Karvonsaroy
Inson huquqlari

Belarusdagi noumid migrantlar Rossiyaning geosiyosiy oʻyinchoqlariga aylanib qolishdi

Karvonsaroy va AFP

Belarus-Polsha chegarasidagi migrantlar, 8-noyabr, Grodno viloyati. 8-noyabr kuni Polsha Belarusdagi yuzlab migrantlar mamlakat chegaralari osha Yevropa Ittifoqi davlatlariga oʻtishga urinayotgani haqida maʼlum qildi – NATO buni Minsk tarafidan atayin uyushtirilgan taktika deb baholagan. [Leonid Shcheglov/BELTA/AFP]

Belarus-Polsha chegarasidagi migrantlar, 8-noyabr, Grodno viloyati. 8-noyabr kuni Polsha Belarusdagi yuzlab migrantlar mamlakat chegaralari osha Yevropa Ittifoqi davlatlariga oʻtishga urinayotgani haqida maʼlum qildi – NATO buni Minsk tarafidan atayin uyushtirilgan taktika deb baholagan. [Leonid Shcheglov/BELTA/AFP]

Belarus yaqin ittifoqdoshi Rossiyaning qistovi bilan sanksiyalarni bekor qilishi uchun Yevropa Ittifoqiga (YI) bosim oʻtkazish maqsadida Yaqin Sharq, Afgʻoniston va Afrikadan kelgan minglab migrantlardan foydalanib, geosiyosiy oʻyin olib bormoqda.

Seshanba (9-noyabr) kuni Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Belarusdan Polshaga oʻtishga urinayotgan migrantlarning mislsiz oqimini tashkillashtirishda aybladi.

Polsha va Belarus chegarasida yuzlab migrantlarning qamalib qolgani YI barqarorligiga xavf solmoqda, deb aytgan u.

“[Belarus prezidenti Aleksandr] Lukashenko uyushtirgan bu hujumning gʻoyaviy tashabbuskori Moskvada – u prezident Putin”, deb aytgan Moravetskiy Polsha parlamentining favqulodda majlisi chogʻida.

Afgʻonistonlik deb taxmin qilingan migrantlar guruhining aʼzosi jurnalistlar va Polsha parlamenti deputatlari hozirligida polshalik advokatlarga xalqaro himoya uchun hujjat topshirish niyatida ekanini bildirmoqda. Belarus bilan chegaradosh, Polshaning Byaliston yaqinidagi Usnarz-Gorniy qishlogʻi, 20-avgust. [Voytek Radvanski/AFP]

Afgʻonistonlik deb taxmin qilingan migrantlar guruhining aʼzosi jurnalistlar va Polsha parlamenti deputatlari hozirligida polshalik advokatlarga xalqaro himoya uchun hujjat topshirish niyatida ekanini bildirmoqda. Belarus bilan chegaradosh, Polshaning Byaliston yaqinidagi Usnarz-Gorniy qishlogʻi, 20-avgust. [Voytek Radvanski/AFP]

Grupa Granica (Chegara guruhi) nodavlat tashkiloti faollari yordam koʻrsatayotgan Eronning Doxuk shahridan kelgan kurd oilasi chegara qoʻriqchilari Polsha-Belarus chegarasi yaqinidagi Narevka shahriga olib oʻtishlarini kutmoqda, 9-noyabr. Oila 20 kunga yaqin oʻrmonda boʻlib, sakkiz marotaba Belarusga qaytarilgan. Aytishlaricha, belarus askarlari ularni urib, itlar bilan qoʻrqitishgan. [Voytek Radvanski/AFP]

Grupa Granica (Chegara guruhi) nodavlat tashkiloti faollari yordam koʻrsatayotgan Eronning Doxuk shahridan kelgan kurd oilasi chegara qoʻriqchilari Polsha-Belarus chegarasi yaqinidagi Narevka shahriga olib oʻtishlarini kutmoqda, 9-noyabr. Oila 20 kunga yaqin oʻrmonda boʻlib, sakkiz marotaba Belarusga qaytarilgan. Aytishlaricha, belarus askarlari ularni urib, itlar bilan qoʻrqitishgan. [Voytek Radvanski/AFP]

Tanqidchilar Lukashenkoning YI sanksiyalariga javob chorasi sifatida Yevropaga yoʻnaltirish uchun Yaqin Sharqlik migrantlarni oʻz mamlakatiga chorlab kelayotganini aytganlar.

Belarus bu daʼvoni rad etib, migrantlarni kiritmayotgan Polshani inson huquqlarini buzishda ayblamoqda.

Keskin vaziyat ikki taraf askarlari joylashtirilgan chegarada toʻqnashuv xavfini keltirib chiqarmoqda.

Chorshanba kuni Polsha politsiyasi oxirgi 24 soat ichida Belarusdan Polshaga chegarani kesib oʻtgan 50 dan ortiq migrantlarni qoʻlga olgani va Varshavaning chegarani buzib oʻtish holatlari koʻpaygani haqidagi ogohlantirishi ortidan boshqalar migrantlarni izlayotgani haqida xabar bergan.

Chegarani buzishga undash

Dushanba kuni Polsha hukumati yuzlab migrantlarning Belarus chegarasini noqonuniy kesib oʻtishining oldini olgani, ammo yana minglab odam kelayotgani haqida xabar bergan.

Polsha chegarachilari migrantlarning qisqichlar va shoxlar yordamida chegara panjaralarini buzib oʻtishga harakat qilayotgani aks etgan videoni internetga joylaganlar.

“Vaziyat notinch”, deb aytgan Polsha mudofaa vaziri Mariush Blashak Polsha radiosiga chorshanba kuni. U migrantlardan iborat kichik guruhlar YI va NATOga aʼzo davlat chegarasini buzishga urinayotganini qoʻshimcha qildi.

