Karvonsaroy
Xavfsizlik

Ovozasi dunyoga tarqalayotgan Kremlning yollanma jangarilari uchun vaziyat murakkablashmoqda

Karvonsaroy va AFP

Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) armiyasi askarlari 3-fevral kuni isyonchi jangarilar tomonidan bosib olinib, talon-taroj qilingan harbiy bazani koʻzdan kechirmoqda. Mart oyida BMT guruhi rossiyalik yollanma askarlarning Markaziy Afrika Respublikasida oʻtgan yil dekabrdagi “prezident saylovlaridan keyin yuz bergan qator zoʻravonlik hujumlariga aloqadorligi” yuzasidan xavotir bildirgan. [ALEXIS HUGUET / AFP]

Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) armiyasi askarlari 3-fevral kuni isyonchi jangarilar tomonidan bosib olinib, talon-taroj qilingan harbiy bazani koʻzdan kechirmoqda. Mart oyida BMT guruhi rossiyalik yollanma askarlarning Markaziy Afrika Respublikasida oʻtgan yil dekabrdagi “prezident saylovlaridan keyin yuz bergan qator zoʻravonlik hujumlariga aloqadorligi” yuzasidan xavotir bildirgan. [ALEXIS HUGUET / AFP]

Jahon liderlari Kreml bilan yaqin aloqadagi rossiyalik xususiy yollanma jangchilaridan iborat “Vagner” guruhiga nisbatan qoʻshimcha sanksiyalar joriy qilishga kelishib oldilar.

Vagner yollanma askarlari butun dunyo boʻylab bir qancha qaynoq hududlar, xususan, Ukraina, Afrikaning bir nechta davlati va Yaqin Sharqdagi mojarolarda ishtirok etgan.

“Bu guruhga nisbatan cheklovchi choralar koʻrishda ilgarilashga imkon beruvchi konsensus mavjud”, dedi Jozep Borrel dushanba (15-noyabr) kuni Bryusselda boʻlib oʻtgan Yevropa Ittifoqi (YI) tashqi ishlar vazirlarining yigʻilishidan soʻng.

Sanksiyaga oid takliflar Yevropa Ittifoqi ekspertlari tomonidan ishlab chiqiladi va dekabr oyida tashqi ishlar vazirlarining kelasi uchrashuvida muhokama qilinadi, dedi u.

Sunʼiy yoʻldoshlardan olingan ushbu suratdan 2020-yil iyul oyida Liviyadagi al-Xadim aerodromida Vagner guruhi tomonidan yetkazib berilgan va foydalaniladigan uskunalar hajmi maʼlum boʻlgan. [AFRICOM]

Sunʼiy yoʻldoshlardan olingan ushbu suratdan 2020-yil iyul oyida Liviyadagi al-Xadim aerodromida Vagner guruhi tomonidan yetkazib berilgan va foydalaniladigan uskunalar hajmi maʼlum boʻlgan. [AFRICOM]

Belorussiya davlat televideniyesining videolavhasida 2020-yil iyul oyida nomaʼlum manzilga ketaverishda Belarusga kirgan “Vagner guruhi”ning oʻnlab yollanma askarlari aks etgan. [Fayl]

Belorussiya davlat televideniyesining videolavhasida 2020-yil iyul oyida nomaʼlum manzilga ketaverishda Belarusga kirgan “Vagner guruhi”ning oʻnlab yollanma askarlari aks etgan. [Fayl]

Qrimdagi Perevalnoye qishlogʻida joylangan Ukraina harbiy bazasi oldida qoʻriqchilik qilayotgan nomaʼlum askarlar, 2014-yil, 16-mart. Ukraina Rossiya prezidenti Vladimir Putinning buyrugʻini bajaradigan “Vagner” yollanma askarlar guruhining vatani hisoblanadi. (Dimitar Dilkoff/AFP)

Qrimdagi Perevalnoye qishlogʻida joylangan Ukraina harbiy bazasi oldida qoʻriqchilik qilayotgan nomaʼlum askarlar, 2014-yil, 16-mart. Ukraina Rossiya prezidenti Vladimir Putinning buyrugʻini bajaradigan “Vagner” yollanma askarlar guruhining vatani hisoblanadi. (Dimitar Dilkoff/AFP)

Yevropa Ittifoqi aʼzosi Fransiya Vagnerga nisbatan chora koʻrish harakatlariga boshchilik qilmoqda.

