Karvonsaroy
Inson huquqlari

Pekinning xitoylashtirish siyosati doirasida masjidlar gumbazlari va Islom taʼlimoti yoʻq qilinmoqda

Karvonsaroy

Shinjon viloyati Yangisardagi kuzatuv kameralari va tikanli simlar bilan oʻralgan Tszeleysi-13 qishloq masjidi, 2019-yil, 4-iyun. Pekin musulmonlar, jumladan uygʻurlar va boshqa etnik ozchiliklarni majburan xitoylashtirish siyosati doirasida Shinjon va mamlakat boʻylab minglab masjidlarni yoʻq qilmoqda. [Greg Beyker/AFP]

Shinjon viloyati Yangisardagi kuzatuv kameralari va tikanli simlar bilan oʻralgan Tszeleysi-13 qishloq masjidi, 2019-yil, 4-iyun. Pekin musulmonlar, jumladan uygʻurlar va boshqa etnik ozchiliklarni majburan xitoylashtirish siyosati doirasida Shinjon va mamlakat boʻylab minglab masjidlarni yoʻq qilmoqda. [Greg Beyker/AFP]

Xabarlarga koʻra, Pekin islom meʼmorchiligi ramzlarini yoʻq qilish va masjidlarda siyosiy tarbiya olib borish buyrugʻi bilan musulmonlar va boshqa ozchiliklarni “xitoylashtirish” boʻyicha besh yillik rejasini jadallik bilan amalga oshirmoqda.

2018-2022-yillar uchun belgilangan “xitoylashtirish” rejasi doirasida Xitoy kommunistik partiyasi (XKP) rasmiylari masjidlarning gumbazlari, minoralari va boshqa islom arxitekturasi ramzlarini olib tashlamoqda, masjid karnaylaridan azon aytishni taqiqlamoqda.

Reja nafaqat aksar musulmonlar yashaydigan Shinjon viloyatida, balki butun Xitoy boʻylab faol ravishda amalga oshirilmoqda.

Yaqinda britaniyalik diplomatlardan biri Sinxay viloyatidagi masjidlar gumbazlari va minoralarining olib tashlanganiga eʼtibor qaratgan.

Chapda toʻrt yil avval suratga olingan sayyohlik yoʻlkoʻrsatkichida Xitoyning Sinin shahridagi Dunguan katta masjidi gumbaz va minoralari bilan aks ettirilgan. Oʻng tomonda xuddi shu masjidning 13-sentabr kungi surati. [Buyuk Britaniyaning Xitoydagi missiyasi rahbari oʻrinbosari Kristina Skott/Twitter]

Chapda toʻrt yil avval suratga olingan sayyohlik yoʻlkoʻrsatkichida Xitoyning Sinin shahridagi Dunguan katta masjidi gumbaz va minoralari bilan aks ettirilgan. Oʻng tomonda xuddi shu masjidning 13-sentabr kungi surati. [Buyuk Britaniyaning Xitoydagi missiyasi rahbari oʻrinbosari Kristina Skott/Twitter]

Gansu provintsiyasi Pinlyan shahridagi Syantay masjidi gumbazi va yarim oyi buzib tashlanib, oʻrniga “Partiyani sev, vatanni sev. Birdamlik va hamjihatlik” degan yozuv ilib qoʻyilgan. [Bitter Winter]

Gansu provintsiyasi Pinlyan shahridagi Syantay masjidi gumbazi va yarim oyi buzib tashlanib, oʻrniga “Partiyani sev, vatanni sev. Birdamlik va hamjihatlik” degan yozuv ilib qoʻyilgan. [Bitter Winter]

Shinjon viloyati Xotandagi ushbu boʻsh maydonda qachonlardir Gulluk Kovruk masjidi qad rostlagan edi, 2019-yilning 30-may kuni olingan surat. [Grek Beyker/AFP]

Shinjon viloyati Xotandagi ushbu boʻsh maydonda qachonlardir Gulluk Kovruk masjidi qad rostlagan edi, 2019-yilning 30-may kuni olingan surat. [Grek Beyker/AFP]

Sinin shahridagi Dunguan masjidi Min sulolasi davrida, 1300-yillarda barpo etilgan.

