Karvonsaroy
Jamiyat

Palmira: Suriya rejimi va jangarilar nazoratidagi “arvoh shahar”

Volid Abu al-Xayr

Suriya shimolidagi Al-Bobdagi ustaxonada ISHID jiddiy shikast yetkazgan arxeologik yodgorlikni yogʻoch va gipsdan oʻz xotirasiga tayanib qayta tiklayotgan 58 yashar sobiq palmiralik Ali Solih, 14-yanvar. [Bakr Alqosim/AFP]

Suriya shimolidagi Al-Bobdagi ustaxonada ISHID jiddiy shikast yetkazgan arxeologik yodgorlikni yogʻoch va gipsdan oʻz xotirasiga tayanib qayta tiklayotgan 58 yashar sobiq palmiralik Ali Solih, 14-yanvar. [Bakr Alqosim/AFP]

Mahalliy faollarga koʻra, Suriya janubi-markazidagi Xoms viloyatida bir vaqtlar yunon-rum xarobalarini tomosha qilishga oshiqqan sayyohlar bilan toʻladigan qadimgi Palmira shahri hozirga kelib arvoh shaharga aylanib qolgan.

1980-yili Butunjahon merosi obʼekti sifatida tan olingan Palmira 2015-yilda hududni egallagan “Iroq va Shom islom davlati” (ISHID) qoʻlidan jiddiy talafot koʻrgan. Zamonaviy shaharning aksar aholisi qochib ketgan.

2017-yilda ISHID ikkinchi bor quvib chiqarilganidan keyin, shaharning bir qismidagi tashlandiq uylarni Eronga aloqador jangarilar egallagan boʻlsa, rossiyalik askarlar shaharning boshqa qismidagi fosfat konlari va arxeologik hududlarda nazorat oʻrnatgan.

Shuningdek, Palmira harbiy aeroporti ham Rossiya kuchlari nazoratiga oʻtgan.

Rim davriga mansub qadimgi Palmira shahri xarobalarining Buyuk ustunlariga yetkazilgan zararni koʻrsatuvchi surat, 7-fevral, Suriyaning Xoms viloyati. [Luay Beshara/AFP]

Rim davriga mansub qadimgi Palmira shahri xarobalarining Buyuk ustunlariga yetkazilgan zararni koʻrsatuvchi surat, 7-fevral, Suriyaning Xoms viloyati. [Luay Beshara/AFP]

Yoʻllarning abgor holati, yaxshi yoritilmasligi va tayanch infratuzilmaning yoʻqligi sabab Palmira va uning atrofidagi katta koʻchalarda har kuni yoʻl-transport hodisalari yuz beradi, deydi mahalliy aholi. [SANA]

Yoʻllarning abgor holati, yaxshi yoritilmasligi va tayanch infratuzilmaning yoʻqligi sabab Palmira va uning atrofidagi katta koʻchalarda har kuni yoʻl-transport hodisalari yuz beradi, deydi mahalliy aholi. [SANA]

Shahar va uning atrofi qarovsiz qolgan, Bashar Asadning Suriya rejimi va uning ittifoqdoshlari hududdagi demografik oʻzgarishga taʼsir oʻtkazish kampaniyasini olib bormoqda, deb xabar bergan faollar Al-Mashareq veb-saytiga.

Oʻtaketgan bepisandlik

Zamonaviy Palmiraning 50 ming aholisidan koʻpchiligi ISHID istilosidan keyin shahardan koʻchib ketgan, ularning oʻrniga rejimga aloqador eronlik va rossiyalik jangarilar kelgan.

“Suriya hukumati idoralari Palmira va uning atrofini qarovsiz qoldirdi, ular Eron va rossiyalik jangarilar yashayotgan hududlardan boshqa joylarda hatto oddiy vazifalarni ham bajarmaydi”, deydi OAV faoli Ammar Solih.

Shaharda asli palmiraliklar juda oz, “ular besh yil avval shahar rejim nazoratiga oʻtganidan keyin qaytganlar”, deydi Solih.

Uning soʻzlariga koʻra, hozirda Palmira “arvoh shahar”ga aylangan. “ISHID bilan urushda yoʻq qilingan binolarning xarobalariga tegilmagan, tuproq uyumlari esa hali ham yoʻllarni toʻsib turibdi.”

Urush vaqtida yoʻq qilingan infratuzilma qayta tiklanmagan, ichimlik suvi, kanalizatsiya xizmati va elektr quvvati yoʻq, deydi u.

“Yoritish vositalari, yoʻl harakati belgilari va asosiy infratuzilma yoʻqligi” sababli Palmira va Xoms viloyatini Dayr Az-zor bilan bogʻlaydigan magistrallarda har kuni yoʻl-transport hodisalari yuz beradi, deb qoʻshimcha qildi u.