Parij guruh va Mali harbiy xuntasi oʻrtasida mamlakatga 1000 nafar yollanma askar yuborishga doir kelishuvga keskin qarshi chiqmoqda.

2013-yildan beri Fransiya Mali va Saxel mintaqasiga minglab askarlar hamda havo kuchlarini yubordi, ular mahalliy kuchlar bilan birga Al-Qoida va “Islom davlati”ga (ID) aloqador isyonchilarga qarshi amaliyotlar olib bordi.

Kamida 20 ta etnik guruh istiqomat qiladigan, nochor va dengizga chiqish yoʻli boʻlmagan Mali jangarilar hujumlari va koʻp hollarda qoʻshni mamlakatlarga ham tarqalayotgan qabilalararo zoʻravonliklarga qarshi kurashib kelmoqda.

Kuchayib borayotgan eʼtibor

Kreml shu yil boshida Vagner yollanma guruhidan 1000 nafar jangchini mojarolar hukm surayotgan davlatga joʻnatish boʻyicha kelishuv imzolangani haqida xabarlar ortidan Fransiya va Germaniya eʼtiboriga tushgan edi.

“Biz Malining terrorizmga qarshi kurash salohiyatini qoʻllab-quvvatlash zarurligini tushunamiz”, deb aytgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 11-noyabr kuni Moskvada malilik hamkasbi Abdulaye Diop bilan muzokaralar chogʻida.

“Mamlakatni zarur jihozlar, qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar bilan taʼminlayapmiz. Malining davlatchiligi va hududiy yaxlitligiga tahdidlarning oldini olish uchun barcha zarur choralarni koʻramiz”, dedi Lavrov.

Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatda rossiyalik yollanma askarlar masalasiga oid savollar Mali hukumatiga berilishi kerak. Rossiya fuqarolari tomonidan xususiy tartibda ilgari surilgan harbiy tashabbuslar Moskvaning rasmiy doirasiga kirmaydi.

“Mali hukumatining Rossiya XHK (xususiy harbiy kompaniyasi) xizmatlaridan foydalanish rejalari haqidagi xabarlarga kelsak... bu savol Malining qonuniy hukumati yurisdiksiyasiga kiradi”, dedi Lavrov.

“Bu shartnomalar suveren davlatlarning qonuniy hukumatlari bilan tuzilgan boʻlsa, nima uchun salbiy baholanishi mumkinligini tushunmayman”, deb qoʻshimcha qildi u.

Biroq, agar soʻnggi voqealar nimaningdir belgisi boʻlsa, Vagner va boshqa Rossiya XHKlari bilan ishlashning salbiy oqibatlari borligi aniq.

Vagner ilk bor 2014-yilda Ukrainadaurush boshlanib, Rossiya Qrimni noqonuniy egallab olganida paydo boʻlgan.

Oʻshandan beri uning yollanma askarlari butun dunyoda, jumladan Suriya, Mozambik, Sudan, Venesuela, Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) va Chaddagi mojarolarda qatnashganlar.

Kremlning Suriya va Liviyani bogʻlaydigan oʻyinlari

YI oʻtgan yildayoq Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qadrdon doʻsti – Vagnerning moliyachisi deb gumon qilinadigan Yevgeniy Prigojinni guruhning Liviyadagi operatsiyalarga aloqadorligi sabab qora roʻyxatga kiritgan edi.

