Karvonsaroy
Siyosat

Xitoyning iqtisodiy jazo choralari tufayli Qozogʻiston kompaniyalari katta ziyon koʻrmoqda

Kseniya Bondal

Xitoyga yuk olib ketishga tayyorlanayotgan temiryoʻl vagonlari, surat sanasi nomaʼlum. [Qozogʻiston temir yoʻllari]

Xitoyga yuk olib ketishga tayyorlanayotgan temiryoʻl vagonlari, surat sanasi nomaʼlum. [Qozogʻiston temir yoʻllari]

OLMAOTA – Xitoy hukumati ikki mamlakat oʻrtasidagi asosiy yoʻnalish boʻylab savdoni taqiqlashi ortidan qozogʻistonlik kompaniyalar katta ziyon koʻrmoqda – ayrim kuzatuvchilarga koʻra, bu Qozogʻistonning Shinjondagi Pekin siyosatini tanqid qilishi bilan bogʻliq.

Shu yil avgust oyi boshlarida qozogʻistonlik importchilar Alashankoudan Qozogʻistonga yuk tashish toʻxtatilgani haqida Shinjon viloyati hokimiyatidan telegramma olganlar. Bu haqda Sharqiy Qozogʻiston viloyati tadbirkorlar palatasi direktorining iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Askar Yakupbayev maʼlum qilgan.

Bu chora goʻyo COVID-19 tarqalishiga qarshi kurash doirasida qabul qilingani aytilmoqda. Chegaradagi muammolar oʻtgan yilning noyabr oyi oʻrtalarida, Shinjon rasmiylari tovarlar ustidan bojxona nazoratini kuchaytirgan vaqtdan boshlangan edi.

Xitoy maʼmurlari taqiqni qachon bekor qilishi aniq emas, tadbirkorlar allaqachon katta ziyon koʻra boshlagan, deydi Yakupbayev.

Temiryoʻl orqali tashish uchun kranlar yordamida yuklanayotgan konteynerlar, sanasiz surat. [Qozogʻiston temir yoʻllari]

Temiryoʻl orqali tashish uchun kranlar yordamida yuklanayotgan konteynerlar, sanasiz surat. [Qozogʻiston temir yoʻllari]

Doʻkonda Xitoyning tezpishar ugrasini sotib olayotgan xaridor, 29-sentabr, Olmaota. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Doʻkonda Xitoyning tezpishar ugrasini sotib olayotgan xaridor, 29-sentabr, Olmaota. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Uning aytishicha, Qozogʻiston kompaniyalari shartnoma boʻyicha majburiyatlarni oʻz vaqtida bajara olmayotgani va tovarlarni omborlarda qimmat narxlarda saqlashga majbur boʻlayotgan sababli zarar koʻrmoqda.

Savdodagi bu uzilish Qozogʻistonda mahsulotlar narxining oshishi fonida roʻy berdi, deb qoʻshimcha qildi u.

Ikki yil davomida Qozogʻiston va Xitoyda har ikki yoʻnalishda ham taʼminot uzilib turgan. Shu sababli kiyim-kechak, poyabzal, maishiy texnika va uy uchun moʻljallangan toʻqimachilik mahsulotlari – Xitoydan olib kelinadigan narsalarning bari qimmatlashmoqda, dedi Yakupbayev.

Hozirgi vaqtda Qozogʻistonga ketayotgan yuzlab yuk mashinalari Qozogʻiston va Xitoy chegarasida joylashgan “Dostik-Alashankou” stansiyasida turib qolgan.

Xitoy cheklovidan jabrlangan qozoq kompaniyalaridan biri – Ust-Kamenogorsk kondensator zavodi (UKKZ) chegaradagi vaziyat boʻyicha yordam soʻrab, Sharqiy Qozogʻiston viloyati tadbirkorlar palatasiga murojaat qilgan.

Zavod rahbariyati 17-iyundan beri chegaradagi “Xorgos” transchegaraviy hamkorlik xalqaro markazidagi ombordan kerakli ehtiyot qismlarni ololmayapti.

Natijada, u shartnomalar boʻyicha majburiyatlarini bajara olmay qolgan.

“Sanoat kondensatorlarini toʻliq siklda ishlab chiqarish zavodimiz bor... Bozorda ishlayotganimizga 60 yildan oshdi”, deydi UKKZ matbuot kotibi Vyacheslav Shaxov.

“Taxminan besh yil oldin faoliyatimiz uchun Xitoydan butlovchi qismlar sotib olishni yoʻlga qoʻygan edik. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan aloqa oʻrnatib, yaqin hamkorlik boshlaganmiz.”

Ammo iyun oyidan beri zavod 130 millionga (305 ming dollar) sotib olgan ehtiyot qismlar Xitoydan chiqa olgani yoʻq, dedi u.