Ayrim avtohalokatlar Rossiya kuchlari uchun fosfat va boshqa materiallarni tashuvchi yuk mashinalari ishtirokida sodir boʻladi, deb taʼkidladi u.

Shahar asosan boʻsh boʻlishiga qaramay, Rossiya nazorati ostidagi ayrim joylarda arxeologik hududlar va ulardagi xizmatlar qayta tiklangan.

Rossiyaliklar qadimgi yodgorliklarga tashriflarni tashkillashtiradi va mahalliy aholiga bu obʼektlarga ruxsatsiz yaqinlashishni taqiqlaydi, “goʻyoki bu yerlar suriyaliklar emas, rossiyaliklarga tegishlidek”, deydi Solih.

Demografik oʻzgarishlar

Suriya rejimi nazoratiga qaytgan boshqa hududlar kabi Palmira va uning atroflari “eʼtiborsizlik va kundalik xizmatlarning yoʻqligidan” aziyat chekmoqda, deydi suriyalik jurnalist Muhammad al-Abdulloh.

Unga koʻra, rejimning asosiy maqsadi “qaytib kelgan aholini ketishga majburlash va kelmoqchi boʻlayotganlarni fikridan qaytarish”.

Hududda “keskin demografik oʻzgarishlar yuz bermoqda”, deb qoʻshimcha qildi u. Shaharning bir qismi tashlandiq uylarni egallab olgan Fotimiyun boʻlinmasi – eronlik jangarilar hamda Iroq askarlari nazorati ostida.

Aholi siyrak boʻlgan hududlardan yana biri Rossiya kuchlari va Vagner guruhining yollanma askarlari nazoratida boʻlib, u yerdagi qoʻriqlanadigan obʼektlarda Rossiya unsurlari va Vagnerga ishlaydigan turli viloyatlaridan kelgan suriyaliklar yashaydi, dedi u.

“Suriya rejimi hududda xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham, iqtisodiy jihatdan hech qanday nazoratga ega emas”, deydi al-Abdulloh.

“Rossiyaliklar fosfat konlari va butun arxeologik hududni, jumladan faoliyati qayta tiklangan neft konlarini nazorat qiladi.”

Eron qoʻllovidagi jangarilarning Palmiraga joylashtirilishi uning Iroq chegarasiga yaqin boʻlgani sabab strategik chora hisoblanadi, bu ularning transchegaraviy faoliyatini himoyalashga yordam beradi, deydi u.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, shahardagi qadimiy Bel ibodatxonasi eronliklarning qurollari va raketalari saqlanadigan omborxonaga aylantirilgan.

Jangarilarga ishlash

2016-yilda Palmiradan koʻchib ketgan Bassem al-Akaydat hozirda Suriyaning janubiy chegarasidagi al-Ruqbon jamlogʻida yashamoqda.

Sahrodagi lagerda hayot juda ogʻir, ammo shunga qaramay, al-Akaydat “Palmiraga qaytishdan koʻra, al-Ruqbonda qolish afzal ekanligi” aytadi, chunki u yerda sharoit yomon, “hatto al-Ruqbondagidan ham ogʻirroq”.

Ayrim oilalar Palmiraga qisqa muddatga qaytishgan, keyinchalik al-Ruqbon yoki sharqiy viloyat Dayr Az-zor kabi boshqa joylarga qochib ketishgan, deydi u.

Al-Akaydatga koʻra, bunga “shaharda yashashga sharoit yoʻqligi, rejim va Eron jangarilari, shuningdek hududga yaqinda joylashtirilgani aytilayotgan Vagner unsurlari tomonidan koʻrilgan qatʼiy xavfsizlik choralari sabab boʻlgan”.

Rossiya jangari guruhining safi “yangi aʼzolar bilan toʻldirilgan”, deydi u.

Ortga qaytgan ayrim oilalar “rossiyaliklar va eronliklar bilan toʻliq hamkorlik qilishga rozi boʻlganlar, bu yagona daromad manbai boʻlgani uchun koʻpchilik oilalarning yigitlari jangarilar safiga qoʻshilgan”, dedi u.

Ularning ayrimlari rossiyaliklar boshqaradigan va faqat rossiyaliklarga sodiq boʻlganlargina ishga qabul qilinadigan fosfat va tuz konlarida ishlaydi, deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Buning hayron qolarli joyi yoʻq, zero Rossiya terrorizmni qoʻllovchi davlat hisoblanadi.

Javob berish

Rus dunyosi qayerga kirgan boʻlsa, oʻsha yerda qashshoqlik va vayronagarchilik.

Javob berish