OLMAOTA – Qozogʻistonliklar dunyo boʻylab millionlab foydalanuvchilar ishonchini qozongan Qurʼon ilovasining Xitoy hukumati tomonidan oʻchirib tashlanishini qoralash kampaniyasiga qoʻshildilar. Tahlilchilardan biri bu chorani “Xitoyning islomga qarshi siyosatining davomi”, deb atagan.
Shu oy boshida Apple kompaniyasi Quran Majeed ilovasini Xitoydagi App Store doʻkonidan olib tashlab, qariyb million foydalanuvchilar uchun oʻchirib qoʻydi, deb xabar beradi ilovani ishlab chiqqan Pakistan Data Management Services (PDMS) kompaniyasi.
PDMSga koʻra, Quran Majeed ilovasi “butun dunyoda 25 milliondan ortiq musulmonlarning ishonchini qozongan”. Ammo, Pekin hech qanday dalil keltirmay, ilovada noqonuniy diniy matnlar borligini daʼvo qilgan.
PDMSga koʻra, bu ilova orqali, jumladan Qurʼon oʻqish yoki tinglash, namoz vaqtlarini bilish, qiblani aniqlash hamda Makka va Madinadan jonli videotasvirlarni tomosha qilish mumkin.
Xitoy zulmining kengayishi
Xitoy oʻz hududida islomni yoʻq qilmoqchi, shu sababli Qurʼonning muqaddas matnlaridan foydalanishni qiyinlashtirmoqda, deydi qozogʻistonlik kuzatuvchilar.
“Men Quran Majeed ilovasini bilaman. Unda Qurʼon oyatlari, bayram va namoz vaqtlari haqidagi eslatmalardan boshqa narsa yoʻq. Unda shubhali, qolaversa ekstremistik ruhdagi matnlar umuman yoʻq”, deydi ekstremizmning oldini olish boʻyicha mutaxassis, olmaotalik Asilbek Izbairov Karvonsaroy nashriga.
Ilovaning Xitoy hududida oʻchirilishi Xitoyning islomga va mamlakat ichidagi musulmonlarga nisbatan siyosatiga xos, deydi Izbairov.
“Xitoyning islomga qarshi qatʼiy siyosatini “qayta taʼlim lagerlari” tufayli butun dunyoda yaxshi bilishadi”, deb aytgan u Shinjon viloyatidagi xalqaro miqyosda qoralangan, millionlab uygʻurlar va boshqa musulmonlar hibsda saqlanadigan qamoqxonalarni nazarda tutib.
Shinjondagi mahbuslar orasida etnik qozoqlar va qirgʻizlar, hatto Xitoyga qarindoshlarini koʻrgani kelganida qoʻlga olingan Qirgʻiziston va Qozogʻiston fuqarolari ham bor.
Sovet davrini eslatish
Qurʼon ilovasining sud qarorisiz platformadan olib tashlanishi sovetcha amaliyotni eslatadi, deydi Izbairov Sovet hukumatining sudlarsiz diniy yetakchilarni taʼqib qilganini yodga olib.
“Xitoyda kichik etnik guruhlarni assimilyatsiya qilish siyosati kuchaymoqda”, deydi u.
Ammo islom bor ekan, “dunganlar va uygʻurlar kabi etnik guruhlar hech qachon assimilyatsiya boʻlmaydi”, deb bashorat qildi u.
Ateistik ruhdagi Xitoy kommunistlari yoʻq boʻlib ketgan sovetlar kabi islom taklif qilgan muqobil eʼtiqod tizimini qabul qilmaydi, deydi u.
“Ular kompartiyaning jamiyatdagi ilmoniy qarashlarini qoʻllab-quvvatlab, islomni yoʻq qilishmoqchi”, deb aytgan u Xitoy rejimini nazarda tutib.
“Mafkuraviy nuqtai nazardan, Xitoy siyosati dindorlarni axborot manbaidan uzib qoʻyishdan iborat. Ilovaning oʻchirib tashlanganini shu bilan izohlash mumkin”, deydi Koʻkchatovdagi sobiq ekstremistlar bilan ishlash va ularni reabilitatsiya qilish boʻyicha “Akniyet” nodavlat tashkiloti rahbari Rustam Saduyev.
Shuningdek, rejim Xitoy boʻylab islom arxitekturasi ramzlarini yoʻq qilmoqda va masjidlarda siyosiy taʼlim olib borishga buyruq bermoqda.
Saduyev “musulmonlar uchun lagerlar yaratilganidan” keyin ham uygʻurlarning bosh egmayotganini olqishladi.
“Uygʻurlar jim boʻlgani yoʻq. Ular eʼtiqod huquqi uchun kurashishni boshladi”, dedi u.