Karvonsaroy
Xavfsizlik

Xitoyning oʻz harbiy qudratini namoyish qilishi sergak va xavotirdagi qoʻshnilarni ogoh boʻlishga undamoqda

Karvonsaroy va AFP

Fuqaroviy avtomagistraldan osmonga koʻtarilib, yerga qoʻnayotgan Tayvan havo kuchlari samolyotlari. [AFP]

PINDUN, Tayvan – Oʻtgan hafta Tayvan janubida Xitoyning bostirib kirishiga qarshi orolni mudofaa qilish boʻyicha har yilgi jangovar mashgʻulotlar doirasida harbiy samolyotlar magistralga qoʻnishni mashq qilgan.

Tayvan orolni oʻz hududi deb biladigan va uni qachondir (kerak boʻlsa, zoʻrlik bilan) tortib olishga tayyor boʻlgan avtoritar Xitoyning doimiy tajovuzi ostida yashamoqda.

Prezident Si Szinpin hukmronligida oʻtgan oʻn yilliklar ichida harbiy tanglik yanada kuchaydi, hozirda Xitoy muntazam ravishda jangovar samolyotlar va yadroviy quvvatga ega bombardimonchilarni Tayvan havo hududiga yuboradi, davlat OAVlari esa bosqinchilik mashgʻulotlarini eʼlon qilib turadi.

Oʻtgan haftaning chorshanba (15-sentabr kuni) Tayvanning turli jangovar, shuningdek barvaqt xabardor qilish samolyotlari Pindung okrugidagi magistralda havoga koʻtarilish va qoʻnishni mashq qilgan.

Xitoylik askarlar plyajga bostirib kirish mashqi davomida amfibiya mashinasidan tushmoqdalar. [Xitoy mudofaa vazirligi]

Xitoylik askarlar plyajga bostirib kirish mashqi davomida amfibiya mashinasidan tushmoqdalar. [Xitoy mudofaa vazirligi]

AQSHda ishlab chiqarilgan E2K barvaqt ogohlantirish samolyoti har yili boʻlib oʻtadigan Xan Kuang harbiy mashqlari chogʻida Tayvandagi Pindung shahri avtomagistralidan havoga koʻtarilmoqda, 15-sentabr. [Sam Ye/AFP]

AQSHda ishlab chiqarilgan E2K barvaqt ogohlantirish samolyoti har yili boʻlib oʻtadigan Xan Kuang harbiy mashqlari chogʻida Tayvandagi Pindung shahri avtomagistralidan havoga koʻtarilmoqda, 15-sentabr. [Sam Ye/AFP]

Tsay In-ven tomonidan kuzatilgan harbiy mashgʻulotlar orolning uchish yoʻllari yoʻq qilingan holda tayvanlik uchuvchilarning koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan.

Tayvanni bosib olish juda qimmatga tushishi va mushkul boʻlishi aniq, ammo Pekin soʻnggi yillarda harbiy boʻshliqni ancha toʻldirib olgan hamda Si orolni qoʻlga olish niyatini yashirmaydi.

AQSHning katta generallari Xitoyning bostirib kirishi ehtimoli borligi haqida ommatan ogohlantirganlar.

Oʻtgan yili Xitoy harbiy samolyotlari va bombardimonchilari Tayvanning havo mudofaa hududini rekord darajada – 380 marta buzib kirgan.

Joriy yilning dastlabki sakkiz oyida bunday bosqinchiliklar 400 martadan oshib ulgurgan.

28-iyun kuni Xitoyning jangovar samolyoti havo mudofaa hududiga eng yirik bosqinni amalga oshirdi. Bu voqea G7 yetakchilari Tayvan boʻgʻozida tinchlik oʻrnatishga chaqiruvchi muhim bayonotni eʼlon qilishi ortidan yuz bergan.

Bundan avvalgi 25 ta jangovar samolyot orqali amalga oshirilgan yirik bosqin AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyni Tayvanning status kvosini oʻzgartirishga urinmaslik kerakligi haqida ogohlantirishi ortidan aprel oyida sodir boʻlgan.

Tortishuvlarni kuch bilan hal qilish

Tayvanda yuz berayotgan voqealar ularning mintaqa boʻylab oqibatlarni taxmin qilayotgan qoʻshni Markaziy Osiyolik tahlilchilari kuzatuvida boʻlib turibdi.

“Agar Xitoy Tayvanni bosib olsa, bu global xavfsizlik uchun oʻnglanmas oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deydi Olmaotadagi falsafa, siyosatshunoslik va dinshunoslik instituti katta tadqiqotchisi Talgat Ismagambetov.

“Pekin Tinch okeanining sharqiy qismida hech qanday cheklovlar his qilmaydi va kelajakda hududiy bahslarni muzokaralar orqali emas, balki oʻz daʼvolari va taqdirini mustaqil belgilash huquqiga tayanib, kuch bilan hal qiladi.”

“Xitoyning Yaponiya, Janubiy Koreya, Vyetnam, Malayziya va Filippin bilan hududiy nizolari mavjud boʻlib, Pekin ularni harbiy yoʻl bilan hal etishi mumkin”, deydi u.

“Qoʻshma Shtatlar Osiyo Tinch okeani hududida yangi gegemon qudratga aylangan Xitoyni tiyib turishi lozim”, deb qoʻshimcha qilgan Ismagambetov.

Xitoy global hukmronlikka intilmoqda, deydi xalqaro masalalar va nizolar boʻyicha bishkeklik ekspert Edil Osmonbetov.

“Dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotga ega Xitoy eng katta iqtisodga aylanishni istayapti”, dedi u. “Bu istak pandemiya vaqtida yanada kuchaydi, chunki Xitoy tibbiy tovarlar va COVID-19 vaktsinalarini sotish ortidan katta pul ishlab oldi.”

Osmonbetov Xitoyning Tayvanga tajovuzini “oʻz kuchi va salohiyati sinash” deb atagan.

“Xitoy qizil chiziqni bosib oʻta oladimi-yoʻqmi, shuni bilmoqchi”, dedi u.

Suverenitetga tahdidlar

Xitoy Kommunistik partiyasi nazoratidagi ommaviy axborot vositalarining Markaziy Osiyo davlatlari Xitoyga “qaytishga” intilayotgani haqidagi doimiy daʼvolari – Pekin mintaqa rahbarlari oʻz suverenitetini himoya qilishga qanchalik tayyorligini sinovdan oʻtkazayotganiga misol boʻla oladi.

2020-yil bahorda Qozogʻiston va Qirgʻiziston koronavirus sababli qatʼiy karantinda ekanligida Xitoy veb-saytlari ikki mamlakatni larzaga keltirgan provokatsion bayonotlarni chop etgan edi.

Aprel oyida Xitoyning Sohu.com xususiy onlayn nashrida “Nima uchun Qozogʻiston Xitoyga intilmoqda” sarlavhali maqola chop etilishi ortidan Xitoy elchisi Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgandi.

Oʻsha oyning oʻzida Toutiao.com saytida “Nima uchun Qirgʻiziston mustaqillikka erishganidan keyin oʻz vataniga qaytmadi?” sarlavhali maqola chop etilgan.

Maqolada Qirgʻiziston ming yilliklar davomida Xitoy hududining bir qismi boʻlgani, 1846-yilda Chor Rossiyasi Xitoydan 510 ming kv. km hududni, jumladan hozirgi Qirgʻiziston yerlarini tortib olgani haqida yozilgan.

“Vatanidan ajralgan mintaqa va davlatlar oxir-oqibat ortga qaytishga intilsa-da”, 1991-yilda mustaqillikka erishgan Qirgʻiziston asosan Rossiyaning davomli taʼsiri tufayli Xitoyga “qaytmadi”, deb yozadi muallif.

Maqola qirgʻizistonliklarning gʻazabini qoʻzgʻadi va ular maqolani igʻvoli deb atadilar.

“Pekin nafaqat Qirgʻizistonning hududiy yaxlitligi, balki uning suvereniteti uchun ham tahdidga aylanmoqda. Bu xavotirli belgi”, deydi Orbita.kg yangiliklar saytining bishkeklik muxbiri Mars Abayev.

Pekin Markaziy Osiyo mamlakatlarining munosabatini baholash uchun “oʻz” hududlarini qaytarish gʻoyasini ilgari surmoqda, dedi Abayev.

2020-yil iyulda Xitoy ommaviy axborot vositalari “Tojikiston Xitoyga yerini topshirish tashabbusi bilan chiqdi va Pomirning qoʻldan chiqarilgan togʻlari oʻzining qonuniy egasiga qaytarildi” degan igʻvoli sarlavha ostida maqola chop etgan.

2011-yilda Tojikistonning 1158 kv. km hududi Xitoy ixtiyoriga oʻtkazilishi haqidagi maqola koʻplab tojikistonliklarni gʻazablantirgan edi.

Tojikiston bu yerlarni oʻz qarzlarining bir qismidan qutulish uchun Xitoyga topshirgan.

Shinjon muammosi

Yaqinda Qozogʻiston oʻz qoʻshnisining tajovuziga qarshi turish istagini namoyish etgan.

Yil boshidan beri qozoqlar Xitoyning Olmaotadagi konsulligi oldida har kuni namoyish oʻtkazib, Pekinning Shinjondagi musulmonlarga qarshi tazyiqi doirasida hibsga olingan qarindoshlari va doʻstlarining ozod etilishini talab qilganlar.

Qozogʻiston hukumati oʻtgan yilning oktyabr oyida Xitoy hukumatining tazyiqlari tufayli Shinjondan qochgan toʻrt nafar etnik qozoqqa qochqinlik maqomini berdi.

Faollarga koʻra, Nur-Sulton Xitoydan kelgan etnik qozoqlarga qochqinlik maqomini berish bilan Pekinning Shinjonda inson huquqlarini buzayotganini tan olmoqda.

Pekin Shinjondagi musulmonlarga qarshi tazyiqlar doirasida bir milliondan ortiq uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlar, jumladan etnik qozoqlarni “siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlari, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan 400 ga yaqin muassasalarda saqlab kelmoqda.

Yana millionlab odamlar qatʼiy kuzatuv va nazorat ostida yashayotgani aytiladi.

Avvaliga Shinjonda lagerlar mavjudligini inkor etgan Pekin keyinroq ularni terrorchilikka barham berish va bandlikni yaxshilashga qaratilgan “kasb-hunar taʼlimi markazlari” deya oqlashga urindi.

Biroq, mustaqil tergovlar, sobiq mahbuslar bilan oʻtkazilgan suhbatlarda jismoniy va ruhiy qiynoqlar, ongni zaharlash, muntazam zoʻrlashlar, jinsiy tahqirlash va boshqa dahshatli amaliyotlar tilga olingan.

[Ushbu maqolani tayyorlashga Olmaotadan Kanat Altinbayev oʻz hissasini qoʻshgan.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500