Karvonsaroy
Xavfsizlik

IDga mansub uygʻur xudkush-terrorchi hujumi Tolibonlarning Xitoy bilan hamkorligi xatarlarini yuzaga chiqardi

Sulaymon

8-oktabr kuni Afgʻonistonning Qunduz shahridagi xudkushlik hujumidan keyin shialar masjidini koʻzdan kechirayotgan Tolibon jangarilari. [AFP]

8-oktabr kuni Afgʻonistonning Qunduz shahridagi xudkushlik hujumidan keyin shialar masjidini koʻzdan kechirayotgan Tolibon jangarilari. [AFP]

KOBUL – Tolibon Xitoy bilan ittifoq tuzishga harakat qilar ekan, Afgʻoniston xavfsizligi va barqarorligi xavf ostida qolmoqda, deb ogohlantiradi tahlilchilar.

Oʻtgan haftada Qunduz shahridagi shialar masjidida yuz bergan portlash Xitoy himoyasiga ishonish xavfiga misoldir, deydi ular.

“Islom davlati”ning Xuroson boʻlinmasi 8-oktabr kungi portlash bilan bogʻliq javobgarlikni oʻz zimmasiga olar ekan, “xudkush” – uygʻurlardan ekani va Tolibon ularni [Shinjondagi] musulmonlarga qarshi siyosat yuritayotgan Xitoy talabiga koʻra quvib chiqarishga vaʼda berganini aytgan.

Portlash oqibatida 100ga yaqin shia musulmonlari halok boʻldi va koʻplab odamlar jarohat oldi, mahalliy aholiga koʻra, bu ID, “Al-Qoida” va Tolibon kabi sunniy jamoalar bidʼatchi deb biladigan Afgʻonistondagi ozchilikka qarshi uyushtirilgan navbatdagi hujum boʻldi.

ID 8-oktabr kuni Afgʻonistonning Qunduz shahridagi shialar masjidiga hujum uyushtirgan xudkush terrorchi “Muhammad Uygʻur” suratini Internetga joylagan. [Fayl]

ID 8-oktabr kuni Afgʻonistonning Qunduz shahridagi shialar masjidiga hujum uyushtirgan xudkush terrorchi “Muhammad Uygʻur” suratini Internetga joylagan. [Fayl]

Tolibon asoschilaridan biri Mulla Abdulgʻani Barodar (chapda) Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan, iyul oyi oxirida Tolibon delegatsiyasining Xitoyga tashrifi chogʻida olingan surat. [AFP]

Tolibon asoschilaridan biri Mulla Abdulgʻani Barodar (chapda) Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan, iyul oyi oxirida Tolibon delegatsiyasining Xitoyga tashrifi chogʻida olingan surat. [AFP]

Uygʻurlar bilan aloqadorlik

Tolibon 1990-yillarda uygʻur jamoalariga Afgʻonistonda faoliyat yuritishga ruxsat bergan. Lekin oxirgi paytlarda uygʻur jangarilari Afgʻonistonning Xitoy bilan chegaradosh hududlaridan siqib chiqarilmoqda, deb xabar bergan 5-oktabr kuni Ozodlik radiosi.

Tahlilchilarga koʻra, bu chora Pekin hamda Xitoyning xavfsizlikka oid xavotirlarini aritishga urinayotgan Tolibon oʻrtasidagi hamkorlikning kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Pekin Shinjon mintaqasidagi uygʻur ayirmachilarining Afgʻonistonni platsdarm sifatida qoʻllashi mumkinligidan xavfsiraydi. Xitoyni, ayniqsa toliblarning Sharqiy Turkiston islom harakati (SHTIH) va uning merosxoʻri – Turkiston islom partiyasi (TIP) bilan aloqalari xavotirga solib kelmoqda.

Pekin SHTIH va TIP mavjudligini roʻkach qilib, oʻzining Shinjondagi repressiyalarini oqlashga uringan, ammo mintaqada 2017-yildan beri aytarli hech qanday terrorchilik hodisalari qayd etilmagan.

Xitoy kuch tuzilmalari bir milliondan ortiq uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlar, jumladan etnik qozoq va qirgʻizlarni “siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlari, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan yuzlab muassasalarda saqlab kelmoqda.

Xitoy hukumati bu muassasalarni terrorchilikka barham berish va bandlik imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan “qayta tarbiyalash markazlari” deb ataydi.

Ammo bu muassasalar mudhish qonunbuzarliklar yuz beradigan “konsentratsion lagerlarga” oʻxshash majburiy hibsda saqlash markazlari ekani haqidagi xabarlar keng tarqalgan.

Tolibon: qudrat va boylik istagi

Tolibon Islom himoyasida ekanligini daʼvo qilsa-da, uning soʻnggi xatti-harakatlari Afgʻonistonni qutqarish va islom uchun emas, balki kuch-qudrat va boylik uchun kurash ketayotganini koʻrsatmoqda, deydi afgʻon siyosatshunosi Farid Munir.

“Uygʻur musulmonlarini uylaridan quvib chiqarish – Tolibonning Xitoy hukumati tarafidan siyosiy dastak va legitimlikka erishish yoʻlidagi chorasi ekani aniq”, dedi u.

“Bir tomondan, toliblar islomiy qadriyatlarni himoya qilish va islomiy tuzum oʻrnatishni daʼvo qiladilar,” deydi Munir, “boshqa tomondan, ular oʻz shiorlariga zid ravishda, Xitoyning siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini taʼminlash maqsadida Pekin hukumati bilan Afgʻonistonda yashaydigan uygʻur musulmonlariga bosim oʻtkazish rejasini tuzdilar.”

