Abdulloyeva 2019-yil iyulda bir guruh xatlonlik ayollar bilan Sugʻd viloyatida qoldi.

Ular Isfara viloyatidagi bir qancha kichik fermer xoʻjaliklarida boʻlib, oʻriklarni terish, quritish, saralash va qadoqlash jarayoni bilan tanishdilar. Abdulloyeva oʻshanda oʻz korxonasini yaratishga qaror qildi.

USAID uning loyihasini maʼqulladi va meva quritish mashinasini sotib olish uchun 16000 AQSH dollari (188500 somoniy) grant ajratdi. U oʻz jamgʻarmalarini xoʻjalik hududidagi boʻsh turgan binolardan birini kapital taʼmirlashga sarfladi va u yerda quritish jihozini oʻrnatdi.

Loyiha doirasida uskunalar sotib olish uchun grant taqdim etishdan tashqari, unga maslahatlar ham beriladi. Abdulloyeva biznesni rivojlantirishning keyingi bosqichlarini bosib oʻtishiga qarab, imtiyozli kreditlar ham olishi mumkin.

“USAID ishimni osonlashtiribgina qolmay, balki katta hajmlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini ham berdi”, deydi u. “Dastlabki ikki yil men uchun qiyin kechadi, lekin barcha xarajatlar osonlik bilan qoplanishiga ishonchim komil.”

Yangi uskuna Abdulloyevaga sakkiz soatda 300 kilogrammgacha meva va bitta mavsumda 10-12 tonna oʻrik quritish imkonini beradi.

Meva terishdan tortib quritishgacha boʻlgan ishlab chiqarish zanjirini yoʻlga qoʻygan Abdulloyeva 50 kishini, asosan, uy bekalarini ish bilan taʼminladi. U kelajakda quritilgan gilos va pomidor ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, qadoqlash korxonasini ishga tushirmoqchi.

“Men ishlab chiqarmoqchi boʻlgan barcha mahsulotlarga hozirdanoq Dushanbe va Boxtar supermarketlaridan buyurtmalar bor”, deydi Abdulloyeva. “Ishlab chiqarishni kengaytirish asnosida mahsulotimni eksport qilishni ham moʻljallayapman”.

Serdaromad tajriba

Jomiy tumanida yashovchi, 20 kishilik oilaga ega Azizamoh Mahmadiyeva ham USAID dasturining benefitsiarlaridan biri hisoblanadi.

U USAID treninglarida qatnashib, Tojikiston shimolidagi mutaxassislardan quritish texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha maslahatlar oldi.

Mahmadiyeva Tojikiston janubida moʻl-koʻl yetishtiriladigan xurmolarga oʻz eʼtiborini qaratdi.

“Oʻtgan yili oʻgʻillarim bilan tajriba oʻtkazishga qaror qildik. Mavsumning avj pallasida uch tonna xurmoning bir kilosini 1 somoniydan (0,90 AQSH dollari) sotib oldik, soʻng yoz va kuz oylarida tik quyosh nuridan saqlaydigan issiqxonalarda ularni quritib oldik”, dedi u.

“Biz rangi tamoman farqli boʻlgan bir tonna quritilgan meva tayyorlab, Soʻgʻd viloyati tadbirkorlariga sotdik”, dedi u.

USAID uyning oʻzidan mahsulotlarning bir kilosini 20 somoniydan (1,76 AQSH dollari) sotib oladigan mijozlar topib berdi, koʻrilgan foyda 17 ming somoniyni (1527 AQSH dollari) tashkil qildi.

USAID mevalarni kesish, quritish va qadoqlash uchun uskuna taqdim etgach, Mahmadiyeva oʻz biznesini oktabrda kengaytirishni rejalashtirmoqda.

“Xurmoni quritish faoliyatini boshlasak, nafaqat bizning oila, balki mahalliy aholidan yana 20 kishi doimiy ish bilan taʼminlanadi”, deydi u.

