Karvonsaroy
Inson huquqlari

YXHT hisoboti: Markaziy Osiyoda jangarilikka yollash va odam savdosi tafsilotlari

Kseniya Bondal

Fohishalar rolini ijro etayotgan aktrisalar, Oqmola viloyatining Koshi qishlogʻida YXHT tomonidan oʻtkazilgan odam savdosiga qarshi kurash boʻyicha seminar-trening, 2018-yil 27-sentabr. [Fayl]

Fohishalar rolini ijro etayotgan aktrisalar, Oqmola viloyatining Koshi qishlogʻida YXHT tomonidan oʻtkazilgan odam savdosiga qarshi kurash boʻyicha seminar-trening, 2018-yil 27-sentabr. [Fayl]

OLMAOTA – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) hisobotida aytilishicha, Markaziy Osiyolik ayollar, bolalar va mehnat migrantlari “Islom davlati” (ID) va boshqa terror guruhlariga yollovchilarning asosiy nishonlari boʻlib qolmoqda.

“Terrorchi guruhlarning aldovlari anchadan beri odamfurushlar qoʻllab kelayotgan usullardan boʻlib, ular YXHT hududida va undan tashqarida yosh qizlar va ayollarni daromadli ish yoki romantik munosabatlar vaʼdalari bilan jinsiy ekspluatatsiyaga jalb qiladi”, deyiladi iyul oyida chop etilgan hisobotda.

Unda aytilishicha, Markaziy Osiyolik mehnat migrantlarini jangarilikka yollash turli omillar, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar taʼsiri, ijtimoiy-iqtisodiy cheklovlar va kamsitishlar bilan bogʻliq.

Hisobotda aytilishicha, odam savdosi ham, terrorizm ham tinchlik va xavfsizlik, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sanaladi.

“Islom davlati” (ID) va boshqa terrorchilik guruhlarining odam savdosiga oid faoliyatida Markaziy Osiyo davlatlari muhim oʻrinni egallaydi, deydi YXHT tahlilchilari. [BMT]

“Islom davlati” (ID) va boshqa terrorchilik guruhlarining odam savdosiga oid faoliyatida Markaziy Osiyo davlatlari muhim oʻrinni egallaydi, deydi YXHT tahlilchilari. [BMT]

“Terrorchi guruhlar odam savdosi faoliyati va vositalari orqali kattalar va bolalarni turli maqsadlarda, shu jumladan jinsiy ekspluatatsiya, majburiy mehnat va qullik, hatto janglarda foydalanish uchun oʻz safiga jalb qilib, inson kapitali, taktik moslashuvchanligi va mafkuraviy qoʻllab-quvvatlovini oshirib bormoqda”, deyiladi hujjatda.

Odam savdosiga qarshi kurash choralari oʻtgan hafta Nur-Sultonda YXHTning matbuot erkinligi masalalari boʻyicha vakili Tereza Ribeyro va Qozogʻiston senati raisi Maulen Ashimbayev oʻrtasidagi uchrashuvning asosiy mavzulariga aylandi.

“Inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda”, dedi Ashimbayev oʻtgan seshanba (14-sentabr) kungi uchrashuvdan soʻng.

“Biz qiynoqlar va odam savdosiga qarshi kurash, shuningdek, fuqarolarni, xususan yosh bolalarni kiberzoʻravonlikdan himoya qilishga oid qonunlarni takomillashtirishga harakat qilyapmiz.”

Yosh ayollar va qizlarni jalb qilish

YXHT mutaxassislari OAV xabarlari va hamkor mamlakatlar ayniqsa Markaziy Osiyo davlatlaridagi YXHTga aʼzo mamlakatlar fuqarolarining shaxsiy hisobotlarini tahlil qilishgan.

“Odam savdosi va terrorchilik: ular qayerda va qanday kesishadi” nomli hisobotda eng zaif qatlamdagi qurbonlarning yurakni ezuvchi hikoyalari keltiriladi.

Axloqiy nuqtayi nazardan hisobotda shaxslarning ismlari va voqea yuz bergan davlatlar nomlari ochiqlanmagan.

“Markaziy Osiyo mamlakatlaridan birida toʻplangan maʼlumotga koʻra, 2013-2017-yillarda Iroq va Suriyaga odam savdosi yoʻli bilan olib ketilgan 12 nafar yolgʻiz ayolning tasdiqlangan ishlari mavjud”, deyiladi hisobotda. “Ayollardan majburiy mehnat yoki jinsiy qullikda foydalanilgan.”

2016-yilda yuz bergan holatlarning birida Markaziy Osiyolik qizga internet orqali bir erkak murojaat qiladi. Qiz oʻsha vaqtda 16 yoshda boʻlib, yaqinda ajrashgan boʻlgan.

Erkak unga turmushga chiqish uchun qoʻshni mamlakatga kelishga ishontiradi. Boʻlajak kuyov yoʻl harajatlari uchun 3000 AQSH dollari yuboradi.

