Karvonsaroy
Jamiyat

Kremlga aloqador bankning tilga hurmatsizligi qozogʻistonliklarning eʼtiroziga uchradi

Kanat Altinbayev

20-oktabr kuni Turkistondagi bankomatda Sberbank mijozlariga qozoq tilini tanlamaslik tavsiya etilgan bildirishnoma. [Murat Abenov/Facebook]

20-oktabr kuni Turkistondagi bankomatda Sberbank mijozlariga qozoq tilini tanlamaslik tavsiya etilgan bildirishnoma. [Murat Abenov/Facebook]

OLMAOTA – Qozogʻistondagi bankomatlardan birining internetda tarqalib ketgan suratlari tufayli Rossiyaga qarashli “Sberbank” davlat tiliga hurmatsizligi uchun tanqidlar ostida qoldi.

Qozogʻiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish koalitsiyasi raisi, Nur-Sultonlik Murat Abenov 20-oktabr kuni Facebook tarmogʻiga Turkistondagi “Sberbank” bankomati suratini joylagan.

Bankomatga qozoq tilida “Qozoq tilini tanlamang, bankomat ishlamaydi” deb yozilgan qogʻoz yopishtirilgan.

“Sberbankning Qozogʻistonga munosabati”, deb yozadi taʼlim va fan vazirining sobiq oʻrinbosari Abenov.

2020-yil 13-oktabrda olingan surat: Petropavlovskdagi bankomatning qozoq tilidagi tushunarsiz menyusi. [Erbakit Amantayuli/Facebook]

2020-yil 13-oktabrda olingan surat: Petropavlovskdagi bankomatning qozoq tilidagi tushunarsiz menyusi. [Erbakit Amantayuli/Facebook]

Bu postga yuzlab qozogʻistonliklar “Sberbank” qozoqzabon mijozlarni oʻzlari uchun tanish ona tilda bank xizmatlaridan foydalanish huquqidan mahrum qilganidan gʻazablanib munosabat bildirishgan.

Bu surat Rossiyaning Qozogʻistondagi milliy oʻzlikni anglash jarayonini yoqtirmasligining “ramzi”, deydi HAQ (“Xalyqqa Adal Qyzmet”) jamoatchilik harakati rahbari, olmaotalik Togʻjan Kojaliyeva.

“Bu – “Sberbank” boshqaruvchilarining qozogʻistonlik mijozlarga munosabati. Ular bankomatga bunday yozuvlar ilmay, uni tuzatib qoʻyishlari mumkin edi. Bu tilga nisbatan hurmatsizlik”, dedi Kojaliyeva Karvonsaroyga.

Agar “Sberbank” bankomatlarida rus tilida muammo chiqqanida, bir kunda tuzatib qoʻygan boʻlishardi, dedi Kojaliyeva.

“Muammo shundaki, qozoq tiliga ikkinchi darajali til sifatida qaraladi va Rossiya shunday boʻlib qolishini istayapti”, deydi u.

Qozogʻiston Axborot va ijtimoiy rivojlanish vaziri maslahatchisi Maksim Rojin ham “Sberbank”ning tilga nisbatan hurmatsizligini tanqid qildi.

“Qozogʻistonda rus tilini yaxshi bilmaydigan fuqarolar bor. Bu ularga xizmat koʻrsatmaysiz deganimi?”, deb yozib qoldirgan u Abenovning Facebook tarmogʻiga joylagan surati ostida.

“Bu odatiy emas, balki istisnoli holat deb umid qilaman. Kompaniyangiz davlat tili – qozoq tilini qatʼiy hurmat qiladi, deb ishonaman”, deb aytgan Rojin.

Shubhali AT

Shunday boʻlsa-da, bu “Sberbank” bankomatlari bilan bogʻliq birinchi shikoyat emas.

2020-yil oktabrda ham shu kabi holat yuz bergan – “Soltustіk Qazaqstan” (Shimoliy Qozogʻiston) viloyat gazetasi bosh muharriri, petropavlovsklik Yerbakit Amantayuli oʻzining Facebook sahifasida mahalliy “Sberbank” bankomati menyusi suratini chop etgan – undagi qozoqcha soʻzlarning aksariyatida grammatik xatolar yoki harflar oʻrniga tushunarsiz belgilar boʻlgan.

“Sberbankda kimdir bormi? Bu harflar nimani anglatishini tushuntirib berishsin. Ular na lotin va na kirill imlosida. Bankomatdan foydalanish uchun odatda qozoq tilini tanlayman, ammo bugun soʻzlarni tushuna olmaganim uchun muammoga duch keldim”, deb yozgan Amantayuli.

