Karvonsaroy
Xavfsizlik

Putinning xavotirga soluvchi bayonotlari ortida Rossiya boshchiligidagi KXSHTning asl maqsadlari namoyon boʻlmoqda

Kanat Altinbayev

KXSHT “ittifoqi” bilan bogʻliq voqelikni aks ettiruvchi karikatura. [Fayl]

KXSHT “ittifoqi” bilan bogʻliq voqelikni aks ettiruvchi karikatura. [Fayl]

OLMAOTA – Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) faoliyat doirasini kengaytirish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlarini qoʻrqitishga urinishi aʼzo davlatlar rahbarlari harbiy blokni Rossiyaning ochiq daʼvolari tufayli tark etishni oʻylayotgan paytga toʻgʻri kelmoqda.

Rossiya boshchiligidagi KXSHT olti postsovet respublikasi: Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Belarus va Armanistondan iborat.

13-oktabr kuni Putin sobiq sovet respublikalarining maxsus xizmatlari vakillari bilan uchrashuvda Iroq va Suriyadagi urushlarda toblangan jangarilar Afgʻonistonda toʻplanayotgani va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) mamlakatlaridagi vaziyatni, jumladan, “bevosita ekspansiya” yoʻli bilan beqarorlashtirishga urinishi mumkinligini aytdi.

“Shu sababli Afgʻoniston chegarasidagi vaziyatni doimiy kuzatib borish va jangarilarga qarshi turishga tayyor boʻlish, kuch tuzilmalari ishini shunga mos tarzda muvofiqlashtirish, kerak boʻlsa, qoʻshma maxsus operatsiyalar oʻtkazish zarur”, dedi Putin.

9-sentabr kuni Bishkekda KXSHTning oʻquv mashqlarida ishtirok etayotgan rossiyalik harbiy xizmatchi. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

9-sentabr kuni Bishkekda KXSHTning oʻquv mashqlarida ishtirok etayotgan rossiyalik harbiy xizmatchi. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

18-oktabr kuni Tojikistonning “Harb-maydon” poligonida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) mashgʻulotlarining ochilish marosimida saf tortib turgan qozoq askarlari. [Rossiya mudofaa vazirligi]

18-oktabr kuni Tojikistonning “Harb-maydon” poligonida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) mashgʻulotlarining ochilish marosimida saf tortib turgan qozoq askarlari. [Rossiya mudofaa vazirligi]

U 15-oktyabr kuni MDH davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida Afgʻonistondagi terror tashkilotlari yetakchilari “oʻz taʼsirini kengaytirish rejalarini ishlab chiqayotganini” aytgan.

Uning soʻzlariga koʻra, “Hamdoʻstlik davlatlarining chegaralari yaqinida ekstremistik va terrorchi guruhlar toʻplangan”, birgina Afgʻoniston shimolida 2000 ga yaqin ID aʼzosi bor.

“Afgʻonistondagi vaziyat” Markaziy Osiyo va butun MDH hududi uchun xavf tugʻdiradi, garchi ayrim davlatlar bu mintaqadan uzoqroqda boʻlsa ham, dedi Putin.

Putinning xavotirga soluvchi bayonoti 18-oktyabr kuni KXSHT tojik-afgʻon chegarasi yaqinida soʻnggi yillardagi eng yirik harbiy mashgʻulotini boshlashi arafasida yangragan. Rossiya va Tojikiston mudofaa vazirliklari maʼlumotiga koʻra, olti kunlik mashgʻulotlarda 5 mingdan ziyod askar qatnashmoqda, ularning yarmidan koʻpi – Rossiya harbiylari.

Biroq, kuzatuvchilarga koʻra, bunday “xavflar” Rossiyaning oʻz manfaatlarini kengaytirishi uchun bahona, xolos.

“Kreml soʻnggi oylarda bizni Afgʻonistonning mintaqaviy xavfsizlikka tahdidi bilan qoʻrqitishga urinmoqda. Bu uning Markaziy Osiyodagi harbiy mavqei va taʼsirini kengaytirish uchun juda qulay va ishonarli bahona”, deydi xavfsizlik masalalari boʻyicha bishkeklik tahlilchi Kasibek Jolchiyev.

“Bu ittifoq mamlakatlarimizni afsonaviy tashqi dushmandan emas, balki Moskvaning geosiyosiy manfaatlarini himoya qilish uchun tuzilgan”, deb aytgan u Karvonsaroy nashriga.

“Rossiya AQSHning Sharqiy Yevropadagi raketa mudofaasi tizimidan va uning Ukraina hamda Gruziya bilan harbiy hamkorligi kuchayib borayotganidan xavotirda va bunday holatlar Markaziy Osiyoda ham yuz berishiga yoʻl qoʻymoqchi emas.”

“Qogʻozdagi tashkilot”

Putinning qoʻrqitishlariga qaramay, KXSHTga aʼzo mamlakatlardagi siyosatchilar va kuzatuvchilar tashkilotni tashqi xavf oldida befoyda deb biladilar.

Shuningdek, ular blokni Moskvaning oʻz geosiyosiy maqsadlarini – harbiy, iqtisodiy va siyosiy taʼsirini, jumladan Markaziy Osiyoda ham Rossiya qoʻl ostida saqlab qolish vositasi deb hisoblaydilar.

Rossiyaning xatti-harakatlari bir necha bor shubhalarni keltirib chiqargan.

Aprel oyi oxirida KXSHTga aʼzo ikki davlat – Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida uzoq davom etayotgan suv mojarosidan kelib chiqqan bir necha kunlik nizolar natijasida oʻnlab odam halok boʻlgani va yuzlab odam jarohat olganida Moskva sukut saqlab turdi.

