Karvonsaroy
Din

Xitoy millionlab musulmonlar foydalanadigan mashhur Qurʼon ilovasini taqiqladi

Karvonsaroy

Xitoyning Shandun viloyati Tanchen masjidida Qurʼon oʻqiyotgan xitoylik musulmonlar, 2014-yilning 30-iyuni. [STR/AFP]

Xitoyning Shandun viloyati Tanchen masjidida Qurʼon oʻqiyotgan xitoylik musulmonlar, 2014-yilning 30-iyuni. [STR/AFP]

QOHIRA – Pekin Xitoyda internet orqali kitoblar yoki jurnallarni tarqatish uchun ruxsatnoma talab qiluvchi qonunni roʻkach qilib, butun dunyo boʻylab millionlab musulmonlar ishonadigan Qurʼon ilovasini taqiqlab qoʻydi.

Ilovani ishlab chiqqan Pakistan Data Management Services (PDMS) maʼlumotlariga koʻra, shu oy boshida Apple Xitoydagi ilovalar doʻkonidan qariyb bir million foydalanuvchiga ega “Qurʼoni Majid” ilovasini oʻchirib tashlagan.

“Butun dunyoda 25 milliondan ortiq musulmonlar uchun ishonchli hisoblangan” bu ilova orqali, jumladan Qurʼon oʻqish yoki tinglash, namoz vaqtlarini bilish, qiblani aniqlash hamda Makka va Madinadan jonli videotasvirlarni tomosha qilish mumkin.

Xitoy senzurasiga qarshi turish

“Qurʼoni Majid” ilovasi “tarkibida noqonuniy diniy matnlar borligi” uchun olib tashlangan, deb xabar beradi Bi-bi-si 15-oktabr kuni. Ammo uning Xitoydagi qaysi qonunlarni buzganiga aniqlik kiritilmagan.

20 dan ortiq tilda chiqarilgan “Qurʼoni Majid” ilovasidan oʻnlab mamlakatlarda 25 milliondan ortiq musulmonlar foydalanib keladi. Pekin yaqinda bu ilovani “noqonuniy diniy matnlar” sababli Xitoydagi App Store ilovalar doʻkonida taqiqlab qoʻygan. [Pakistan Data Management Services]

20 dan ortiq tilda chiqarilgan “Qurʼoni Majid” ilovasidan oʻnlab mamlakatlarda 25 milliondan ortiq musulmonlar foydalanib keladi. Pekin yaqinda bu ilovani “noqonuniy diniy matnlar” sababli Xitoydagi App Store ilovalar doʻkonida taqiqlab qoʻygan. [Pakistan Data Management Services]

“Apple maʼlumotlariga koʻra, Qurʼoni Majid ilovamiz Xitoyning App Store doʻkonidan olib tashlandi, chunki uning tarkibida Xitoy rasmiylaridan qoʻshimcha hujjatlar talab qiladigan kontent bor ekan”, deyiladi PDMSning “Bi-bi-si”da eʼlon qilingan bayonotida.

“Bu masalani hal qilish uchun Xitoy kibermakoni maʼmuriyati va Xitoyning tegishli organlari bilan bogʻlanishga harakat qilyapmiz”, deyiladi xabarda.

Xitoy hukumati masalaga izoh soʻragan muxbirlarga javob bermagan.

Apple inson huquqlari sohasidagi siyosatiga muvofiq chora koʻrganini aytgan, unga koʻra: “Biz mahalliy qonunlarga rioya qilishga majburmiz. Baʼzida murakkab masalalar kelib chiqishi va biz ular borasida hukumatlar bilan kelisha olmasligimiz mumkin”.

Taxminan bir vaqtning oʻzida Xitoydagi App Store onlayn doʻkonidan yana bir mashhur diniy ilova – Olive Tree's Bible (“Zaytun daraxti Injili”) ilovasi ham oʻchirib tashlangan.

“App Store doʻkonida Olive Tree Bible dasturiy taʼminotini tekshirish jarayonida bizga Xitoyda kitob yoki jurnallar bilan bogʻliq kontentni oʻz ichiga olgan ilovalarni tarqatish uchun ruxsatnoma taqdim etishimiz kerakligini aytishdi”, dedi Bi-bi-si vakili.

“Bizda bunga ruxsat yoʻqligi va mijozlarga taqdim etish uchun ilova yangilanishini tasdiqlashimiz kerakligi sabab, Xitoyning App Store doʻkonidan Injil ilovasini olib tashladik.”

Butun dunyo boʻylab Apple App Store doʻkonidagi ilovalarni kuzatib boruvchi Apple Censorship veb-sayti ilova oʻchirilgani haqida ilk marta 12-oktabr kuni xabar bergan.

Oʻtgan oy Amazon oʻzining Audible audiokitoblar va podkastlar ilovasini “ruxsat talablari tufayli” Xitoydagi App Store doʻkonidan olib tashlashga majbur boʻlgan edi, deb xabar beradi Mac Observer 15-oktabr kuni.

14-oktabr kuni Microsoft Pekinning senzura qoidalariga rioya qilish bilan bogʻliq “muammolar” tufayli oʻzining LinkedIn ijtimoiy tarmoq ilovasini olib tashlaganini eʼlon qilgan edi.

