Karvonsaroy
Ta’lim

Tojikistondagi “Amerika markazlari” yoshlar uchun muhim dasturlar va imkoniyatlarni taqdim etmoqda

Neʼmatillo Mirsaidov

Xoʻjandda joylashgan Toshxoʻja Asiriy nomidagi Soʻgʻd viloyati kutubxonasining “Amerika markazida” mahalliy jurnalistlar uchun ingliz tili darslari oʻtilmoqda, 2018-yil, 2-fevral. [Neʼmatillo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Xoʻjandda joylashgan Toshxoʻja Asiriy nomidagi Soʻgʻd viloyati kutubxonasining “Amerika markazida” mahalliy jurnalistlar uchun ingliz tili darslari oʻtilmoqda, 2018-yil, 2-fevral. [Neʼmatillo Mirsaidov/Karvonsaroy]

XOʻJAND – Ingliz tili, kompyuter savodxonligi darslari, internet va raqamli kutubxonadan foydalanish kabi imkoniyatlar Tojikistonda har kuni “Amerika markazlariga” tashrif buyurayotgan yoshlarni oʻziga jalb qilmoqda.

Bu xizmatlarning barchasi bepul taqdim etiladi.

Hozirgi vaqtda dunyo boʻylab 150 ta davlatda 650 ta “Amerika markazi” faoliyat olib bormoqda, deb xabar beradi Tojikistondagi AQSH elchixonasi.

“Bizning Tojistondagi “Amerika markazlarimiz” tashrif buyuruvchilar uchun gʻoya almashinuvi, yangi aloqalar oʻrnatish, yangi koʻnikmalarga ega boʻlish va ingliz tilini oʻrganish uchun erkin maydon hisoblanadi”, dedi Tojikistondagi AQSH elchisi Jon Mark Pommershaym 22-oktabr kuni Soʻgʻd viloyatida yoshlar va jurnalistlar bilan uchrashuv chogʻida.

Xoʻjanddagi “Amerika markazida” bepul internet va kutubxona yordamida uy vazifasini bajarayotgan maktab oʻquvchilari, Soʻgʻd viloyati, 2011-yil, 22-noyabr. [Neʼmatillo Mirsaidov/Karvonsaroy]

Xoʻjanddagi “Amerika markazida” bepul internet va kutubxona yordamida uy vazifasini bajarayotgan maktab oʻquvchilari, Soʻgʻd viloyati, 2011-yil, 22-noyabr. [Neʼmatillo Mirsaidov/Karvonsaroy]

24-oktabr kuni Xoʻjanddagi “Amerika markazida” Go Viral festivali boʻlib oʻtdi. [Neʼmatillo Mirsaidov/Karvonsaroy]

24-oktabr kuni Xoʻjanddagi “Amerika markazida” Go Viral festivali boʻlib oʻtdi. [Neʼmatillo Mirsaidov/Karvonsaroy]

“Amerika markazlari” dasturlari bepul boʻlib, “yoshlar oʻrtasida tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, oʻz qobiliyatini roʻyobga chiqarish imkoniyatini taqdim etish va global tarmoqqa ulanish orqali tashqi dunyoni yaxshiroq idrok etishi uchun kompyuter texnologiyalarini oʻrgatishga qaratilgan”, deb aytgan u.

AQSH elchixonasining Tojikistondagi ilk “Amerika markazi” 2005-yil Koʻlobda, keyinroq Dushanbe va Xoʻjandda, shuningdek Boxtar, Xorugʻ, Gʻarm, Isfara va Panjakent shaharlarida ochilgan.

“Ular 15 yil ichida AQSH dasturlaridan xabardor oʻnlab yoshlar toʻplanadigan kichik burchaklardan qulay muhit va keng imkoniyatlarga ega katta ijodiy va madaniy markazlarga aynlangan”, deydi elchixona vakili Soro Marodaliyeva.

Har kuni markazlarga yuzlab maktab oʻquvchilari va universitet talabalari tashrif buyuradi, deb qoʻshimcha qildi u.