Afsuski, Tolibonning uygʻurlarga bosim oʻtkazish borasida Xitoy bilan hamkorligi ularning toliblarga nisbatan gʻazabi va nafratini qoʻzgʻatishi aniq va ular yana Qunduzdagi kabi xudkushlik hujumlarini amalga oshiradilar, deydi u.

Xitoy uygʻur musulmonlariga turli yoʻllar bilan zulm oʻtkazib kelmoqda, jumladan erkak va ayollarini panjara ortiga tashlab, shafqatsiz qiynoq va tazyiqlarga duchor qilmoqda, deydi Kobuldagi dorixona egasi, 35 yashar Sayyed Rafiulla.

“Afsuski, Tolibon Pekinga ittifoqchi boʻlib, Xitoy hukumatining rejalariga xizmat qilish uchun Afgʻonistondagi uygʻur jangarilarini yoʻq qilishga kirishdi”, dedi u.

Tolibon Xitoy hukumati bilan aloqada boʻlib, Pekinning buyrugʻi bilan uygʻurlar va Xitoyning boshqa muxoliflarini bostirishda davom etar ekan, uygʻurlar ham qasos olishdan toʻxtamaydilar, dedi Rafiulloh.

“Bu vaziyatda Tolibon boshqa koʻplab begunoh afgʻonlarning oʻlimi uchun javobgar boʻladi”.

Xitoydagi urushni Afgʻonistonga eksport qilish

Xitoy uygʻurlar va SHTIHning har qanday geografik ekspansiyasidan qattiq hayiqadi va ularni tiyib turish uchun Tolibon bilan mustahkam munosabatlar oʻrnatishga intilmoqda, deydi Londonda yashaydigan afgʻonistonlik siyosiy tahlilchi Azizuddin Maharej.

“Uygʻurlar ID bilan doʻstona aloqada ekan, Tolibon va Xitoy uygʻurlarni umumiy dushman deb biladi”, dedi u va Xitoy Tolibondan chegara hududlaridagi uygʻurlar pistirmalarini yoʻq qilishni kutayotganini qoʻshimcha qildi.

Afgʻonlar ogoh boʻlishlari lozim, chunki Xitoy uygʻurlarni Tolibon yordamida bostirish uchun oʻzining ichki urushini Afgʻonistonga olib kirmoqchi va bu bilan afgʻonlarni yana xunrezliklar toʻlqiniga duchor qilmoqchi, dedi u.

“Tolibonning Xitoy oldidagi har qanday majburiyati Afgʻonistonning milliy manfaatlarini inobatga olishi kerak, chunki uygʻurlarga nisbatan repressiya tufayli mamlakatdagi vaziyat yanada qaltis va beqaror boʻladi”, deydi Maharej.

Afgʻoniston boshqalarning proksi-urushlari yoʻlida ishlatilmasligi kerak, deydi Kobuldagi xususiy universitetlardan birining siyosatshunosi Vosiqulloh Hikmat.

“Afgʻoniston mustaqil boʻlishi lozim, chunki tarixda Afgʻonistonning boshqa davlatlarga qaram boʻlgani bizga doim ziyon keltirgan”, dedi u.

Agar Tolibon Pekin istagan narsani qilaversa, zoʻravonlik yanada kuchayadi, deydi u.

“Xitoy hech qachon afgʻonlarga yordam bermagan”, deydi Hikmat. “U Tolibonni qoʻllab-quvvatlashga vaʼda bergan boʻlsa, buning evaziga undan Afgʻonistondagi uygʻurlarga bosim oʻtkazishni soʻragan”.

Uning aytishicha, Qunduzdagi masjidda roʻy bergan qonli portlash uygʻur jangarilari va IDning qanday xunrezliklarga qodir ekanini koʻrsatib turibdi.

Oqibati xavfli ittifoqchilar

Xitoy rejimi Afgʻoniston va undan tashqarida siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlikka oid maqsadlariga erishish uchun Tolibondan piyoda sifatida foydalanmoqda, deydi Kobuldagi xususiy universitetning xalqaro munosabatlar fakulteti talabasi Habib Stankezay.

Uning aytishicha, legitimlikka muhtoj boʻlgan Tolibon qanday qilib boʻlsa ham – hatto uygʻur musulmon birodarlarini nishonga olib Pekinni qoʻllab-quvvatlagan.

“20 yildan beri davom etayotgan mojaroda yuz minglab afgʻonlar oʻldirildi yoki jarohatlandi”, deydi Stankezay. “Ammo, BMT Xavfsizlik Kengashining aʼzosi sifatida, Xitoy hech qachon bu janglarni toʻxtatish yoki afgʻonlarning oʻldirilishini qoralash yoʻlida qatʼiy chora koʻrmagan”.

“Tolibonning Xitoy bilan nomutanosib aloqalari mamlakatimiz uchun hech qanday foyda keltirmaydi”, dedi u Pekin faqat oʻz manfaatlarini koʻzlashi va uygʻurlar Xitoydan tashqarida xudkush hujumlarini amalga oshirishi yoki ID bilan birlashishi uni qiziqtirmasligini qoʻshimcha qilib.

“Tolibonning Xitoy bilan yaqin aloqalari Afgʻoniston uchun xavfli oqibatlarga olib keladi”, dedi Stankezay.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500