Oxir-oqibat, nizoning uchinchi kuni – 30 aprelda tomonlar sulhga rozilik bildirgach, Moskva Bishkek va Dushanbeni muzokara oʻtkazishga chaqirgan.

Bu voqeadan keyin qirgʻizistonlik deputatlar va oddiy fuqarolar mamlakatning KXSHTga aʼzoligi qanchalik maqsadga muvofiqligini savol ostiga olganlar.

10-may kuni boʻlib oʻtgan parlament yigʻilishida Qirgʻiziston parlamentining xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasi aʼzosi “Qirgʻiziston-Tojikiston chegarasidagi qurolli toʻqnashuvga hech qanday munosabat bildirmagan” KXSHTni tanqid qildi.

Baʼzilar KXSHTni tark etishni taklif qilishgan.

“Bir mamlakat ikkinchisiga ochiqdan-ochiq hujum qilgan vaqtda KXSHT bunga eʼtibor bermadi. Bunga qanday munosabat bildiramiz? Yoki jim turishimiz kerakmi? KXSHTga nega aʼzo boʻlganmiz unda?”, deb savol bergan Qirgʻiziston parlamenti deputati Aybek Osmonov.

“Tashkilot shunchalik adolatsiz harakat qilar ekan, uning tarkibidan chiqishimiz kerak deb oʻylayman”, deb aytgan u.

2020-yil oxirida bahsli Togʻli Qorabogʻ hududi uchun toʻqnashuvda Ozarbayjon Armanistonni tor-mor etishi ortidan KXSHTning yana bir aʼzosi – Armanistonning ham Moskvadan hafsalasi pir boʻlgan.

KXSHT unga hech qanday koʻmak bermagan.

2020-yilgi urushda KXSHT oʻz qoidalariga amal qilgan boʻlsa-da, Armaniston xalqi Rossiyani sotqinlikda ayblab keladi.

“Sasna Srer” siyosiy partiyasi faoli, yerevanlik Agaron Zavaryanga koʻra, Armaniston blokni zudlik bilan tark etishi kerak.

“KXSHT shunchaki qogʻozdagi tashkilot boʻlib, oʻz tarixi davomida, hatto aʼzo mamlakatlar yordamga muhtoj boʻlganida ham oʻzining kerakli ekanini isbotlamagan”, deb aytgan Zavaryan Karvonsaroyga.

“Bu blokning faqat Rossiya manfaatlariga xizmat qiladigan boshqa maqsadlari borligini tasdiqlaydi.”

Ketish vaqti kelgan

Markaziy Osiyo mamlakatlari KXSHTning asl maqsadlarini yaxshiroq tushuna boshlaganlar.

Misol uchun, 2012-yilda KXSHTni tark etgan Oʻzbekiston uning maʼnisiz ekanligini taʼkidlashda davom etmoqda.

Oʻzbekiston “demokratik jamiyat, kuchli va raqobatbardosh iqtisodiyot, innovatsion institutlar va infratuzilmani shakllantirayotgan mamlakat sifatidagi” yangi imijini mustahkamlamoqda, deb aytgan Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdullaziz Komilov 8-oktabr kuni Pravda Vostoka gazetasiga bergan intervyusida.

Toshkent “oʻz milliy xavfsizligini taʼminlash uchun yetarli salohiyatga ega ekani sabab” KXSHTga qaytmaydi, dedi u “xavfsizlikka oid muammolarga duch kelganda, faqat harbiy kuchga tayanish har doim ham samarali emasligini”, qoʻshimcha qilib.

“Xavfsizlik tahdidlariga qarshi turishda samarali va koʻp hollarda juda yaxshi natija beradigan boshqa vositalar ham bor”, deb aytgan Komilov.

“Masalan, Markaziy Osiyoda Qoʻshma Shtatlar tomonidan muvofiqlashtirilgan mintaqadagi davlatlar va hamkorlar uchun 5+1 formatidagi muvozanatlashgan muloqot mexanizmlari tizimi mavjud.”

Aʼzo davlatlar uchun KXSHT hech qanday maqsadga xizmat qilmaydi, deydi tahlilchilar.

KXSHT aʼzo davlatlarni tashqi tahdiddan himoya qilishdan koʻra, Rossiyaning manfaatlari va geosiyosiy fitnalari uchun xizmat qiladi, deydi Toshkentdagi “Bilimlar karvoni” tahliliy markazi rahbari Farhod Tolipov.

“Oʻtgan 30 yil Markaziy Osiyoning KXSHTga aʼzo boʻlishga alohida ehtiyoji yoʻqligini koʻrsatdi”, deydi Tolipov. “Xuddi Oʻzbekiston kabi Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston uchun ham bu blokni tark etish vaqti kelgan.”

Aslida, Oʻzbekiston KXSHTga aʼzo boʻlmay, oʻz milliy xavfsizligiga nisbatan boshqa davlatning tahdididan saqlanmoqda, deydi Qozogʻiston armiyasining sobiq mayori, olmaotalik Dauren Ospanov.

Qozogʻistonning KXSHT aʼzosi boʻlishi befoyda, chunki u Afgʻoniston bilan chegaradosh emas va unga nisbatan hech qanday bosqin tahdidi mavjud emas, deydi u.

“Shuningdek, xuddi Oʻzbekiston kabi bizda ham qudratli qurollar va jangga tayyor armiya bor, agar terrorchilik tahdidi yuzaga kelsa, bu muammoni oʻz kuchimiz bilan hal qila olamiz”, deb aytgan Ospanov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Якин кушни узок кариндошдан яхши.

Javob berish