Karvonsaroy
Inson huquqlari

Rossiyaning yetakchi huquqbon tashkilotni tugatish qarori dunyo hamjamiyatining tanqidiga uchradi

Karvonsaroy va AFP

“Memorial” asoschilaridan birining AFPga aytishicha, Rossiyaning mamlakatdagi yetakchi inson huquqlari tashkilotini yopish qarori Kremlning diktatorlik yoʻlida “keskin” burilish qilganidan darak beradi. Oʻtgan haftada prokurorlar Stalin davriga oid jinoyatlarni fosh qilish uchun 1989-yili tashkil etilgan guruhni qonunbuzarliklar tufayli tarqatib yuborish talabini qoʻygan va bu Rossiyadagi huquqbon doiralarni larzaga keltirgan edi. [AFP]

MOSKVA – Seshanba (23-noyabr) kuni Moskva sudi prokurorlarning Rossiyadagi eng taniqli huquqbon tashkilot – “Memorial”ni yopish haqidagi talabini koʻrib chiqishni boshladi. Bu chora mamlakat ichi va xalqaro maydonda keskin tanqidlarga sabab boʻlgan.

“Memorial”ning oʻnlab tarafdorlari sovuq havoga qaramay, Moskva shahar sudining binosi oldida 1989-yilda Sovet davriga oid jinoyatlarni hujjatlashtirish uchun taʼsis etilgan tashkilotni yopishga bagʻishlangan ikki sud majlisining birinchisiga toʻplandilar.

Seshanba kungi dastlabki eshituvlar siyosiy mahbuslar, migrantlar va boshqa himoyasiz qatlamlar huquqlari uchun kurashadigan Moskvadagi “Memorial” markazini yopish haqidagi prokurorlar talabiga bagʻishlandi.

Markaziy Osiyolik mehnat migrantlari politsiyaning huquqbuzarliklari va korruptsiyaga botgan ish beruvchilardan muntazam aziyat chekib keladi. Kaltaklash va maoshini olib qoʻyish kabi jinoyatlar shular jumlasidandir.

18-noyabr kuni Moskvada matbuot anjumani oʻtkazayotgan “Memorial” huquqbon tashkiloti aʼzolari. Rossiyaning mamlakatdagi yetakchi inson huquqlari tashkilotini yopish qarori Kremlning diktatorlik yoʻlida “keskin” burilish qilganidan darak beradi, deydi tashkilot asoschilaridan biri. [Aleksandr Nemenov/AFP]

18-noyabr kuni Moskvada matbuot anjumani oʻtkazayotgan “Memorial” huquqbon tashkiloti aʼzolari. Rossiyaning mamlakatdagi yetakchi inson huquqlari tashkilotini yopish qarori Kremlning diktatorlik yoʻlida “keskin” burilish qilganidan darak beradi, deydi tashkilot asoschilaridan biri. [Aleksandr Nemenov/AFP]

“Memorial” kengashi aʼzosi Oleg Orlov 15-noyabr kuni tashkilotning Moskvadagi ofisida siyosiy qatagʻonlarga bagʻishlangan koʻrgazmada suratga tushmoqda. [Aleksandr Nemenov/AFP]

“Memorial” kengashi aʼzosi Oleg Orlov 15-noyabr kuni tashkilotning Moskvadagi ofisida siyosiy qatagʻonlarga bagʻishlangan koʻrgazmada suratga tushmoqda. [Aleksandr Nemenov/AFP]

“Memorial” xodimi 15-noyabr kuni huquqbon tashkilotning Moskvadagi ofisida arxiv hujjatlarini koʻrsatmoqda. [Aleksandr Nemenov/AFP]

“Memorial” xodimi 15-noyabr kuni huquqbon tashkilotning Moskvadagi ofisida arxiv hujjatlarini koʻrsatmoqda. [Aleksandr Nemenov/AFP]

Aprel oyida “Memorial” boshqa huquqbon tashkilotlar qatori mamlakatning Suriyadagi harbiy harakatlar qurbonlarini yorituvchi, Rossiyaning oʻn yillik Suriya mojarosidagi ishtirokiga oid dahshatli hisobotni chop etgan.

Prokuratura markazni “xorijiy agentlar” toʻgʻrisidagi Rossiya qonunini buzishda va siyosiy mahbuslar (ular orasida Kremlning bosh tanqidchisi Aleksey Navalniy ham bor) roʻyxatini eʼlon qilish orqali “terrorizm va ekstremizm”ni oqlashda ayblamoqda.

Ular, shuningdek, Oliy suddan Sovet davridagi taʼqiblar qurbonlarini, jumladan, GULAG mahbuslarining xotirasini abadiylashtirishga ixtisoslashgan xalqaro “Memorial” tashkilotini yopishga oid talabnomani maʼqullashni soʻraganlar.

Sovet davrini eslatuvchi atama – “xorijiy agent” maqomidagi jismoniy shaxslar yoki tashkilotlar moliyalashtirish manbalarini oshkor qilishga va barcha materiallari, jumladan, ijtimoiy tarmoqdagi xabarlarga alohida belgi qoʻyishga majbur, aks holda ular jarimaga tortiladi.

Mamlakatdagi yetakchi mustaqil OAV, jumladan “Meduza” yangiliklar sayti va “Dojd” telekanali “xorijiy agentlar” deb eʼlon qilingan.

“Memorial” inson huquqlari markazi 2014-yilda, xalqaro “Memorial” esa 2016-yilda hukumatning “xorijiy agentlar” reyestriga kiritilgan.

Bu ikki tashkilot birgalikda “Memorial” faoliyatining asosini tashkil qiladi.