“Bemulohaza” chora

Xitoyning “Qurʼoni Majid” ilovasini oʻchirishni talab qilish qarori “bemaʼnilik”, deydi Misr vaqf ishlari vazirligi diniy yoʻl-yoʻriqlar boshqarmasi boshligʻi Raji Sabri.

Uning soʻzlariga koʻra, ilovada “qonunga zid diniy matnlar” bor-yoʻqligini aniqlash uchun mutaxassis bilimi talab qilinadi.

“Dasturni yirik diniy mutasaddilarining tekshiruvi va fikrisiz olib tashlanishini eʼtiborsiz qoldirish mumkin emas”, dedi u. “Bunday xatti-harakatlar din va eʼtiqod erkinligini cheklashga kiradi.”

Islom masalasi Xitoy Kommunistik partiyasi uchun bosh ogʻriqqa aylangan, deydi Qohiradagi Al-Azhar universitetining shariat va huquq fakulteti professori, siyosiy tadqiqotchi Abdul Nabi Bakkar.

“Shu sababli Xitoy maʼmuriyatining fikricha, ijtimoiy tarmoqlardan islomiy ilovani oʻchirib tashlash – “islomiylashuv” toʻlqinini toʻxtatish yoʻlidagi muhim masala va maqsad boʻlishi lozim”, dedi u.

Ammo bu bilan “Xitoy mustahkam aloqalarga ega islomiy mamlakatlar bilan munosabatlarini xavf ostiga qoʻymoqda”, dedi u.

“Xitoy rasmiylari bir tomonlama qaror qabul qilib, Islom mamlakatlaridan olishi mumkin boʻlgan qoʻllab-quvvatlovini yoʻqotdi, sababi ular hatto ozgina ishonarli boʻlgan dalillarni taqdim etmadilar”, dedi Bakkar.

“Xitoyda masjid minoralari va islomiy ramzlar buzib tashlanmoqda”, deb yozgan Salaam Times nashrining afgʻonistonlik mushtariysi Pekinning besh yillik “xitoylashtirish rejasi” haqidagi maqolaga javoban.

Bu yangilik keng tarqalgan va ishonchli Qurʼon ilovasining oʻchirib tashlanishi fonida xavotirli, deydi mushtariy.

“Bu bilan Xitoy musulmonlarni qoʻrqitib qoʻymoqchi, uning hukumati esa onlayn-servislar va internetdagi maʼlumotlarni nazorat qilishga urinmoqda”.

Azonni taqiqlash

Prezident Si Szinpin bir necha yillardan beri “xitoylashtirish” siyosati tarafdori boʻlib kelgan.

Avgust oyidagi nutqida Si barcha diniy va etnik guruhlar “Xitoy birdamligi bayrogʻini baland koʻtarishi” kerakligini aytgan edi.

2018-2022-yillar uchun belgilangan “xitoylashtirish” rejasi doirasida Xitoy kommunistik partiyasi (XKP) rasmiylari masjidlarning gumbazlari, minoralari va boshqa islom arxitekturasi ramzlarini olib tashlamoqda, masjid karnaylaridan azon aytishni taqiqlamoqda.

Reja nafaqat aksar musulmonlar yashaydigan Shinjon viloyatida, balki butun Xitoy boʻylab faol ravishda amalga oshirilmoqda. Shinjondagi bu siyosat huquqbon tashkilotlar va ayrim Gʻarb davlatlari tarafidan genotsidga tenglashtirilgan.

Xitoy hukumati bu hududda bir milliondan ortiq uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlar, jumladan etnik qozoq va qirgʻizlarni “siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlari, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan 400 ga yaqin muassasalarda saqlab kelmoqda.

Yana millionlab odamlar qatʼiy kuzatuv va nazorat ostida yashamoqda.

Xitoy hukumati bu muassasalarni terrorchilikka barham berish va bandlik imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan “qayta tarbiyalash markazlari” deb ataydi.

Ammo bu muassasalar mudhish qonunbuzarlik yuz beradigan “konsentratsion lagerlarga” oʻxshash majburiy hibsda saqlash markazlari ekani haqidagi xabarlar keng tarqalgan.

Mustaqil tergovlar, sobiq mahbuslar bilan oʻtkazilgan suhbatlarda jismoniy va ruhiy qiynoqlar, ongni zaharlash, muntazam zoʻrlashlar, muslima ayollarning majburiy bichilishi, tana aʼzolarini majburan olish, jinsiy tahqirlash va boshqa dahshatli amaliyotlar tilga olingan.

Xitoy rasmiylari tomonidan Shinjonda boshqa jinoyatlar ham sodir etilgan – mintaqada 1000 dan ortiq imom va diniy arboblarning oʻzboshimchalik bilan hibsga olingani, qariyb 16000 masjidning buzilgani shular jumlasidandir.

2019-yilda AFP tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv davomida mintaqada oʻnlab qabristonlar vayron qilingani aniqlangan, ulardan chiqqan inson suyaklari va buzilgan qabrlarning gʻishtlari har tarafga sochilib ketgan.

[Bu maqolani tayyorlashga Qohiradan Volid Abul Xayr koʻmaklashgan]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500