Elchixonaga koʻra, har yili “Amerika markazlarida” 7000 ga yaqin tadbirlar oʻtkaziladi, ularda 50 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashadi.

Shuningdek, ular jamoatchilikka Markaziy Osiyo, jumladan Tojikistondagi AQSH hukumat dasturlari haqida maʼlumotlar taqdim etadi.

“Markazimizning maqsadlaridan biri AQSH dasturlarida qatnashishni istaganlar uchun tezkor maʼlumot yetkazish, kerak boʻlsa, arizalarni qanday qilib toʻgʻri toʻldirishni tushuntirish va oʻrgatish hamdir”, deb aytgan Xoʻjanddagi “Amerika markazi” koordinatori Farangis Shokirova.

“Bizda maktab oʻquvchilari uchun almashinuv, aspirantlar uchun AQSH universitetlarida oʻqish, amaliyot, ingliz tili darslari, mintaqaviy va xalqaro forumlar, koʻrgazmalar, uchrashuvlar, stipendiyalar, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va boshqa dasturlar bor”, deb aytgan u.

AQSH dasturlari “Amerika va xorijda fuqarolar hamda tashkilotlar oʻrtasida shaxsiy, kasbiy va idoralararo darajadagi aloqalarni” rivojlantirishga qaratilgan, deyiladi Dushanbedagi AQSH elchixonasi xabarida.

20 dan ortiq dasturlar maktab oʻquvchilari va universitet talabalariga Qoʻshma Shtatlarda taʼlim olish, shuningdek olimlar va mutaxassislar uchun tadqiqotlar oʻtkazishga imkon beradi.

Almashinuv dasturlari nafaqat taʼlim, balki sanʼat, kinematografiya, jurnalistika, muhandislik va texnologiya sohalarida AQSH tajribasini oʻrganish imkoniyatini beradi.

Ular jurnalistlar uchun muxbirlik va taʼlim safarlari, oʻqituvchilar va olimlar uchun pedagogik mahorat va yutuqlari (TEA) dasturi, xorijiy tillar oʻqituvchisi yordamchisi (FLTA) dasturi, AQSH institutlarini oʻrganish (SUSI) dasturlarini, musiqachi va boshqa ijrochilar uchun OneBeat almashinuv dasturlarini oʻz ichiga oladi.

Oʻtgan 15 yil ichida 4000 ga yaqin tojikistonlik Qoʻshma Shtatlarda tahsil oldi, 3400 dan ortigʻi esa AQSH hukumati tomonidan moliyalashtirilgan ilmiy safarlar va akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etdi, deyiladi elchixona xabarida.

“Qoʻshma Shtatlar yoshlarning isteʼdodi va qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish uchun Tojikistonda adabiyot, sanʼat, jurnalistika va taʼlimni rivojlantirishga katta hissa qoʻshmoqda”, deydi Shokirova.

Ingliz tili dasturlari

Ingliz tilini oʻrgatish AQSH dasturlari qamroviga kiruvchi asosiy yoʻnalishlardan biridir.

Bugungi kunda ingliz tilini bilish nafaqat maktab oʻquvchilari va talabalar, balki aspirantlar, olimlar, oʻqituvchilar, tadbirkorlar va harbiy xizmatchilar uchun ham zarur.

Elchixona matbuot kotibi Marodaliyevaning soʻzlariga koʻra, AQSH dasturlari bu guruhlarning har biri uchun oʻquv kurslarini taqdim etadi. Oʻqish va safar xarajatlari toʻlaligicha AQSH hukumati tarafidan qoplanadi.

“Ingliz tilida soʻzlashishni xohlovchilar soni yildan-yilga oshib bormoqda”, deydi Shokirova.

“Bu til maktab oʻquvchilari va oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun ham nufuzli xorijiy oliy oʻquv yurtlarida taʼlimni davom ettirishda, ham ishga joylashishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi”, dedi u.

