Karvonsaroy
Xavfsizlik

Kremlning Vagner guruhi beqarorlashtiruvchi harakatlari tufayli sanksiyalarga uchradi

Karvonsaroy va AFP

Putinning ittifoqdoshi Yevgeniy Prigojin tomonidan moliyalashtirilgan va butun dunyodagi “Vagner guruhi” yollanma askarlarini “qahramon” qilib koʻrsatishga urinuvchi “Turist” filmidan olingan lavha.

Putinning ittifoqdoshi Yevgeniy Prigojin tomonidan moliyalashtirilgan va butun dunyodagi “Vagner guruhi” yollanma askarlarini “qahramon” qilib koʻrsatishga urinuvchi “Turist” filmidan olingan lavha.

BRYUSSEL – Yevropa Ittifoqi (YI) kengashi 13-dekabr (dushanba) kuni inson huquqlarini jiddiy poymol qilish va bir qator mojaroli hududlardagi beqarorlashtiruvchi harakatlari tufayli Rossiyaning “Vagner guruhi” xususiy harbiy kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.

Sanktsiyalar “Vagner”ning oʻzi, shuningdek, unga aloqador sakkiz shaxs va uch kompaniyaga qaratilgan boʻlib, guruhning Ukraina, Suriya, Liviya va Markaziy Afrika Respublikasidagi (MAR) “beqarorlashtiruvchi faoliyati” va “zararli taʼsiri” tufayli qoʻllanilgan.

Yevropa Ittifoqi rasmiylari tomonidan tuzilgan sanksiyalar roʻyxati dushanba kuni jahondagi turli inqirozlarini muhokama qilish va Yevropa yetakchilarining payshanba kungi sammitiga tayyorgarlik koʻrish uchun yigʻilgan tashqi ishlar vazirlari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.

Yevropa Ittifoqining 27 vaziri Bryusselda oʻtgan hafta oxirida G7 vazirlarining Liverpulda oʻtgan yigʻilishi ortidan uchrashdilar, unda Qoʻshma Shtatlar va uning asosiy ittifoqchilari Kremlni Ukrainaga bostirib kirishning “keng koʻlamli” oqibatlari haqida ogohlantirgan.

2010-yilning 20-sentabr kuni biznesmen Yevgeniy Prigojin Rossiyaning oʻsha paytdagi bosh vaziri Vladimir Putinga Sankt-Peterburg yaqinidagi maktab tushliklari tayyorlanadigan korxonani koʻrsatmoqda. Yevropa Ittifoqi (YI) 2020-yil oktabr oyida Prigojinni “Vagner guruhi” xususiy harbiy kompaniyasi yordamida Liviyadagi tinchlikka putur yetkazishda ayblab, unga nisbatan sanktsiyalar joriy qilgan. [Aleksey Drujinin/Sputnik/AFP]

2010-yilning 20-sentabr kuni biznesmen Yevgeniy Prigojin Rossiyaning oʻsha paytdagi bosh vaziri Vladimir Putinga Sankt-Peterburg yaqinidagi maktab tushliklari tayyorlanadigan korxonani koʻrsatmoqda. Yevropa Ittifoqi (YI) 2020-yil oktabr oyida Prigojinni “Vagner guruhi” xususiy harbiy kompaniyasi yordamida Liviyadagi tinchlikka putur yetkazishda ayblab, unga nisbatan sanktsiyalar joriy qilgan. [Aleksey Drujinin/Sputnik/AFP]

Yevropa mamlakatlari vazirlari, shuningdek, Moskvaning Ukrainaga bevosita bostirib kirishiga oid har qanday tahdidning oldini olish uchun zaxirada saqlanishi kerak boʻlgan Rossiyaga qarshi potensial iqtisodiy sanksiyalarning kattaroq roʻyxatini ham muhokama qilganlar.

Global tahdid

“Vagner guruhi xalqaro huquq, jumladan, inson huquqlari borasidagi xalqaro qonunchilikni buzgan holda zoʻravonlikni avj oldirish, tabiiy resurslarni talon-taroj qilish va tinch aholini qoʻrquvga solish maqsadida butun dunyodagi mojaro hududlarida xususiy harbiy xizmatchilarni yollagan, oʻqitgan va joylashtirgan”, deyiladi Yevropa Ittifoqi kengashining bayonotida.

“Evropa Ittifoqi roʻyxatiga kiritilgan shaxslar inson huquqlarini jiddiy poymol qilishda, jumladan qiynoqlar va sudsiz yoki oʻzboshimchalik bilan qatl qilish va oʻldirishda yoxud beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlarda ishtirok etgan”, deyiladi xabarda.

Vagner guruhi “oʻzi mavjud boʻlgan mamlakatlardagi odamlar, butun mintaqa va Yevropa Ittifoqi uchun xavf tugʻdiradi”, deyiladi bayonotda. Sanksiyalardan guruhning “qoʻporuvchilik faoliyatini” cheklash maqsadi koʻzlangan.

