Karvonsaroy
Atrof muhit

USAID Qozogʻistonda qurgʻoqchilikdan jabrlangan fermerlarga yordam beradi

Kanat Altinbayev

Qozogʻistonning Olmaota viloyati Qaskelen darasida ot boqib yurgan bolakay, 15-avgust. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

Qozogʻistonning Olmaota viloyati Qaskelen darasida ot boqib yurgan bolakay, 15-avgust. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

OLMAOTA - AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Mangʻistov viloyatida qurgʻoqchilikdan aziyat chekkan eng zaif aholi qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash uchun Qozogʻiston Qizil Yarim Oy jamiyatiga 100 ming dollarlik (42,5 mln. tenge) grant ajratdi, deyiladi agentlikning juma (24-sentyabr) kungi xabarida.

Bu yil bahor va yozda Qozogʻistonning eng issiq gʻarbiy va janubiy tumanlari uzoq davom etgan qurgʻoqchilikdan koʻproq zarar koʻrdi.

Qurgʻoqchilik oqibatida minglab qoramol va otlar nobud boʻldi, ekinlar qurib, chuchuk suv tanqisligi yuzaga kelgan.

Viloyatda chorvachilik asosiy daromad manbai boʻlgani uchun qurgʻoqchilik hayot sifatiga jiddiy putur yetkazgan. Sut va goʻsht ishlab chiqarish sezilarli darajada kamaydi, mahalliy aholining daromadi pasayib, koʻpchilik tirikchilik vositalaridan mahrum boʻlgan.

USAIDga koʻra, “qoramolning nobud boʻlishidan ziyon koʻrgan 200 dan ortiq uy xoʻjaliklariga asosiy ehtiyojlarni qondirish uchun moddiy yordam beriladi. Yordam miqdori uy xoʻjaliklarining har bir aʼzosi uchun eng kam kunlik nafaqa miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.”

Uning aytishicha, USAID ehtiyojni baholaganidan soʻng, moliyaviy yordam oluvchilarning bevosita bank hisobraqamlariga oʻtkazib beriladi.

Bundan bir oy avval Yevropa Ittifoqi (YI) qozogʻistonlik fermerlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 200 ming yevro (99,2 mln. tenge) moliyaviy yordam ajratgan edi. Eng koʻp zarar koʻrgan viloyatlar – Mangʻistov va Turkistonning 6 mingga yaqin aholisiga yordam koʻrsatildi.

Bu mablagʻ Yevropa Ittifoqining Qizil xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari Xalqaro Federatsiyasining favqulodda vaziyatlar jamgʻarmasiga qoʻshgan hissasining bir qismi boʻldi.

Qishloq xoʻjaligining moslashuvi

Ikki xorijiy donordan olingan mablagʻ shaxsiy tomorqasi qurib qolgan oilalarga yoʻnaltirildi, deydi Fermerlar oliy kengashi direktori, chimkentlik mustaqil tahlilchi Kirill Pavlov Karvonsaroyga.

Bunday oilalarning har biri 400 dollardan (170242 tenge) koʻproq mablagʻ oldi, dedi u.

Bu yil yozda Qozogʻistonning gʻarbi va janubida gʻayritabiiy issiq va quruq ob-havo hukmronlik qilib, yaylovlardagi oʻtlarni quritib tashladi.

Mintaqada oziq-ovqat narxi koʻtarilgach, mahalliy aholi oriqlab ketgan chorva mollarini past narxlarda sotishni boshladi, deb yozadi oqtovlik bloger Azamat Sarsenbayev 16-iyul kuni.

“Mahalliy chorvadorlar hech qachon bunday holatga duch kelmaganliklarini eʼtirof etmoqdalar. Chorva avval ham nobud boʻlar edi, lekin faqat qishda, tuproq muzlab, chorva oʻtlay olmaganida”, deb yozadi Sarsenbayev.

Kelgusida yana shunday vaziyatga tushmaslik uchun hukumat qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishi tufayli yuzaga keladigan yangi sharoitlarga moslashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi kerak, dedi Milliy qoʻychilik uyushmasi mutaxassisi, qiziloʻrdalik Nurlan Musin.

“Oʻtgan yoz sodir boʻlgan voqea ilk ogohlik qoʻngʻirogʻi, biz uchun saboq boʻlishi kerak”, deydi Musin. “Biz iqlim oʻzgarishi oqibatlari hali-beri duch kelmaymiz, deb oʻylaymiz, lekin aslida unday emas.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500