“Mening (4 yillik) yoʻlkoʻrsatkichim eskiribdi”, deb yozadi Buyuk Britaniyaning Pekindagi missiyasi rahbari oʻrinbosari Kristina Skott 13-sentabr kuni oʻzining Twitter sahifasida. “Unda Dunguan masjidini borib koʻring, deb maslahat berishgan. Men bordim. Taʼmirlashga yopilgan ekan (biratoʻla gumbaz va minoralari ham olib tashlansa kerak...)”

U internetga joylagan suratlarning birida yoʻlkoʻrsatkichdagi masjid, uning markazidagi katta yashil gumbaz va baland minoralar aks etgan. Oʻzi olgan yana bir fotosuratda esa oʻsha bino islomiy bezaklarsiz va tashqarisida Xitoy bayrogʻi hilpiragan holatda.

Twitter foydalanuvchilardan birining yozishicha, iyulda minoralar hali oʻz joyida boʻlgan.

Shuningdek, Skott Nanguan masjidi suratini ham joylagan boʻlib, unda masjidning oq gumbazi atrofida havozalar joylashtirilgani va yarim oy olib tashlanganini koʻrish mumkin.

“Birdamlik va hamjihatlik”

Buzish ishlari butun Xitoy boʻylab amalga oshirilmoqda.

Hukumat Xenan viloyatidagi kamida besh masjidning gumbazlarini, yarim oy va yulduz ramzlarini olib tashlagan, deb xabar beradi Italiyada joylashgan Xitoydagi diniy erkinlik va inson huquqlari masalalarini yorituvchi Bitter Winter jurnali 2020-yilning aprel oyida.

2019-yil dekabrda Gansu provinsiyasi Pinlyan shahrida kamida 16 masjidining islomiy ramzlari olib tashlangan.

Masjidlardan birining gumbazi va yarim oy belgisi olib tashlanib, uning oʻrniga “Partiyani sev, vatanni sev. Birdamlik va hamjihatlik” degan yozuv ilib qoʻyilgan.

Shuningdek, masjidlarning karnaylari ham olib tashlanmoqda, rasmiylar azon ovozi “odamlarning tinchini” buzayotganini daʼvo qilishgan.

2019-yil noyabrda Lyaochendagi Guan okrugi din ishlari byurosi masjidlarda azon oʻrniga Xitoy milliy madhiyasini qoʻyishni buyurgan.

“Hukumatning daʼvolari shunchaki bahona”, deydi mahalliy imomlardan biri Bitter Winter jurnaliga. “Odamlar har yerda oʻyinga tushib musiqa qoʻyadi. Bu boshqalarning tinchini buzmaydimi? Nimaga hukumat bunga eʼtibor bermaydi?”

Koʻpchilik imomlar va xitoylik musulmonlar bu oʻzgarishlarga qarshi boʻlishsa-da, XKPning xitoylashtirish kampaniyasiga toʻsqinlik qilishga ojiz ekanliklarini aytadilar.

“Hukumat musulmonlarning xorijliklar bilan birlashib olishidan qoʻrqadi, shuning uchun ham ular islomiy inshootlarni Xitoy uslubiga oʻzgartirishni talab qilmoqdalar”, deb aytgan Sinyandagi imom. “Itoat qilmasak, bizni imomlikdan olib, hibs qilishlari mumkin.”

“Qarshilik qilishga jurʼatimiz yetmaydi”

Dunguan masjidi yaqinida anor sotayotgan Ali ismli dehqon mahalliy imomlar duch kelayotgan qiyinchiliklarni tushuntirib berdi.

“Hukumat masjidlarimizni Pekinning Tyananmen maydoniga oʻxshash xitoycha koʻrinishda boʻlishini istayapti”, deb aytgan u seshanba (29-sentabr) kuni NPRga bergan intervyusida.

“Masjid har qanday koʻrinishda ham yaxshi”, deb aytgan u masjidlarning oʻzgartirilishi haqida gapirib. “Nima ham derdik. Imom va masjid rahbari bu borada hech nimani hal qila olmasdi. Ularni hibsga olib, gumbazning olib tashlanishiga rozilik olishgan.”

