Karvonsaroy
Xavfsizlik

AQSH: Rossiyaning kosmik raketa sinovi – xavfli va masʼuliyatsiz

Karvonsaroy va AFP

Rossiyalik kosmonavt Aleksandr Misurkin va kosmik parvoz ishtirokchilari, yaponiyalik milliarder Yusaku Maedzava va uning yordamchisi Yodzo Xirano Xalqaro kosmik stansiyasiga uchishdan avval fazoviy ekspeditsiyada ishtirok etishdi, Moskva yaqinidagi Yulduzlar shaharchasi, 14-oktabr. [Shomil Jumatov/POOL/AFP]

Rossiyalik kosmonavt Aleksandr Misurkin va kosmik parvoz ishtirokchilari, yaponiyalik milliarder Yusaku Maedzava va uning yordamchisi Yodzo Xirano Xalqaro kosmik stansiyasiga uchishdan avval fazoviy ekspeditsiyada ishtirok etishdi, Moskva yaqinidagi Yulduzlar shaharchasi, 14-oktabr. [Shomil Jumatov/POOL/AFP]

VASHINGTON – Dushanba (15-noyabr) kuni Qoʻshma Shtatlar Rossiya oʻzining sunʼiy yoʻldoshlaridan birini raketa bilan portlatib, yerga yaqin orbitada chiqindilar maydonini hosil qilganini “xavfli va masʼuliyatsiz harakat” deb qoraladi.

Chiqindilardan iborat bulut Xalqaro kosmik stansiya jamoasini toʻqnashuvdan qochish choralariga majbur qilgan. Sinov oldidan ogohlantirilmagan Vashington bundan xavotirga tushgan.

AQSH hamkorlar va ittifoqdoshlar bilan javob choralarini muhokama qilmoqda, deb aytgan oʻz bayonotida AQSH davlat kotibi Entoni Blinken.

“Bu sinovlar tinch maqsadlarda fazoni tadqiq qilish va undan foydalanishga intilayotgan barcha tomonlar xavfsizligini beparvolik bilan xavf ostiga qoʻydi”, deb aytgan u.

“Soyuz MS-15” raketasi Xalqaro fazoviy stansiyaning uch aʼzosi bilan Qozogʻistondagi Rossiya ijaraga olgan Boyqoʻngʻir kosmodromidan fazoga koʻtarilmoqda, 2019-yil, 25-sentabr. [Vyachaslav Oseledko/AFP]

“Soyuz MS-15” raketasi Xalqaro fazoviy stansiyaning uch aʼzosi bilan Qozogʻistondagi Rossiya ijaraga olgan Boyqoʻngʻir kosmodromidan fazoga koʻtarilmoqda, 2019-yil, 25-sentabr. [Vyachaslav Oseledko/AFP]

Rossiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri koʻtariluvchi sunʼiy yoʻldoshlarga qarshi (DA-ASAT) raketasi dushanba kuni Rossiyaning “Kosmos 1408” sunʼiy yoʻldoshini portlatgan, deb xabar beradi AQSH fazoviy qoʻmondonligi oʻz bayonotida.

Seradata kompaniyasining kosmik sanoati tahlillariga koʻra, “Kosmos 1408” 1982-yilda ishlab chiqarilgan razvedka sunʼiy yoʻldoshi boʻlib, bir necha yillardan beri ishlamay turgan edi.

Sinov yerdan turib fazodagi kemani portlatgan toʻrtinchi zarba boʻldi.

“Rossiya barcha davlatlar uchun fazoning xavfsizligi, barqarorligi va uzoq muddatli turgʻunliligiga nisbatan sovuqqonligini qasddan namoyish etdi”, deb aytgan AQSH fazoviy qoʻmondonligi generali Jeyms Dikinson.

“Rossiyaning DA-ASAT raketasi paydo qilgan chiqindilar kelajakda bir necha yillar fazodagi faoliyatga xavf tugʻdirishda davom etadi, sunʼiy yoʻldoshlar va fazoviy missiyalarga tahdid soladi, shuningdek, ular bilan toʻqnashib ketmaslik uchun manevrlarni amalga oshirishga majbur qiladi”, deb aytgan u.

“Fazoviy amaliyotlar hayot tarzimiz asosidan joy olgan va bunday harakatlar umuman masʼuliyatsiz hisoblanadi.”

Yuzaga kelgan muammolar

ASAT sanoqli davlatlar ega boʻlgan yuqori texnologiyali raketa turlaridir.

Rossiya rejimi oʻtgan yilning 15-iyul kuni ASAT raketasini fazoga sinov tariqasida uchirganida xavotirga sabab boʻlgan edi. Bu harakat Qoʻshma Shtatlar va Buyuk Britaniya tomonidan qoralangan.

Dushanba kungi holat tobora kuchayib borayotgan fazoviy qurollanish poygasiga oid xavotirlarni yanada kuchaytirgan. Buning ichiga boshqalarini orbitadan tashqariga chiqara oladigan sunʼiy yoʻldoshlardan tortib to lazerli qurollargacha kiradi.

“Rossiya federatsiyasi oʻylamay-netmay toʻgʻridan-toʻgʻri koʻtariluvchi sunʼiy yoʻldoshlarga qarshi raketaning halokatli sinovini oʻtkazdi”, deb aytgan Blinken.

