OLMAOTA – Markaziy Osiyolik migrantlar muntazam ravishda zoʻravonliklar, qiynoqlar va jinsiy tahqirlashga duchor boʻladigan Rossiya qamoqxonalari va politsiya idoralaridagi sharoitlarning dahshatli manzarasini aks ettiruvchi yangi dalillar yuzaga chiqmoqda.
Shu oy boshida qiynoqlarga qarshi kurash boʻyicha Gulagu.net loyihasi tomonidan eʼlon qilingan videolavhada qamoqxona shifoxonasida yalangʻoch erkakning supurgiga oʻxshagan buyum bilan zoʻrlanishi ortidan rasmiylar Saratovdagi ish yuzasidan tergov boshlagan.
Ushbu videolavha mamlakat boʻylab qamoqxonalardagi qiynoq holatlarini aks ettiruvchi mingdan ortiq fayllardan biri boʻlgan.
Gulagu.net sayti shuningdek, Moʻgʻuliston yaqinidagi 200 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan Irkutsk viloyati Angarsk shahridagi 15-sonli jazoni ijro etish koloniyasi bilan bogʻliq voqeani ham fosh etgan. Muassasa qoʻriqchilari 2020-yil apreldagi gʻalayon uchun shafqatsiz qasos amaliyotini boshlab, kaltaklash va zoʻrlash orqali soxta iqrornomalar olish uchun mahbuslarni bir-biriga qarshi gij-gijlagan.
Angarsklik sobiq mahbus – 25 yashar Alekseyning (ismi xavfsizlik vajidan oʻzgartirilgan) soʻzlab berishicha, kameradoshlari qamoqxona rahbariyatining buyrugʻi bilan uning qoʻllarini bogʻlab, oyoqlaridan osib qoʻygan va gʻalayon vaqtida ikkita kamerani sindirganini tan olmagunicha kaltaklagan.
Qamoqdagi tartibsizliklardan soʻng, Aleksey va hozirda ozodlikka chiqib, AFP bilan suhbatda boʻlgan yana bir mahbus – asli tojikistonlik 40 yoshli Rustam (ismi oʻzgartirilgan) Irkutskdagi 1-sonli tergov izolyatoriga oʻtkazilgach, ularning holati yanada ogʻirlashgan.
Aynan oʻsha yerda mahbuslar qamoqxona nozirlarining buyrugʻi bilan ularga hujum qilishgan.
“Ular taqdirimni sindirishdi”, deydi mahbuslar tomonidan zoʻrlangan Aleksey Rossiya qamoq leksikonidagi iborani koʻzda tutib.
Oʻsha mahbuslardan biri Denis Golikovning aytishicha, 2020-yilning aprel-iyul oylari oraligʻida qoʻriqchilar unga 150 nafar mahbusni qanday qilib boʻlsa ham aybiga iqror qildirishni buyurganlar.
“Oʻldirishdan boshqa hamma narsaga ruxsat berilgan edi”, deyiladi uning AFP ixtiyoriga kelib tushgan guvohlik koʻrsatmalarida.
Markaziy Osiyolik jabrdiydalar
Jazoni oʻtab ozodlikka chiqqan tojikistonlik 36 yoshli Mahmud Karvonsaroy bilan telefon orqali suhbatida Angarskdagi qoʻriqchilar uni dubinkalar bilan urib, ikki qovurgʻasini sindirishganini aytdi.
“Men faqat jismoniy jarohatlar bilan qutuldim. Boshqalar bundan yomonroq holatga tushdilar”, deydi Mahmud jinsiy tajovuzga ishora qilib.
“Qiynoqlardan xoli Sibir” huquqbon tashkiloti rahbari, irkutsklik Svyatoslav Xromenkovning aytishicha, Rossiya qamoqxonalarida markaziy osiyolik migrantlarni qiynoqqa solish holatlari koʻp uchraydi.
U Tohirjon Bakiyev ismli oʻzbek bilan bogʻliq shov-shuvli holatni misol qilib keltirgan.
Gulagu.net saytining yozishicha, 2021-yil yanvarda Irkutskdagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasi mahbuslari maʼmuriyatning buyrugʻi bilan qasddan janjal chiqarib, musulmon Bakiyevni dini sababli haqoratlaganlar.
Bakiyevning kameradoshlari qamoqxona xodimlari koʻz oldida uni qiynoqqa solishgan. Mahkumlar Bakiyevni kaltaklagach, “uning orqasiga shvabra tiqib, ichki aʼzolariga shikast yetkazgan va jiddiy jarohatlagan”.
Shundan soʻng zoʻravonlar uni ikki qavatli karavot ostiga tashlab, sumkalar bilan yashirib qoʻyishgan.
Bakiyev ikki kundan koʻproq vaqt oʻtib, qamoqxona blokidagi informator Gulagu.net nashrini xabardor qilganidan keyingina qutqarilgan.
Markaziy Osiyolik mahbuslar ham rossiyalik mahkumlar tarafidan irqchilik asosidagi zoʻravonliklarga duch keladi, biroq ular kamdan-kam hollarda shikoyat qiladilar, deydi Xromenkov.
“Hibsga olingan yoki qamoqqa tushgan Markaziy Osiyoliklar shikoyat qilishdan choʻchiydi, chunki ozodlikka chiqqandan soʻng ular xorijliklar vaqtincha ushlab turiladigan maxsus muassasaga joylashtirilishi va deportatsiya qilinishi mumkin”, dedi u. “Shu sababli ular koʻpincha sukut saqlaydilar”.
