Karvonsaroy
Salomatlik

Rossiya va xorijda “Sputnik V” vaksinasiga nisbatan ishonchsizlik saqlanib qolmoqda

Karvonsaroy va AFP

20-oktabr kungi surat: COVID-19 bemorlari uchun moʻljallangan Moskva kasalxonasining intensiv davolash boʻlimidagi shifokorlar. [Dimitar Dilkoff/AFP]

20-oktabr kungi surat: COVID-19 bemorlari uchun moʻljallangan Moskva kasalxonasining intensiv davolash boʻlimidagi shifokorlar. [Dimitar Dilkoff/AFP]

MOSKVA – Baʼzilar uni “tajribaviy” deb atasa, ayrimlar hukumatga ishonmayapti, hatto emlanganlik haqida soxta sertifikatlar sotib olayotganlar ham bor – mamlakatda koronavirusning rekord darajada avj olishi kuzatilar ekan, rossiyaliklar “Sputnik V” bilan emlanishga qatʼiy qarshilik qilib kelmoqdalar.

COVID-19 pandemiyasidan eng koʻp zarar koʻrgan davlatlar safidan joy olgan Rossiyada bu yil kuzdagi halokatli toʻlqin oqibatida kasallanishlar va oʻlimlar soni yangi rekordni qayd etgan – kuniga 1000 dan ortiq oʻlim.

Ammo mamlakatda mahalliy ishlab chiqarilgan bir nechta vaksina, jumladan “Sputnik V” mavjud boʻla turib, u bilan aholining uchdan bir qismigina emlangan.

Dushanba (1-noyabr) kuni butun dunyodagi koronavirus qurbonlari soni besh milliondan oshar ekan, rossiyaliklarning shubhalari jahonda COVIDga qarshi kurashda hali ham qiyinchiliklar mavjud ekanligini koʻrsatgan.

21-oktabr kuni Moskvadagi vaksinatsiya markazida bemorni Rossiyaning COVID-19ga qarshi “Sputnik V” vaksinasi bilan emlayotgan tibbiyot xodimi. [Dimitar Dilkoff/AFP]

21-oktabr kuni Moskvadagi vaksinatsiya markazida bemorni Rossiyaning COVID-19ga qarshi “Sputnik V” vaksinasi bilan emlayotgan tibbiyot xodimi. [Dimitar Dilkoff/AFP]

Oʻtgan yili roʻyxatga olingan koronavirusga qarshi ilk vaksina sifatida prezident Vladimir Putin tomonidan katta shov-shuv bilan eʼlon qilingan “Sputnik V” bilan mamlakatdagi klinikalar va vaktsina markazlarida bepul emlanish mumkin.

Rossiya rejimi Gʻarbda ishlab chiqarilgan vaksinalarni yomonlash bilan bir qatorda, “Sputnik V”ni ommalashtirish boʻyicha keng qamrovli targʻibot kampaniyasini boshlagan edi.

Ammo, sogʻliqni saqlash sohasidagi xalqaro ekspertlarga koʻra, “birinchi” boʻlishga shoshilish sifat nazoratining pasayishiga olib kelgan.

Bu orada Kremlning Gʻarb mamlakatlarida ishlab chiqarilgan COVID-19 vaksinalarini qoralash va odamlarni chalgʻitishga qaratilgan “davlat qoʻllovidagi dezinformatsiya” kampaniyalarini kuchaytirishga tayyorligi teskari natija bergan koʻrinadi.

“Ishonch yoʻq”

Pandemiya sohasida burilish yasaydi degan iddao bilan Rossiya ilm-fanining namoyishi oʻlaroq taqdim etilgan “Sputnik V” jamoatchilik ishonchini qozona olmadi – soʻrovlarga koʻra, Rossiyadagi respondentlarning yarmidan koʻpi u bilan emlanmoqchi emas.

Familiyasini ochiqlashni istamagan 52 yoshli tadbirkor Vyacheslav kabi rossiyaliklarning vaksinaga ishonch bildirishi uchun hukumat hech qanday asos bermagan.

“Hukumat turli masalalarda bizga yolgʻon gapiradi. Nega endi vaksinatsiya borasida ularga ishonishimiz kerak?” deya savol beradi u tizzasiga sport sumkasini qoʻygan holda Moskvadagi basseynlardan birida suzishga hozirlik koʻrayotib.

“Menda ishonch yoʻq”, dedi u.

Hatto Svetlana Jetluxina kabi koronavirus bilan ogʻrigan ayrim odamlar hamon vaksina olishdan bosh tortmoqda.

“Bu tajribaviy vaksina”, deydi 54 yashar moliyaviy tahlilchi hali “Sputnik V” haqida yetarlicha “ilmiy maʼlumotlar” yoʻqligini taʼkidlab.

Men maymun emasman”, dedi u.

Hamma joyda boʻlgani kabi, Rossiyada ham antivakserlar (emlashga qarshilar) bor. Ammo barcha vaksinalarga qarshi boʻlgan odamlardan tashqari, “bu vaksinani ishlab chiqqanlarga va Rossiya hukumatiga ishonmaydigan rossiyaliklar ham talaygina”, deydi antropolog Aleksandra Arxipova.

Ular “hukumatdan yaxshilik kutish xato, bizdagi laboratoriyalar yaxshi vaksina u yoqda tursin, aspirin ishlab chiqarishga ham qodir emas”, degan fikrdalar, dedi u.

67 yoshli pensioner Tamara Alekseyevaning aytishicha, “Sputnik” Gʻarb vaksinalaridan ustun ekanligi haqidagi Kremlning daʼvolari unda shubhalar paydo qilgan.

“Ular bizda SSSR vaqtidagi kabi dunyoning eng zoʻr olimlari borligiga ishonishimizni istaydilar”, dedi u metro bekatiga qarab oshiqar ekan.

