Karvonsaroy
Inson huquqlari

Qonunsizlik kuchayishi fonida Moskvadagi migrantlar oʻz himoyachilaridan mahrum boʻldilar

Kanat Altinbayev

Rossiyada Markaziy Osiyolik mehnat migrantlariga huquqiy yordam koʻrsatib kelayotgan asli oʻzbekistonlik faol Valentina Chupik Rossiya kuch tuzilmalari tarafidan ushlanganidan soʻng, shu oy boshida Armanistonga uchib ketgan. [USAID]

Rossiyada Markaziy Osiyolik mehnat migrantlariga huquqiy yordam koʻrsatib kelayotgan asli oʻzbekistonlik faol Valentina Chupik Rossiya kuch tuzilmalari tarafidan ushlanganidan soʻng, shu oy boshida Armanistonga uchib ketgan. [USAID]

OLMAOTA – Rossiyadagi Markaziy Osiyolik mehnat migrantlari eng dadil va fidokor himoyachidan mahrum boʻldilar.

Rossiyada Markaziy Osiyolik mehnat migrantlariga huquqiy yordam koʻrsatib kelayotgan asli oʻzbekistonlik faol Valentina Chupik Rossiya huquq-tartibot organlari tarafidan ushlanib, qoʻyib yuborilganidan soʻng, shu oy boshida Armanistonga uchib ketgan.

Chupik mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish tarafdori boʻlsa-da, samaradorligini yoʻqotishi aniq, chunki u endi xorijda yashashga majbur.

Chupik 25-sentabr kuni Armaniston safaridan qaytayotganida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari tomonidan Moskvadagi Sheremetyevo aeroportida hibsga olingan.

2020-yilning 3-aprel kuni Sankt-Peterburgdagi migratsiya markazida Rossiyada ishlash va yashash ruxsatnomalarini yangilash uchun navbatda turgan niqobdagi migrantlar. [Olga Maltseva/AFP]

2020-yilning 3-aprel kuni Sankt-Peterburgdagi migratsiya markazida Rossiyada ishlash va yashash ruxsatnomalarini yangilash uchun navbatda turgan niqobdagi migrantlar. [Olga Maltseva/AFP]

Xavfsizlik xizmati xodimlari uni aeroportda hibsga olib, hujjatlarini tortib olishgan, qochqinlik maqomidan mahrum qilib, 2051-yilgacha Rossiyaga kirishni taqiqlaganlar.

Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari Chupikni “qochqin maqomini olish uchun yolgʻon maʼlumot yoki soxta hujjatlar taqdim etishda” ayblagan, ammo faollar va jurnalistlarga koʻra, bu shunchaki bahona, xolos.

Hibsdalik vaqtida unga qamoq yoki undan ham yomonroq jazo olishdan qoʻrqadigan Oʻzbekistonga deportatsiya bilan tahdid qilishgan. U 2005-yilda Andijon qirgʻinidan keyin Rossiyaga qochqin boʻlib kelgan edi.

2-oktabr kuni Oʻzbekiston kutilmaganda unga yangi pasport berib, Armanistonga – xavfsiz joyga qaytish imkoniyatini berishi ortidan qarama-qarshilik oʻz nihoyasiga yetgan.

U uzoq muddatli rejalarini oshkor qilmagan.

Oʻtmishdagi qochqin

15 yil Moskvada yashagan “Utro Mira” nodavlat notijorat tashkilotining raisi Chupik 2009-yilda Rossiyada qochqin maqomini olgan edi.

Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudi va bir qator xalqaro huquqbon tashkilotlar aralashmagunicha Rossiya rasmiylari Chupikni Oʻzbekistonga deportatsiya qilishni rejalashtirayotgan edilar.

Moskvadalik vaqtida Chupik Rossiyada har kuni politsiya yoki ish beruvchilar tomonidan huquqlari poymol qilinadigan Markaziy Osiyolik mehnat migrantlariga huquqiy yordam koʻrsatib kelgan, shuningdek, ularning huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha treninglar oʻtkazgan.

Bu yordamlarning bari bepul edi.

Chupik, shuningdek, qonunbuzarliklarni, hukumatdagi korrupsiyani va mehnat migrantlari huquqlarining muntazam ravishda buzilishini qoralab, Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari va umuman Rossiya jamiyatidagi shovinizm va irqchilik haqida ochiq gapirib kelgan.

“Juda koʻp shikoyat qilasiz”

Chupikning huquqiy faoliyati Rossiya hukumati uchun bosh ogʻriqqa aylangan koʻrinadi.

