KARACHI – Karachining sohili hududini rivojlantirish boʻyicha Pokiston va Xitoyning yangi qoʻshma korxonasi nafaqat yarim milliondan ortiq aholining koʻchirilishiga, himoyalangan oʻrmonlarga zarar keltirilishiga, balki Sindx viloyatida etnik noroziliklar yuzaga kelishiga sabab boʻladi, demoqda shaharsozlar va xavfsizlik masalasi boʻyicha tahlilchilar.
23-sentyabr kuni Islomobod va Pekin Xitoyning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyasi bilan Karachi sohilini kompleks rivojlantirish hududi (KCCDZ) loyihasini imzoladilar.
Shartnoma deyarli ikki yillik tanaffusdan keyin, Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridorining (CPEC) 10-qoʻshma hamkorlik qoʻmitasi uchrashuvi davomida imzolangan.
Loyiha Xitoyning “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusining asosiy loyihasi boʻlgan CPECning bir qismidir.
“Karachi porti trestining gʻarbiy botqoqliklaridagi deyarli 640 gektar sugʻoriladigan yer maydoni uchun ishlab chiqilgan KCCDZ nafaqat Pokiston, balki butun mintaqa uchun flagman loyiha boʻladi”, deb xabar bergan Pokiston dengiz ishlari vazirligi 25-sentyabr kungi bayonotida.
3,5 milliard AQSH dollariga teng loyiha shu atrofdagi xarobalarda yashayotgan 20 mingdan ortiq oilaning koʻchirilishiga sabab boʻladi, deyiladi hujjatda.
Ammo, bu rejalar aholining aksariyatiga hech qanday yordamni koʻzda tutmaydi, deydi shaharsozlar va huquqbonlar Machar koloniyasining yarim milliondan ortiq aholisini nazarda tutib.
KCCDZ eng qadimgi norasmiy aholi punktlaridan biri boʻlgan Machar Koloniyasining butun hududini oʻzlashtirmoqchi, deydi Karachi Urban Lab tashkilotiga aloqador shaharsoz Muhammad Tohid.
Koloniyaning barcha aholisi koʻchiriladi, deydi u. “Hukumatning koʻchirish boʻyicha hech qanday aniq rejasi yoʻq”, deb qoʻshimcha qilgan u.
“Machar koloniyasidagi aholining aksariyati bengal va rohinja muhojirlaridan iborat, ular bu yerlarda bir necha oʻn yillardan beri yashab kelishadi. Ularning koʻpchiligi fuqarolikka ega emas va buni tasdiqlovchi hujjatlari ham yoʻq”, deydi Tohid.
“Juda yomon sharoitda yashab kelgan boʻlsak ham, hukumat taraqqiyot bahonasida uyimizdan haydab chiqarishiga yoʻl qoʻymaymiz”, deb aytgan Machar koloniyasidagi ijtimoiy xodimlardan biri Minhojiddin.
Hukumat taraqqiyot loyihalari boʻyicha koʻchirilgan aholiga muqobil turarjoy yoki kompensatsiya puli ajratmagan, deydi u.
Etnik norozilik avj olmoqda
Sindx va Balujiston viloyatlarida Xitoy taʼsirining eksponentsial oʻsishi, Xitoy kompaniyalarining mahalliy resurslarni mahalliy aholiga taʼsirini hisobga olmagan holda oʻylamay ekspluatatsiya qilishi noroziliklarga sabab boʻlmoqda, deydi xavfsizlik boʻyicha mutaxassislar.
Sindxlarning etnik siyosiy partiyasi “Taraqiy Pasand” yetakchisi Qodiri Magsiy sohil hududida hukumatning sirli tarzda KCCDZ kabi loyihalarni imzolashini tanqid qildi.
Hukumat tafsilotlarni ommaga oshkor qilishi kerak, deydi u.
“Biz rivojlantirish jarayoniga qarshimiz, Sindx yerlari okkupatsiyasiga yoʻl qoʻyilmasligi va unga qarab turilmasligi kerak”, deydi Magsi.
“KCCDZ kabi “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusiga aloqador loyihalar keyinchalik ham sindx etnik jangarilari viloyatda oʻz foydasiga qoʻllayotgan Xitoyga qarshi kayfiyatni kuchaytiradi”, deydi karachilik politsiya zobiti.
Oʻtgan yili Pokiston Sindx viloyatidagi “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusiga aloqador loyihalarga hujum uyushtirganlikda ayblab, uchta Sindx etnik jangari guruhini, jumladan, Sindxudesh inqilob armiyasi (SRA) faoliyatini taqiqlagan edi.
2020-yilning iyul oyida SRA Xitoyning mamlakatdagi manfaatlariga qarshi kurashish uchun shakllantirilgan Balujistonning ayirmachi guruhlari konglomerati Baloch Raji Aajoi Saangar (BRAS) bilan birlashgan.
“Pokiston huquqni muhofaza qilish idoralari oʻn yillik aksilterror operatsiyalari yordamida Tolibon jangarilarini nazorat qilishga erishgan edi”, deydi politsiya zobiti.
“Ammo hukumatning rejalari, jumladan KCCDZ, Xitoy baliqchilarining ovlariga, Tar choʻli hududida “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusiga aloqador loyihalar tufayli kelib chiqayotgan adolatsizlikka nisbatan toqati mamlakat boʻlib etnik noroziliklarning yangi toʻlqinini keltirib chiqarmoqda.”
Himoyalangan oʻrmonga tahdid
Bu orada KCCDZ loyihasi mintaqadagi muhim mangra oʻrmonini yoʻq qiladi, deydi manfaatdor ekologik faollar.
Bu “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusining iqlim oʻzgarishiga sabab boʻlishi va mahalliy aholi salomatligiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi bilan bogʻliq ilk holat emas.
Mangra oʻrmonlari tomonidan hosil boʻlgan tabiiy toʻsiqning yoʻq qilinishi ehtimoli 20 millionga yaqin aholiga ega Karachini kuchli boʻron va sunamilar xavfi ostida qolishiga sabab boʻlishi mumkin.
“Hudduda himoyalangan mangra oʻrmonlari bor”, deb yozadi ekolog va jurnalist, karachilik Afia Salom oʻzining Twitter sahifasida. U aholini mangralarning yoʻq qilinishiga qarshi kurashishga hozir turishga chaqirgan.
KCCDZ loyihasini rejalashtirganlar “Pokiston oliy sudining Karachi porti trestida hech qanday faoliyat olib borilmasligi, sugʻoriladigan yerlardan faqat plantatsiya uchun foydalanish haqidagi qaroriga qarshi chiqmoqda”, deb yozgan u.