Karvonsaroy
Texnologiya

Xalqaro hamjamiyat rossiyalik xakerlar tahdidiga qarshi birlashmoqda

Karvonsaroy va AFP

Suratda: Darkside Onion saytining manzili topilmagani haqidagi bildirishnoma aks etgan ekran. [Olivye Dulyeri/AFP]

Suratda: Darkside Onion saytining manzili topilmagani haqidagi bildirishnoma aks etgan ekran. [Olivye Dulyeri/AFP]

VASHINGTON – Kreml qoʻllovidagi xakerlar yanada jurʼatliroq boʻlib borar ekan, xalqaro hamjamiyat ularni butun dunyodagi kompaniyalar, muassasalar va shaxslarga zarar yetkazishdan toʻsish choralarini koʻrmoqda.

Oʻtgan payshanba (4-noyabr) kuni Qoʻshma Shtatlar Darkside tovlamachilar toʻdasi yetakchilarini topishga yordam beradigan maʼlumot uchun 10 million dollar mukofot eʼlon qildi. Bu huquq-tartibot idoralarining soʻnggi paytlarda avj olgan kibertovlamachilik hujumlariga qarshi kurash yoʻlidagi soʻnggi choralaridan biri boʻldi.

May oyida Vashington Rossiyada joylashgan bu guruhni AQSH sharqidagi eng yirik neft quvurining yopilishiga sabab boʻlgan kiberhujumda ayblagan edi.

Kibertovlamachilik – biror kompaniya yoki tashkilot tarmogʻini buzib kirib, undagi maʼlumotlarni shifrlash, soʻng ularni shifrdan chiqarish kalitini kriptovalyuta evaziga almashishni talab qilishdan iborat.

“Bu mukofotni eʼlon qilish bilan Qoʻshma Shtatlar butun dunyo boʻylab tovlamachilar qurbonlarini kiberjinoyatchilar zararidan himoya qilishga sodiqligini namoyish etmoqda”, deyiladi AQSH Davlat departamenti bayonotida.

Vashington, shuningdek, istalgan mamlakatda DarkSide bilan hujumga qoʻshilishga uringanlarni hibsga olish yoki sud qilishga olib keladigan maʼlumot uchun 5 million dollar mukofot taklif qilgan.

Kiberjinoyatlar avj olar ekan, oktabr oyida eʼlon qilingan yangi maʼlumotlarga koʻra, 2021-yilning birinchi yarmida jabrlanuvchilar AQSH huquq-tartibot idoralariga tovlamachilik holatlari tufayli 590 million dollar yoʻqotganliklarini maʼlum qilganlar.

AQSH moliya vazirligi hisobotida aytilishicha, bu koʻrsatkich, shuningdek, 2020-yil davomida moliyaviy institutlar tomonidan oshkor qilingan summadan 42 foizga koʻp va ishonchli belgilarga koʻra, haqiqiy raqamlar milliardlarni tashkil etishi mumkin.

Kompaniya va muassasalar oʻz maʼlumotlarini olish uchun pul toʻlash, shuningdek, jinoyatchilarga naqd pul bermaslik haqida qatʼiy ogohlantiradigan potensial dargʻazab mijozlar va hujumni kuch idoralaridan sir saqlashdek kuchli bosimga duch kelishadi.

Kiberhujumlar koʻpayib bormoqda

Mukofot taklifi Microsoft kompaniyasi AQSH va Yevropadagi nishonlarga qarshi yangi va davomli hujumlar ortida oʻtgan yilgi SolarWinds kiberhujumlarini amalga oshirgan davlat qoʻllovidagi rossiyalik xakerlar guruhi turganini eʼlon qilganidan keyin yangragan.

25-oktabr kuni Microsoft korporatsiyasining Tahdidlarni oʻrganish markazi (MSTIC) blogida Nobelium guruhi bulutli servislar va boshqa AT xizmatlarini koʻrsatuvchi provayderlarning mijozlari boʻlgan “hukumatlar, tahlil markazlari va boshqa kompaniyalarni buzib kirishga urinayotgani” aytilgan.

MSTIC bu kiberhujumni “milliy davlat faoliyati” deb taʼriflar ekan, unda Texasdagi SolarWinds dasturiy taʼminot kompaniyasiga qilingan hujumning “alohida belgilari borligini” aytgan, zero kompaniyaning 300 ming kishilik mijozlar bazasi xakerlarga juda koʻp kompaniyalarga kirish imkonini bergan.

Ushbu hujum oʻtgan yil dekabr oyida OAV bu voqea haqida xabar berishidan avval bir necha oy davom etgan.

Wedbush xususiy investitsiya kompaniyasi eksperti Deniyel Ayvs investorlar uchun izohida “oʻtgan yilgi hujumdan soʻng Rossiya bilan bogʻliq keng tarqalgan SolarWinds xakerlari yana maxfiy maʼlumotlarni ovlab, barcha yoʻnalishlar boʻyicha taʼminot zanjirlariga hujumni kuchaytirayotgan koʻrinadi” deb aytgan.

Vashington Moskvaning SolarWinds ishiga ehtimoliy aloqadorligi, shuningdek, saylovlarga aralashuvi va dushmanlik ruhidagi boshqa xatti-harakatlari uchun jazo chorasi sifatida aprel oyida unga nisbatan sanksiyalar joriy qilib, rus diplomatlarini chiqarib yubordi .

MSTIC xabariga koʻra, soʻnggi hujum kamida may oyidan boshlangan, Nobelium “murakkab zararli dasturlarni oʻz ichiga olgan xilma-xil va dinamik vositalar toʻplamini” ishga solgan.

Nobelium SolarWinds hujumidan beri ilk marta qaytayotgani yoʻq – oʻshanda may oyida Microsoft guruh tomonidan davlat idoralari, tahlil markazlari, maslahatchi va boshqa tashkilotlarga bir qator hujumlar uyushtirilganini aniqlagan edi.

Microsoft vitse-prezidenti Tom Bertning soʻzlariga koʻra, hujumlar tezligi oʻsib bormoqda. Joriy yilda kompaniya 600 dan ortiq mijozlarni 23 mingga yaqin hujum urinishlari haqida xabardor qilgan.

Muvaffaqiyat koʻrsatkichi “minimal darajada” boʻlsa-da, ularni “soʻnggi uch yil ichida barcha milliy-davlat ijrochilari tarafidan amalga oshirilgan 20500 ta hujum” bilan taqqoslash mumkin, deb yozgan Bert 24-oktyabr kuni oʻz blogida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500