Qiz ota-onasiga aytmay, oʻz muxlisi bilan uchrashish uchun vatanini 17 yoshida tark etadi. Manzilga yetib kelganidan keyin esa uni xavfsiz uylar uchun maʼsul boʻlgan terrorchilik guruhi aʼzosi kutib oladi.

Bu kishi unga Suriyaga tez orada joʻnab ketishiga viza olish uchun darhol uning pasportini olib qoʻygan va uch oy davomida xonadonda ushlab oʻtirgan.

Ikki hafta davomida, har bir namozdan keyin erkak qizga “jihoddagi” ayollarning oʻrni haqida xutba oʻqigan. Uning xonasiga Suriyadan har kecha jangchilar kelishini va ularga jinsiy xizmat koʻrsatishi kerakligini aytib oʻtgan.

Ikki oydan keyin erkak qizga Suriyaga olib ketilishi va u yerda terrorchilik guruhi aʼzosi boʻlgan “doimiy eriga” turmushga chiqishini aytgan.

Qiz bu kunlar boshiga kelishidan avval qochishga ahd qiladi. Kechalarning birida choyshablarni bir-biriga bogʻlab uchinchi qavatdan tushib oladi. U yerdan oʻz mamlakati elchixonasiga yugurib borib, oxir-oqibat vataniga qaytishga muvaffaq boʻladi.

IDning odamlarni ekspluatatsiya qilishi bilan bogʻliq yana bir holatda Markaziy Osiyolik 56 yashar ayol yoshi 13-14 atrofida sakkiz nafar qizga yashirin maktabda islom asoslaridan dars bergan.

Olti oydan keyin qizlar darslarni boshlab yuborishgan, ayol ularga Suriyaga borishlari kerakligi va u yerda “kofirlarga qarshi jang qilayotgan haqiqiy musulmonlarga” turmushga chiqishlari kerakligini aytib oʻtgan, deyiladi YXHT hisobotida.

Shu bilan bir vaqtda, u qizlarning ota-onalarini Suriyaga qoʻshni mamlakatdagi madrasada ikki hafta qoʻshimcha dars oʻtishi kerakligiga ishontirgan.

Samolyotga chiptalar xarid qilinganidan keyin qizlarning biri ota-onasiga yakuniy manzil Suriya ekanligi va isyonchilarga “turmushga chiqish” asl maqsad ekanligini tan olib aytgan. Rasmiylar samolyot uchib ketishidan avval qizlarni olib qolgan.

“Ayol Suriyadagi terrorchilar va zoʻravon ekstremistlarga qizlar jinsiy qullik uchun topshirilganini tan olgan”, deyiladi hisobotda.

Soxta vaʼdalar

Yana bir misolda, keytering sohasida ishlab kelgan 23 yashar ajrashgan onaga bir erkak tomonidan Suriyada daromadli ish taklif qilinadi.

Suriyaga yetib kelganidan keyin ID aʼzolari uning pasportini olib qoʻyishgan va Idlibda uy xizmatkori sifatida ishlatishgan. U mehnati uchun hech qanday maosh olmagan.

Qochishga harakat qilganida ID jangarilari uni tutib olib zoʻrlashgan va jarohatlashgan.

Uning qayerdaligi haqidagi soʻnggi maʼlumot 2015-yil noyabr oyiga tegishli – oʻshanda u terrorchilar tomonidan qoʻlga olingan boʻlgan.

Markaziy Osiyolik erkaklar ham jangarilikka yollovchilarning nishoni hisoblanadi.

Jumladan, 21 va 25 yosh orasidagi boʻlgan 12 nafar mehnat migrantlari sharqiy Yevropa mamlakatida quruvchilik, savdo, mehmonxona va transport sohalarida ishlab kelishgan.

YXHT xabariga koʻra, yollovchilar yigitlarga ID hududida oshpaz va quruvchi sifatida daromadli ishlarni taklif qilishgan.

Ikki yoki uch oydan keyin erkaklarni Suriyaga olib ketishgan, pasportlari olib qoʻyilgan va ularga majburan oʻq otish oʻrgatilgan.

Hisobotga koʻra, erkaklar oʻz ixtiyoriga zid tarzda jangarilarga aylantirilgan.

Qullik bozorlari va organlar savdosi

Terrorchilikka olib keladigan xatarlarni avvaldan taxmin qilish mushkul, deydi Pavlodar shahridagi Dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi (SARMO) direktori Gulnaz Razdikova.

“2013-yilda fuqarolarimizning ommatan urush hududlariga chiqib ketishiga yoki boshqa davlatda qurolli toʻqnashuvlarda ishtirok etishiga tayyor emas edik”, deydi u.

“Bu davlatimiz, mutaxassislar va umuman jamiyatimiz uchun muammo edi. Buning oqibatlarini hamon boshdan kechirmoqdamiz.”

“Ota-onasi ID safiga qoʻshilgan va u yerda halok boʻlganlarning farzandlari taqdiri achinarli”, deydi u. “Etimlar organlar bozorida, mehnat yoki jinsiy qullikka sotib yuborilgan.”

Hukumat odam savdosiga barham berish, inson, ayniqsa yosh bolalar huquqlarini himoya qilish choralarini koʻrmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500