Karvonsaroy
Din

Ayrim tolibon jangarilari oʻz yetakchilaridan farqli ravishda musulmonlarga zulm qilayotgan Xitoyga qarshi jihodga chaqirmoqda

Umar

22-oktyabr kuni Hirot shahrida qoʻriqchilik qilayotgan Tolibon jangarilari. [Umar/Salaam Tayms]

22-oktyabr kuni Hirot shahrida qoʻriqchilik qilayotgan Tolibon jangarilari. [Umar/Salaam Tayms]

HIROT – Tolibon yetakchilari mablagʻ va xalqaro legitimlikka erishish umidida Pekinga tobora yaqinlashar ekan, guruh aʼzolari Afgʻoniston koʻchalarida Xitoyning Shinjondagi musulmonlarga nisbatan zulmi va ommabop Qurʼon ilovasini taqiqlaganiga norozilik bildirmoqda.

Oʻtgan oy Apple Xitoydagi App Store doʻkonidan Quran Majeed ilovasini olib tashlab, uni millionlab foydalanuvchilar uchun oʻchirib qoʻygan.

Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, “butun dunyoda 25 milliondan ortiq musulmonlar uchun ishonchli hisoblangan” bu ilova orqali, jumladan Qurʼon oʻqish yoki tinglash, namoz vaqtlarini bilib borish, (Makka) qiblani aniqlash hamda Makka va Madinadagi jamoat namozlarining jonli videotasvirlarni tomosha qilish mumkin.

Pekin ilovani taqiqlash uchun Xitoyda internet orqali kitoblar yoki jurnallarni tarqatishga ruxsatnoma talab qiladigan qonunni bahona oʻlaroq qoʻllab, musulmonlarni diniy erkinliklari va huquqlaridan mahrum qildi.

Xitoyning Shinjon viloyati, Qashgʻar shahridan shimoldagi asosan musulmon etnik ozchiliklar vakillari hibsda saqlanadigan, Xitoy rejimining “qayta tarbiyalash” lagerlaridan biri boʻlgan Artush shahridagi kasb-hunar taʼlimi markazi. [Greg Beyker/AFP]

Xitoyning Shinjon viloyati, Qashgʻar shahridan shimoldagi asosan musulmon etnik ozchiliklar vakillari hibsda saqlanadigan, Xitoy rejimining “qayta tarbiyalash” lagerlaridan biri boʻlgan Artush shahridagi kasb-hunar taʼlimi markazi. [Greg Beyker/AFP]

Xitoy gʻarbidagi Shinjon mintaqasi Xotan shahridagi bozorda bolasini koʻtarib turgan muslima ayol. Shinjon ayollari homiladorlikdan saqlovchi vositalar qabul qilishga yoki sterilizatsiyaga, homiladorlikni sunʼiy toʻxtatishga, farzandlari koʻp boʻlsa, katta jarimalar toʻlashga va hayzni toʻxtatuvchi dorilar ichishga majburlangan. [Greg Beyker/AFP]

Xitoy gʻarbidagi Shinjon mintaqasi Xotan shahridagi bozorda bolasini koʻtarib turgan muslima ayol. Shinjon ayollari homiladorlikdan saqlovchi vositalar qabul qilishga yoki sterilizatsiyaga, homiladorlikni sunʼiy toʻxtatishga, farzandlari koʻp boʻlsa, katta jarimalar toʻlashga va hayzni toʻxtatuvchi dorilar ichishga majburlangan. [Greg Beyker/AFP]

Musulmonlarni Xitoy hukumatining zulmi va shafqatsizligidan qutqarishning eng yaxshi yoʻli – ushbu fashist rejimga qarshi gʻalayon koʻtarish, deydi Hirotdagi Tolibon aʼzolaridan bir Hamza Mahajir.

Xitoy hukumatining Qurʼon ilovasini taqiqlashi “jinoyat hisoblanadi, butun dunyodagi musulmonlar bunga toqat qilmaydilar va jim turmaydilar”, deydi u Tolibon rahbariyatining sukutidan farqli ravishda.

