Karvonsaroy
Diplomatiya

Afgʻonlar oʻz erkini qoʻldan boy berayotgan bir paytda Xitoy Tolibonni “soʻzsiz” qoʻllab-quvvatlashga vaʼda bermoqda

Karvonsaroy va AFP

22-sentabr kuni Qandahor bozorida eski kiyimlar bilan savdo qilayotgan sotuvchi yonidan oʻtib ketayotgan yopinchiqli ayollar. [Javod Tanvir/AFP]

22-sentabr kuni Qandahor bozorida eski kiyimlar bilan savdo qilayotgan sotuvchi yonidan oʻtib ketayotgan yopinchiqli ayollar. [Javod Tanvir/AFP]

BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTI – Afgʻonistonliklarning erkinlik va imkoniyatlari cheklangan oʻtmishdagi kabi farmonlar chiqarayotgan Tolibon oʻz qiyofasini kundan-kunga ochiqroq namoyon qilmoqda, deydi kuzatuvchilar.

Dunyoning aksar mamlakatlari Tolibonga nisbatan pozitsiya masalasida kutish rejimini maʼqul koʻrib, uning ayollar, ozchiliklar va kundalik turmushning boshqa jabhalarida moʻtadil siyosat qabul qilishi uchun bosim oʻtkazishga umid qilib turgan bir paytda, Xitoy bu guruh bilan doʻstona munosabatlar oʻrnatishga (yoki sotib olishga) tayyor ekanligini namoyish etgan.

Hukumatning turli guruhlar vakillaridan tarkib topishi haqidagi vaʼdalarga qaramay, Tolibon faqat oʻziga moyil diniy arboblardan iborat hukumat tuzgan. Uning tarkibiga tolibon boʻlmaganlar va ayollar kiritilmagan.

Pekin, dunyoning boshqa qudratli davlatlari singari bajarilmagan vaʼdalar yuzasidan guruhga bosim oʻtkazish oʻrniga, Afgʻoniston boʻylab oʻz hukmronligini yanada mustahkamlayotgan Tolibon muvaqqat hukumatiga millionlab dollar yordam berishni vaʼda qilgan.

Toliblar bayroqlari fonidagi Tolibon jangarisi, 11-sentabr. [Karim Sohib/AFP]

Toliblar bayroqlari fonidagi Tolibon jangarisi, 11-sentabr. [Karim Sohib/AFP]

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin 9-noyabr kuni Pekinda jurnalistlarning savollariga javob bermoqda. [Greg Beyker/AFP]

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin 9-noyabr kuni Pekinda jurnalistlarning savollariga javob bermoqda. [Greg Beyker/AFP]

8-sentabr kuni Xitoy guruhga 31 million dollarlik favqulodda yordam taqdim etishini aytdi, oʻtgan yakshanba kuni esa qoʻshimcha 15 million dollarlik yordam va 3 million doza koronavirusga qarshi Xitoy vaksinalarini vaʼda qildi.

Xitoyning Afgʻonistondagi elchisi Van Yuy yakshanba kuni Kobulda Tolibonning qochqinlar va repatriatsiya masalalari vaziri vazifasini bajaruvchi Xalil al-Rahmon Haqqoniy bilan uchrashib, ushbu yordam yuzasidan bayonot berdi.

Van Haqqoniyni lavozimga tayinlangani bilan qutlar ekan, Xitoy “Afgʻoniston bilan hamkorlik qilishga va unga soʻzsiz yordam berishga tayyor” ekanligini aytdi, deyiladi Tolibonning Facebook sahifasidagi bayonotida.

AQSH va BMT sanksiyalari ostiga tushgan va AQSH Moliya vazirligi tomonidan 5 million dollarlik mukofot bilan xalqaro terrorchi deb eʼlon qilingan Haqqoniy ushbu yordam imkon qadar tezroq “majburan koʻchirilganlar va boshqalar orasida shaffof taqsimlanishini aytdi”, deyiladi bayonotda.

Qabul qilingan yordam miqdori va turini, shuningdek uning taqsimlanishini mustaqil ravishda tekshirish imkonsiz, chunki endilikda Afgʻonistonning moliya tizimi Tolibon ixtiyoriga oʻtgan.

Mavhum kelajak

Yordamga oid bayonotlar Tolibon mamlakat boʻylab erkinlik va huquqlarning cheklanishiga qarshi norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirayotgan vaqtda yangradi.

Guruh hokimiyatni qoʻlga olib, avvalgi tuzumning moʻtadilroq versiyasini vaʼda qilganidan bir oy oʻtar-oʻtmas, afgʻonlar asta-sekin erkinliklardan mahrum boʻla boshlaganlar.

Oʻtgan juma kuni Tolibon taʼlim vazirligi oʻgʻil bolalar va erkak oʻqituvchilarni maktabga qaytishni buyurgani holda qizlar va ayol oʻqituvchilarga maktabga chiqishni taqiqlagan.

Ushbu qaror sababli xalqaro hamjamiyatning tanqidiga uchragan Tolibon matbuot kotibi Zabihullo Mujohid seshanba kuni afgʻon qizlariga “imkon qadar tezroq” maktabga qaytishga ruxsat berilishini aytdi.

