HAAGA – 45 mamlakatdan iborat guruh seshanba (5-oktyabr) kuni Toksik qurol-yarogʻlarni nazorat qilish xalqaro tashkilotidan Rossiyaning Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyning zaharlanishi yuzasidan shoshilinch javob berishini talab qilgan.
Endilikda Moskva Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) qoidalari boʻyicha 10 kun ichida Yevropa Ittifoqi, shuningdek AQSH, Kanada va Avstraliya tarafidan qoʻyilgan savollarga javob berishi kerak.
Gʻarb davlatlarining taʼkidlashicha, muxolifat yetakchisi Navalniy oʻtgan yilning avgustida Rossiyada sovet davriga oid “Novichok” asabni falajlovchi moddasi bilan zaharlangan. U Germaniyada davolanib, Rossiyaga qaytgan va hozir qamoqda oʻtiribdi.
Moskva Navalniyning zaharlanishiga aloqadorligini doim rad etib kelgan.
“Rossiya oʻz hududida kimyoviy qurol ishlatilgani bilan bogʻliq holatga oydinlik kiritishi va uni tergov qilishga oid choralarni batafsil bayon qilishi zarur”, deyiladi 45 mamlakatning qoʻshma bayonotida.
Rossiyadan “Novichok” bilan bogʻliq masalani oʻrganish uchun KQTT nozirlari tashrifini nima uchun kechiktirganini izohlash ham soʻralgan.
“Javob berish uchun Rossiyada 10 kun muhlat bor”, deyiladi britaniyalik delegatlarning tvitterida.
AQSH Davlat departamentining maʼlum qilishicha, Federal xavfsizlik xizmati (FSB) josuslari Navalniyni faqat Rossiya ishlata oladigan “Novichok” moddasi bilan zaharlagan, degan xulosaga kelingan.
“Bunday xatti-harakatlar jazosiz qolishi mumkin emas”, deyiladi bayonotda. “Zaharlanish masalasida Rossiyaning shaffof emasligi va hamkorlik qilmayotgani xavotirga sabab boʻlmoqda.”
Avvalroq Haagada joylashgan KQTT Germaniya taqdim etgan Navalniydan olingan namunalar “Novichok” uchun ijobiy natija berganini tasdiqlagan edi.
Agar Rossiyaning javoblari qoniqarsiz deb topilsa, mamlakatlar Kimyoviy qurollar toʻgʻrisidagi konventsiyaga asosan Moskvadan qoʻshimcha “izohlar” soʻrashga, keyin esa ekspertlar guruhi tergovini talab qilishga haqli.
60 kundan keyin muammo yechimini topmasa, KQTT ijroiya kengashining maxsus sessiyasi chaqiriladi – 41 aʼzodan iborat direktiv tashkilot shu hafta yigʻiladi, zarur boʻlsa, KQTTga aʼzo barcha davlatlar yigʻilishi oʻtkaziladi.
Kimyoviy qurollar konventsiyasiga rioya qilmaydigan davlatlarning saylash huquqlari toʻxtatilishi mumkin. Aprel oyida Rossiya ittifoqdoshi Suriya bilan xuddi shunday boʻlgan edi.
Shu hafta Gʻarb davlatlari Damashq KQTT oldidagi majburiyatlarini buzishda davom etayotganini aytib, Suriyadan qurol-yarogʻ inspektorlarini mamlakatga kiritishni talab qilganlar.
Bu orada Britaniya Rossiyaga 2018-yil Angliyaning Solsberi shahrida sobiq ikki tomonlama josusga qarshi “Novichok” yordamida qilingan hujum yuzasidan bosim oʻtkazishda davom etishini aytgan.
Suiqasddan keyin Sergey Skripal va uning qizi hayot uchun kurashgan, tergov ishini olib borgan politsiyachi sogʻligiga jiddiy zarar yetgan, asabni falajlovchi modda bilan aloqada boʻlgan ayol keyinchalik vafot etgan. Skripallar omon qolishgan.
“Oʻgʻirlangan” saylovlar
Navalniy oʻzining zaharlanishida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ayblagan. Yanvar oyida Germaniyada davolanib qaytib kelganidan keyin qoʻlga olingan va firibgarlikka oid eski ayblovlar bilan qamalgan edi.
Oʻtgan oydagi soʻnggi saylovlardan avval Navalniyning tashkilotlari “ekstremistik” deb topilib taqiqlangan, uning yetakchilari hibsga olingan yoki mamlakatni tark etgan, ular bilan har qanday aloqada boʻlganlar saylovda ishtirok eta olmagan.
Prezident Vladimir Putin tanqidchilariga nisbatan misli koʻrilmagan taʼqiblar ortidan oʻtkazilgan uch kunlik saylov 19-sentyabrda yakunlangan. Saylovlar oldidan Yagona Rossiya partiyasi oʻz tarixidagi eng quyi koʻrsatkichlarni qayd etdi.
Davlat tashabbusi bilan oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlarga koʻra, “Yagona Rossiya” 30 foiz ovoz bilan gʻolib boʻlishi kerak edi. Ammo partiya 49,82 foiz ovoz toʻplab, parlament quyi palatasi – Davlat Dumasidagi oʻrinlarning uchdan ikkisini, yaʼni 450 ta oʻrindan 300 tasini egallagan.
Rossiyaning yetakchi muxolifat arbobi Aleksey Navalniyning tarafdorlari natijalarni gʻayrioddiy deb atadi.
“Bunga aql bovar qilmaydi”, deydi Navalniyning vakili Kira Yarmish AFP nashriga. “2011-yili oʻtgan saylovlardagi firibgarliklarni eslayman. Xuddi oʻsha narsa hozir ham qaytarilyapti.”
2011-yilda keng qamrovli soxtalashtirishlar yuz bergani haqidagi daʼvolar Navalniy yetakchiligidagi namoyishlarni keltirib chiqargan edi.
Uning ittifoqdoshlariga koʻra, hukumat saylovlarni keng miqyosda soxtalashtirgan, ayniqsa muxolifat tarafdori boʻlgan Moskvada elektron ovoz berish natijalarini eʼlon qilish kechiktirilgan.
Hukumat pandemiya sababli odamlar bir joyda toʻplanishining oldini olish uchun saylov jarayonini uch kunga uzaytirganini daʼvo qilar ekan, tanqidchilar bu kabi uzoq muddat manipulyatsiyaga keng imkon yaratib berganini aytmoqdalar, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi.
Mamlakat ichidagi saylov kuzatuvchilari byulleten qutilarining toʻldirilishi va “karusel usulida ovoz berish” holatlarini qayd etarkan, bunda maxsus tashkil etilgan guruh avtobuslarda yurib, turli saylov uchastkalariga borib ovoz berganini aytgan.
Davlat idoralari xodimlari va harbiy xizmatchilar ovoz berish buyrugʻini olgani haqida xabarlar bor.
Shuningdek, natijalarni qalbakilashtirish uchun uydan turib ovoz berishdan ham foydalanilgan, deb aytgan rossiyalik kuzatuvchi roʻyxatga olishdagi nomutanosibliklar va “soxta talabnomalarga” ishora qilib.