Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Rossiyaning YOIIni kengaytirishga oid saʼy-harakatlari tengsizlikni kuchaytirishga intilish deb baholanmoqda

Kseniya Bondal

21-oktyabr kuni Belarusning Minsk shahrida boʻlib oʻtgan yuqori darajali uchrashuvda YOIIning yagona bojxona tizimini yaratish masalasi muhokama qilingan. [YOIK]

21-oktyabr kuni Belarusning Minsk shahrida boʻlib oʻtgan yuqori darajali uchrashuvda YOIIning yagona bojxona tizimini yaratish masalasi muhokama qilingan. [YOIK]

OLMAOTA – Rossiyaning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini (YOII) kengaytirishga oid davomli saʼy-harakatlari Markaziy Osiyo davlatlari uchun deyarli hech qanday foyda keltirmaydi, deydi mutaxassislar.

YOIIga Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Armaniston va Belarus kiradi.

Ittifoqni kengaytirish yoʻlidagi soʻnggi choralarning birida YOIIning boshqaruvchi organi – Kreml nazoratidagi Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YOIK) yagona bojxona tizimini yaratishga oid shartnoma imzolanishini tezlashtirishga urindi.

Tegishli shartnoma loyihasi 21-oktyabr kuni YOIK hayʼatining yuqori darajali uchrashuvida muhokama qilingan, deb xabar bergan YOIK.

19-oktyabr kuni YOIK onlayn uchrashuv oʻtkazdi. [YOIK]

19-oktyabr kuni YOIK onlayn uchrashuv oʻtkazdi. [YOIK]

Hujjatga oid tafsilotlar kam ekaniga qaramay, shartnoma ittifoq aʼzosi boʻlmagan mamlakatlarga tizimga qoʻshilish imkonini beradi.

“Hujjat amaliyotni uchinchi davlatlarga nisbatan qoʻllash imkonini beruvchi bojxona tranzit tartibining asosiy elementlari va kafolat mexanizmlari tavsifini oʻz ichiga oladi”, deyiladi YOIK bayonotida.

Bunday shartnoma Rossiyaga YOII ichida muhsulotlarni kuzatish va nazoratni kuchaytirish imkonini beradi, deydi Pragada yashovchi qozogʻistonlik iqtisodchi Yerkin Dayir.

Yagona tranzit tizimi doirasida Rossiya aʼzo davlatlarga oʻz qoidalarini oʻtkazishi mumkin, bu 2015-yilda YOIIga asos solinganida uning rejalaridan biri boʻlgan, deydi u.

Masalan, Moskva 2014-yilda Rossiya bosib olgan Ukrainaga Qozogʻiston mahsulotlari eksportini cheklashi mumkin yoki Qirgʻiziston chegarasi orqali YOIIga kirib keladigan Xitoy mahsulotlar oqimini toʻxtatishi mumkin, deydi Dayir.

Xavotirli ekspansiya

YOII ekspansiyasi, ayniqsa Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun xavotirli, ular ittifoqqa aʼzolikdan Rossiyaga nisbatan ancha kam foyda koʻrishadi, deydi kuzatuvchilar.

“YOIIdan, ittifoqning yagona bozori shakllanishidan foyda koʻradigan tomon shubhasiz Rossiya ekanligi ravshan”, deb aytgan olmaotalik moliyachi Arman Beysembayev Karvonsaroyga.

YOII ish boshlashidan avvalgi muzokaralarda Qozogʻiston vaziyat umuman boshqacha boʻlishiga umid qilgan edi, deydi Beysembayev.

Qozogʻiston “Rossiya mahsulotlarimizni sotishimiz bizga ishchi kuchi borishi mumkin boʻlgan bozorini ochib beradi va biz bu ittifoqda daromad olamiz deb umid qilgan”, deydi u.

Ammo, voqelik boshqacha boʻlib chiqdi.

Rossiya imperialistik siyosat barpo etmoqda, deydi u. Qozogʻiston va boshqa davlatlar chetda qolgan bir vaqtda, u oʻzini metropoliya yoki “ona aridek” tutyapti.

Shu munosabat bilan Rossiya “yon atrofdan resurslarni chiqarib oladi, YOIIda ham xuddi shunday boʻladi”, deydi u.

“Qozogʻiston qoʻshnichilikdan qochib keta olmaydi. YOIIga ishonchimiz tufayli qoʻshilib qolganmiz, endi jim oʻtirib, lom-mim demasligimiz kerak”, deb qoʻshimcha qilgan Beysembayev.

YOIIning manfaatlari “notekis taqsimlangan”, deydi Nur-Sultondagi Amaliy iqtisodiyot tadqiqotlari markazi yetakchisi Yevgeniya Pak.

“Shuning uchun ham Qozogʻistonning YOII mamlakatlariga eksportining 89 foizi va importining 94 foizi Rossiyaga toʻgʻri keladi”, deb aytgan u Karvonsaroy nashriga.

“YOII iqtisodiy qarorlarni muvofiqlashtirish va aʼzo mamlakatlarning mustaqilligini himoya qilishni nazarda tutgan har tomonlama manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan holda tuzilishi kerak”, deb aytgan Pak.

YOII ichida, jumladan Rossiya va Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlik va integratsiya zaiflashgan, deydi Pak. Buning sabablardan biri COVID-19 pandemiyasi natijasida kelib chiqqan ijtimoiy-iqtisodiy boʻhron boʻlgan.

“Hamkorlikning asosiy cheklovlari, makroiqtisodiy siyosatlarning toʻqnashuvi va aʼzo davlatlarning yuqori oʻzgaruvchanligi, shuningdek qazilma sanoati hukm suradigan YOII iqtisodiy tizimi sabablidir”, deydi u.

“Buning barchasi avval ham boʻlgan, ammo pandemiya sababli kuchayib ketgan.”

Siyosiylashtirish

Bu orada Moskva YOIIdan mintaqada oʻz siyosiy maqsadlarini kuchaytirish uchun foydalanishga harakat qilgan.

Shu yilning boshida Qozogʻiston Moskvaning YOII aʼzolarini iqtisodiy blokdan tashqarida ham yaqinroq hamkorlik qilish chaqiriqlarini rad etgan edi.

19-may kuni Yevroosiyo oliy iqtisodiy kengashi (YOOIK) uchrashuvi chogʻida 2025-yil uchun Yevroosiyo iqtisodiy integratsiyasini rivojlantirishning strategik yoʻnalishlari taklifi muhokama qilindi, deyiladi Qozogʻiston prezidenti Qosim Joʻmart-Toʻqayevning matbuot xizmati bayonotida. YOOIK – YOIIning eng yuqori organi boʻlib, unga ittifoqqa aʼzo davlatlar va hukumatlar rahbarlari kiradi.

Taklif qilingan loyihani rad etgan Toʻqayev hujjatning sogʻliqni saqlash, taʼlim va fan kabi noiqtisodiy masalalarni ham oʻz ichiga olganini taʼkidlagan.

“(Bu kabi) masalalarning toʻliq Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi vakolatiga kiritilishi uning iqtisodiy yoʻnalishini sezilarli oʻzgartirishi mumkin, yaʼni bu YOII tashkil etilishiga oid 2015-yilgi shartnoma mohiyatiga ziddir”, deb aytgan Toʻqayev sammit chogʻida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rashka eng chirigan va fashistik mamlakat

Javob berish