Valentina Chupikning yordamchisi Aleksandr Kim 26-sentabr kuni YouTube tarmogʻiga Chupik bilan telefon suhbati yozuvini chiqargan, unda huquqbon ayol aeroportda boʻlgan voqeani soʻzlab bergan.

FSB xodimlaridan biri unga Rossiyaga kirish taqiqlanishi ajablanarli emasligini aytgan.

“Bu sizning xatti-harakatlaringiz sababli. Ichki ishlar vazirligida tizimli korrupsiya borligi haqida juda koʻp gapirasiz. Politsiyadan juda koʻp shikoyat qilasiz. Hayron qoladigan joyi yoʻq”, deb aytgan Chupik ofitserning soʻzlaridan iqtibos keltirib.

Chupik uning hujjatlarini apellyatsiyasiz olib qoʻygan Rossiya huquq-tartibot idoralarini qonunbuzarlikda aybladi.

Kuch idoralari uning advokatlari bilan koʻrishishiga toʻsqinlik qilib, “FSBning maxsus ruxsatnomasini” talab qilishgan, advokatlar esa bu hujjatni ololmadilar, dedi u.

“Shu tariqa men himoyalanish huquqidan ham mahrum qilindim”, deb shikoyat qilgan Chupik.

Uning hibsga olinishi mehnat migrantlarining noroziligi va tanqidiga sabab boʻldi.

Rossiyada migrantlarni Chupik singari faol va ishtiyoq bilan himoya qiladigan boshqa huquqbonlar yoʻq, deydi Moskvada taksi haydovchisi boʻlib ishlaydigan dushanbelik Tohir Yusupov.

“Rossiyalik huquqshunoslar va maslahatchilar bizdan faqat pul ishlab olishni xohlaydilar... Ular bizga yordam berishdan manfaatdor emaslar”, deydi Yusupov. “Bu yerda biz bilan hech kimning ishi yoʻq."

“Suyangan togʻimizni yoʻqotdik”, deb qoʻshimcha qilgan u.

Chupik oʻn minglab oddiy odamlarga bepul yordam berib kelgani uchun juda ulkan migrantlar hamjamiyatining hurmatini qozongan, deydi moskvalik yozuvchi va Fergana News nashrining sobiq bosh muharirri Mariya Dubnova.

25-sentabr kuni u oʻzining Facebook sahifasida bu voqeani “shok holati” deb tasvirlagan.

“Unga bu qadar razilona tarzda Rossiyaga kirishning taqiqlanishi – Rossiya xavfsizlik mutasaddilarining qasdi”, deb yozgan Dubnova.

“Rossiyada anchadan beri vaziyat yomonlashib borayotgan edi. Yasama ayblovlar, oʻz huquqini himoyalash imkonining yoʻqligi, odamlarga chiqit kabi munosabatda boʻlish va kuch idoralari xodimlarining jazosiz qolishi – shular jumlasidan”, deydi u.

Toʻgʻri qaror

Bishkek advokatlar kollegiyasi rahbari, huquqshunos Islom Baygarayevga koʻra, Oʻzbekistondagi mutasaddilar rossiyalik hamkasblaridan farqli ravishda Chupikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha toʻgʻri va kutilmagan qarorni qabul qilganlar.

“Tarix bilan solishtirsak, Oʻzbekistonda inson huquqlari bilan bogʻliq vaziyat yaxshilanganiga guvoh boʻlyapmiz”, deydi Rossiyaga ketayotgan ishchi-migrantlarga huquqiy yordam koʻrsatadigan Baygarayev.

Oʻzbekistonda 2016-yilda Shavkat Mirziyoyev prezident boʻlganidan beri koʻp islohotlar amalga oshirildi.

“Ayni vaqtda Rossiyada buning umuman teskarisini koʻryapmiz”, deydi Baygarayev.

Chupik Rossiya tashqarisida turib ham inson huquqlarini himoyalashda davom etmoqchi.

“Menga natsistlar qoʻngʻiroq qilyapti, xursand boʻlishyapti, tahdid qilishyapti”, deb aytgan u hamkasblariga yordamchisi Kim eʼlon qilgan telefon yozuvida.

“Ammo, men ularni uzoq vaqt xursand qilishni xohlayman, chunki tirik ekanman, qayerda boʻlishimdan qatʼiy nazar, dunyoning istalgan burchagidan migrantlarga yordam berishda davom etaman.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500