Karvonsaroy
Biznes

Iqtisodchilar: AQSH bozorlariga oʻtish Qozogʻiston korxonalariga pandemiyani yengishga yordam berdi

Kseniya Bondal

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondagi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashib keladi. [AQSHning Tojikistondagi elchixonasi]

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondagi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashib keladi. [AQSHning Tojikistondagi elchixonasi]

OLMAOTA – Iqtisodchilarga koʻra, qozogʻistonlik oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar oʻtgan yili Xitoy pandemiya tarqalishining oldini olish bahonasida oʻz chegaralarini yopib qoʻyishi ortidan AQSH bozori yordamida oʻz bizneslarini saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan.

QazTrade savdo siyosatini rivojlantirish markazi bosh direktori oʻrinbosari Asel Egemberdiyevaning soʻzlariga koʻra, 2020-yilda pandemiya boshlanganidan beri qozogʻistonlik ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlarini yuboradigan mamlakatlar soni 190 tadan 119 taga kamaygan.

Bu haqda u AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tashabbusi bilan oʻtkazilgan Markaziy Osiyo savdo forumining 11-yigʻilishida aytib oʻtdi.

4-8-oktabr kunlari onlayn rejimda boʻlib oʻtgan bu yilgi forumda pandemiyadan keyin Markaziy Osiyoda savdoni tiklash masalalari muhokama qilindi.

USAID Markaziy Osiyoda biznesni qoʻllab-quvvatlash ustida ishlamoqda. (Turmanistondagi AQSH elchixonasi)

USAID Markaziy Osiyoda biznesni qoʻllab-quvvatlash ustida ishlamoqda. (Turmanistondagi AQSH elchixonasi)

“Pandemiya vaqtida eksportni jadallashtirish boʻyicha yangi dastur ishga tushirildi”, dedi Egemberdiyeva. “Dastur uchun Qozogʻistonning oziq-ovqat sanoatidan 35 kompaniyani tanlab oldik.”

“Afsuski, biz ularni asosan Xitoy bozoriga qaratgan edik, lekin [Xitoy-Qozogʻiston oʻrtasidagi] chegaralar yopilishi ortidan boshqa bozorlardan xaridor qidira boshladik”, deydi u.

“Natijada biz qozoq kompaniyalariga AQSHda 17 million dollarlik shartnomalar tuzishga yordam berdik”.

Oʻtgan yil oxiridan boshlab Xitoy hukumati COVID-19 tarqalishini toʻxtatish bahonasi bilan bojxona nazoratini kuchaytirgan edi. Biroq koʻpchilikning fikricha, rasmiy Pekin oʻz siyosatini Xitoy rejimidan qochayotgan etnik qozoqlarga qochqin maqomini bergan Qozogʻistonni jazolash maqsadida oʻzgartirgan.

Yangi bozorlarga kirish

Koʻplab eksportchilar davlatning bu yordamidan bexabar boʻlgani uchun, “QazTrade” eksportga chiqarish tartibi va buning uchun qanday hujjatlar talab qilinishini tushuntiruvchi qator videolavhalar chiqardi va bu maqsadli bozorlarni tadqiq qilishga yordam berdi.

Natijada muzlatilgan goʻsht yetkazib beruvchilar chet eldagi taʼminot nuqtalarini oʻzgartirib, eksportni Xitoydan Yaqin Sharqqa yoʻnaltirdilar, dedi Egemberdiyeva.

Maxsar moyi ishlab chiqaruvchilar “Xitoy bozoridan Qatarga oʻtib, yetkazib berish hajmini oshirdilar”, dedi u. “Ular hozir AQSHga mahsulot yuborish yoʻllarini izlamoqdalar.”

AQSH Qozogʻistonning eng yirik iqtisodiy sheriklaridan va investorlaridan biri hisoblanadi, deydi olmaotalik iqtisodchi Aydos Taybekuli.

Uning soʻzlariga koʻra, Qozogʻistonda mashinasozlik, kimyo, qurilish, neft-gaz va IT sohalarida 500 dan ortiq Amerika kompaniyalari faoliyat koʻrsatmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, “oxirgi 16 yil ichida AQSH Qozogʻiston iqtisodiyotiga 45 milliard dollar investitsiya kiritgan”, dedi Taybekuli.

Uning aytishicha, Qozogʻistonning diplomatik va savdo vakolatxonalari har yili Amerikaning yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashib, ikki tomon uchun manfaatli boʻlgan hamkorlik shartlarini taklif qiladi.

Qolaversa, AQSH yaxshi moliyaviy sherik boʻlibgina qolmay, butun dunyodan turli texnologiyalarni import qiladi, dedi Taybekuli.

