OLMAOTA – Qozogʻiston parlamenti tashqi vizual axborot mantlarining qozoq tilida boʻlishini majburiy, ularning rus tiliga tarjimasini esa ixtiyoriy qilib belgilovchi qonun loyihasini koʻrib chiqmoqda.
Parlament quyi palatasi – Majlis 6-oktyabr kuni amaldagi qonunga oʻzgartishlarni ikkinchi oʻqishda maʼqullagan. Qonun kuchga kiradigan boʻlsa, tashqi vizual axborot, reklama, yoʻl belgilari va koʻrsatkichlari, menyu, narx yorliqlari va boshqa yozuvlar davlat tili – qozoq tilida boʻlishi kerak.
Qonun loyihasida bunday belgilarning ruscha tarjimasi boʻlishi haqidagi avvalgi talab bekor qilingan.
Ayni vaqtda Senat ushbu qonun loyihasini koʻrib chiqmoqda. U kuchga kirishi uchun parlamentning ikkala palatasi va prezident tasdigʻidan oʻtishi lozim.
Qozogʻistonning amaldagi qonunlariga koʻra, har qanday vizual axborot ikki tilda: qozoq va rus tillarida joylashtirilishi zarur.
Qonun loyihasi maʼqullanadigan boʻlsa, barcha turdagi tashqi axborot birinchi navbatda qozoq tilida berilishi shart boʻladi, rus va boshqa tillardagi tarjimasi esa ixtiyoriy boʻladi.
“Bugungi kunda davlat tili barchani tashvishga solayotgan masaladir”, deydi Majlis va uning ijtimoiy-madaniy rivojlanish qoʻmitasi aʼzosi Berik Abdigaliuli.
Uning aytishicha, “vizual axborotning qozoq tilida xatolar bilan berilishi, ayrim hollarda esa umuman qozoq tilidagi maʼlumotlarning yoʻqligi – saylovchilar tomonidan tez-tez koʻtariladigan muammolardan biri”.
“Bizningcha, bu takliflar har bir fuqaro, xususan, tadbirkorlarning masʼuliyatini oshirishga imkon beradi”, deb qoʻshimcha qildi u.
Rasmiy maʼlumotlariga koʻra, 2021-yil boshida etnik qozoqlar mamlakat aholisining qariyb 70 foizini tashkil etgan.
Mamlakatda koʻplab etnik ozchiliklar, jumladan, ruslar, qirgʻizlar, ukrain va nemislar bor.
Sovet Ittifoqi parchalanganiga oʻttiz yildan oshar ekan, Qozogʻistonda qozoq tili tobora ommalashib bormoqda.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, qozoq tilida soʻzlashuvchi fuqarolar ulushi yildan-yilga oshib bormoqda va 2018-yilda 86 foizni tashkil etgan.
Kelajakka qadam
Prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev 1-sentyabr kuni xalqqa har yilgi anʼanaviy murojaatida taʼkidlaganidek, bu choralardan koʻzlangan maqsad – qozoq tili mavqeini mustahkamlash va taʼsirini kengaytirish.
“Qozoq tilini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda”, dedi Toʻqayev buning tabiiy jarayon ekanini taʼkidlab. “Umuman olganda, davlat tilining qoʻllanish doirasi kengaymoqda.”
“Qonun boʻyicha Qozogʻistonda davlat tili – bitta.”
Tahlilchilarning fikricha ona tiliga oʻtish har qanday davlat uchun tabiiy jarayondir .
Oʻz davlat tiliga ega boʻlgan Qozogʻiston kabi unitar davlat til masalasiga jiddiy eʼtibor qaratishi lozim, deydi Alma Club qozoq soʻzlashuv tili klubi asoschisi, olmaotalik siyosatshunos Islom Kurayev oʻzining Facebook sahifasida.
Uning soʻzlariga koʻra, vizual axborotga oʻxshagan oddiy narsalar har kun “tilni ommalashtirishga butun boshli davlat loyihalaridan koʻra foydaliroq boʻladi”.
