TOSHKENT – Rossiya mintaqa davlatlarining tashqi siyosatga oid muhim qarorlarni qabul qilishda ularning mustaqilligiga putur yetkazishga harchand urinmasin, Qoʻshma Shtatlar Afgʻoniston boʻyicha Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda.
Mintaqadagi anʼanaviy taʼsirini yoʻqotishdan choʻchiyotgan Kreml Afgʻonistonga qoʻshni davlatlarni oʻz hududiga AQSH yoki NATO kuchlarini kiritmaslikka chaqirmoqda.
Oʻtgan chorshanba (27-oktyabr) kuni Afgʻoniston bilan chegaradosh davlatlar vazirlarining onlayn anjumani chogʻida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kreml xavotirini izhor qilgan holda Qoʻshma Shtatlar va Gʻarb Afgʻoniston haqida qaygʻurmayotgani, ular uchun bu mamlakat faqat oʻzlarining gʻarazli geosiyosiy maqsadlariga erishish uchun qulay bir vosita ekanligini taʼkidlagan.
Anjumanda Rossiyadan tashqari Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston ham qatnashgan.
Lavrovning bayonoti amerikalik diplomatlar va harbiy mutasaddilar Afgʻonistondagi voqealar munosabati bilan Toshkentda chegara xavfsizligi masalasi yuzasidan muzokaralar oʻtkazishi ortidan yangragan.
“Oʻzbekiston Vashington va Toshkent oʻrtasida mustahkam aloqalar oʻrnatish umidida AQSH rasmiylari bilan jadal axborot kampaniyasini olib bormoqda va bu ish berayotgan koʻrinadi”, deb yozgan edi AQSHning Politico nashri oktabr oyida.
Oktabr oyida Pentagon rasmiylari xavfsizlik masalalarini muhokama qilish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurdi, deb yozadi Politico AQSH Mudofaa vazirligi rasmiysi va Kongress aʼzosiga tayanib.
Uchrashuvda amerikalik harbiylarga mintaqada qolish, vaziyatni kuzatish va kerak boʻlganda Afgʻonistondagi nishonlarga zarba berish imkonini beradigan “ufq ortidagi” aksilterror kuchlarini joylashtirish ehtimoli asosiy mavzuga aylandi.
Bayden maʼmuriyati bir necha oydan beri Oʻzbekiston va Afgʻoniston bilan chegaradosh boshqa davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqda, ammo aniq natijalar haqida hozircha hech narsa maʼlum emas.
Oʻzbekiston ham bu kabi munozaralar yuzasidan sukut saqlab kelmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasining toʻrt aʼzosidan iborat delegatsiyani qabul qilgani aytilgan Oʻzbekiston hukumatining rasmiy bayonotida faqat insonparvarlik operatsiyalari haqida soʻz yuritilgani hisobga olinmasa, Afgʻoniston deyarli zikr qilinmagan.
OAVda oʻzbeklar va tashrif buyurgan delegatlar Oʻzbekistonda AQSH harbiy kuchlarini joylashtirish masalasini muhokama qilgan-qilmagani haqida xabar berilmagan.
Biroq, ayrim amerikalik kongressmenlar Oʻzbekistonni AQSHga mintaqaviy manfaatlarni himoya qilishda yordam bera oladigan oʻziga xos pozitsiyaga ega davlat deb biladilar, deb yozadi Politico.
Oʻzbekistonga tashrif buyurgan toʻrt amerikalik delegatdan biri, Kongress aʼzosi Avgust Pflyuger Politico nashriga bergan intervyusida “Mintaqadagi terrorchi unsurlarning ehtimoliy boshpanasiga geografik jihatdan yaqin doʻstga ega boʻlish taktik va strategik jihatdan muhim” deb taʼkidlagan.
Markaziy Osiyoda Rossiyaning Qirgʻiziston va Tojikistonda harbiy bazalari bor. Qozogʻiston Afgʻoniston bilan chegaradosh emas, Turkmaniston esa oʻzining betaraflik tamoyiliga amal qiladi.
“Rossiyaning 201-harbiy bazasi va “Okno” harbiy kosmik majmuasi joylashgan Tojikistonda AQSH qoʻshinlarining joylashtirilishi ehtimoldan yiroq”, deydi xavfsizlik boʻyicha toshkentlik ekspert Ravshan Nazarov Karvonsaroy bilan suhbatda.
“Abadiy neytralitet” tamoyiliga ega Turkmaniston ham AQSH qoʻshinlari va bazalarini joylashtirishga rozilik bermayapti. Faqat Oʻzbekiston qolmoqda”, deydi Nazarov.
Qoʻshma Shtatlar 2001-2005-yillarda Afgʻonistondagi operatsiyalar uchun Oʻzbekistonning Qarshi-Xonobod havo bazasidan foydalangan.
Rossiya bilan bogʻliq xavotirlar
Oʻzbekiston hali yakuniy qarorga kelgani yoʻq, biroq AQSH bilan ehtimoliy hamkorlik hozirdanoq ekspertlar hamjamiyatida qizgʻin muhokamaga sabab boʻlmoqda.
