Karvonsaroy
Ta’lim

Afgʻon bolalari uchun moʻljallangan tojik maktabi xayriya tufayli oʻz ishini davom ettiradi

Karvonsaroy

Sanasiz surat: Dushanbe shahridagi “Somoniyon” maktabi bogʻcha yoshidan 11-sinfgacha boʻlgan 450 dan ortiq oʻquvchiga taʼlim beradi. [Tojikistondagi AQSH elchixonasi]

Sanasiz surat: Dushanbe shahridagi “Somoniyon” maktabi bogʻcha yoshidan 11-sinfgacha boʻlgan 450 dan ortiq oʻquvchiga taʼlim beradi. [Tojikistondagi AQSH elchixonasi]

DUSHANBE – Payshanba (2-dekabr) kuni AQSHning “Spirit of America” nodavlat tashkiloti (SOA) Amerika elchixonasi bilan hamkorlikda Dushanbedagi afgʻon bolalari uchun moʻljallangan “Somoniyon” maktabining yana bir yil faoliyat yuritishi uchun xayriya mablagʻi ajratdi, deyiladi elchixona bayonotida.

Afgʻonistonlik qochqin bolalar taʼlim oladigan ushbu maktab avgust oyida Afgʻonistonda sobiq hukumatning qulashi bilan bogʻliq sharoitda muhim rol oʻynaydi.

SOA qochqin bolalarning eng zaruriy ehtiyojlarini qondirishga 80 ming AQSH dollaridan (900 ming somoniy) koʻproq mablagʻ ajratgan.

Dushanbedagi maktabda bogʻcha yoshidan 11-sinfgacha boʻlgan 450 dan ortiq oʻquvchi taʼlim oladi. Taʼlim aralash shaklda olib boriladi.

Bu orada Afgʻonistondagi yangi hukumat qizlarning oltinchi sinfdan keyin maktabga borishini taqiqlagani aytilmoqda.

Tojikistondagi yagona afgʻon maktabi

“Somoniyon” Afgʻonistondagi oʻquv dasturidan foydalanadigan va dari tilida taʼlim beradigan Tojikistondagi yagona maktab hisoblanadi.

SOA granti maktabga “ijara, oʻquvchilar qatnovi, mebellar, mayda taʼmirlash ishlari va internet xarajatlarini qoplashga yordam beradi”, dedi elchixona.

SOA bosh direktori Jim Xeykning aytishicha, tashkilot bu maktabni “450 dan ortiq afgʻonistonlik qochqin bolalarning sifatli taʼlim olishi va butun dunyodagi boshqa oʻgʻil-qizlardagi kabi orzu-intilishlar bilan oʻsib-ulgʻayishi uchun” moliyalashtirmoqda.

U tojik xalqini “mamlakatda boshpana izlagan afgʻonlarga nisbatan xayrixohligi va mehmondoʻstligi” uchun maqtagan.

“Ushbu qimmatli yordam oʻquvchilarimiz hayotini chinakamiga oʻzgartiradi”, deydi Somoniyon maktabi direktori Nojia Zohir.

“AQSH va Tojikiston xalqi afgʻon qochqinlari bilan qatʼiy birdamlikda”, dedi AQSHning Tojikistondagi elchisi Jon Mark Pommershaym.

Tojikistondagi afgʻon qochqinlariga yordam

Xayriya yordami SOA va AQSH elchixonasi Vahdatdagi uchta jamoat markazini qoʻllab-quvvatlash uchun hamkorlik boshlashi ortidan ajratilgan.

Bu markazlar 2500 dan ortiq Tojikiston va Afgʻoniston fuqarolari uchun moʻljallangan ingliz tili, texnologiyalar va kasbiy taʼlim dasturlarini taqdim etadi.

SOA “Karvon” taʼlim markazi, Innovatsion texnologiyalar va kommunikatsiyalar markazi va Vahdat yoshlar markazini rekonstruksiya qilish va yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash uchun mablagʻ ajratdi. Buning natijasida Vahdatdagi tojik va afgʻon yoshlari taʼlim resurslari va imkoniyatlarini izlash salohiyatiga ega boʻldilar.

Elchixonaning maʼlum qilishicha, Qoʻshma Shtatlar “Afgʻoniston va mintaqadagi afgʻon qochqinlariga yordam koʻrsatuvchi eng yirik gumanitar donor hisoblanadi”.

Oʻtgan yil davomida u Afgʻoniston bilan bogʻliq gumanitar yordamlar uchun salkam 474 million dollar (5,3 milliard somoniy) mablagʻ ajratgan.

SOA xususiy manbalar tarafidan moliyalashtiriladigan AQSH nodavlat tashkiloti boʻlib, “erkin va yaxshiroq hayot umidini saqlab qolish uchun fuqarolarni ittifoqchilar, doʻstlar va hamkorlar bilan munosabatlarni mustahkamlashga jalb qiladi”, deyiladi elchixona xabarida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500