TOSHKENT – Rossiyaning Markaziy Osiyodagi taʼlim tashabbuslari Moskvaning mintaqadagi gibrid urushiga oid gʻarazli taktikasining bir qismidir, deb ogohlantirmoqda kuzatuvchilar.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov oʻtgan oy Tojikiston va Oʻzbekistonda Kreml qoʻllovidagi rus maktablarini tashkil etish rejasini eʼlon qilgan edi.
“Tojikistonda toʻliq rus tilidagi oʻquv dasturlari va metodikasi asosida taʼlim beradigan beshta maktab tashkil etilmoqda. Oʻzbekiston uchun ham xuddi shunday dastur tayyorlanmoqda”, dedi Lavrov 15-oktabr kuni Moskvada xorijdagi vatandoshlarning 7-Butunjahon kongressida.
Uning aytishicha, Rossiya bu loyihani barcha ittifoqdosh mamlakatlar va strategik hamkorlar uchun namunali loyihaga aylantirishdan manfaatdor, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
“Rossiya universitetlarining MDH (Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi) mamlakatlaridagi filiallari tizimi ham anchadan beri mavjud boʻlib, u kengayish va rivojlanishga moyil”, dedi u.
Oʻtgan yili boshlangan yana bir loyiha doirasida rus tili oʻqituvchilarini Oʻzbekistonga yuborish koʻzda tutilgan edi.
2020-yil oktabr oyida Rossiya maorif vazirligi, Oʻzbekiston xalq taʼlimi vazirligi va asli oʻzbekistonlik Rossiya oligarxi Alisher Usmonovning “Sanʼat, fan va sport” xayriya jamgʻarmasi hamkorligida “Klass!” gumanitar loyihasini ishga tushirish boʻyicha memorandum imzolangan.
“Klass!” doirasida 2021-yilda 100 nafar, 2030-yilgacha esa har yili yana 100 nafardan rossiyalik rus tili oʻqituvchilarining Oʻzbekistonga kelishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Nuz.uz nashri.
Dastur doirasida 30 mingga yaqin oʻzbekistonlik oʻqituvchilar rus tilidagi malaka oshirish kurslarida qatnashishi kutilmoqda.
“Yumshoq kuch” siyosati
Rossiyaning “yumshoq kuch” siyosati – madaniyat va siyosiy gʻoyalardan foydalangan holda taʼsir oʻtkazish strategiyasi 2016-yilda qabul qilingan tashqi siyosat konsepsiyasining muhim qismi sifatida eʼtirof etilgan.
Ushbu konsepsiya 2016–2020-yillarga moʻljallangan qiymati 122 mln. dollarlik maxsus “Rus tili” dasturini amalga oshirish orqali Markaziy Osiyoda rus tili va madaniyatini ommalashtirishni oʻz ichiga olgan edi.
“Rossiya uyi” nomi bilan mashhur “Rossotrudnichestvo” agentligi Markaziy Osiyoda taʼlim, madaniy va gumanitar loyihalarini amalga oshirishda Moskvaning asosiy vositalaridan biri sanaladi.
Iyun oyida “Rossiya uyi” Kreml qoʻllovidagi Rossiya gumanitar missiyasi va Koʻngillilar markazlari uyushmasi koʻmagida “Rossiya: xayrli ishlar missiyasi” xalqaro gumanitar loyihasi ustida ish boshladi.
Missiyaning maqsadlaridan biri Qozogʻiston, Belarus, Qirgʻiziston, Moldova, Ozarbayjon, Oʻzbekiston va Armanistonda mahalliy taʼlim tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
“Oʻzbekistondagi vazifamiz bolalar bogʻchasi, maktab yoki boshqa biror muassasa ochishga qaror qilgan mahalliy nohukumat tashkilotlarga yordam berishdan iborat”, degan edi oʻshanda “Rossotrudnichestvo” direktori Yevgeniy Primakov “Sputnik” muxbiriga.
“Rossiya uyiga murojaat qilsangiz, sizni qoʻllab-quvvatlash yoʻllarini izlaymiz – odatda mushkul boʻlgan moliyalashtirish yoxud oʻqitish metodikasi, oʻqituvchilarni qayta tayyorlash, malaka oshirish kurslari, darsliklar va boshqalar bilan”, dedi u.