Qozogʻistondagi demografik tendentsiyalar qozoq tilining mavqeini mustahkamlashni taqozo etmoqda, ayniqsa qozoq tilidagi axborot maydoni sezilarli kengaymoqda, deb qoʻshimcha qildi u.
“Menimcha, barcha taassublardan voz kechib, kelajak tomon harakatlanish kerak. Qozogʻistonda yashashni xohlar ekanmiz, oddiy haqiqatni anglab yetishimiz kerak – aynan davlat tili har qanday fuqaro hayotining asosiy omiliga aylanadi”, deb yozgan Kurayev.
Yangi tuzatishlar rus tilining mavqeini pasaytirayotganga oʻxshab koʻrinishi mumkin, lekin aslida koʻp narsa oʻzgarayotgani yoʻq, deydi Nur-Sultonlik siyosiy sharhlovchi Gaziz Abishev Karvonsaroyga.
Davlat faqat qozoq tilining taʼsiri kamaygan sohalardagina zarur qonunchilik yordamini koʻrsatmoqda, dedi u.
“Rusiyzabon aholi yashaydigan yerlarda belgilar va yozuvlar rus tilida boʻladi, aholisining koʻpchiligi qozoq tilida soʻzlashuvchilardan iborat joylarda esa shundoq ham rus tilida hech qanday maʼlumot yoʻq”, deb aytgan Abishev.
Davlat tilinining himoyasi
Moskvadagi siyosatchilar oʻz saylovchilari va Qozogʻistondagi etnik rus ozchilikni toʻlqinlantirishga uringani sabab oʻtmishda qozoq va rus tillaridagi yozuvlar xalqaro muammoga aylangan edi.
Bu voqeadan koʻp oʻtmay, Axmetov unga nisbatan millatlararo nizo qoʻzgʻashga oid tergov boshlangani tufayli Ukrainaga qochib ketgan boʻlsa-da, taʼsirga ega rossiyaliklar uni rus tilini Qozogʻiston ijtimoiy hayotidan siqib chiqarish harakati aʼzosi deb baholaganlar.
Rossiya parlamentining yuqori palatasi – Federatsiya Kengashi spikeri oʻrinbosari Konstantin Kosachev gʻazabnok tanbeh bilan chiqqan.
“Qozogʻiston hukumatidan mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi qoʻshnichilik munosabatlariga hech qanday aloqasi boʻlmagan bu jaydari millatchilarning sharmandali qilmishlariga baho berishini talab qilamiz”, deb aytgan Kosachev 11-avgust kuni RIA Novosti axborot agentligiga.
Asossiz ayblovlar
Rossiya ommaviy axborot vositalari yaqinda eʼlon qilingan qonun loyihasiga nisbatan ham xuddi shunday javob qaytargan. Ularga koʻra, goʻyoki Qoʻshma Shtatlar manfaati koʻzlanib, rus tiliga qarshi “urush” eʼlon qilingan.
“Qudratdagi amerikaparast millatchilar tomonidan olib borilayotgan respublikani qozoqlashtirish harakatlari ikki mamlakat oʻrtasidagi til aloqalarini uzishga qaratilgan va Qoʻshma Shtatlarga mamlakatning ichki jarayonlariga taʼsir qilish imkonini bermoqda”, deb yozgan Lenta.ru sayti 3-oktyabr kuni.
Rossiya OAV rus tilining goʻyoki siqib chiqarilishiga qarshi hujumlar uyushtirib kelmoqda, deydi Yevroosiyo integratsiyasi institutining rahbari, Nur-Sultonlik Urazgali Selteyev.
“Afsuski, OAVdagi bunday xurujlar Qozogʻistonda ijtimoiy tanglikka sabab boʻlmoqda”, deb aytgan Selteyev Karvonsaroy nashriga.
“Bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Bunday tahdidlarga munosib javob qaytarish kerak”, deb qoʻshimcha qilar ekan, u Qozogʻiston jamiyati birlashishi kerakligini taʼkidlagan.