“Xitoy musulmonlarning ezguliklari va muqaddasotlarini ochiqdan-ochiq haqorat qilmoqda, rejim esa musulmon aholini taʼqib qilyapti”, deydi Mahajir. “Xitoy hukumatiga qarshi jihod qilish vaqti keldi”.

“Butun dunyo musulmonlari oʻz resurslarini safarbar etib, Xitoy rejimiga qarshi muqaddas urush boshlashi kerak”, dedi u. “Xitoy kommunistik rejimini bostirish uchun kuch ishlatmas ekanmiz, bu mamlakat hech qachon musulmon aholiga qarshi shafqatsiz jinoyatlar sodir etishdan toʻxtamaydi”.

Xitoy rejimining [mamlakatdagi] musulmonlarga nisbatan vahshiyliklari va qiynoqlarini oldini olishdagi eng yaxshi qurol jihod uyushtirish”, deb qoʻshimcha qildi u.

Koʻplab Tolibon jangarilari orasida hukmron boʻlgan bu kayfiyat Xitoyning Shinjondagi musulmonlarga nisbatan zulmiga eʼtibor bermaslikka tayyorligini namoyish etgan guruh rahbariyatinikidan keskin farq qiladi. Huquqbon tashkilotlar, Gʻarb davlatlari va koʻplab musulmonlar Xitoyning bu xatti-harakatlarini genotsid deb baholagan.

Xitoy istibdodi

Aksar aholisi musulmonlardan iborat Shinjon viloyatida Xitoy hukumati bir milliondan ortiq uygʻurlar va boshqa musulmonlar, jumladan etnik qozoq va qirgʻizlarni “siyosiy qayta tarbiyalash” lagerlari, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarni oʻz ichiga olgan 400 ga yaqin muassasalarda saqlab kelmoqda.

Yana millionlab odamlar qatʼiy kuzatuv va nazorat ostida yashamoqda.

Mustaqil tergovlar va sobiq mahbuslar bilan oʻtkazilgan suhbatlarda jismoniy va ruhiy qiynoqlar, ongni zaharlash, muntazam zoʻrlashlar, muslima ayollarning majburiy bichilishi, tana aʼzolarini majburan olish, jinsiy tahqirlash va boshqa dahshatli amaliyotlar tilga olingan.

Hirotdagi Tolibonlardan biri Hamidulla Gʻaforiyning aytishicha, Xitoy rejimi musulmonlarning dushmani boʻlgan va oʻz tarixi davomida musulmon aholiga nisbatan mudhish yovuzliklar sodir etib kelgan.

“Xitoy hukumati muslima ayollar farzand koʻrmasligi uchun ularni sterilizatsiya qilmoqda. U mamlakatda islomni yoʻqotish boʻyicha uzoq muddatli maqsadiga erishish yoʻlida musulmonlarni qirgʻin qilishda davom etmoqda”.

Xitoy hukumatining musulmonlarga nisbatan zulmiga qarshi bosh koʻtarish va kelajakda musulmonlarning qiynoqlarga duchor boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik barcha musulmonlar uchun farz, deydi Gʻafariy.

U Xitoy hukumatining musulmonlarga qarshi istibdodi davom etsa, barcha musulmonlar bosh koʻtarib, unga qarshi harakat qilishlari haqida ogohlantirdi.

Xitoy musulmonlari oʻz hukumatiga qarshi turib, huquq va diniy imtiyozlari uchun kurashishda bor imkoniyatlarini ishga solishlari kerak, dedi Tolibon harakatining Hirotdagi yana bir aʼzosi Umar Mutasim.

“Biz Xitoy hukumatini oʻz mamlakatidagi musulmonlarga zulm qilish va tahqirlashni bas qilishga chaqiramiz; aks holda ular butun dunyo musulmonlarining isyoniga duch kelishadi”, dedi u.