Afgʻonistonda toliblar iqtidorda ekan, Oʻzbekiston AQSH va Rossiya uchun muhim boʻlib qoladi, deydi toshkentlik tahlilchi va jurnalist Anora Sodiqova.
Uning aytishicha, ikkala davlat ham Oʻzbekiston bilan hamkorlikka muhtoj.
“Ammo, men Rossiya bizni hozirgi Tolibon rejimidan himoya qiladi, degan gap-soʻzlarga qarshiman. Aslida biz Rossiyaning oʻzidan himoyalanishimiz kerak”, dedi Sodiqova Karvonsaroyga.
“Qoʻshma Shtatlar Afgʻoniston boʻyicha Oʻzbekiston bilan hamkorlik qiladi, chunki vaziyatning oʻzi shuni taqozo etmoqda”, dedi u.
“Oʻzbekistonda harbiy bazalar joylashtiriladimi-yoʻqmi, buni aytish qiyin, biroq AQSHda oʻzbekistonlik harbiy mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha hamkorlik zarur”.
“Markaziy Osiyoda, jumladan Oʻzbekistonda xavfsizlik va ekstremizmning oldini olish nuqtai nazaridan bu davlatlar koʻplab mamlakatlar, jumladan AQSH bilan ham hamkorlik qilishga majbur boʻladilar”, deydi toshkentlik siyosatshunos Anvar Nazirov.
“AQSH harbiy qudrati va koʻmagisiz Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash mushkul boʻladi”, dedi u Karvonsaroyga.
“Afgʻoniston masalasiga kelsak, bu borada Rossiyadan koʻra AQSH bilan hamkorlik qilish manfaatliroq boʻlardi”, deb qoʻshimcha qildi u.
AQSH bilan hamkorlik “Rossiya bilan hamkorlikdan manfaatliroq”, chunki Oʻzbekiston iqtisodiyoti Gʻarb davlatlarining ijobiy munosabati va investitsiyalar shaklida qoʻshimcha siyosiy, savdo va iqtisodiy afzalliklarga ega boʻladi, dedi Shvetsiyada yashaydigan oʻzbekistonlik sobiq siyosatchi Poʻlat Oxunov.
“Markaziy Osiyoda osoyishtalikni taʼminlash borasida esa... AQSH va Rossiya bilan hamkorlik qilish eng toʻgʻri yoʻl boʻladi”, dedi u Karvonsaroyga.
“Oʻzbekiston osoyishtalikni taʼminlash yoʻlida bu davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik uchun maydon vazifasini bajarishi mumkin”.
Rossiya boshchiligidagi bloklarni rad etish
Oʻz navbatida Markaziy Osiyoda chor mustamlakachiligi, sovet va postsovet davrini oʻz ichiga olgan koʻp asrlik tajribaga ega Kreml Oʻzbekistonni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (ODKB) qayta aʼzo boʻlishga chaqirib kelmoqda.
2012-yilda KXSHTdan chiqqan Oʻzbekiston oʻshandan beri oʻz uchun AQSH va Rossiya oʻrtasida yoʻl solishga urinib keladi.
“Biz Afgʻonistondagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida yangi xavfsizlik kelishuvlari tuzishni muhokama qilmayapmiz”, degan edi Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov oktyabr oyida “Gazeta.uz” nashrida.
Uning aytishicha, mamlakatning KXSHTga qayta aʼzo boʻlishiga hojat yoʻq, chunki u harbiy hujum kutmayapti. Oʻzbekistonning xavfsizlik sohasidagi asosiy maqsadi terrorizmga qarshi kurashdir.
Ayrim oʻzbek kuzatuvchilari Kremlning boʻgʻuvchi “quchogʻini” olqishlashga hojat yoʻq, deb hisoblaydilar.
“KXSHT va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kelsak, Oʻzbekiston bu tashkilotlarga qoʻshilmaydi”, deydi AQSHda yashayotgan oʻzbekistonlik sobiq siyosatchi Nigora Hidoyatova.
“Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi soʻnggi nizolar KXSHTning layoqatsizligini koʻrsatdi, iqtisodiy jihatdan bankrot boʻlgan YOII esa, iqtisodiy emas, balki koʻproq siyosiy ittifoqdir”, dedi u.
“Shunga qaramay, Kreml Toshkentni KXSHTga aʼzo boʻlishga undab kelmoqda”, deydi oʻzbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Karvonsaroy nashriga.
“Oʻzbekiston rasmiylari bu blokka qoʻshilish mamlakatning strategik manfaatlariga mos emasligini tushungani bois, KXSHTga aʼzo boʻlishga hech qachon qiziqish bildirmagan”, deydi u.
Oʻzbekiston hech qanday saboq olmayapti. Ukraina va boshqa mamlakatlarga boqing; siz bilan ham xuddi shunday boʻladi, sizni oldindan ogohlantirishgan.
Javob berishXoʻsh, Ukrainada urushni kim boshladi? Rashka emasmi? Agar yoqmasa narsalaringni yigʻishtirib qishlogʻingga sur bu yerdan.
Javob berishFikrlar 3
Biz Afgʻonistonga 20 yildan beri yordam berib kelyapmiz
Javob berishFikrlar 3