Turmush darajasini oshirish

Bu ayollar tajribasi USAIDning Tojikistonda mahsulot raqobatbardoshligini oshirish maqsadiga erishayotganini koʻrsatib turibdi. Bu esa mahsulot ishlab chiqaruvchi fermerlar, qayta ishlovchilar va boshqalarga barqaror daromad olish va oʻz oilalari turmush darajasini oshirish imkonini beradi.

“Maqsadimiz qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini diversifikatsiya qilish, ishlab chiqaruvchilar va agrobiznesni yangi bozor tomon yoʻnaltirish, hamkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligidagi tizimli islohotlarni kuchaytirishning mavjud manbalaridan foydalanishga yordam berish”, deydi Tojikistonda USAIDning agrobiznesdagi raqobatbardoshlikni oshirish boʻyicha dasturi rahbarining oʻrinbosari Nozim Narzulloyev.

“AQSH hukumati yordamida mahalliy fermer xoʻjaliklari va qayta ishlash korxonalari oziq-ovqat xavfsizligi dasturlarida qatnashish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga ilgʻor tajriba va yangi texnologiyalarni joriy etish, kichik va oʻrta biznes faoliyati, faoliyatlari xalqaro standartlarga mos korxona va firmalar tarmogʻini takomillashtirish va kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz”, deydi u.

Tojikistonning qishloq xoʻjaligi sektori mamlakat YIMning 22,6 foizini tashkil qiladi, ammo qishloq xoʻjaligining iqtisodiyotdagi ulushini oshirish salohiyati katta, deydi mahalliy tahlilchilar.

“Bunga erishish uchun qishloqlarda kichik ishlab chiqarish quvvatlari tarmoqlarini kengaytirish, qishloq xoʻjaligida yangi texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish turlarini koʻpaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar yaratish va ularni narxlari yuqori bozorlarda sotish kerak”, deydi agrobiznesdagi raqobatbardoshlikni oshirish boʻyicha USAIDning Xatlondagi dasturida faoliyat olib boruvchi qishloq xoʻjaligi sohasi boʻyicha xalqaro maslahatchi Sabohatillo Muzaffarov.

“Xatlon viloyatida yetishtirilgan sabzavotlar va mevalarning koʻplab turlari Tojikiston brendi ostida xorijiy bozorlarda sotilmoqda”, dedi u. “Chunki mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlab chiqaruvchi va tashuvchilarning aksariyatiga tadbirkorlik koʻnikmalari yetishmaydi va bundan boshqa odamlar foyda koʻradi.”

Yangi imkoniyatlar

Bu muammoni hal qilish uchun USAIDning Tojikistonda agrobiznesdagi raqobatbardoshlikni oshirish boʻyicha dasturi qishloq-xoʻjalik sohasidagi 9500 dan ortiq ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar uchun treninglar oʻtkazdi.

“Koʻplab tadbirkorlar grant va imtiyozli kreditlar olish imkoniyatiga ega boʻldi”, deydi loyihaning amalga oshirilishini nazorat qiluvchi Xosiyat Komilova. “Muhimi, kelajakda ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilarga trening oʻtadigan mahalliy ishchilar orasida yetakchi mutaxassislar shakllandi.”

USAID va boshqa xalqaro tashkilotlar qishloq xoʻjaligi sohasidagi koʻplab ishlab chiqaruvchilarga xalqaro axborot uchrashuvlari, forumlar, koʻrgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishga koʻmaklashgan.

Shunchaki meva-sabzavot yetishtirish va saqlash boʻyicha yangi texnologiyalar bilan tanishtirish oʻrniga, USAID ularga Tojikistondan va xorijdan mahsulot yetkazib berish boʻyicha potensial hamkorlar izlab topishga yordam beradi.

“Yangi imkoniyatlar ishlab chiqaruvchilarni bozor talablarini hisobga olgan holda mahsulotlar va ishlab chiqarish turlarini kengaytirish yoʻllarini izlashga undaydi”, deydi Komilova.

“USAIDga topshirilgan qiziqarli va real gʻoyalar uchun grantlar taqdim etiladi, bu esa oxir-oqibat iqtisodiy oʻsishga ham hissa qoʻshadi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500