Karvonsaroy
Inson huquqlari

Rossiyalik deputat adovat qoʻzgʻash toʻgʻrisidagi qonunga xilof tarzda migrantlarni “kelgindi yaramaslar” deb atadi

Kanat Altinbayev

“Rodina” partiya aʼzosi, davlat Dumasi deputati Aleksey Juravlev avgust oyidagi tadbir chogʻida. [Aleksey Juravlevning Twitter sahifasi]

“Rodina” partiya aʼzosi, davlat Dumasi deputati Aleksey Juravlev avgust oyidagi tadbir chogʻida. [Aleksey Juravlevning Twitter sahifasi]

OLMAOTA – Rossiyalik siyosatchining Markaziy Osiyoliklarni nishonga olgan nafratga toʻla nutqi Rossiyaning adovat qoʻzgʻashga qarshi qonunlarini buzayotgani haqidagi ayblovlarni keltirib chiqardi.

“Rodina” milliy konservativ partiyasi aʼzosi, Rossiya davlat Dumasi deputati Aleksey Juravlev migrantlar uchun mehnat lagerlari tashkil etish taklifini bildirib, keskin tanqidga uchradi.

12-sentabr kuni oʻz Tvitter sahifasida yozib qoldirgan qator fikrlarida Juravlev mehnat migrantlarini “kelgindi yaramaslar” deb atagan va Rossiya hukumati “migrantlar xavfini bartaraf etish yuzasidan tezkor chora koʻrishi” kerakligini aytgan.

U xorijliklarga rossiyaliklarga nisbatan “sezilarli darajada keskinroq” chora koʻrishni nazarda tutuvchi “ikki konturli jinoiy kodeks” qabul qilish taklifini bildirgan.

Vnukovo aeroportida oʻz reyslarini kutayotgan Markaziy Osiyoliklar, Moskva, 2020-yilning 24-marti. [Aleksandr Nemenov/AFP]

Vnukovo aeroportida oʻz reyslarini kutayotgan Markaziy Osiyoliklar, Moskva, 2020-yilning 24-marti. [Aleksandr Nemenov/AFP]

Ishlash va yashash ruxsatnomalarini yangilash uchun Sankt-Peterburgdagi migratsiya markazida navbatda turgan migrantlar, Rossiya, 2020-yil. [Olga Maltseva/AFP]

Ishlash va yashash ruxsatnomalarini yangilash uchun Sankt-Peterburgdagi migratsiya markazida navbatda turgan migrantlar, Rossiya, 2020-yil. [Olga Maltseva/AFP]

Daraxt shoxlarini kesayotgan tojikistonlik migrantlar, Moskva, 19-iyul. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

Daraxt shoxlarini kesayotgan tojikistonlik migrantlar, Moskva, 19-iyul. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

“Chaqirilmagan “mehmonlarga” oʻz joyini koʻrsatish vaqti keldi!”, deb yozgan Juravlev.

“Mehnat migrantlarini shahardan tashqariga joylashtirishimiz, kerak boʻlganda shimol yoki Sibir kabi ishchi kuchi yetishmaydigan hududlardagi katta inshootlarga yuborishimiz kerak”, deb qoʻshimcha qilgan u.

“Oʻsha yerlarning oʻzda migrantlar uchun millatlararo mehnat lagerlarini ham yaratishimiz kerak. Ishlab boʻldingmi, ketaver! Shaharlarimizga anklav yoki gettolar kerak emas!” deb yozadi u.

Juralevning soʻzlariga koʻra, ichki ishlar vazirligi “etnik jinoyatchilikka ayovsiz barham berishi zarur”.

Juravlevning bu mulohazalari Rossiyada eng ogʻir ishlarni bajaruvchi mehnat migrantlarining oddiy fuqarolar va hatto politsiya tomonidan kamsitilishi, pora berishga majburlanishi va kaltaklanishi bilan bogʻliq holatlar fonida yangramoqda.

“Fashizm va irqchilik”

Juravlevning mulohazalari boshqa Tvitter foydalanuvchilarining keskin tanqidiga duch keldi.

“Etnik jinoyatchilik toʻgʻrisida tinmay bong urish fashizm va irqchilikdir!”, deb yozadi izaurarussia nomli Tvitter foydalanuvchisi.

“Qanday ahmoqgarchilik, qonun oldida hamma barobar boʻlishi kerak”, deydi foydalanuvchi Herz94068208.

Juravlevning fikrlarini ayniqsa, Rossiyadagi aksar migrantlarning vatani boʻlmish Markaziy Osiyo fuqarolari qoralab chiqishgan.

“Rossiyada bizdaka migrantlar juda koʻp, albatta baʼzi birovlar qonunni buzadi, lekin rossiyaliklarning oʻzi qonunni buzmaydimi?”, deydi Moskvadagi qahvaxonalarning biri ofitsiant boʻlib ishlaydigan oʻzbekistonlik Bahrom Islomov Karvonsaroyga.

“Jinoyatning millati yoʻq, jinoyatchilar hamma yerda bor.”