Ingliz tili global muloqot tili, deydi Tojikiston milliy universiteti katta oʻqituvchisi Qironshoh Sharifzoda Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Shu bois ham tojik jamiyatidagi dunyoqarash asta-sekin oʻzgarib bormoqda. Yaxshi taʼlim olish, yaxshi ish topish va oʻz nomiga ega boʻlish uchun ingliz tilini bilish kerak”, dedi u.

Mamlakat maktablari va oliy oʻquv yurtlarida ingliz tilini oʻqitishni takomillashtirish zarurligiga qaramay, oʻquv dasturiga katta oʻzgarishlar kiritilmagan.

Taʼlim vazirligiga koʻra, Tojikiston umumtaʼlim maktablarida ingliz tili taʼlimi – ikkinchi sinfdan boshlanadigan rus tilini oʻqitish darajasi bilan bir xil.

“Ingliz tili uchun haftasiga atigi ikki soat ajratilgan, bu yetarli emas”, deydi Karvonsaroyga xoʻjandlik oʻqituvchi Svetlana Baltina. “Natijada ota-onalar koʻpincha oʻz farzandlari uchun repetitor yollashga majbur boʻlishadi.”

Biroq, barcha oilalar repetitor olish imkoniyatiga ega emas. AQSHda esa taʼlim dasturlari bepul.

“Shunday ekan, ularda kam taʼminlangan oilalar farzandlari ham qatnashishi mumkin”, deydi “Gurdofarid” nodavlat tashkiloti direktori Rahbar Najibova Karvonsaroyga. U AQSHning Soʻgʻd viloyatidagi loyihalari bilan hamkorlik qiladi.

“Muhit har qanday tilni oʻqitish metodikasining ajralmas qismi boʻlgani sababli, markazlarning oʻzi muloqot uchun qulay shart-sharoitlar yaratib, taʼlimga katta hissa qoʻshmoqda”, dedi Najibova.

Isteʼdodlarni kashf qilish

Amerika markazlari yosh isteʼdodlarni kashf etish va ragʻbatlantirishga ham koʻmaklashgan.

Timur Sharipov, Malika Achilova, Bahodur Eshonxoʻjayev va Sheroz Joʻrayev AQSH aeronavtika va fazoni tadqiq qilish milliy agentligi (NASA) tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Space Apps Challenge 2021” xakatonida ishtirok etdilar.

Unda Dushanbedagi Amerika markazi tomonidan tashkil etilgan “Oogway Comics” nomli Tojikiston jamoasi yarim finalga chiqdi.

Jamoa “mohirona yoritilgan asteroidlar” yaratish vazifasini tanladi va yoshlarga NASAning asteroidlarni oʻrganishga oid “Lyusi” dasturi haqida maʼlumot berish uchun komikslar kitobi va mobil ilova chiqardi, deb xabar beradi AQSHning Dushanbedagi elchixonasi.

Amerika markazlari boshqa isteʼdodli tojik yoshlariga ham koʻmaklashgan.

Koʻlob markazidagi koʻngillilardan biri Jomiy Toirzoda professional debat ishtirokchisiga aylandi. U Markaziy Osiyoda ProDebates podkastiga asos solgan.

Dushanbedagi Amerika markazida koʻngilli sifatida ish boshlagan, keyinchalik Maker Space ijodiy ustaxonalari koordinatoriga aylangan Lutfullo Tagʻoyev Tojikistonda birinchi elektron taʼlim platformasini yaratdi.

Noyabr oyida Xoʻdjanddagi Amerika markazida boʻlib oʻtgan Go Viral festivalida Soʻgʻd viloyati Jabbor Rasulov tumanidan kelgan Tojikiston texnologik universitetining dasturlash fakulteti talabasi Sevara Qodirovaning ishlari namoyish etildi.

“Amerika markazida men oʻzim kabi rasm chizishni yoqtiradigan yoshlar bilan tanishdim. U yerga professional rassomlar ham borishadi. Demak, qobiliyatingizni namoyish qilish uchun koʻproq imkoniyat bor”, deydi Qodirova Karvonsaroy bilan suhbatda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500