“Ammo men bu vaksinani hech qachon qabul qilmayman.”

“Sputnik V” bilan millionlab odamlar emlangan boʻlib, uning samaradorligi va xavfsizligi Britaniyaning nufuzli tibbiyot nashri The Lancet tomonidan tasdiqlangan.

Ammo u hali Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti yoki Yevropa dori vositalari agentligi tomonidan tasdiqlanmagan – bu rossiyaliklarni tashvishga solayotgan yana bir faktdir.

“Bu shubhali”, deydi Vyacheslav qoshlarini chimirgancha.

“Ishonchni qaytarish”

Kreml bu vaksinalarga katta umid bogʻlab, koʻplab mamlakatlarda joriy etilgan qatʼiy cheklovlardan qochishga urindi.

Ammo amaldagi siyosat kasallanish holatlarni kamaytira olmagani sababli, rasmiylar 30-oktabrdan 7 noyabrgacha butun mamlakat boʻylab ishlanmaydigan haftani joriy qildilar.

Xizmat koʻrsatish sohasidagi ayrim xodimlar uchun ham majburiy vaksinatsiya koʻzda tutilgan boʻlib, jamoat joylarida ishlash uchun emlanganlik sertifikatini talab qilish choralari koʻrilmoqda.

Ammo, soxta sertifikatlar bozorining gullab-yashnayotgani tufayli ishonchsizlik ruhidagi rossiyaliklar buni ham aylanib oʻtish yoʻlini topmoqdalar.

45 yoshli tadbirkor Aleksandr bepul vaksina olish oʻrniga soxta sertifikat sotib olish uchun 5500 rubl (80 dollar) sarflashni maʼqul koʻrganini va shunday qilgan “koʻp odamlarni” bilishini aytdi.

Kreml chorasizlikdan rossiyaliklarni vaksina olishga chaqirmoqda, oktabr oyi oʻrtalarida Putin xalqdan “masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishni” soʻragan.

Bu borada hukumatni keskin kurash kutib turibdi.

“Levada” mustaqil markazi sotsiologi Stepan Goncharovga koʻra, soʻrovda qatnashganlarning “chamasi 50-55 foizi” vaksinatsiyaga qarshi ekanligini aytgan va bu koʻrsatkich bir necha oy davomida saqlanib qolgan.

Vaksinatsiya uchun kurashda muvaffaqiyatga erishmoqchi ekan, Kreml bir necha oyga choʻzilgan harakatsizlik va ogohlantirishlar ortidan “yanada izchilroq siyosat” joriy qilish bilan “odamlar ishonchini qayta qozonishi kerak”, deydi u.

Shifoxonalarning bemorlar bilan toʻlib, sogʻliqni saqlash tizimiga yuklama ortar ekan, shifokorlarga koʻra, COVID-19 bilan jiddiy ogʻrigan shaxslar vaksinatsiya yoʻlida eng yaxshi ishonchli vakil boʻla oladi.

“Omon qolganlar bizning ittifoqchilarimizga aylanadilar”, deydi Moskvadagi Sklifosovskiy institutining tez tibbiy yordam shifoxonasi doktori Yevgeniy Ryabov.

“Shifoxonadan chiqqach, ular yaqinlariga vaksina olish kerakligini aytadilar.”

Markaziy Osiyodagi xavotirlar

Kreml rejimi va Rossiyada ishlab chiqarilgan vaksinaga nisbatan ishonchsizlik chegaralar osha Markaziy Osiyoga ham yetib borgan.

Rossiyadagi Markaziy Osiyolik migrantlar “Sputnik V” vaksinasidan samarasizroq boʻlgan va tasdiqlanmagan “Sputnik Layt” bilan majburan emlangan hamda buning uchun odatdagidan uch barobar koʻproq haq toʻlashgan.

“Kuchsiz vaktsina biz uchun nafaqat qimmatroqqa, balki majburan sotilmoqda”, deb aytgan edi Moskvadagi kafeda ofitsiant boʻlib ishlaydigan oʻzbekistonlik Bahrom Islomov iyul oyida.

Ish beruvchilar vaksina haqini oʻz zimmasiga olishi kerak boʻlsa-da, koʻp hollarda bunday boʻlmaydi.

“Vaksina olganimdan keyin menejerim shundoq ham oz maoshimdan uning haqini ushlab qolishini aytgan”, deydi Islomov.

“Vaksina olishdan bosh torta olmayman, aks holda ishdan boʻshatishadi”, deydi u.

Qozogʻistonda koʻpchilik shifokorlar, sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari “Sputnik V” vaksinasiga qaramlikni kamaytirishga umid qilishmoqda.

Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi “COVID-19 virusini yuqtirish xavfi ostida boʻlgan guruhdagilarga toʻgʻri kelmaydi”, degan edi Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Marat Shoranov 2020-yil sentabrda boʻlib oʻtgan onlayn brifing chogʻida.

“Sputnik V samaradorligi shubhali maxfiylik pardasi bilan oʻralgan”, deb aytgan Olmaotadagi birlamchi tibbiy yordam shifokori Aygerim Jakasheva.

“Rossiya qanday qilib “Sputnik V” vaksinasini aniq sinovdan oʻtkazganini yashirmoqda”, dedi Jakasheva. “Ular klinik protokolni ochiqlamayaptilar. Namuna kichik hajmda va koʻngillilarda sinov oʻtkazish uchun yetarli emas. Bizga faqat loyihani moliyalashtirgan tashkilotning press-relizi topshirilgan, xolos.”

“Rossiya oʻz vaksinasi samaradorligini qay tarzda baholagani tushunarsiz”, deb qoʻshimcha qilgan u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500