Shuningdek, mudofaa vazirligiga koʻra, Belarus rasmiylari migrantlarni chegarani buzib oʻtishga majburlash uchun ularni qoʻrqitgan boʻlishi mumkin.

Chorshanba kuni Polsha mudofaa vazirligi chegaraning Belarus tomonidan xizmat kiyimidagi qurolli shaxs oʻq uzgani aks etgani ikki videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan.

Polsha hukumati vakili Pyotr Myuller chegara yaqinida 3000-4000 migrant borligini aytar ekan, dushanba kungi chegarani buzish urinishlarini tashkillashtirishda “Belarusga aloqador maxsus kuchlarni” ayblagan.

Qoʻshma Shtatlar Minskni migrantlar oqimini toʻxtatishga chaqirgan bir vaqtda YI rejimga qarshi yangi sanksiyalar qoʻllashga undagan.

NATO Minskni migrantlardan siyosiy vosita sifatida foydalanayotganlikda ayblagan.

“Siyosiy oʻyinchoqlar”

NATO Belarusning migrantlardan YIga bosim oʻtkazish uchun foydalanayotganini “mutlaqo nomaqbul” deb qoralab, chegaradagi vaziyatning “keskinlashish” ehtimoli yuzasidan xavotir bildirgan.

Yevropa komissiyasi (YK) prezidenti Ursula fon der Lyayyen dushanba kuni ittifoqqa aʼzo davlatlarni Belarusga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilishga chaqirdi. YK YIning ijrochi organi hisoblanadi.

“Migrantlardan siyosiy maqsadda foylanishni qabul qilib boʻlmaydi”, deb bayonot berdi u. Bryussel, shuningdek Belarusga migrantlarni olib kelgan “uchinchi davlat aviakompaniyalariga” nisbatan ham sanksiyalar qoʻllash masalasini koʻrib chiqadi, deb qoʻshimcha qilgan YK raisi.

Xabarlarga koʻra, Minsk Belarusga Iroq va boshqa Yaqin Sharq davlatlaridan migrantlarning uchib kirishi uchun maxsus viza joriy qilgan. Shundan keyin ular Belarus va Polsha chegarasiga borishgan.

Chegara hududida toʻplanib qolgan migrantlar orasida avgustdan beri oʻsha yerda qolib ketgan 32 nafar afgʻonistonlik ham bor. Ularni ikkala mamlakat ham qabul qilmayapti, deb xabar bergan Amnesty International va boshqa huquqbon guruhlar.

AQSH davlat departamenti Belarusdagi rejimni “migrantlarning noodatiy oqimini Yevropa chegarasi boʻylab kuch bilan boshqarish kampaniyasini darhol bas qilishga” chaqirgan.

Arosatda qolib ketgan migrantlar Belarus rasmiylari tomonidan chegarani kesib oʻtishga majbur qilinayotgani, undan keyin esa Polsha hukumati tomonidan qayta Belarusga oʻtkazilayotgani haqida bot-bot xabar berishmoqda.

Hududda kamida 10 ta migrant oʻlgan boʻlib, ulardan 7 tasi Polsha tomonda hayotdan koʻz yumgan, deb xabar beradi Polshaning Gazeta Wyborcza nashri.

Kremlning soyasi

Seshanba kuni Lukashenko qurolli toʻqnashuv yuz berishini istamasligi, ammo Polsha bilan migrantlar borasidagi vaziyat sabab “tiz choʻkmasligini” aytib oʻtgan.

“Biz mojaroni istamaymiz”, deb aytgan u va har qanday nizo Belarusning ittifoqdoshi Rossiyani jalb qilishi haqida ogohlantirgan.

Belarus tashqi ishlar vaziri Vladimir Makay chorshanba kuni Minsk Rossiya bilan birgalikda vaziyatni hal qilishda “hamkorlikdagi choralarni” rejalashtirayotgani va “oʻzaro yordamga” umid qilayotganini aytib oʻtgan.

Putin – muxolifatga koʻra, natijalari soxtalashtirilgan oʻtgan yilgi saylovlar oldidan muxolifatga qarshi tazyiqlari tufayli tobora yakkalanib borayotgan Lukashenkoning eng asosiy qoʻllovchisi boʻlib turibdi.

May oyida Belarusning jangovar samolyoti bortidagi belaruslik dissidentning Lukashenko rejimi tarafidan qoʻlga olinishi uchun xorijiy fuqarolik aviakompaniyasi samolyotini Minskda qoʻnishga majburlagan edi.

Belarus Rossiyaning strategik tafakkurida Ukrainadan tashqari boshqa qoʻshnilaridan koʻra koʻproq markaziy joy egallaydi. U Moskvaning “strategik teranligi” uchun juda muhim.

Minsk diktaturasi Boltiq va Qora dengiz oʻrtasidagi hududda Rossiyaning yagona Kremlparast qoʻshnisidir. Estoniya, Latviya, Litva va Ukrainalar esa Putin rejimiga qarshi.

Kremlning Yevropa bilan munosabatlari 2014-yilda Ukrainadan Qrimni noqonuniy tortib olganidan keyin yomonlashgan hamda saylovlarga aralashuv va josuslik ayblovlari bilan tanglik yanada kuchaygan.

Yevropa liderlari 2020-yil avgust oyida Sibirda Kremlning bosh muxolifatchisi Aleksey Navalniyning zaharlanishini keskin qoralab, Moskvaga qarshi qoʻshimcha sanksiyalar bilan javob qaytarishi mumkinligini aytib oʻtgan.

Navalniy qariyb halokatli zaharlanishdan omon qolgan boʻlsa-da, fevral oyida shubhali ayblovlar bilan 32 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya ulardan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanadi.

Javob berish