TOSHKENT – Afgʻonistonda Tolibon harakatining iqtidorga kelgani butun mintaqadagi isyonchi unsurlarni ruhlantirgan deb ishonilar ekan, Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari ekstremizm daʼvatchilariga qarshi qatʼiy choralar koʻrmoqda.
22-sentabr kuni Toshkent viloyatining Nurafshon, Ohangaron va Chinoz tumanlarida oʻtkazilgan operatsiya davomida huquq -tartibot idoralari yashirin radikal faoliyatda ishtirok etishda gumonlangan 27 fuqaroni qoʻlga oldi, deyiladi Toshkent viloyati IIB xabarida.
10-sentabr kuni ichki ishlar xodimlari Toshkentda 29 ayolni hibsga olib, ularga Oʻzbekistonda taqiqlangan “Hizb ut-Tahrir” terrorchi tashkilotining tashviqoti bilan shugʻullanish ayblovini qoʻygan.
IIV Toshkentning bir necha tumanlarida yashovchi bu ayolllarni Hizb ut-Tahrirning “Ayollar qanoti” aʼzosi deb taʼriflagan.
Ularning bari hukumatga qarshi chaqiriqlar va ekstremistik tashkilotlarga aʼzolik uchun qidiruvda boʻlgan Hizb ut-Tahrir aʼzolari L.Umarova va M.Saidaminova bilan internet orqali muloqotda boʻlgan, deydi IIV.
Bu ikki ayol yangi safdoshlarga jamoatchilik orasida “Hizb ut-Tahrir” gʻoyalarini ommalashtirish va oʻzbeklarni bu tashkilotga aʼzo boʻlishga chaqirish buyrugʻini bergani aytiladi.
Kuch tuzilmalarining iddaosicha, ayollarning uyali telefonlaridan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan ekstremistik mazmundagi materiallar topilgan.
Shuningdek, 17-sentabr kuni Toshkentda Hizb ut-Tahrir tarafdorlari deb gumon qilingan yana 12 kishi hibsga olindi, deb xabar beradi Uznews.uz Toshkent shahar IIBBga tayanib.
12 gumonlanuvchidan biri, ism-sharifi oshkor qilinmagan 41 yashar toshkentlik shaxs internetda Mahmud Abdulmoʻmin laqabi bilan tanilgan hizbiy Mahmudjon Xoldorov bilan ishlagani aytilmoqda.
Hizb ut-Tahrirga mansublikda gumon qilinayotgan 12 kishi guruh safiga yangi aʼzolarni jalb qilish, shuningdek, internetda Oʻzbekistonda “xalifalik” tuzish targʻiboti bilan shugʻullangan, deyiladi militsiya bayonotida.
Radikallashuv va yollashning oldini olish
15-avgust kuni Afgʻonistonda Tolibon hokimiyat tepasiga kelgach, hukumat tarafidan Oʻzbekistonda ekstremizmga yollash faoliyatining kuchaygani kuzatilmoqda.
Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan chegaradosh ekanligi va Oʻzbekiston islom harakati terrorchilik guruhi sababli huquq-tartibot idoralari ekstremizm belgilariga juda sezgir.
Hizb ut-Tahrir faoliyati besh yil oldin Oʻzbekiston Oliy sudi tarafidan butun mamlakat boʻylab taqiqlagan boʻlsa-da, guruh yollash ishlarini davom ettirmoqda.
Yollovchilar, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda faol boʻlgan oʻzbekistonlik yoshlarni nishonga oladilar.
Ular yosh internet foydalanuvchilarini shariat qonunlariga asoslangan hayotni qoʻllab-quvvatlashga chaqiradilar, chunki zamonaviy dunyoda hech bir tuzum “xalifalik”dan koʻra adolatliroq tuzumni taklif qila olmaydi.
“Radikallashuv, shubhasiz, yollash faoliyatining asosi boʻlib, u internet va ijtimoiy tarmoqlarda yuz bermoqda”, deydi Mintaqaviy tahdidlarni oʻrganish markazi direktori, toshkentlik Viktor Mixaylov.
“Albatta, hukumat tarafidan bloklanadigan resurslar bor, lekin ularga kirishga imkon beradigan dasturlar ham yoʻq emas”, dedi u. “Yollovchilar nafaqat YouTube, Facebook, Instagram va Telegramdan, balki Zoom ilovasidan ham faol foydalanadilar.”
Uning soʻzlariga koʻra, yollovchilar Internetda yoshlarni nishonga olishdan tashqari, masjidlarda va boshqa sharoitlarda ham yuzma-yuz ishontirish usullarini qoʻllashi mumkin. Ular Qurʼon oyatlari maʼnosini buzib, ularni Suriya va Afgʻonistondagi rahnamolari tushunchasiga moslab talqin qiladilar.
Ekstremizmga yollovchi radikallashmagan odamga taʼsir oʻtkaza olmaydi, deydi Mixaylov. Shuning uchun yollovchilarning asosiy maqsadi yoshlarni radikallashtirishdir.
Taʼlim orqali ekstremizmga qarshi kurash
Radikalizmga qarshi kurash saʼy-harakatlari “Islom davlati” (ID) gullab-yashnayotgan paytda bir necha ming oʻzbek barcha narsani xavf ostiga qoʻyib, Suriya va Iroqdagi urushlarga qoʻshilganidan keyin boshlangan.
“Yaqin Sharqdagi urush hududlarida 3 mingga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi bor”, degan edi 2019-yilning iyunida marhum oʻzbek muftiysi Usmonxon Alimov.
2015-yildan 2021-yilga qadam ikki mingdan koʻproq Oʻzbekiston fuqarosi ID safiga qoʻshildi, dedi Mixaylov. Hozirda Suriya va Afgʻonistonda 500 ga yaqin oʻzbekistonlik qolmoqda.
“Afsuski, oʻzbek tilida mavʼiza qiladigan radikal qarashdagi “imomlar” yoshlar orasida ancha mashhur.
“Koʻrib turibmizki, Telegramdagi yopiq kanallarda yoshlarning munozaralarga, bahslarga va fikr almashishga qiziqishi katta”.
“Davlat ham bu sohada juda koʻp ishlarni amalga oshirmoqda”, dedi u.
Taʼlim, shu jumladan diniy taʼlim ham muhim ahamiyatga ega.
“Fitra nima, jihod nima ekanligini toʻgʻri tushuntira oladigan, Qurʼonning tayanch oyatlari yoki Paygʻambar (s.a.v) hadislarini sharhlay oladigan imomlarning yordami zarur”, dedi Mixaylov.
Yoshlarda oʻz-oʻzini himoya qilish instinktini tarbiyalash va tanqidiy fikrlash orqali radikalizmga qarshi immunitetni rivojlantirish ham muhim, dedi u. Voqelikni farqlay bilish va huquqiy bilimlarini oshirish kerak.
Ichki ishlar vazirligi (IIV) maʼlumotlariga koʻra, sentabr oyining oʻzida kuch tuzilmalari Oʻzbekistonda ekstremistik tashviqot bilan shugʻullanishda ayblangan 70 ga yaqin gumondorni hibsga olgan.