Karvonsaroy
Tahlil

Xitoyning Tojikistondagi harbiy hozirligi Rossiyani xavotirga solmoqda

Kanat Altinbayev

image

Sentabr oyida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT) aʼzo boshqa davlatlar bilan mashgʻulotlar oʻtkazayotgan Xitoy harbiylari. [Xitoy mudofaa vazirligi]

OLMAOTA – Xitoyning Tojikistondagi harbiy hozirligini jadallik bilan kuchaytirayotgani Rossiyani jiddiy tashvishga sola boshlagan, deydi mutaxassislar.

Oktyabr oyi oxirida Tojikiston parlamenti mamlakat ichki ishlar vazirligi (IIV) va Xitoy jamoat xavfsizligi vazirligi oʻrtasida Markaziy Osiyo respublikasida baza qurish haqidagi kelishuvni ratifikatsiya qilgan edi.

Kelishuvga asosan, Xitoy IIVning Maxsus tezkor boʻlinmasi uchun 3500 gektar maydonda 12 ta bino, jumladan turarjoy va oʻquv inshootlaridan iborat xavfsizlik majmuasini qurish majburiyatini olgan.

Parlamentdagi manbalarga koʻra, baza Togʻli Badaxshon muxtor viloyatining (TBMV) Ishkoshim tumanida joylashadi.

image

Markaziy harbiy okrug askarlari noyabr oyida Tojikistonda boʻlib oʻtgan “KOBALT-2021” mashgʻulotlarida ishtirok etmoqdalar. [Rossiya mudofaa vazirligi]

image

Noyabr oyida olingan surat: Tojikistonda oʻtkazilgan “KOBALT-2021” oʻquv mashgʻulotlarida Markaziy harbiy okrug askarlari shartli dushmanni yoʻq qilmoqda. [Rossiya mudofaa vazirligi]

Oʻz ismini oshkor qilishni istamagan parlament vakili AFPga maʼlum qilishicha, xitoyliklar qurilishning barcha xarajatlarni qoplaydi va yordam tariqasida 8,5 million dollar ajratadi.

Xitoy soʻnggi yillarda, shuningdek Tojikistondagi Pomirda toʻrtta chegara blokposti, bitta harbiy oʻquv markazi, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi kurash markazi va Dushanbedagi ofitserlar klubini qurib bergan.

Tahlilchilarga koʻra, bunday yordam katta ehtimol bilan, maʼlum shartlar asosida taqdim etiladi.

“Harbiy hozirlikka ruxsat berish bilan Tojikiston bazaning qurilish haqini toʻlayotgan boʻlishi mumkin”, degan edi siyosatshunos Andrey Zaxvatov noyabr oyida.

“Xitoy bitta oʻq bilan ikkita quyonni oʻldirish niyatida – oʻzini Vohan yoʻlagi orqali uygʻur ayirmachilari tomonidan amalga oshirilishi mumkin boʻlgan ehtimoliy hujumlardan himoya qilib, Afgʻoniston va Tojikistondan qimmatbaho metallarni oʻz ichiga olgan qazilma boyliklarni olib ketish uchun eng qulay transport yoʻllarini qurmoqchi”, deydi Zaxvatov.

Qozogʻiston Strategik tadqiqotlar instituti harbiy tahlilchisi, Nur-Sultonlik Georgiy Dubovtsevning fikricha, Pekinning Tojikistondagi harbiy choralari mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga emas, balki oʻz hududi, xususan, Shinjonni ekstremizm tahdidlaridan himoya qilishga qaratilgan.

“Oʻz navbatida, Markaziy Osiyo davlatlari Xitoyning harbiy imkoniyatlaridan oʻz xavfsizligini mustahkamlash yoʻlida foydalanishga urinmoqda, chunki ularning oʻz resurslari yetarli emas”, dedi Dubovtsev.

Xitoy rejalari Rossiyaning taʼsiriga putur yetkazadi

Tojikiston va Xitoy oʻrtasidagi bunday munosabatlar boshqa bir kuch – Rossiya manfaatlariga tajovuz qilishi mumkin.

Vashingtondagi Kennan instituti tahlil markazi tomonidan may oyi oxirida eʼlon qilingan hisobotda Xitoy va Rossiyaning mintaqada oʻz taʼsirini kuchaytirishga urinishi fonida Markaziy Osiyo muhim geosiyosiy oʻzgarishlarni boshdan kechirayotgani qayd etilgan.

1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Pekin rivojlanishda davom etar ekan, Moskvaning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy yakkahokimligi susaydi, biroq hali-hamon Rossiya mintaqadagi xavfsizlikning asosiy kafolati boʻlib qolmoqda.

Soʻnggi besh yil ichida mintaqa mamlakatlariga yetkazib berilgan qurol-yarogʻning 62 foizi Rossiya hissasiga toʻgʻri kelgan.

Bundan tashqari, Moskva muntazam ravishda Markaziy Osiyo, xususan, Tojikiston bilan chegaradosh strategik hududlarda harbiy mashgʻulotlar oʻtkazib keladi. Kennan instituti hisobotiga koʻra, 2018-yilda Rossiya “1989-yildan beri ilk marta Tojikistondan turib Afgʻonistonga halokatli zarba bergan”.

Shunday boʻlsa-da, Xitoy mintaqaga sezilarli darajada kirib bormoqda.

Hisobotda aytilishicha, soʻnggi besh yil ichida mintaqadagi qurol-yarogʻ taʼminotining 18 foizi Pekin hissasiga toʻgʻri kelgan, bu koʻrsatkich 2010-2014-yillarda 1,5 foizni tashkil etgan.