Xitoy bilan doʻstlashish “mumkin emas”

Diniy ulamolar Xitoyda musulmonlarning diniy erkinliklarini rad etish davom etayotgani va Qurʼoni Majid ilovasining taqiqlanganiga javoban, musulmon davlatlarining Xitoy rejimi bilan doʻstlashishi joiz emasligini eʼlon qilgan.

“Xitoy Xalq Respublikasi musulmonlarni kuch bilan... hibsxonalarda saqlab, shafqatsiz qiynoqqa solmoqda”, deydi Hirotlik din arboblaridan biri Mavlaviy Ehsanulloh Hidoyat. “Bu zulmga chek qoʻyilishi, Xitoy musulmonlari ham boshqa insonlar kabi oddiy hayot kechirishlari kerak”.

U barcha musulmon davlatlarini Xitoy bilan aloqalarni uzishga va Xitoy hukumatining taʼqiblari va adolatsizliklarini toʻxtatish yoʻlida birlashishga chaqirdi.

“Qoʻli musulmonlar qoniga botgan hukumat bilan doʻstlashish va yaqinlashish mumkin emas”, dedi Hidoyat.

Xitoy hukumati musulmonlarga nisbatan eng ayovsiz va noinsoniy jazolarni qoʻllamoqda, dedi Bodgʻis viloyati markazi Qalʼai-Nav shahridagi diniy ulamo Mavlono Xalil Ahmad Niyoziy.

Uning aytishicha, “uygʻur musulmonlarini oʻldirish, jinsiy ekspluatatsiya qilish, qiynoqqa solish va majburan koʻchirishda ishtirok etayotgan Xitoy hukumati bilan islom davlatlarining doʻstligi gunohi kabiradir”.

Uygʻur musulmonlari asosiy inson huquqlaridan mahrum boʻlib turgan bir paytdaXitoy hukumati islom mamlakatlari bilan doʻstlik oʻrnatishga intilmoqda”, dedi Niyoziy. “Biz barcha islom mamlakatlarini musulmon aholiga zulm qilmaslik uchun Xitoyga bosim oʻtkazishga chaqiramiz”.

Xitoy masalasidagi sukut

Aksar musulmon davlatlarining sukuti va Xitoy rejimining uygʻur musulmonlariga nisbatan zulmini qoralashdan bosh tortishi kechirimli emas, deydi Hirotlik Jamshid Alizoda.

Alizodaga koʻra, Tolibon va Eron rejimining Xitoy hukumati tomonidan musulmonlar qirgʻiniga sukut saqlashi shubhali, chunki ularning ikkovi ham islomiy hukumatga ega ekanini va butun dunyo musulmonlarni qoʻllab-quvvatlashini daʼvo qiladi.

“Islom amirligi Xitoyning arzimas gumanitar yordamini qabul qilmasligi va [Afgʻoniston bilan] yaxshi munosabatlarga ega boʻlish uchun bundan keyin Xitoy musulmonlari huquqlarini poymol qilmaslikka kafolat berishi kerak”, dedi Alizoda.

Nimroʻz viloyati markazi Zaranj shahrida istiqomat qiluvchi Fayz Muhammad Kakar ham musulmon davlatlarining sukutidan gʻazabda ekanini aytadi.

“Men barcha islom mamlakatlarini turli tashkilotlar, jumladan, BMTda chiqish qilishga, mustabid Xitoy hukumatining zulmi va adolatsizligiga qarshi zudlik bilan chora koʻrishga chaqiraman”, dedi u.

“Biz Islom amirligining baralla ovoz bilan Xitoydagi begunoh musulmon jamoasini qoʻllab-quvvatlashini kutgandik, ammo afsuski u sukut saqlamoqda ”, dedi Kakar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiyaning qulashi ortidan qulash navbati insoniyatning birinchi raqamli dushmani Xitoyga keladi. Chunki Ibrohimiy dinlarga ergashgan barcha xalqlar mavjudligining oʻzagi – axloq va insoniylik ular uchun begonadir. Ateistlar insoniyatning maʼnaviyatsiz va tuban qatlamidir.

Javob berish