Shaxovning soʻzlariga koʻra, dastlab xitoylik taʼminotchilar kechikishni viloyatda ommaviy koronavirus infeksiyasi tufayli karantin eʼlon qilingani bilan izohlaganlar.

Ammo keyinroq, ehtiyot qismlar Xorgosning Xitoy tarafidagi omborida turib qolgan, chunki xitoyliklarning aytishicha, boʻsh konteynerlar topilmagan.

“Xitoyda konteyner yetkazib beradigan kompaniyani tashkil etganmiz, lekin biz ular bilan bogʻlana olmadik va tovarlarni qachon qabul qilishimizni bilmaymiz”.

“Hozirgi vaqtda Xorgos va Alashankou stansiyalarida juda koʻp yuk mashinalari toʻplanib qolgan”, dedi Shaxov. “Agar ular yaqin orada biz tomonga yuklarni oʻtkazishga ruxsat berishsa ham, baribir dekabr oyiga qolib ketamiz, bu paytda Qozogʻistonda ham bayramlar koʻp boʻladi, Xitoyda esa Yangi yil, shu bois tovarlarni fevraldan avval olishimizga koʻzimiz yetmayapti.”

Ayni paytda zavod koʻrgan zarar yuz millionlab tengeni tashkil qilgan.

UKKZ 2021-yil oxiriga qadar ehtiyot qismlarni ololmasa va mijozlarga kondensatorlar yetkazib berolmasa, deyarli 70 million tenge (164 ming dollar) yoʻqotishi mumkin, dedi u.

Shinjon bilan bogʻliqlik

2021-yil boshidan beri qozoqlar Olmaota shahridagi Xitoy konsulligi oldida har kuni norozilik namoyishi oʻtkazib, Xitoydan Shinjondagi musulmonlarga nisbatan repressiya doirasida hibsga olingan qarindoshlari yoki doʻstlarini qoʻyib yuborishni talab qilganlar.

Pekin Shinjondagi musulmonlarga qarshi tazyiqlar doirasida bir milliondan ortiq uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlar, jumladan etnik qozoqlarni “siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlari, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan 400 ga yaqin muassasalarda saqlab kelmoqda.

Soʻnggi oylarda Qozogʻiston hukumati Xitoydan kelgan etnik qozoqlarga qochqinlik maqomini berish bilan Pekinning Shinjonda inson huquqlarini buzayotganini tan olgan.

Qozogʻiston Xitoyning Shinjon mintaqasidagi etnik qozoqlarga nisbatan siyosatini qoralagani uchun Pekin Qozogʻiston importi va eksportini cheklamoqda, deydi olmaotalik iqtisodchi Arman Beysembayev.

“Xitoy yumshoq kuch siyosatini qoʻllamoqda. Bu nima degani? Xitoy bizga qurol bilan hujum qilmaydi, balki iqtisodiy choralar bilan bizni boʻysundiradi”, deydi u.

Pekin zaif va nochor mamlakatlarga qarz beradi, ular esa qarzni qaytara olmaydilar va Xitoyning mintaqadagi qoidalarini qabul qilishga majbur boʻladilar, deydi Beysembayev.

“Masalan, Qirgʻiziston toʻliq Xitoyning izmida. Agar xitoyliklar xohlasa, uni ichak-chavoqlari bilan sotib olishlari mumkin”, deydi u.

“Xitoy Qozogʻistonda sinofobiya bilan anchadan beri oʻynashayotganimiz koʻrsatib qoʻymoqchi. Aftidan, u hozir biz bilan muzokaralar olib borishi mumkinligiga ishora qilyapti... u biz uchun chegarani ochadi, buning evaziga esa Qozogʻistonga oʻz shartlari roʻyxatini ham taqdim etadi”, dedi Beysembayev.

Qozogʻiston hukumati murakkab vaziyatda qolgan, deb eʼtirof etdi chimkentlik faollardan biri Kuanish Satayev.

“Tarozining bir pallasida – Qozogʻiston tashqi siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri – chet eldagi fuqarolar haqida gʻamxoʻrlik qilish. Buning tasdigʻi – biz Suriya va Iroqdan juda koʻp fuqarolarimizni olib chiqdik, dunyodagi hech bir mamlakat bunchalik qila olgani yoʻq.”

Shu tariqa hukumat etnik qozoqlarning Xitoydagi qayta tarbiyalash lagerlarida boshdan kechirganlari haqidagi sudda aytgan hikoyalarini eʼtiborsiz qoldira olmaydi.

Tarozining ikkinchi pallasida esa – Qozogʻistonning Xitoy investitsiyalari va mahsulotlariga qaramligi, deydi Satayev.

“Sodir boʻlayotgan voqealarga qarab, shuni xulosa qilish mumkinki, Xitoy chegaradagi sanksiyalar yordamida tarozini oʻzi tarafga ogʻdirishga va hukumatimizni Xitoy siyosatiga yanada moyilroq qilishga intilmoqda”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500