Rossiyada taʼlim olish
Moskva oʻzbeklarni Rossiyada oʻqishga ragʻbatlantirish va Oʻzbekistonda Rossiya universitetlarining filiallarini ochish kabi taktikalarni ham qoʻllaydi.
Rossiya Oʻzbekistonda eng koʻp xorijiy universitetga ega davlat – Toshkent va viloyatlarda 15 ta Rossiya OTM filiallari faoliyat koʻrsatadi.
1-oktabr kuni Rossiya davlat kinematografiya universiteti (VGIK) Toshkentda oʻz filialini ochgan – bu universitetning Rossiyadan tashqaridagi yagona shoʻbasidir.
Oʻzbekiston – fuqarolari tahsil olish uchun Rossiyaga boradigan besh asosiy xorijiy davlatlardan biridir. 2020-yil holatiga koʻra, 35 yarim mingdan ortiq oʻzbekistonlik Rossiya oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirdi, deb xabar bergan Ritmeurasia.org may oyida.
Joriy oʻquv yilida Rossiya bepul oʻqishga qabul qilinadigan oʻzbekistonlik talabalar uchun kvotani 405 taga oshirdi, deb yozgan edi Kun.uz yanvar oyida. Manbalarga koʻra, avvalgi kvota 223-228 atrofida boʻlgan.
Kreml hukumatning “Rossiya: ishlash va oʻqish uchun zoʻr joy” deb nomlangan strategik tashabbusi doirasida qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda, degan edi noyabr oyi boshida Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri oʻrinbosari Dmitriy Volvach “Podrobno.uz” nashriga koʻra.
Loyiha asosan xorijdagi rus tili oʻqituvchilari sonini, shuningdek, Rossiyada tahsil olayotgan chet ellik, jumladan, oʻzbekistonlik talabalar sonini oshirishni koʻzda tutadi.
Gibrid urush
Bunday tashabbuslarning asl maqsadi Markaziy Osiyoda sezilmay qolmadi.
“Menimcha, bu gibrid urushning bir koʻrinishi, Rossiyaning Oʻzbekistonga nisbatan bosim oʻtkazish boʻyicha gibrid siyosati”, deydi toshkentlik siyosatshunos Anvar Nazirov.
“Rossiya tilni ommalashtirish va rivojlantirish orqali aholisiga Markaziy Osiyoda oʻz mavqeini mustahkamlayotganini koʻrsatish, oʻz taʼsirini kuchaytirish uchun til omilidan foydalanmoqda”, dedi u.
“Rossiya faqat oʻz manfaatini koʻzlagan holda tilni targʻib qilishga intilmoqda”.
“Dunyoda rus tiliga nisbatan sovuqqonlik ajablanarli emas, chunki Rossiyaning xalqaro maydondagi obroʻsi tushib ketgan”, deydi u.
“Harbiy salohiyatni kuchaytirish va xorijiy hududlarni egallashga eʼtibor qaratish... Rossiyaning iqtisodiy yoki ilmiy kuch sifatidagi mavqeini mustahkamlashga yordam bermadi, natijada rus tili oʻz potensialini yoʻqotmoqda”, dedi Nazirov.
“Nima uchun bu keng koʻlamli targʻibot aynan hozir olib borilyapti va u Oʻzbekiston suverenitetiga qanchalik daxl qilishi mumkin? Rossiya bizning ichki ishlarimizga qay darajada aralashmoqda?”
Uning aytishicha, bu masalalar oʻrganib chiqilishi zarur, chunki “Rossiya kesib oʻtmasligi kerak boʻlgan qizil chiziqni belgilash va Oʻzbekistonda Rossiyaning oʻz til siyosatini majburan yuritishiga yoʻl qoʻymaslik lozim”.
Rost24.uz sayti bosh muharriri Anora Sodiqovaning soʻzlariga koʻra, ayni damda bu tashabbuslar kremlparast OAV va blogerlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Oʻzbekistonliklarning AQSH va COVID-19 vaksinalari kabi mavzularga munosabatini Rossiya ommaviy axborot vositalari shakllantirmoqda, deydi u.