Dunguan oʻz ichiga 3000 namozxonni sigʻdirar, Xitoyda eng katta jamoatlardan biriga ega edi. U shuningdek, taʼlim markazi, islomshunoslik boʻyicha oliy taʼlim muassasasi sifatida xizmat qiladi.

Oʻzgarishlardan keyin koʻpchilik musulmonlar boshqa joylarga bora boshlagan.

2018-yilda XKP Ma Yuesyanni imom qilib tayinlagach, “koʻpchilik namozxonlar Dunguan masjidiga namozga kelmay qoʻydi, chunki yangi imomning gaplari Qurʼonga zid boʻlib, aksar musulmonlar buni qabul qila olmaydi”, deb aytgan fuqarolardan biri 2019-yilda Bitter Winter jurnaliga.

Islom dini oʻrniga, imomlar “siyosiy va mafkuraviy taʼlim” hamda “xitoy tarixidan” dars berishmoqda.

“Avval “siyosat” va “xitoy tarixi” darslari boʻlmagan”, deb aytgan jurnalga qariyalardan biri. “Ma Yuesyan tayinlanganidan keyingina mullalar uchun shunday darslar tashkillashtirildi.”

“Itoat qilmaydigan boʻlsak, hukumat bizni jazolash uchun qurollangan politsiyani ishga coladi”, deydi u. “Biz oddiy odamlarmiz, boʻysunmay ilojimiz yoʻq.”

Bitter Winter xabariga koʻra, ayrim imomlar bu oʻzgarishlarga qarshi boʻlgani uchun rasmiylar u yerdagi masjidlar qanday “xitoylashtirilganini” koʻrsatish maqsadida Ninsya-Xue avtonom viloyatining Guyuan shahriga tashrif buyurganlar.

Tashrifdan maqsad, “bu siyosatning butun mamlakat boʻylab qatʼiy amalga oshirilayotganini namoyish etib, ularning irodasini sindirish” edi, deb yozadi nashr.

Shinjondagi genotsid

Prezident Si Szinpin bir necha yillardan beri xitoylashtirish siyosatini yuritib keladi.

Avgust oyidagi nutqida Si barcha diniy va etnik guruhlar “Xitoy birdamligi bayrogʻini baland koʻtarishi” kerakligini aytgan edi.

Bu siyosat, ayniqsa Shinjon viloyatida keng tus olgan. Xitoy hukumati bu hududda bir milliondan ortiq uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlar, jumladan etnik qozoqlarni “siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlari, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan 400 ga yaqin muassasalarda saqlab kelmoqda.

Yana millionlab odamlar qatʼiy kuzatuv va nazorat ostida yashamoqda.

Xitoy hukumati bu muassasalarni terrorchilikka barham berish va bandlik imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan “qayta tarbiyalash markazlari” deb ataydi.

Ammo bu muassasalar “konsentratsion lagerlarga” oʻxshash majburiy qamoqxonalar ekani haqidagi xabarlar keng tarqalgan.

AQSH va Gʻarb davlatlariga koʻra, Pekin Shinjondagi uygʻurlar va aksari musulmonlardan iborat turkiyzabon xalqlarga qarshi genotsid siyosatini olib bormoqda.

Mustaqil tergovlar, sobiq mahbuslar bilan oʻtkazilgan suhbatlarda jismoniy va ruhiy qiynoqlar, ongni zaharlash, muntazam zoʻrlashlar, muslima ayollarning majburiy bichilishi, tana aʼzolarini majburan olish, jinsiy tahqirlash va boshqa dahshatli amaliyotlar tilga olingan.

Xitoy rasmiylari tomonidan Shinjonda sodir etilgan ayrim jinoyatlar – mintaqada 1000 dan ortiq imom va diniy arboblarning oʻzboshimchalik bilan hibsga olingani , qariyb 16000 masjidning buzilgani shular jumlasidandir.

2019-yilda AFP tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv davomida mintaqada oʻnlab qabristonlar vayron qilingani aniqlangan, ulardan chiqqan inson suyaklari va buzilgan qabrlarning gʻishtlari har tarafga sochilib ketgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500