Karvonsaroy
Din

Pekin Shinjonda hibsga olingan musulmonlardan musodara qilingan millionlab aktivlarni pullamoqda

Karvonsaroy

Urumchidagi katta bozor, Shinjon viloyati. [AFP Photo/Gox Chay Xin]

Urumchidagi katta bozor, Shinjon viloyati. [AFP Photo/Gox Chay Xin]

VASHINGTON, Kolumbiya okrugi – Oʻtgan ikki yil davomida Xitoy hukumati uygʻur tadbirkorlarning bir necha oʻn million AQSH dollariga teng aktivlarini musodara qilgan va auksionlarda sotib yuborgan, deb xabar beradi uygʻur huquqbonlari va mustaqil OAV.

Kimoshdi savdolari Xitoy kommunistik partiyasining (XKP) mamlakatdagi etnik ozchiliklarni “xitoylashtirish”, Shinjon viloyatidagi uygʻur va boshqa turkiyzabon musulmonlar, jumladan qozoqlar va qirgʻizlarga tazyiq oʻtkazishga qaratilgan keng qamrovli kampaniyasi doirasida oʻtkazilgan.

2019-yildan beri Shinjon sudlari kamida 21 kishiga tegishli jami 84,8 million AQSH dollariga teng 150 aktivni Xitoyning eng katta texnologik va onlayn savdo kompaniyasi boʻlgan Alibaba guruhiga tegishli Taobao elektron tijorat saytida auktsionga qoʻygan.

Savdoga qoʻyilgan buyumlar roʻyxati qisman AQSH hukumati tomonidan moliyalanadigan Uygʻur inson huquqlari loyihasi (UHRP) huquqbon guruhi tomonidan tuzilgan, Wall Street Journal uni tasdiqlangan.

Uygʻurlarning mol-mulki sotilgan Taobao saytidan olingan skrinshot. [Fayl]

Uygʻurlarning mol-mulki sotilgan Taobao saytidan olingan skrinshot. [Fayl]

Xitoyning gʻarbiy Shinjon mintaqasining Xotan shahridagi bozorda bolasini koʻtarib turgan muslima ayol. Sobiq mahbuslar va soqchilar Pekin boshqaruvidagi lagerlarda muslimalar muntazam ravishda zoʻrlanishi, qiynoqqa solinishi va jinsiy zoʻravonlikka duchor boʻlishini aytganlar. [Greg Beyker/AFP]

Xitoyning gʻarbiy Shinjon mintaqasining Xotan shahridagi bozorda bolasini koʻtarib turgan muslima ayol. Sobiq mahbuslar va soqchilar Pekin boshqaruvidagi lagerlarda muslimalar muntazam ravishda zoʻrlanishi, qiynoqqa solinishi va jinsiy zoʻravonlikka duchor boʻlishini aytganlar. [Greg Beyker/AFP]

Musodara qilingan aktivlar orasida uy jihozlaridan tortib, koʻchmas mulk va kompaniyalar aksiyalarigacha bor.

Aktivlari sotuvga qoʻyilgan shaxslar “terrorchilik va ekstremizm (yoki shunga oʻxshash) siyosiylashtirilgan ayblovlar bilan oʻta maxfiy sud jarayonlari natijasida qamoqqa olingan. Sudlar Xitoy qonunlariga ham zid tarzda oʻtgan”, deb xabar beradi UHRP 24-sentabr kungi bayonotida.

“Bu sud auksionlari uygʻur jamiyatiga nisbatan olib borilayotgan repressiya koʻlamini, shuningdek sud jarayonlarining tez va qonunga xilof tarzda olib borilayotganini aks ettiradi”, deyiladi hujjatda.

“Bemaʼni” ayblovlar

Xitoy sud tizimida “terrorizm” tushunchasi aniq belgilanmagan. Uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlarga nisbatan ayblovlar aksar hollarda xorijga safar qilish, xorijdagi qarindoshlar bilan bogʻlanish yoki umumiy diniy urf-odatlarda ishtirok etish kabi oddiy narsalar tufayli qoʻyiladi.

“Sud jarayonlarining maxfiyligi va mol-mulkning hukumat tomonidan musodara qilingani hisobga olinsa, badavlat uygʻur tadbirkorlariga “terrorizmni qoʻllab-quvvatlash” va “terrorchilik faoliyatiga yordam berish” kabi ayblovlar qoʻyilishi bemaʼnidek koʻrinadi”, deb xabar bergan UHRP.

Bunday ayblovlarga sabab boʻluvchi ishlardan yana biri – oddiy biznes faoliyati boʻlgan xorijga pul yuborish yoki u yerdan pul qabul qilib olishdir.

UHRPga koʻra, Xitoy hukumati badavlat uygʻur tadbirkorlarni “ijtimoiy elita” sifatida, jumladan ziyolilar va diniy yetakchilarni ham nishonga olmoqda.

2017-yilning aprel oyidan beri yuzlab uygʻur ziyolilari qamoqqa olingan yoki majburiy tarzda gʻoyib boʻlgan, deb xabar bergan UHRP 2019-yilda. Yana koʻplab uygʻur ziyolilari “jiddiy inson huquqlari buzilishi” holatlariga duch kelishmoqda.

Tilshunoslar, olimlar va noshirlarning taʼqib ostiga olinishini huquqbon tashkilotlar Xitoy kommunistik partiyasining etnik guruh milliy oʻzligini yoʻqotish va uni mandarin tilida soʻzlashuvchi hukmron xan aholisiga assimilyatsiya qilish harakati oʻlaroq baholamoqda.

Pekinning Shinjon mintaqasidagi musulmonlarga nisbatan davom etayotgan tazyiqlari doirasida kuch idoralari mingdan ortiq imomlar va diniy arboblarni hibsga olgan, deyiladi Uygʻur inson huquqlari loyihasining (UHRP) may oyidagi hisobotida.