U Markaziy Osiyolik mehnat migrantlarini shartnoma tuzmay ishga oladigan, ularning hujjatlarini olib qoʻyadigan va bir necha oy davomida qul qilib ishlatadigan rossiyalik ish beruvchilar haqida gapirgan.

“Bularning bari yetmagandek, endi bizni mehnat lagerlariga yuborishmoqchimi?”, deydi Islomov.

“Bunday xavfli bayonotlarni Rossiyaning huquqni muhofaza qilish organlari eʼtiborsiz qoldirayotganiga ishongim kelmaydi”, deydi Tez Tur sayyohlik agentligi xodimi, Nur-Sultonlik Asel Baybolova.

“Bunday fikrlarni faqat natsist qarashlariga ega odamgina bildirishi mumkin.”

Boshqalar esa hatto Juravlevni qonunni buzishda ham ayblaganlar.

Juravlevning bayonoti Rossiya jinoyat kodeksining 282-moddasini buzadi, deydi bishkeklik advokat Murat Ashimov Karvonsaroyga.

“282-moddada nafrat yoki adovat qoʻzgʻashga qaratilgan harakatlar uchun jazo koʻzda tutilgan”, deydi Ashimov.

Bu kabi xatti-harakatlar uchun koʻpi bilan besh yilgacha qamoq jazosi belgilangan, deydi u.

“Ammo Rossiyada kim uni qamaydi? U deputat boʻlsa, demak u daxlsiz”, deb qoʻshimcha qildi Ashimov.

Ashimov rossiyalik deputatlar oʻz qonunlariga eng avvalo oʻzlari amal qilishlari kerakligini taʼkidladi.

Keng tarqalgan taassub

Juravlevning bayonoti Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan Qozogʻiston va Qirgʻizistonni rus ozchiliklarga qarshi bosim oʻtkazayotganlikda yolgʻondan ayblagan vaqtda bildirilgan.

8-avgust kuni Rossiya prezidenti huzuridagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari qoʻmitasi “Qirgʻizistondagi vatandoshlarga nisbatan nodoʻstona harakat” va “rusiyzabon aholini til va milliy belgilarga koʻra kamsitishga urinish” haqida bayonot eʼlon qilgan.

Bayonot mahalliy fuqarolar tashkilotlarda ularga qirgʻiz tilida xizmat koʻrsatishlarini talab qilgani ortidan eʼlon qilindi, aftidan bu holatda mijozlar rus tilini yaxshi tushunishmagan.

Rusiyzabonlar noroziligiga sabab boʻlgan shu kabi yana bir holat, millatchilik ruhidagi qozogʻistonlik bloger mijozlarga qozoq tilida gapira olmayotgan xodim haqidagi videolavhani chiqarganidan keyin yuz bergan.

11-avgust kuni Rossiya parlamentining yuqori palatasi – Federatsiya Kengashi spikeri oʻrinbosari Konstantin Kosachev Qozogʻiston hukumatidan “mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi qoʻshnichilik munosabatlariga hech qanday aloqasi boʻlmagan bu jaydari millatchilarning sharmandali qilmishlariga baho berishni” talab qilgan.

Ammo Qozogʻiston va Qirgʻizistonning rasmiy matbuot kotiblari oʻz mamlakatlarida rusofobiya mavjudligi rad etib, bu bir-biriga aloqador boʻlmagan oddiy hodisalar ekanligini taʼkidlaganlar.

Qozogʻistonda mutaassiblikka oid muammolar haqiqatdan koʻra uydirmaga yaqinroq, deydi siyosiy sharhlovchi va Turan Times axborot portalining bosh muharriri, Nur-sultonlik Gaziz Abishev.

Rossiyada esa bundan farqli ravishda shovinizm va irqchilik keng tarqalgan, hukumat esa bunda hech qanday muammo koʻrmaydi, deydi Abishev.

“Boshqalarga bagʻrikenglik va insonlarga nisbatan mehrli boʻlishni oʻrgatmoqchi boʻlgan odam eng avvalo bunga oʻzi amal qilishi kerak”, deydi Abishev Karvonsaroy bilan suhbatda.

Bu orada Rossiyada bagʻrikenglik bilan bogʻliq vaziyat yildan-yilga yomonlashib bormoqda.

2020-yilgi soʻrovda qatnashgan har toʻrt odamdan biri migrantlarga salbiy munosabat bildirgan boʻlib, bu raqam avvalgi yillarga nisbatan 7,5 foizga oshgan. Bu haqda aprel oyida boʻlib oʻtgan hukumat yigʻilishida Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Magomedsalam Magomedov maʼlum qildi.

Rossiyada davlat darajasidagi tajovuzkor ritorika mehnat migrantlariga boʻlgan munosabatning yomonlashuviga sabab boʻlmoqda, deydi oʻzbekistonlik migrant Islomov.

“Koʻp odamlar siyosatchilarning soʻzlariga ishonib, koʻchada, doʻkonlarda, metroda bizga nisbatan yomon munosabatda boʻla boshlaydi”, dedi Islomov. “Rossiya borgan sari noxolis boʻlib bormoqda”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Juravlyov – shovinist haromzoda!!! Sassiq omborga daf boʻl.\Jerar Depardye\

Javob berish