HIROT – Xitoyning Afgʻonistondagi qazilma boyliklarga qiziqishi ortib borar ekan, Xitoy kompaniyalari siyosiy beqarorlik va keskin iqtisodiy inqiroz sharoitida oʻz ustunligidan foydalanishga urinishi mumkinligi afgʻonlarni xavotirga sola boshlagan.
23-noyabr kuni Hirotga tashrif buyurgan xitoylik tadbirkor viloyat hokimi Nur Ahmad Islomyor bilan uchrashib, dunyoda birinchi oʻrinda turadigan afgʻon zaʼfaronini qayta ishlash va sotish uchun sarmoya kiritishga qiziqish bildirgan.
Ertasi kuni bir nechta xitoylik investor mamlakatdagi litiy konlariga sarmoya kiritish masalasini muhokama qilish uchun Afgʻonistonga yetib keldi, deb xabar beradi Xitoyning Global Times nashri.
Avvalgi hukumat qulaganidan keyin Xitoy kompaniyalarining Afgʻoniston togʻ-kon sanoatiga sarmoya kiritishga oid harakatlari afgʻonlarda bir qator savollarni keltirib chiqarmoqda.
Xitoy bir necha yillardan beri Afgʻonistonning noyob metal konlariga koʻz tikib, ulardan katta foyda koʻrish mumkinligi sabab qulay payt poylab kelgan, deydi Hirotdagi jamoatchilik faollaridan biri Abdul Gʻofur Navroʻziy.
“Xitoyning konchilik sohasiga investitsiyasi ayni vaqtda Afgʻoniston uchun manfaatli boʻlmaydi, chunki hukumat hali shakllantirilmagan”, deb qoʻshimcha qilgan u.
“Konchilik, ayniqsa qimmatbaho metallar qazilmalari boʻyicha shartnomalar boʻyicha tenderlar oʻtkazilmas ekan, Xitoy kompaniyalari investitsiyasi afgʻonlar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deydi Navroʻziy.
Afgʻoniston tabiiy boyliklari oʻmarilishining oldini olish maqsadida Xitoy konchilik kompaniyalariga shartnomalarni topshirishda ehtiyotkorlik zarur, deb aytgan hirotlik iqtisodchi Said Kabir Husayniy.
“Xitoy kompaniyalari katta foyda olmasa, hech qachon Afgʻonistonga sarmoya kiritmaydi”, deb qoʻshimcha qilgan u. “Bu kompaniyalar bilan shartnomalar Afgʻoniston uchun zarar keltirmaydigan qilib tuzilishi kerak.”
Kamyob va qimmatbaho metall konlari Xitoy kompaniyalariga arzonga berilmasligi kerak, Xitoyning aynan shu konlarga qiziqishi yaxshilikdan darak emas, deb ogohlantirgan Husayniy.
Opportunizm
Xitoyning Afgʻoniston konlarini qoʻlga kiritish yoʻlidagi saʼy-harakatlari xuddi loyqa suvda baliq ovlashga oʻxshaydi, deydi Gʻor viloyatilik iqtisodchi Said Kamol Nazariy.
“Togʻ-kon sanoati sohasida meʼyoriy-huquqiy baza yoʻq, Konchilik va neft-gaz vazirligidagi joriy rasmiylar mutaxassis emas, Xitoy kompaniyalari konchilik sektorini qoʻlga olishda bundan foydalanib qolmoqchi”, deydi u.
“Inklyuziv hukumat tuzilgunicha, Konchilik va neft-gaz vazirligida mutaxassislar yollanguniga qadar Xitoyga hech qanday shartnomalar taqdim etilmasligi kerak”, deydi Nazariy. “Afgʻonistonning qimmatbaho metallari juda katta qiymatga ega, ammo xitoylar uni arzonga qazib olishmoqchi”, deb ogohlantirgan u.
Xitoy iqtisodiy gigant, agar qoʻyib bersa, Afgʻonistonning konlarini juda oz bahoga yutib yuboradi, deydi Nimroʻz viloyatidan iqtisodiy tahlilchi Muhammad Amin Alamyor.
“Xitoy hukumati hozirgi ogʻir sharoitda afgʻonlarga yordam berish oʻrniga, ularning qazilma boyliklarini talon-taroj qilishga urinyapti”, deydi u.
Tender oʻtkazish imkoniyati yaratilishi kerak “va Afgʻonistonga eng koʻp foyda olib keladigan kompaniya shartnomani qoʻlga kiritishi kerak”, deydi u.
Tabiiy resurslar – xalq mulki
Mineral resurslar xalqniki va uning roziligisiz Xitoy kompaniyalari bilan imzolanadigan har qanday shartnoma qabul qilinmaydi, deydi gʻarbiy Afgʻonistonning ayrim fuqarolari.
Hukumat xorijiy kompaniyalar bilan tuzilayotgan konchilik shartnomalari kuchga kirishidan avval ularni ochiqlashi kerak, deydi hirotlik Nizomiddin Akromiy. U har qanday maxfiy kelishuv xalq noroziligini keltirib chiqarishini qoʻshimcha qilgan.
“Ajdodlar konlarimiz va resurslarimizni asrlar mobaynida himoya qilib kelishgan, xitoyliklar ularni tekinga qazib olishlarini istamaymiz”, deb qoʻshimcha qilgan u.
“Boshqa har qanday davlat kabi, konchilik sektoridan olingan daromad yashash tarzini yaxshilashi va qashshoqlikni yoʻqotishi kerak”, deydi Akromiy. “Konchilikdan olingan daromad ayrim shaxslar va guruhlarning qoʻllariga oʻtib ketishiga yoʻl qoʻymaymiz.”
Afgʻoniston resurslarni qazib olishga shoshilmasligi kerak, deydi Bodgʻis viloyatidan Muhammad Valiy Sadoqat.
“Afgʻonlar yuz yillab non urvoqlari bilan kun koʻrgan boʻlsa ham, tabiiy resurslarni himoya qilib kelgan”, deb qoʻshimcha qilgan u. “Hech qanday sharoitda ham mamlakat konlari Xitoy mafiyasiga topshirilmasligi kerak.”
“Xitoy faqat oʻzining iqtisodiy manfaatini koʻzlaydi. Shu sababli, Xitoy bilan bunday xavfli kelishuvlar imkoni boricha tezroq toʻxtatilishi kerak”, deb aytgan u.
Nega xitoylik investor afgʻonlar kiyimida?
Javob berishFikrlar 1