Xitoy Markaziy Osiyodagi ilk harbiy obyektlarini 2016-yilda Tojikistonning Pomir togʻlarida barpo etgan. Soʻnggi yillarda esa Pekin “mintaqadagi harbiy boʻlinmalarining operatsion imkoniyatlarini loyihalashni boshlagan".

“Moskva Pekinga nisbatan strategik ustunlikni saqlab qolayotgan boʻlsa-da, oʻrtadagi tafovut kamayib bormoqda. Holat shu zaylda davom etadigan boʻlsa, yaqin oʻn yillikda Moskvaning [Markaziy Osiyodagi] taʼsirini susayishi mumkin”, deyiladi hisobotda.

Unga koʻra, Markaziy Osiyoda qudratli davlatlar oʻrtasida raqobat kuchayib borayotgan bir davrda Xitoy va Rossiya oʻrtasidagi ziddiyat ham kuchayishi va ularning oʻzaro munosabatlari sinovga uchrashi mumkin.

Tojikiston Pekinning diqqat markazida

Xavfsizlik boʻyicha tahlilchi, bishkeklik Qosibek Jolchuyevning fikricha, Xitoy oʻz taʼsir kampaniyasining boshlanish nuqtasi sifatida aynan Tojikistonni tanlagan.

Jolchuyevga koʻra, “Dushanbe oʻzining asosiy kreditori (davlat tashqi qarzining 40 foizi shu mamlakatdan) Pekinga xavfli darajada qaram. Tojikiston oʻz qarzini toʻlashga qodir emas va shuning uchun hamkorlikning deyarli barcha sohalarida Xitoyga yon berishga majbur”, deydi u.

Masalan, bugungi kunda Tojikistondagi oltin konlarining 80 foizdan ortigʻida Xitoy kompaniyalari ishlamoqda.

Qozogʻiston va Qirgʻizistondan farqli oʻlaroq, Tojikiston Rossiya rahbarligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YOII) qoʻshilmadi, chunki Xitoy bunga qarshi boʻldi, dedi Jolchuyev.

Buning oʻrniga, “2016-yilda Dushanbe mintaqaviy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha Pekin tashabbusi bilan tuzilgan aksilterror koalitsiyasiga qoʻshildi. Koalitsiya Xitoy, Tojikiston, Pokiston va Afgʻonistondan iborat”, dedi Jolchuyev toʻrt tomonlama hamkorlik va muvofiqlashtirish mexanizmini nazarda tutib.

“Oʻshandan beri bu davlatlar xavfsizlik kengashlari rahbarlari muntazam yigʻilib, yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda”.

“Tojikiston Rossiya bilan hamkorlikdan borgan sari kamroq manfaatdor boʻlib bormoqda”, deb qoʻshimcha qildi u.

Xitoy hatto madaniy jihatdan ham Rossiyani Tojikistondan siqib chiqarmoqda.

Bir necha yildirki, koʻplab tojik maktablarida xitoy tili oʻqitib kelinmoqda, bu til rus tilidan koʻra koʻproq ommalashib borayotgan koʻrinadi. Bundan tashqari, bir necha ming tojikistonlik talaba Xitoy universitetlarida tahsil olmoqda.

Jolchuyev bu tendensiyani Xitoyning mintaqadagi iqtisodiy ekspansiyasi va ishtirokchilari xitoy tilini bilishi shart boʻlgan koʻplab xitoylik loyihalarning ishga tushirilishi bilan izohlagan.

“Xitoy faollashgani sari Rossiyaning Tojikistonga, umuman, Markaziy Osiyoga taʼsiri kamayib bormoqda va bu Moskva uchun juda xavotirli”, deydi u.

“Rossiya bir paytlar oʻzi nazorat qilgan, biroq rivojlanish uchun chinakam jozibador istiqbollarni taqdim eta olmayotgan mintaqani boy bermoqda”, dedi Jolchuyev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ikki tomonlama oʻyin, ular Tolibon tarafidami?

Javob berish

Rossiya Markaziy Osiyoda oʻz strategik vazifalarini hal qilish haqida oʻylamayapti. Buning oʻrniga, Xitoydan kelayotgan global tahdidlarga koʻz yumib, Markaziy Osiyolik ishchi migrantlar hayotini murakkablashtirish va ularning “tahdidlari”dan oʻzini himoya qilish bilan band. Rossiyaning “mudofaa strategiyasi” shunday.

Javob berish

Rossiya qudratli davlat emas. Tanazzul vaqti yaqinlashmoqda; oz qoldi.

Javob berish

Xitoy allaqachon Rossiyaning Tojikistondagi manfaatlarini cheklayapti. Rossiya Xitoyga miq etolmaydi. Rossiyaning barcha qahramonligi va jasorati bunaqa payt qayergadir gʻoyib boʻladi va u jimgina indamay oʻtiradi.

Javob berish

Rossiya kichik va zaif davlatlargagina kuchini koʻrsata oladi. “Kursk” hodisasi bunga yorqin misoldir. Rossiya aybni toʻliq boʻyniga oldi; aks holda amerikaliklarga ochiq va baralla ovozda gapirishga toʻgʻri kelar edi, lekin Rossiyaning bunga jurʼat qilolmadi. Darvoqe, “Alyaska bizniki” kampaniyasi qachon boshlanadi? Ijara muddati allaqachon tugab boʻlgan.

Javob berish