Yaqinda ovoza boʻlgan xatolar va mojarolar “Vagner” guruhining xavfsizlikka nisbatan pala-partish yondashuvini fosh etgan.

Liviyada guruh aʼzosi tarafidan tashlab ketilgan planshet buni tasdiqlovchi soʻnggi dalillardan biridir. Vagner xalqaro hamjamiyat tarafidan tan olingan Liviya milliy kelishuv hukumatini (MKH) agʻdarishga urinayotgan liviyalik yetakchi, Rossiyaning mijozi Xalifa Haftarni 2018-yildan beri qoʻllab-quvvatlab keladi.

Planshet ichida Rossiya yollanma armiyasining harakatlanishiga oid maʼlumotlar, uning odamlar yashaydigan tumanlarda minalar joylashtirganiga oid dalillar va soyadagi guruh ortida turgan pullarga oid ishoralar boʻlgan, deb xabar bergan VVS 12-avgust kuni.

Ikki nafar sobiq vagnerchilardan intervyu olgan BBC jangarilarning urush olib borishiga oid ikki tafsilotni ochiqlagan: Guruh aʼzolari uchun hech qanday xulq-atvor kodeksi mavjud boʻlmagan va ular muntazam ravishda asirlarni oʻldirgan.

“Hech kimga ortiqcha boqimanda odam kerak emas”, deb aytgan sobiq vagnerchi BBC nashriga.

Planshet bilan birga, BBC ixtiyoriga qurollar va qurilmalarning “xarid roʻyxati” ham kelib tushgan. Tahlilchilarga koʻra, ular faqat Rossiya armiyasi zahirasida boʻlishi mumkin.

Vagnerning Liviyadagi faoliyati shuningdek, Rossiyaning Suriya mojarosidagi ishtiroki bilan ham bogʻliq.

2020-yilda Suwayda.com sayti Rossiya qoʻllovidagi kuchlar safida jang qilish maqsadida Liviyaga ketish uchun ruxsatnoma olgan 20600 nafar suriyalik erkakning roʻyxatini qoʻlga kiritgan.

Ammo, aprel va iyun oyida nashr oʻsha kuchlar bilan qisqa muddatli shartnomalar tuzgan norozi suriyaliklardan intervyu olgan. Ular toʻlanmagan maoshlar, oziq-ovqatning yetarli emasligi, ish yoʻqligi va boshqa noloyiq munosabatlardan shikoyat qilishgan.

Suriyada Vagner jangarilarining qotilliklari va urush jinoyatlari haqidagi hikoyalar talaygina. Guruh bu mamlakatga Moskva 2015-yil sentabrda Suriya prezidenti Bashar Asad armiyasini qoʻllab-quvvatlab nizoga aralashgan vaqtda kirgan.

“Inson huquqlarini jiddiy poymol qilish”

Shu yili avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ekspertlari rossiyalik yollanma askarlarni MARda “inson huquqlarini jiddiy poymol qilishda” ayblagan edi.

31-mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlar guruhi rossiyalik yollanma askarlarning 27-dekabr kuni MARda “prezidentlik saylovlaridan keyin yuz bergan zoʻravonlik hujumlariga aloqadorligi” yuzasidan xavotir izhor etgan.

Ular uchta guruh nomini tilga olganlar: Sewa Security Services, Lobaye Invest SARLU va Vagner guruhi.

Yollanma askarlar “ommaviy qotilliklar, oʻzboshimchalik bilan hibsga olishlar, soʻroq paytida qiynoqlar qoʻllash, tinch aholini majburan koʻchirish, fuqarolik obyektlarini betartib nishonga olish, sogʻliqni saqlashga oid huquqlarni poymol qilish va gumanitar tashkilotlarga hujumlarning kuchayishiga” aloqador, deyiladi BMTning yollanma askarlar boʻyicha ishchi guruhi bayonotida.

Shuningdek, faollar Vagnerni Suriyada “urush jinoyatlarini” sodir etishda ham ayblaydilar.