Uning aytishicha, rasmiylar Rossiya va rusiyzabon blogerlarning Oʻzbekistondagi til muammosiga oid “tashviqot hujumlariga” eʼtibor bermayapti.
“Oʻzbekiston rasmiylari xabar almashish ilovalari va ijtimoiy tarmoqlardagi kichik sahifalarida yangiliklarni oʻzbek va rus tillarida joylaydilar”, dedi Sodiqova.
U 21-oktabr – Oʻzbek tili kuni munosabati bilan Toshkentda boʻlib oʻtgan davra suhbatida Oʻzbekiston senati raisi Tanzila Norboyevani misol oʻlaroq keltirgan.
“Nega u kishi bu tillarda xabar yozadi? Nega siyosiy jihatdan toʻgʻri boʻlishi uchun, oʻzbek va qoraqalpoq tillarida yozmaydi?” dedi Sodiqova ozchilikka mansub qoraqalpoq tiliga ishora qilib. “Agar ular oʻz fikrlarini dunyo bilan baham koʻrishni istasalar, nega ularni ingliz tilida yozishmaydi?”
“Oʻzbek tilidan xavotirda boʻlib turganimizda, rusiyzabon matbuot ishtirokida axborot urushlari ketayotgan bir paytda biz nega rasmiylarni rus tilida maʼlumot berayotganini tanqid qilmayapmiz? Tushuna olmayapman.”
“Bu haqda gapirmaslik qoʻrqoqlik belgisidir”, dedi u. “Uyalishimiz kerak.”
Rossiyaga ishonib boʻlmaydi. Zarar keltiruvchi va bosqinchi mamlakat.
Javob berishFikrlar 5
Oʻzbeklar, ruslarning bunday qilishiga yoʻl qoʻymang! Bizda, aholisining 90 foizi rus tilini yaxshi biladigan Qozogʻistonda, mamlakatning markazi, asosan rusiyzabonlar va etnik ruslar yashaydigan, poytaxtdan uncha uzoq boʻlmagan Qaragʻandadagi universitet qoshida yangi rus tili boʻlimi ochildi. Oʻshanda koʻpchilik qozoqlar bunga qarshi chiqdilar, chunki bu boʻlimlarning barchasi Qozogʻistondagi “beshinchi kolonna”ning uxlab yotgan yacheykalari va tayyorlov markazlaridan boshqa narsa emas edi! Borsin, rus tilini Afrikada ommalashtirsin! Qozogʻistondek rusiyzabon mamlakatda bu bemaʼnilik! Rus tili oʻqituvchilarini olib kelishlariga yoʻl qoʻymang! Agar sizga biznes yoki boshqa maqsadlar uchun rus tili kerak boʻlsa, qozogʻistonlik rus yoki ukrainalik oʻqituvchilarini yollang! Oʻrta hisobda bizdagi qozoqlar rus tilida Rossiyaning oʻziga qaraganda toʻgʻriroq gaplashadilar. Bizda taʼlim rus tilida olib boriladigan maktablar koʻp. Oʻzbeklar orasida rus tili boʻyicha malaka oshirish bilan maxsus tekshiruvdan oʻtgan oʻzbek oʻqituvchilari shugʻullansin. Biz Qozogʻistonda beshinchi kolonnani nima qilishni bilmayapmiz! Bu ham yetmagandek, Rossiya bizning farzandlarimiz oʻz universitetlariga jalb qilmoqda, chunki koʻpchilik uchun bu Qozogʻistondagidan arzonroq va koʻplari stipendiya oladi. Sizning kuchingiz oʻzbeklar sonining koʻpligida, biz qozoqlardan farqli oʻlaroq, koʻpchiligingiz ona tilingizda soʻzlashasiz. Vaqtinchalik iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli yoshlaringizni boy bermang! “Dan
Javob berishMutlaqo qoʻshilaman. Oʻzbekiston bizning qoʻshnimiz bilan hamkorlik tajribamizni inobatga olishi kerak.
Javob berishRossiya bor joyda doim musibat bor.
Javob berishFikrlar 5
Bularning hammasi Rossiyaning behuda urinishlari.
Javob berishFikrlar 5