“Mahbuslar deportatsiya boʻlishni istamaydilar, chunki ozodlikka chiqqandan keyin ham Rossiyada ishlashni xohlaydilar”, deydi u. “Ular chidaydilar yoki pora beradilar.”
Politsiya qiynoqlari va zoʻravonliklari
Xromenkovning soʻzlariga koʻra, migrantlarni kaltaklash va qiynoqqa solish axloq tuzatish muassasalaridan tashqarida ham keng tarqalgan boʻlib, aybdorlar odatda jazosiz qolishadi, chunki qurbonlar adolat izlashga harakat qilmaydilar.
“Bir kuni bizga Oʻzbekistondan kelgan butun bir qurilish jamoasi telefon qilib, Irkutsk viloyatidagi bir shaharchaning politsiya idorasida kaltaklanganidan shikoyat qildi, biroq ulardan birortasi ham ariza yozish uchun oldimizga shaxsan kelgani yoʻq”, dedi u.
Rossiya huquq-tartibot idoralari inson huquqlari, ayniqsa, migrantlar huquqlarini muntazam ravishda poymol qilib keladi.
Politsiya idoralarida migrantlarni qiynoqqa solish holatlari tez-tez yuz berib turadi, bu odatiy holat, deydi Rossiyadagi Markaziy Osiyolik mehnat migrantlariga huquqiy yordam koʻrsatuvchi Moskvadagi “Utro Mira” nodavlat tashkiloti raisi Valentina Chupik.
“Politsiya migrantlarni hibsga oladigan boʻlsa, soatlab, baʼzan kunlab ovqatsiz, suvsiz va hojatxonasiz, tashqarida quyosh tagida, yomgʻir ostida yoki sovuq havoda, yoxud 20 kvadrat metrli kamerada 70 kishi bilan ushlab turishi mumkin va koʻp hollarda ular kaltaklanadilar”, dedi u.
Chupik politsiyaning qonunbuzarliklariga 25-sentabr kuni Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari uni Armaniston safaridan qaytgach, Moskvaning Sheremetevo aeroportida qoʻlga olganida shaxsan oʻzi guvoh boʻldi.
15 yildan ortiq Rossiyada yashagan boʻlishiga qaramay, rasmiylar uning hujjatlarini olib qoʻyib, 2-oktabrgacha aeroportdagi hibsxonada ushlab turishgan, soʻngra u Armanistonga qaytib ketgan va oʻsha yerda qolgan.
Kreml unga byurokratik sabab bilan Rossiyaga kirish 30 yilga taqiqlangani aytsa-da, FSB zobitlaridan biriga koʻra, bunga aslida uning Ichki ishlar vazirligini tez-tez tanqid qilib turishi sabab boʻlgan.
Chupikka koʻra, Rossiya politsiyasi migrant ayollarga nisbatan ham qiynoqlar qoʻllaydi.
“Ularni jismonan doʻpposlashmasa ham, uzoq muddat ovqat va suvsiz, hojatga chiqarmay qamoqda ushlashadi”, deb aytgan u.
Kaltaklangan va qiynoqqa uchragan migrantlar odatda bu haqda xabar bermaydi yoki shifoxonaga bormaydi, chunki ular bunday vaziyatlarda oʻz huquqlarini qanday himoya qilishni bilmaydilar, deb aytgan Chupik.
Rossiya OAV qamoqxonalardagi qiynoqlarni qoralasa-da, Markaziy Osiyoliklarga nisbatan rasmiylar tomonidan har kuni qoʻllaniladigan zoʻravonliklar borasida sukut saqlaydi.
“Rossiya OAV migrantlarning qiynoqqa solinish holatlarini deyarli yoritmaydi”, deydi Moskva supermarketlaridan birida kassir va sotuvchi boʻlib ishlaydigan Jibek Kangeldiyeva.
“Rossiya fuqarolarining huquqlari ularnikidan yuqoriroq baholanadimi?”
Sovet davriga qaytish
Bu orada Rossiyadagi siyosiy mahbuslar soni joriy yilda keskin oshgan, bu tendensiya Sovet davri repressiyalarini yodga solmoqda, deb xabar beradi chorshanba (27-oktabr) kuni Rossiyadagi inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha “Memorial” tashkiloti AFP nashriga.
Tashkilot Rossiyada kamida 420 ta siyosiy mahbusni roʻyxatga olgan, oʻtgan yili ularning soni 362 ta edi.
“Afsuski, raqamlar har yili muntazam ravishda oshib bormoqda”, deydi “Memorial”ning siyosiy mahbuslarni qoʻllab-quvvatlash dasturi rahbari Sergey Davidis inson huquqlariga tahdidni nazarda tutib.
“Bu juda achinarli va xavotirli haqiqat.”
“Memorial” oʻz hisob-kitoblari orqali siyosiy mahbuslarni aniqlashda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) va Yevropa Kengashining koʻrsatmalaridan foydalanadi, ammo haqiqiy raqamlar “bundan ikki va hatto uch marta koʻp boʻlishi mumkin”, deydi Davidis.
“Ular Sovet davridagi raqamlar bilan solishtirgulik.”
Sovet davriga oid dissidentlar hisob-kitobiga koʻra, 1987-yilda Sovet Ittifoqida 700 dan ortiq siyosiy mahbus boʻlgan.
“Sovetlar vaqtida amalda boʻlgan usullarga qaytyapmiz”, deydi Sovet davri dissidenti va jurnalisti Aleksandr Podrabinek oʻsha vaqtlarda oʻzgacha fikrlovchilar sud tizimi orqali jazolangani va qamoqxonalarda keng miqyosda qiynoqlar qoʻllanganini nazarda tutib.