2018-yilda Suriyaning Dayr Az-Zor viloyatidagi AQSH askarlari va ularning vositachilari tomonidan qoʻriqlanadigan neft obyektlarini qoʻlga olish operatsiyasi davomida bir necha oʻnlab Vagnerchilar oʻldirilgani va yaralangani aytiladi.

Oʻsha yilning iyul oyida OAVdan biri uchun Vagnerning MARdagi operatsiyalarini oʻrganayotgan uch nafar jurnalist pistirmada halok boʻlgan.

Rossiyaning bir nechta mahalliy yangiliklar saytlari jangarilikda gumonlanganlarning Rossiyadagi dafn marosimlari haqida xabar bergan, ularning oilalari sukut saqlash evaziga katta mablagʻ olishadi.

Boshqa barcha xususiy harbiy kompaniyalar singari Rossiyada noqonuniy hisoblangan Vagner huquq-tartibot idoralari va harbiy xizmatchilar orasidan Rossiyadagi oʻrtacha ish haqidan besh-olti baravar koʻproq maosh oladigan boʻlajak askarlarni yollash bilan shugʻullanadi.

Moskvaning “eng yomon qoʻriqlanadigan siri”

Prigojin saylovlarga aralashish va butun dunyo boʻylab Kremlning rejalarini amalga oshiruvchi yollanma qoʻshinlarni moliyalashtirishdagi roli sababli huquqiy tarafdan jiddiy tahdid ostiga qolgan.

2018 va 2020-yillarda Vashington Prigojinga nisbatan sanksiyalar joriy qilib, unga qarashli deb hisoblanuvchi Sankt-Peterburgdagi “trollar fabrikasi” – Internet tadqiqotlari agentligi (ITA) 2016 va 2020-yillarda AQSHdagi saylovlarga aralashuv ortida turganini aytgan.

ITA shuningdek, boshqa mamlakatlar, masalan, Angliya, Germaniya va Fransiyadagi saylovlar va referendumlar chogʻida buzgʻunchi tashviqot yuritishda ayblanmoqda.

Oʻtgan yili Belarusda saylovlar oldidan muxolifat bilan birga ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarishni rejalashda ayblangan 33 nafar Vagner “jangarisi” hibsga olingan edi.

Qoʻlga olinganlar Belarus poytaxti Minsk orqali Venesuela, Liviya, Kuba, Turkiya va Suriyadagi manzillarga oʻtmoqchi boʻlganliklarini taʼkidlagan. Bu iqrordan noqulay vaziyatga tushgan Moskva ularning yashirincha ozod qilinishiga erishdi.

Oʻtgan yilning oktyabr oyida Yevropa Ittifoqi “Vagner” guruhi orqali Liviyadagi vaziyatni beqarorlashtirgani uchun Prigojinga nisbatan sanksiyalar qoʻllagan.

Fevral oyida AQSH Federal tergov byurosi (FTB) Prigojinning hibsga olinishiga yordam beradigan maʼlumot uchun 250 ming dollar mukofot taklif qildi va uning “AQSHni aldash fitnasiga aloqadorlikda gumon qilinayotgani” sababli qidirilayotganini aytdi.

Karnegi jamgʻarmasining tahlil markazi Vagnerni “Moskvaning eng himoyalanmagan sirlaridan biri” deb atagan.

Markaz maʼlumotlariga koʻra, guruhning ikkita asosiy maqsadi bor: “Urush hududlariga jangarilarni joylashtirishda Kremlni haqiqatnamo inkor bilan taʼminlash” va “mezbon davlatlarda bosim oʻtkazishga tayyor boʻlish”.

Prigojin Vagner bilan aloqalarini rad etib keladi, Moskva esa hech qachon Vagner yollanma askarlari haqidagi xabarlarni tasdiqlamagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ularni jimgina gumdon qilib, joyida koʻmib tashlash kerak.

Javob berish