Bardoshlilik

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Jahon savdo tashkilotining idorasi boʻlgan Xalqaro savdo markazi (ITC) iqtisodchisi Valentina Rolloga koʻra, Markaziy Osiyodagi kichik va oʻrta biznes pandemiya sharoitiga moslashish yoʻllarini topgan.

Oʻrganishlar natijasida ayollar rahbarlik qiladigan korxonalar erkaklar boshqaruvidagi kompaniyalarga nisbatan koʻproq muammolarga duch kelishi maʼlum boʻldi, dedi u.

“Bu xavotir uchun sababdir, chunki pandemiya davrida ayollar boshqaradigan kompaniyalar hukumat va xalqaro donorlarning korxonalar uchun imtiyozlari toʻgʻrisida maʼlumot olishga qiynalgan”, dedi Rollo.

Markaziy Osiyoda gender farqini ham hisobga olishi kerak, deydi u. Yaʼni, ayollar rahbarligidagi kompaniyalar davlat koʻmagiga muhtojroq, shunga muvofiq, davlat tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlashning samarali usulini topishi kerak.

Bundan tashqari, xorijiy donorlar ularga eʼtibor qaratib, imtiyozlar berishi zarur, dedi u.

“Shuningdek, Markaziy Osiyodagi kichik va oʻrta korxonalar import qilishda boshqa Osiyo mamlakatlaridan koʻra koʻproq muammolarga duch kelishi maʼlum boʻldi”, deydi Rollo.

“Shunday boʻlsa-da, Markaziy Osiyodagi kichik va oʻrta korxonalar pandemiyaga javoban jadalroq chora koʻrdilar: ular internet-savdoni tezroq yoʻlga qoʻyib, yangi xomashyo taʼminotchilarini jalb qila boshladi. Bu raqobatbardoshlik omillaridan biridir.”

Kichik va oʻrta biznesning inqiroz vaqtidagi barqarorligi kompaniyaning biznes-sheriklar va uyushmalar bilan aloqasiga ham bogʻliq boʻldi, deydi Rollo.

Aloqaga ega kompaniyalar hukumat va xalqaro donorlar tomonidan berilayotgan yordam haqidagi maʼlumotni topishda unchalik qiynalmagan, chunki ular axborotni oʻz biznes aloqalari orqali olishgan, deydi u.

“Bundan tashqari, ular xomashyo yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli kanallarga ega boʻlgan va tezlik bilan ularning oʻrniga boshqalarini topa olmaydigan yirik kompaniyalardan farqli oʻlaroq, xomashyo taʼminotchilaridan mustaqil ish yurita oldi”, dedi Rollo.

Kompaniyaning onlayn sotuvlarga oʻtish va mijozlar uchun yangi sodiqlik dasturlarini joriy qilish kabi bilimni yangi mahsulot va jarayonga aylantira olish qobiliyati katta rol oʻynaydi, deydi u.

“Men tilga olgan omillarning bari nafaqat kompaniyalarning oʻziga, balki Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiyotlariga ham taʼsir qiladi, degan xulosaga keldik, chunki ular yangi ish oʻrinlari yaratadilar va soliq toʻlaydilar”, deb qoʻshimcha qildi u.

Yordamga oshiqqan AQSH

Qoʻshma Shtatlar COVID-19 pandemiyasi Qozogʻiston iqtisodiyotiga putur yetkazishga tahdid qilganida yordamga keldi.

Oʻtgan bir yil davomida Qozogʻiston pandemiya oqibatlarini yengish uchun 6 million AQSH dollari ajratgan, deydi Nur-Sultondagi moliyaviy tahlilchi Andrey Chebotaryov.

“Men bu yordamdan mamnunman, bunday loyihalar va donorlar borligini ijobiy baholayman”, deydi u. “Barcha dasturlar qurgʻoqchilikdan aziyat chekkan fermerlik yoki dori-darmonlardan iborat gumanitar yordam kabi jamiyatning maʼlum bir segmentiga moʻljallangan.”

“Hammamiz 2020-yil yoz oylarida Qozogʻistonda antiseptiklar, tibbiy niqoblar va qoʻlqoplar yetishmaganini eslaymiz”, deb qoʻshimcha qilgan u.

“Qozogʻiston va Qoʻshma Shtatlar orasida mavjud hamkorlik bizga faqat foyda keltiradi”, deb aytgan Chebotaryov.

USAID nafaqat Qozogʻistonga, balki yordamga muhtoj va uni olishga tayyor boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham koʻmak beradi, deydi Chebotaryov.

Yordam “haqiqatan ham kerak boʻlgan vaqtda” taqdim etilmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500