Gʻarb hukumatlari va xavfsizlik sohasi mutaxassislariga koʻra, Vagner guruhi Kreml nomidan yashirincha faoliyat olib boradi va Sankt-Peterburglik 60 yashar biznesmen Yevgeniy Prigojin tomonidan moliyalashtiriladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qadrdon doʻsti Prigojin allaqachon Liviyadagi beqarorlashtiruvchi operatsiyalar va AQShdagi saylov jarayoniga aralashuv tufayli Yevropa Ittifoqi va AQSH sanksiyalariga uchragan.

Karnegi xalqaro tinchlik jamgʻarmasi tahlil markazi Vagnerni “Moskvaning eng himoyalanmagan sirlaridan biri” deb taʼriflagan.

Markaz maʼlumotlariga koʻra, guruhning ikkita asosiy maqsadi bor: “Urush hududlariga jangarilarni joylashtirishda Kremlni haqiqatnamo inkor bilan taʼminlash” va “zaif davlatlarga bosim oʻtkazish salohiyatini kuchaytirish”.

Vagner ilk bor 2014-yilda Ukrainada urush boshlanib, Rossiya Qrimni noqonuniy egallab olganida paydo boʻlgan edi.

Oʻshandan beri uning yollanma askarlari butun dunyoda, jumladan Suriya, Mozambik, Sudan, Venesuela, Liviya, Markaziy Afrika Respublikasi (MAR), Chad va Malidagi mojarolarda qatnashganlar.

Koʻplab sanksiyalar

Sanksiya ostiga tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning Yevropa Ittifoqidagi aktivlari muzlatib qoʻyiladi va ularning YIga kirishi taqiqlanadi.

Rossiya harbiy razvedkasining (GRU) sobiq zobiti, 51 yashar Dmitriy Utkin “Vagner guruhi asoschisi va turli mamlakatlar boʻylab Vagner guruhi yollanma askarlarini joylashtirish boʻyicha operatsiyalarni muvofiqlashtirish va rejalashtirishga masʼul shaxs” sifatida Yevropa Ittifoqi kengashining roʻyxatidan joy olgan.

Utkin “guruh tomonidan sodir etilgan inson huquqlarining jiddiy buzilishi, jumladan qiynoqlar va sudsiz yoki oʻzboshimchalik bilan ijro etilgan qatllar va qotilliklar uchun javobgardir”, deyiladi YIning Rasmiy jurnalida.

Unda 2017-yil iyun oyida Suriyaning Homs shahrida toʻrt nafar “Vagner” yollanma askarining suriyalik qochqinni qiynoqqa solgani, jarohatlagani va oʻldirgani bilan bogʻliq voqea tilga olingan.

“Vagner” yollanma jangarisi va Stavropol politsiyasining sobiq xodimi, 1990-yilda tugʻilgan Stanislav Dichko suriyalik dezertirni qiynoqqa solib oʻldirishda qatnashgani uchun sanktsiya ostiga tushgan.

Yevropa Ittifoqi kengashi Suriyada Vagner guruhi nomidan harakat qilgan yana ikki shaxs va uchta kompaniyaga nisbatan ham sanksiya qoʻllagan.

Hujjatda uchta xususiy kompaniyaning nomi tilga olingan boʻlib, bular: Moskvadagi “Velada”, “Merkuriy” MCHJlari va Krasnogorskdagi “Yevro Polis” MCHJ. Ularning uchovi ham Suriyadagi neft-gaz sohasiga aloqador boʻlib, shu tariqa Suriya rejimidan foyda koʻrishi yoki uni qoʻllab-quvvatlashi aytilgan.

Vagner guruhi “Yevro Polis” MCHJdan Suriyadagi faoliyatini yashirishda foydalanadi.

“Bu kompaniya davlatga qarashli General Petroleum Corp. orqali Suriya rejimi bilan bir qator shartnomalar imzolagan boʻlib, Vagner guruhi tomonidan qoʻlga kiritilgan konlarda neft va gaz qazib olishdan tushgan daromadning 25 foizini oladi”, deyiladi Rasmiy jurnalda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya butun dunyoda musulmonlarni oʻldirgan va oʻldirishda davom etyapti! Rossiya bosniyalik musulmonlarni oʻldirish uchun Yugoslaviyaga 10000 askar yuborgan edi. Ozarbayjonda 1990 yilda Pskovdan kelgan desantchilar armanlar tarafida turib jang qilganida ham shunday boʻlgan! Endi esa bu ishlar Suriya va Liviyada sodir boʻlmoqda!

Javob berish

Ular uyqudagi yacheykalar sifatida allaqachon Qozogʻistonga kirib boʻlgan.

Javob berish