“Ayollar va qizlarning taʼlim olishi va ishlashiga oid masala hal etilmoqda”, dedi u matbuot anjumanida, maktablar qachon qizlar uchun ochilishini maʼlum qilmay.

Koʻpchilik Tolibon ayollarning ishga kirish imkoniyatini cheklaganidan keyin bergan vaʼdasini bajarishiga shubha bilan qaramoqda. Rasmiylar taʼlim tizimida Tolibonning shariat qonunlariga koʻra ajratishni amalga oshirmagunicha xavfsizlik vajidan ularga oʻz uylarda qolishni buyurgan.

“Oʻtgan safar shunday boʻlgan edi”, deb aytgan dushanba kuni AFP muxbiriga oʻqituvchi ayollardan biri Afgʻonistonda Tolibonning 1996-2001-yillardagi hukmronligini nazarda tutib. “Ular ishga qaytishimizga ruxsat berishlarini aytganlar, lekin unday boʻlmadi.”

Bu mavhumlik va ishsizlik bilimli yoshlarni mamlakatni tark etishga majbur qilar ekan, ayrimlar buni “Afgʻoniston uchun fojia” deb ataganlar.

Tolibonga shoshilinch xayrixohlik

Kuzatuvchilarning aytishicha, Pekin Tolibonning bosimlariga koʻz yummoqda, zero Kobuldagi hamkorlikka moyil maʼmuriyat Xitoy manfaatlari, yaʼni uning xorijdagi keng qamrovli infratuzilmasi – “Bir kamar, bir yoʻl (BRI)” tashabbusini kengaytirish uchun iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi.

BRI boshqa maqsadlar qatori nochor mamlakatlarning tabiiy boyliklarini Xitoy manfaatlari yoʻlida qazib olish va tashib ketishga ham xizmat qiladi.

Kobuldagi maʼmuriyatning hamkorligi BRI tashabbusiga Afgʻoniston va Markaziy Osiyo respublikalari boʻylab kengayishga imkon beradi.

Xitoy Afgʻonistonning trillion dollarlik foydali qazilmalar zaxirasiga koʻz tikayotgan koʻrinadi.

Ayni vaqtda Tolibon Xitoyni toʻgʻridan-toʻgʻri yoki Pekinning yaqin ittifoqdoshi boʻlgan Pokiston orqali investitsiya va iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash manbai deb hisoblamoqda.

Xitoy Tolibon bilan “doʻstona va hamkorlik” aloqalarni chuqurlashtirishni istaydi, deb aytgan Xitoy tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Xua Chunin 16-avgust kuni.

Uning soʻzlariga koʻra, “Tolibon Xitoy bilan yaxshi munosabatlarni rivojlantirishga hamda Afgʻonistonni qayta tiklash va rivojlantirishda Xitoyning ishtirokiga bir necha bor umid bildirgan”.

Qulay ittifoq

Bu oʻzaro qulay ittifoqda Tolibon Xitoyning Shinjondagi millionlab musulmonlarga nisbatan tazyiqlariga koʻz yumishga tayyor, Pekin esa Tolibonning jangovar mafkurasi va Afgʻoniston hukumatini agʻdarish harakatlari borasida sukut saqlamoqda.

Tolibon bilan shartnomalar imzolash orqali Xitoy uning Shinjondagi uygʻurlar muammosi boʻyicha betarafligini saqlab qolishga umid qilyapti.

Pekin bir milliondan ortiq uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlar, jumladan etnik qozoqlar va qirgʻizlarni “siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlari, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan 400 ga yaqin muassasada saqlab kelmoqda.

Avvaliga Shinjonda lagerlar mavjudligini inkor etgan Pekin keyinroq ularni terrorchilikka barham berish va bandlikni yaxshilashga qaratilgan “kasb-hunar taʼlimi markazlari” deya oqlashga urindi.

Ammo bu muassasalar “kontsentratsion lagerlarga” oʻxshash majburiy qamoqxonalar ekani haqidagi xabarlar keng tarqalgan.

Xitoy rasmiylari tomonidan Shinjonda sodir etilgan ayrim jinoyatlar butun dunyo musulmonlarining keskin eʼtiroziga sabab boʻlgan – mintaqada 1000 dan ortiq imom va diniy arboblarning oʻzboshimchalik bilan hibsga olinishi, qariyb 16000 masjidning buzilishi, tana aʼzolarini majburan olish, muslima ayollarning muntazam zoʻrlanishi va majburiy bichilishi shular jumlasidandir.

Oʻzini islom himoyachisi qilib koʻrsatadigan toliblar maqsadga erishish yoʻlida musulmonlarning oʻldirilishi va qulga aylantirilishiga koʻz yumadigan koʻrinadi, deydi kuzatuvchilar.

Tolibon matbuot kotibi Suhayl Shahin iyul oyida AFPga bergan intervyusida isyonchilar “dunyoning barcha mamlakatlari bilan yaxshi munosabatda boʻlish” istagida ekanligini aytgan.

“Biror-bir mamlakat konlarimizni tadqiq qilishni istasa, bundan mamnun boʻlamiz”, dedi u. “Biz investitsiyalar uchun yaxshi imkoniyatlar yaratamiz.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500