“Xavfli va masʼuliyatsiz sinov” 1500 dan ortiq kuzatiladigan fazoviy chiqindi boʻlaklarini hosil qilgan va yuz minglab kichik hajmdagi orbital chiqindini yuzaga keltirgan boʻlishi mumkin, deb aytgan u.

Orbital forpost ichidagi ekipaj aʼzolari – toʻrt amerikalik, bir nemis va ikki rus fuqarosi – uygʻotilib, ulardan eng avvalo stansiya lyuklarini yopish, soʻng ulardan ortga qaytish kapsulalarida yashirinish soʻraldi.

Bu evakuatsiyani ishga tushirishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarda beriladigan standart “boshpana” trevogasi tartibidir.

NASA maʼlumotlariga koʻra, ular “Dragon” va “Soyuz” kosmik kemalariga yetib borib, u yerda ikki soatcha boʻlishgan.

XKS har 90 daqiqada qoldiqlar buluti yonidan yoki uning ichidan oʻtishda davom etmoqda.

Bu borada keskin fikr bildirgan Blinken xavf tugamaganini, qoldiqlar sunʼiy yoʻldoshlar va XKSdagi ishlarga xavf solishda davom etishini aytdi.

“Masʼuliyatsiz xatti-harakat”

NASA maʼmuri Bill Nelson oʻz bayonotida “ushbu masʼuliyatsiz va barqarorlikka putur yetkazuvchi harakatdan” ranjiganini aytdi.

“Rossiya insonning koinotga parvozi bilan bogʻliq uzoq va qadimiy tarixga ega boʻla turib, nafaqat XKSdagi amerikalik va xalqaro astronavt-hamkorlarni, balki oʻz kosmonavtlarini”, shuningdek, xitoylik “taykonavtlarni” ham xavf ostiga qoʻyishini tasavvur qilish mushkul”, dedi u.

Garvard astrofizigi Jonatan Makdouell shunday dedi: “Koinot sohasi mutaxassislarining fikricha, u yerda shundoq ham chiqindilar joʻda koʻp – ularning yanada koʻpayishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi”.

Vayronalar bulutlarining ilk jismlari bir necha oy ichida atmosferaga kira boshlaydi, biroq u toʻliq tozalanishi uchun 10 yilgacha vaqt kerak boʻlishi mumkin, dedi u.

Bu “Yer yaqinidagi quyi orbita” deb nomlanuvchi koinotning tobora zichlashib borayotgan hududini xavf ostida qoldirishi mumkin.

AQSH Fazoviy qoʻmondonligi oʻzining dastlabki hisob-kitoblarida vayronalar orbitada “bir necha va ehtimol oʻnlab yillar davomida qolib, XKSdagi ekipaj va insonning koinotga parvozi bilan bogʻliq boshqa turdagi faoliyatlar, shuningdek, koʻplab mamlakatlarning sunʼiy yoʻdoshlari uchun katta xavf tugʻdirishi”ni aytgan.

Fazoviy qurollarning yangi davri

Prezident Vladimir Putin boshchiligida xalqaro taʼsirini tiklashga intilayotgan Rossiya fazoviy salohiyatini tobora koʻproq koʻz-koʻz qilmoqda.

Oʻtgan yili Buyuk Britaniya va Qoʻshma Shtatlar Rossiyani AQSH sunʼiy yoʻldoshini kuzatib borish uchun ochilib, ichidan kichikroq kema chiqargan “matryoshka” sunʼiy yoʻldoshini sinovdan oʻtkazganlikda ayblagan edi.

AQSH Fazoviy qoʻmondonligi vakili Dikinson Rossiyani “AQSH, uning ittifoqchilari va hamkorlarining fazoga kirish va undan foydalanishini faol cheklovchi vositalarni ishlab chiqish va joylashtirishda” aybladi.

“Rossiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri havoga koʻtariladigan sunʼiy yoʻldoshga qarshi qurollarni sinovdan oʻtkazishi – uning strategik barqarorlikka putur yetkazuvchi va barcha davlatlar uchun xavf tugʻdiruvchi aksilfazoviy qurol tizimlarini ishlab chiqishda davom etayotganini koʻrsatib turibdi”, dedi u.

Bu orada Xitoy 2027-yilga kelib, 700 tagacha jangovar yadroviy kallaklarni oʻz ichiga oluvchi qurol-yarogʻ zaxirasini jadal kengaytirish dasturi doirasida kosmik kemalarni ushlashga qodir boʻlgan robotlashtirilgan qoʻlli “Shijian-17” deb nomlanuvchi qurolni ishlab chiqmoqda.

“Xitoy ham, Rossiya ham oʻz harbiy salohiyatini kuchaytirmoqda”, dedi oʻtgan hafta AQSH Milliy razvedkasi direktori Avril Xayns.

“Ularda turli sunʼiy yoʻldoshlardagi sensorlarni ishlamaydigan qilib qoʻyish imkonini beruvchi yoʻnaltirilgan energiya qurollari bor”, dedi u.

Ushbu tanglikka qaramay, Qoʻshma Shtatlar va Rossiya sovuq urush tugaganidan beri fazoviy sohada mustahkam aloqalarni saqlab, oʻzlari birgalikda qurgan XKS boʻyicha yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya – sabotajchi.

Javob berish