Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Kreml “Gazprom” yordamida “VKontakte” ustidan nazoratni kuchaytirmoqda

Kseniya Bondal

2018-yil 24-may kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida namoyish etilgan Rossiyaning “VKontakte” ijtimoiy tarmogʻi stendi. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

2018-yil 24-may kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida namoyish etilgan Rossiyaning “VKontakte” ijtimoiy tarmogʻi stendi. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

OLMAOTA – Tahlilchilarga koʻra, “Gazprom”ning Rossiyadagi eng yirik ijtimoiy tarmoq aksiyalari ulushini sotib olishi – axborot sohasidagi “temir parda” rivojlanib borayotganidan darakdir.

Bir qator tranzaksiyalar va rahbarlarning oʻzgarishi ortidan mashhur “VKontakte” ijtimoiy tarmogʻini endilikda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin boʻlgan insayderlar nazorat qiladigan boʻldi.

“VKontakte” – Facebook tarmogʻining Rossiyadagi muqobili boʻlib, uning 97 million foydalanuvchiga ega ekani aytiladi.

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning USM xolding kompaniyasi “VKontakte”ga egalik qiluvchi media-konglomeratdagi aktsiyalarini energetika giganti “Gazprom” nazoratidagi kompaniyaga sotdi, deyiladi 2-dekabr kungi bayonotda.

“VKontakte”da oʻtirgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi, Olmaota, 10-dekabr. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

“VKontakte”da oʻtirgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi, Olmaota, 10-dekabr. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

“Gazprom”ga qarashli “Sogaz” sugʻurta kompaniyasi oʻz bayonotida “VK Group”ni nazorat qiluvchi “MF Technologies” xolding kompaniyasining 45% aksiyalarini sotib olganini aytdi.

VK Group tarkibiga “VKontakte” va “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmoqlari va boshqa onlayn servislar kiradi.

“Bitim qiymati oshkor etilmagan”, deyiladi USM bayonotida.

“Gazprom”ning moliyaviy boʻlinmasi – “Gazprombank” 3-dekabr kuni aksiyalar nazoratini “Gazprom Media”ga oʻtkazish oldidan “MF Technologies”dagi ulushini 36 foizdan 45 foizga oshirgan, deb xabar beradi The Moscow Times nashri.

Ushbu bitimlar ortidan “Gazprom” shoʻba va affillangan kompaniyalari orqali VK guruhidagi ovoz berish huquqining 50% dan ortigʻini nazorat qiladigan boʻldi.

Soʻnggi yillarda Rossiya hukumati voyaga yetmaganlarni himoyalash va ekstremizmga qarshi kurash bahonasida internetning rus segmenti ustidan nazorat oʻrnatishga urinib, “suveren internet”ni rivojlantira boshlagan.

“Gazprom” Rossiya internetini hukumat nazoratiga olish va muxolifat ovozini oʻchirish yoʻlidagi kurashning ilk saflarida turgan koʻrinadi.

“Gazprom” nazorati

Usmonov shundoq ham Putinning yaqin ittifoqchisi boʻlsa-da, bu oʻzgarish VK boshqaruvini bevosita Putinning boshqa insayderlari qoʻliga topshiradi, deb yozadi Current Time.

“Gazprom-media”ga Rossiya senzura idorasi – “Roskomnadzor”ning sobiq rahbari Aleksandr Jarov rahbarlik qiladi.

“Sogaz” aksiyadorlari orasida Putinning doʻsti, uning mafkuraviy pozitsiyalariga kuchli taʼsir koʻrsatishi aytiladigan Yuriy Kovalchuk va prezidentning jiyani Mixail Shelomov bor.

Endilikda Putin administratsiyasi rahbarining birinchi oʻrinbosari Sergey Kiriyenkoning oʻgʻli Vladimir Kiriyenko “VK Group”ning yangi bosh ijrochi direktori boʻlishi kutilmoqda.