Ular “diniy taʼlim olib bergani va jamoatga bosh boʻlgani uchun hibsga olingan”, deyiladi hujjatda.

Bu hukmlar Shinjonga xos sudlovning shafqatsiz xarakterini aks ettiradi: 96 foiz odam kamida besh yilga, 26 foizi 20 yil va undan ortiqroqqa hukm qilingan, shu jumladan 14 ta odamga umrbod qamoq jazosi berilgan.

XKPga “tahdid”

UHRPga koʻra, hukumat nufuzli uygʻurlar, jumladan tadbirkorlar, ziyolilar va diniy yetakchilarni “rasmiy tashkilotlardan tashqarida boʻlgan maqomlari va uygʻur madaniyatini saqlab qolishdagi rolini hisobga olib, XKP va davlatga tahdid” deb hisoblaydi.

Koʻpchilik uygʻurlar Markaziy Osiyoda oʻzlarining tadbirkorlik va savdogarlik mahorati bilan gʻururlansa-da, Xitoy hukumati uygʻurlarni “nochor”, ularning madaniyatini esa “eskirgan” deb tasvirlaydi.

Pekinga koʻra, uygʻurlarning “boyib ketishi va samarali ishchi kuchiga aylanishi uchun ularga XKPning yetakchiligi va qayta taʼlim” zarur, deb xabar bergan UHRP.

Xitoy bir milliondan ortiq uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlarni 400ga yaqin “siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlari, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan yuzlab muassasalarda saqlab kelayotganini mana shunday oqlaydi.

Avvaliga Shinjonda lagerlar mavjudligini inkor etgan Pekin endi ularni terrorchilikka barham berish va bandlikni yaxshilashga qaratilgan “kasb-hunar taʼlimi markazlari” deya oqlashga urinmoqda.

Ammo koʻp sonli mustaqil tekshiruvlar lagerlardagi voqelik ancha qaygʻuli ekanini koʻrsatmoqda.

BuzzFeed News nashrining 2020-yil avgust oyida oʻtkazgan tekshiruvi davomida Shinjon mintaqasida qamoqxona yoki hibsxonaga xos belgilarga ega yuzlab binolar aniqlangan boʻlib, ularning aksariyati soʻnggi uch yil ichida barpo etilgan.

Oʻtgan yil dekabr oyida oʻtkazilgan boshqa bir tekshiruvga koʻra, kommunistik davlat Shinjonda 100 dan ortiq yangi hibsxonalar qurgani maʼlum boʻldi.

Hibsxonalarning sobiq mahbuslari va qoʻriqchilari mazkur lagerlardagi musulmon ayollar muntazam ravishda zoʻrlanishi, qiynoqqa solinishi va jinsiy zoʻravonliklarga duch kelishini ochiqlagan edilar.

Guvohlar va sobiq mahbuslar elektr toki, jumladan elektroshokerlar bilan zoʻrlash, ochlik bilan qiynash, kaltaklash, guruh boʻlib zoʻrlash va majburiy sterilizatsiya kabi qiynoqlar haqida soʻzlab berishgan.

AQSH va Gʻarb hukumatlari, huquqbon tashkilotlar va huquq faollari Pekinning Shinjondagi xatti-harakatlarini genotsidga tenglashtirganlar.

Shu nuqtai nazardan, uygʻurlarga tazyiq oʻtkazilayotgani haqidagi dalillar alohida xavotirga sabab boʻlmoqda, deydi Uygʻur inson huquqlari loyihasi (UHRP), zero “mulkni tortib olish insoniyat tarixi davomida genotsidga xos amaliyot boʻlgan”.

“Xitoy birdamligi” bahonasi yoʻlida

Mamlakatdagi musulmonlarga qarshi repressiyalarni tan olishi uchun Xitoyga nisbatan bosim kuchayar ekan, Xitoy rejimi oʻz xatti-harakatlarini himoyalashni yanada kuchaytirgan.

“Etnik ozchiliklar yashaydigan Shinjon va Tibet kabi joylar Xitoydagi inson huquqlari taraqqiyotining yorqin namunasi sifatida ajralib turadi”, deb aytgan Xitoy tashqi ishlar vazirligi Vang Yi fevral oyida.

Huquqbonlar va faollarga koʻra, tibetliklar Xitoy hukmronligi ostida bir qator diniy va madaniy cheklovlar, jumladan monastirlarning buzilishi bilan bogʻliq holatlarga duch kelishgan.

Muxbirlarga Tibet mavzusida mustaqil lavhalar tayyorlash taqiqlangan – Pekin ilgari qoloq boʻlgan bu mintaqaga taraqqiyot olib kelganini taʼkidlab keladi.

Shinjonda tazyiqlar XKPning 2018-yilda boshlangan besh yillik “xitoylashtirish” rejasining bir qismi hisoblanadi.

Ushbu reja doirasida rasmiylar masjidlarning gumbazlari, minoralari va boshqa islom arxitekturasi ramzlarini olib tashlab, masjid karnaylaridan azon aytishni taqiqlagan.

Reja nafaqat aksar musulmonlar yashaydigan Shinjon viloyatida, balki butun Xitoy boʻylab faol ravishda amalga oshirilmoqda.

Prezident Si Szinpin bir necha yillardan beri xitoylashtirish siyosati tarafdori boʻlib kelgan.

Avgust oyidagi nutqida Si barcha diniy va etnik guruhlar “Xitoy birdamligi bayrogʻini baland koʻtarishi” kerakligini aytgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Musulmonlar qatliomi uchun Si Gaaga sudi oldida javob berishi kerak

Javob berish

Super

Javob berish