Karvonsaroy
Salomatlik

AQSH Tojikistonga 115 ming doza COVID-19ga qarshi Pfizer vaksinasini hadya qildi

Karvonsaroy

20-sentabr kuni Amerika Qoʻshma Shtatlari COVID-19ga qarshi kurash doirasida Tojikistonga ilk partiyadagi 115 ming doza Pfizer vaksinasini begʻaraz taqdim etdi. [AQSHning Tojikistondagi elchixonasi]

20-sentabr kuni Amerika Qoʻshma Shtatlari COVID-19ga qarshi kurash doirasida Tojikistonga ilk partiyadagi 115 ming doza Pfizer vaksinasini begʻaraz taqdim etdi. [AQSHning Tojikistondagi elchixonasi]

DUSHANBE – Dushanba (20-sentabr) kuni Amerika Qoʻshma Shtatlari AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali Tojikistonga COVID-19ga qarshi kurash doirasida 115 ming doza Pfizer vaksinasining ilk qismini hadya qildi, deyiladi Dushanbedagi AQSH elchixonasi bayonotida.

Yordamning qolgan qismi shu haftada yetkaziladi, uning umumiy hajmi 325260 dozani tashkil qiladi.

Tojikistonga taqdim etilgan xayriya yordami AQSH hukumatining butun dunyo mamlakatlari uchun 500 million COVID-19 vaksinasini (xalqaro COVAX dasturi orqali) begʻaraz taqdim etish tashabbusining bir qismi hisoblanadi.

Xayriya yordami Amerika Qoʻshma Shtatlari tarafidan Tojikistonga 26-iyul kuni yetkazib berilgan 1,5 milliondan ortiq Moderna vaksinasini ham oʻz ichiga oladi. COVAX dasturi doirasida shuningdek, Tojikistonga bir necha partiya bilan 461440 doza AstraZeneca vaksinasi ham taqdim etilgan.

YUNISEF va AQSH hukumatining koʻmagi bilan Tojikistonda tez orada Pfizer vaksinalarini saqlashga moʻljallangan 258 litrli sakkizta Ultra Cold Chain muzlatkichlari paydo boʻladi. Tojikiston bu texnologiyadan ilk marta foydalanmoqda.

“Tojikiston bilan ishlashdan mamnunmiz”

“Pfizer vaksinasidan iborat xayriya yordami koʻproq odamlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi. Pandemiyaga barham berish yoʻlida Tojikiston bilan ishlayotganimizdan mamnunman”, deydi AQSHning Tojikistondagi elchisi Jon Mark Pommershaym.

“Biz yoqadan bosh chiqarsak, ushbu halokatli ofatni toʻxtatib, iqtisodiyotimizni tiklay olamiz. Bu virusni yengishda Tojikiston xalqiga yordam berishda davom etamiz va inqirozni birgalikda yengamiz”.

Vaksina yordami Tojikiston sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlash, “COVID-19 ustidan epidemiologik nazorat, kasallik holatlarini qayd etish va ularga chora koʻrish hamda COVID-19 vaksinatsiyasini qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha yordamning bir qismidir”, deyiladi elchixona xabarida.

Oʻtgan hafta Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonga 1,2 million dozadan ortiq Pfizer vaksinasini hadya qilgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500