“VKontakte” va “Odnoklassniki” nazoratining bir vaqtda “Gazprom Media”ga topshirilishi ularning kontent borasidagi siyosatiga taʼsir qilishi mumkin, deydi olmaotalik texnobloger Rustam Niyozov Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Hozirda “VKontakte” foydalanuvchilari saytda petitsiyalar eʼlon qilishi... va ular uchun imzo yigʻishi mumkin.”

“VKontakte tarmogʻining sotilishi ortidan moderatsiyaning kuchayishi va yangi qoidalarga xilof postlarning oʻchirilishini taxmin qilsa boʻladi”, dedi u.

Chimkentlik faol Kuanish Satayevga koʻra, Rossiya Xitoyni davlat senzurasining namunasi sifatida koʻradi.

Pekinning “Buyuk xavfsizlik devori” Xitoydan xorijdagi veb-saytlar, jumladan, Facebook, Twitter, Instagram, Google, Yahoo, YouTube, WhatsApp, Telegram kabilarga kirishni bloklaydi.

“Xitoy soʻnggi 20 yil davomida xitoyliklarni kompartiya buzgʻunchi deb hisoblagan veb-saytlardan toʻsib keldi”, deydi u.

Rossiya ham Xitoydan oʻrnak olmoqda: YouTube muqobili Rutube; TikTok oʻrniga Yappy chiqarildi, endi esa u barcha ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilmoqchi”, dedi Satayev.

“U xuddi sovet davridagidek axborotning “temir pardasi”ni tiklash uchun qoʻlidan kelganini qilmoqda”, dedi Satayev.

Tashviqot

VKontakte tarmogʻiga egalik qilishidan avval ham “Gazprom-media”ning ommaviy tashviqot kampaniyalarini oʻtkazadigan bir guruh menejerlari bor edi, deydi Qozogʻiston internet uyushmasi prezidenti, olmaotalik Shavkat Sobirov.

“Ular odamlar yollab, butun dunyoni shokka tushiradigan tashviqot ishlarini olib borish uchun ularga katta pul toʻlaydilar”, dedi Sobirov.

2014-yilda VKontakte asoschisi Pavel Durov oʻz aksiyalarini Usmonovga sotganidan keyin, tarmoq asta-sekin pastga qulay boshladi, deydi Olmaotadagi AT kompaniyasida loyiha menejeri Dmitriy Boyko.

“FSB (Federal xavfsizlik xizmati) Durovni biznesini tashlab ketishga majbur qilgani va uning oʻrniga Usmonov kelganidan soʻng, VKontakte tarmogʻida musiqa pulli boʻldi va ular bizdan pul ishlay boshladilar”, dedi u.

“Hech boʻlmaganda putinchilar miyamizni zaharlamas edi, ommaviy sahifalarda bemalol muloqot qilish mumkin edi. “Gazprom” VKontakte tarmogʻiga eʼtibor qaratar ekan, qoidalar tezda qatʼiylashishi mumkin”, deydi Boyko.

“Men bu yerda qancha qolishimni bilmayman, pessimistik kayfiyatdaman”, deb qoʻshimcha qilgan u.

Usmonovning ketishi Rossiya hukumatining ijtimoiy tarmoqlar nazoratini kuchaytirayotganini bildiradi, deydi toshkentlik dasturchi Sardor Seitov.

“Gazprom-media” texnologik kompaniyalarni boshqarishda USMdan uquvsizroq boʻlgani uchun internetning texnologik va innnovatsion taraqqiyoti sekinlashuvini kutsa boʻladi, deydi u.

“Rossiya prezidentiga shaxsiy aloqadorligi bor idoralar “Gazprom-media” bilan hamkorlikda ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qiladi degan fikrdaman”, deydi Seitov.

“Gazprom-Media uchun VKontakte tarmogʻining texnologik jihatlari uncha muhim emas. U buni hukumat nazorati ostidagi media-platforma deb biladi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Soʻz erkinligi va demokratiya qayoqda qoldi?

Javob berish