Hech kim menyu matnini toʻgʻirlab qoʻymagan.

“Bunday muammoni bir kunda hal qilish mumkin. Ammo “Sberbank” uchun bu muhim emas koʻrinadi”, deydi boshqa bankning AT menejeri, olmaotalik Asxat Baketayev. U Karvonsaroydan oʻzi ishlaydigan bankni ochiqlamaslikni iltimos qildi.

“Odatda, boshqa mamlakatda ishlayotgan va xizmat koʻrsatayotgan boʻlsangiz, mahalliy aholi bilan uning ona tilida muloqot qilishingiz kerak. “Sberbank” bilan bogʻliq holat esa noodatiy”, deydi u.

Baketayevga koʻra, Qozogʻiston hukumati milliy elektron platformani ishlab chiqishni “Sberbank”ka topshirgani shubhali.

Qozogʻiston bosh vaziri Askar Mamin va “Sberbank” bosh direktori German Gref 3-sentabr kuni Qozogʻistonning raqamli transformatsiyasi boʻyicha oʻzaro hamkorlik memorandumini imzolashgan.

Memorandum doirasida Kreml bilan yaqin aloqalarga ega “Sber” guruhi Qozogʻiston elektron hukumati (egov.kz) veb-saytinining raqamli platformasini ishlab chiqishi kutilmoqda.

Kelishuv doirasida “Sber” barcha hukumat idoralari maʼlumotlar bazasini yagona platformaga ulaydi.

Qozogʻistonliklar Sankt-Peterburgdagi Internet tadqiqot agentligi (IRA) kabi Rossiya hukumati qoʻllovidagi xakerlarning yomon nom chiqargani hamda Rossiya hukumati qozogʻistonliklarning shaxsiy maʼlumotlaridan foydalana olishi imkoniyatini hisobga olgan holda bu kelishuvdan xavotirda.

“Bu Qozogʻiston suverenitetigiga tahdid solishi mumkin”, deb aytgan Baketayev.

“Hukumat xizmatlari GovTech orqali taqdim etiladi, bu esa barcha AT tizimlari va hukumat maʼlumotlariga ulanishni talab etadi, bu strategik muhim maʼlumotlar”, deydi Azimut Solutions Group bosh direktori, olmaotalik Yerkegali Mashir Karvonsaroy nashriga.

“Shuning uchun ham bu loyiha xorijlik dasturiy taʼminot ishlab chiquvchilar tomonidan amalga oshirilishiga shubha bilan qarayman”, deydi Mashir.

“Moskva diqqat bilan kuzatmoqda”

Qozoq tili muammolarini koʻtarib chiqqanlar Rossiya hukumati tomonidan bosimga uchrashi ehtimoli mavjud vaqtda bunday maxfiylik masalalari ayniqsa muhim.

Avgust oyida qozoq tili faollaridan biri Kuat Ahmedov Qozogʻiston shaharlaridagi jamoat joylarida suratga olingan turkum videolavhalar chiqarib, ularda mijozlarga qozoq tilida xizmat koʻrsatilmayotganiga eʼtibor qaratgan edi.

Natijada Rossiyalik siyosatchilar Qozogʻiston hukumatidan “ushbu jaydari millatchilarning sharmandali qilmishlariga baho berishini” talab qilgan, Kreml nazorati ostidagi OAV esa qozogʻistonlik faollarni haqoratlagan.

OAV xabariga koʻra, Qozogʻistondan chiqib ketishga majbur boʻlgan Ahmedov hozirda Kiyevda yashamoqda.

Rossiya hukumatining oʻzi etnik nafrat deb atagan xatti-harakatlar haqida ogohlantirib kelgan.

Rossiya tashqi ishlari vakili Mariya Zaxarova oʻtgan chorshanba kuni Rossiyaning Lenta.ru veb-saytiga bergan intervyusida “Moskva Qozogʻistondagi etnik toqatsizliklarni diqqat bilan kuzatib borayotganini” aytib oʻtgan.

“Til patrullari Qozogʻiston hukumati tomonidan jazolanmasdan qolmaydi”, deb aytgan Zaxarova qozoq tilida gapirmaydigan yoki yozmaydigan tashkilotlar, hukumat idoralari va ularning xodimlari aybini agressiv tarzda kuzatib boruvchi Ahmedov kabi qozogʻistonliklarni nazarda tutib.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Sberbankka yoqmasa, uyiga borib, oʻsha yerda oʻz shartlarini oʻrnatsin. Bu Jiriklar, Milonovlar va Mixeyevlar, Juravlevlarning hammasi jonga tegdi.

Javob berish