Karvonsaroy
Diplomatiya

Qozogʻiston Olmaotani Afgʻonistonga yordam boʻyicha mintaqaviy markazga aylantirmoqchi

Kseniya Bondal

2020-yilning 5-may kuni Afgʻonistonning Mozori-Sharif chekkasidagi axlatxonada ishlatishga yaroqli ashyolarni izlab yurgan qiz. [Farshod Usyan/AFP]

2020-yilning 5-may kuni Afgʻonistonning Mozori-Sharif chekkasidagi axlatxonada ishlatishga yaroqli ashyolarni izlab yurgan qiz. [Farshod Usyan/AFP]

OLMAOTA – Qozogʻiston Olmaotani Afgʻonistonga gumanitar yordam yetkazib beradigan xalqaro logistika markaziga aylantirmoqchi.

5-oktyabr kuni Nur-Sultondagi prezident qarorgohida Yevropa Ittifoqi (YI) delegatsiyasi bilan uchrashgan prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev Qozogʻistonning Afgʻonistonga gumanitar yordam yetkazishga oid saʼy-harakatlari haqida soʻzlab berdi, deyiladi Toʻqayevning matbuot xizmati bayonotda.

YIning inson huquqlari boʻyicha maxsus vakili Eymon Gilmor, YIning Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Terxi Xakala mintaqaviy xavfsizlik va boshqa masalalarni muhokama qilishdi.

Delegatlar Qozogʻistonning Afgʻonistonni barqarorlashtirishdagi mintaqaviy liderligini alohida taʼkidladilar.

Qozogʻistonning eng yirik shahri Olmaotaning umumiy koʻrinishi, 2016-yil 14-iyulda olingan surat. [Patrik Baz/AFP]

Qozogʻistonning eng yirik shahri Olmaotaning umumiy koʻrinishi, 2016-yil 14-iyulda olingan surat. [Patrik Baz/AFP]

Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev 22-sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida masofadan turib nutq soʻzlamoqda. [Eduardo Munьos/Pool/AFP]

Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev 22-sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida masofadan turib nutq soʻzlamoqda. [Eduardo Munьos/Pool/AFP]

Bu uchrashuv 20-sentyabr kuni Toʻqayev Olmaotada afgʻonistonliklarga yordam yetkazishga moʻljallangan markaz yaratish va BMTning Afgʻonistonga yordam koʻrsatish missiyasini Olmaotaga joylashtirish boʻyicha taklifi BMT tomonidan maʼqullanganidan keyin oʻtkazilgan.

“Qozogʻistonning mavjud infratuzilmasi va logistika imkoniyatlarini hisobga olib, Olmaotada Afgʻonistonga xalqaro yordam koʻrsatish boʻyicha gumanitar markaz yaratishni taklif qilamiz”, deb aytgan Toʻqayev 17-sentyabr kuni Dushanbeda boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida.

“Bu tashabbus mintaqadagi dolzarb masalalarga yechim topishda tashkilotimizning rolini oshirishga imkon beradi va faoliyatimizni BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning saʼy-harakatlari bilan mos keladi”, deb aytgan u.

BMT rasmiylari 18 million kishi, aholining deyarli yarmiga taʼsir qilayotgan Afgʻonistondagi gumanitar inqiroz haqida ogohlantirib oʻtgan.

“Bu musibat Markaziy Osiyo chegaralarini kesib oʻtishi muqarrar va u eng avvalo, majburiy migratsiya oqibatida global taʼsirga ega boʻladi”, deb taʼkidlagan Toʻqayev oʻz soʻzida.

Gumanitar dastak

Afgʻonistonga yordam yetkazib beriladigan joy boʻlishi kerak, deydi Olmaotadagi jamoatchilik faoli Dos Koshim.

“Qoʻshilaman, bunday markaz zarur. Biz ocharchilik domida qolgan har qanday davlatga yordam berishimiz kerak – bu eng avvalo oddiy odamlarga nisbatan, ularni qanday hukumat boshqarayotgan boʻlmasin, insoniylikning namoyon boʻlishidir” dedi u.

Garchi hokimiyat tepasiga Tolibonlar kelganidan mamnun boʻlmasa ham, Gʻarb davlatlari Afgʻonistonga yordam uchun 1 milliard dollardan koʻproq mablagʻ toʻpladi, deb qoʻshimcha qildi Koshim.

“Ogʻir kunlarni boshidan kechirayotgan mamlakatlarga gumanitar yordam koʻrsatish har bir sivilizatsiyalashgan davlat tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishidir”, dedi u.

“Bundan tashqari, postsovet mintaqasi davlatlari – jumladan Qozogʻiston ham – Afgʻoniston uchun maʼlum darajada aybdor”, dedi u 1979-1989-yillarda olib borilgan Afgʻonistondagi sovet urushini nazarda tutib.

Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, bu urushda 1 milliondan ortiq afgʻonistonlik halok boʻlgan.

Toʻqayev shunday tashabbus bilan chiqqan ekan, Qozogʻiston uni amalga oshirishda faol rol oʻynashi lozim, deb aytgan Koshim.

Bu markazning Qozogʻiston uchun manfaatli tomonlari ham bor.

Taklif diplomatik manfaat olish uchun qaratilgani aniq, deydi olmaotalik siyosiy tahlilchi Rustam Burnashev.

“BMT missiyasi idorasini Afgʻonistondan Olmaotaga koʻchirish va gumanitar markaz yaratish Qozogʻistonga Markaziy Osiyoda ijobiy eʼtibor va qulay pozitsiyaga ega boʻlishdan tortib, Olmaotada BMTning yuqori lavozimdagi rasmiylari joylashtirilishidan iqtisodiy foyda koʻrish kabi juda koʻp foydalar keltiradi”, deydi u.

Tolibon xavfi

Boshqa kuzatuvchilar Tolibon bilan ishlashdan xavotir bildirgan.

“Afgʻonistonga gumanitar yordamni yetkazib bera olish uchun Tolibon bilan qandaydir qilib hamkorlik qilishimiz kerak”, deydi Nur-Sultondagi Makroiqtisodiy tadqiqot va bashorat qilishi markazining katta ilmiy xodimi Madyar Kenjebulat.

“Eng avvalo, Qozogʻistonda Tolibon taqiqlangan terrorchilik tashkiloti hisoblanishini unutmaslik kerak”, deydi u.

“Qozogʻiston Tolibon hukumatini tan olmagan”, deb aytgan Kenjebulat. “Shunday ekan, ular bilan qanday ishlay olamiz?”

Ikkinchidan, hech qanday gumanitar kampaniyada donorlar eshikma-eshik yurib oziq-ovqat, kiyimlar va dori-darmonlarni muhtojlarga tarqatmaydi, deydi u.

Hukumat bunday yordamni oʻz fuqarolariga tarqatishi kerak.

“Ammo, moliyaviy transhlar oʻmarilayotgan va gumanitar yuklar sotib yuborilayotgan korruptsiya mavjud”, deb aytgan u.

Tolibon yetakchilari haqqoniy boshqarsa ham, joylardagi qoʻmondonlar oziq-ovqatni oʻzlariga olib qolishidan ularni hech kim toʻxtata olmaydi va ularni hech kim kuzata ham olmaydi”, deb qoʻshimcha qilgan Kenjebulat.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500