“Siyosiy qaror”

Shu oy boshida, 11-noyabr kuni prokuratura prezident Vladimir Putin tanqidchilarining ovozini oʻchirishga qaratilgan huquqiy urinish doirasida “Memorial”ni oʻzi tan olmayotgan tizimli qoidabuzarliklar sabab tarqatib yuborish haqida qaror qabul qilgan.

“Memorial” shu yil boshida “xorijiy agent” yorligʻini olgan surishtiruv bidan shugʻullanuvchi sanoqli axborot agentliklari, jurnalistlar va huquqbon tashkilotlardan biridir. Kuzatuvchilar bu jarayonni mustaqil tashkilotlarga qarshi olib borilayotgan tarixiy tazyiq deb baholamoqda.

“Memorial”ga koʻra, sud ishi “qonuniy asosga ega emas”.

“Bu – siyosiy qatagʻonlar tarixini oʻrganishga va inson huquqlarini himoya qilishga bagʻishlangan “Memorial”ni yoʻq qilishga qaratilgan siyosiy qaror”, deyiladi “Memorial” bayonotida.

“Biz bu qonun avvaldan mustaqil tashkilotlarga qarshi kurash vositasi sifatida ishlab chiqilganini bir necha bor aytganmiz va u bekor qilinishi kerakligini taʼkidlaganmiz”, deyiladi unda.

Oktyabr oyi oxirida “Memorial” Rossiyada siyosiy mahbuslar soni soʻnggi yillarda keskin oshganini, bu Sovet davri repressiyalarini yodga soluvchi tendentsiya ekanligini aytgan edi.

Tashkilot oʻtgan yili 420 ta siyosiy mahbus, jumladan, asabni falajlovchi Novichok moddasi bilan hujumga uchragan Navalniyni roʻyxatga olgan edi – 2015-yilda ularning soni 46 ta boʻlgan.

Keskin tanbeh

“Memorial”ni yopish haqidagi qaror mahalliy va xalqaro miqyosdagi tanqidlarga sabab boʻldi.

Oʻtgan payshanba kungi matbuot anjumanida inson huquqlari himoyachilarining holati boʻyicha BMT maxsus maʼruzachisi Meri Lolor agar Rossiya tashkilotni yopish rejalarini amalga oshiradigan boʻlsa, bu BMT qadriyatlariga nisbatan “oʻtaketgan bepisandlik” boʻlishini aytib ogohlantirgan edi.

“Shuningdek, agar “Memorial” nishonga olinsa, Rossiyadagi qolgan fuqarolik jamiyati ishtirokchilari ham nishonga olinishi faqat vaqt masalasi boʻlib qoladi, deb qoʻrqaman”, deb aytgan u.

“Memorial” asoschilaridan biri, tarixchi Irina Shcherbakovaning aytishicha, bu chora Kremlning “keskin” diktatorlik burilishi yasaganidan dalolat bermoqda.

“Vaziyat keskin ravishda yomonlashmoqda, diktatura yanada repressiv tus olmoqda”, deb aytgan edi Shcherbakova 17-noyabr kuni. “U shu darajada ochiqdan-ochiq repressivki, hatto ishonish qiyin.”

Rossiyada tarixiy xotirani saqlab qolish va inson huquqlarining buzilishiga qarshi kampaniyalar oʻtkazuvchi “Memorial” uzoq yillar davomida Rossiya hukumati nishoni ostida boʻlgan.

Mamlakat ichida va xorijda 50 ga yaqin shoʻʼbalarga ega tashkilot muntazam ravishda Tinchlik uchun Nobel mukofotining ehtimoliy laureati sifatida tilga olingan.

Sovet Ittifoqining soʻngida tarkibiga Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati va Sovet dissidenti Andrey Saxarov kirgan guruh tomonidan asos solingan tashkilotning vazifasi Sovet hukumati tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish va hujjatlashtirish boʻlgan.

Rossiyaning demokratlashuvi timsoli boʻlgan “Memorial” 1990-yillarda Sovet davrining jinoyatlariga oid juda katta arxiv tuzgan. Shuningdek, guruh mamlakat boʻylab, ayniqsa beqaror Shimoliy Kavkazda inson huquqlari uchun kurashadi.

Odamlar ovozini oʻchirish

Prokuraturaning “Memorial”ni yopish haqidagi qaror qabul qilishi guruh uchun kutilmaganda yuz berdi, deydi Shcherbakova.

“Memorial” oʻziga qarshi qaratilgan media-kampaniya fonida “bir talay koʻngilsizliklarni” kutgan boʻlsa-da, hukumat qay darajada tez harakat qilayotganidan hayratda qoldi, deydi u.

Maqsad odamlarning ovozini oʻchirish, ularni qoʻrqitish, dedi u.

“Ular har qanday kuchdan foydalanishga va odamlarda himoya va huquq yoʻqligini koʻrsatishga tayyor”, dedi u.

Kutilmagan qarordan keyin “Memorial”ga muntazam ravishda qoʻllab-quvvatlovchi “qoʻngʻiroqlar” va xatlar kelib tushmoqda, dedi Shcherbakova. U tashkilot kelajagi haqidagi qaror “allaqachon qabul qilib boʻlinganidan” xavotirda ekanini aytdi.

Guruh “kurashishda davom etishi kerak”, deb qoʻshimcha qildi u. “Haqiqat biz tomonda.”

Sovet davri repressiyalariga oid koʻpchilik arxiv hujjatlari internetda bor, shuning uchun ularni yoʻq qilish “imkonsiz”, deb taʼkidladi u.

“Hozirgi vaziyat odamlar hamma narsadan bexabar boʻlgan 1970-yillardagi kabi emas”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiyada demokratiyaning soʻnggi izlari yoʻq qilindi. Mamlakat totalitar qamoqxonaga aylandi.

Javob berish