Karvonsaroy
Inson huquqlari

Markaziy Osiyolik migrantlar Rossiyaga kirishning yangi qoidalarini irqchilik deb baholamoqda

Kanat Altinbayev

13-dekabr kuni Moskvada Yangi yil va Rojdestvo bayramlari munosabati bilan oʻrnatilgan qutb ayiqlarning chiroqli haykallari oldida sayr qilayotgan odamlar. Bu oyda Markaziy Osiyolik migrantlar uchun Rossiyaga kirishda yangi talablar joriy etilmoqda. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

13-dekabr kuni Moskvada Yangi yil va Rojdestvo bayramlari munosabati bilan oʻrnatilgan qutb ayiqlarning chiroqli haykallari oldida sayr qilayotgan odamlar. Bu oyda Markaziy Osiyolik migrantlar uchun Rossiyaga kirishda yangi talablar joriy etilmoqda. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

OLMAOTA – Rossiya Markaziy Osiyodan kelgan migrantlardan yuqumli kasalliklardan xoli ekanligini tasdiqlovchi tibbiy maʼlumotnomadan tashqari, barmoq izlari va yuz suratini ham taqdim etishni talab qiluvchi yangi qonunni joriy etmoqchi.

29-dekabrdan kuchga kirishi kutilayotgan qonunga muvofiq, Rossiyaga ishlash uchun yoki shaxsiy tashrif bilan 90 kundan ortiq muddatga kelayotgan xorijliklarning majburiy barmoq izlari va yuz suratini olish joriy qilinadi.

Mazkur tartibga koʻra, mehnat migrantlari 30 kun davomida tibbiy klinikalarda qator koʻriklardan oʻtishi hamda giyohvand emasligi, odam immunotanqisligi virusi (OIV) infeksiyasi yoki boshqa yuqumli kasalliklarga chalinmaganini tasdiqlovchi maʼlumotnoma olishi shart.

Agar migrant tibbiyot muassasalariga kelmasa, uning Rossiyada boʻlish muddati qisqartiriladi. Agar shifokorlar ularda giyohvandlik va/yoki OIV infeksiyasini aniqlasa, Rossiya bu migrantlarni 30 kun muddatda mamlakatdan chiqarib yuborishi mumkin.

Moskvada Yangi yil va Rojdestvo bayramlari munosabati bilan oʻrnatilgan oq ayiqlarning chiroqli haykallari yonidan oʻtib ketayotgan erkak, 13-dekabr. Shu oydan Rossiyada Markaziy Osiyolik migrantlar uchun yangi talablar joriy etilmoqda. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

Moskvada Yangi yil va Rojdestvo bayramlari munosabati bilan oʻrnatilgan oq ayiqlarning chiroqli haykallari yonidan oʻtib ketayotgan erkak, 13-dekabr. Shu oydan Rossiyada Markaziy Osiyolik migrantlar uchun yangi talablar joriy etilmoqda. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

19-iyul kuni Moskvada suratga tushayotgan oʻzbekistonlik migrant. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

19-iyul kuni Moskvada suratga tushayotgan oʻzbekistonlik migrant. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

Barmoq izlari va suratga olish talabi bir martalik amaliyot boʻlsa-da, shifokor koʻrigi Rossiyaga har safar kirishda talab qilinadi.

Qonunda davlat organlari xodimlari, jumladan, Rossiyaga rasmiy tashrif bilan keladigan diplomatlar va ularning oila aʼzolari uchun istisno qoʻllanilgan.

Belarus fuqarolari va 6 yoshgacha boʻlgan bolalar ham ushbu tartib-qoidalardan ozod qilinadi.

Rossiya rasmiylarining taʼkidlashicha, qatʼiylashtirilgan kirish talablari mamlakatdagi sanitariya-epidemiologik vaziyatni yaxshilash va jinoyatlarni fosh etish darajasini oshirishga qaratilgan.

Rossiya hukumatidagi irqchilik

Biroq, mehnat migrantlari yangi choralarni oʻzlariga nisbatan qoʻshimcha diskriminatsiya va irqchilik deb baholamoqdalar.

Moskvada taksi haydovchisi boʻlib ishlaydigan dushanbelik Tohir Yusupov nega Markaziy osiyoliklar uchun “[roʻyxatdan oʻtishga oid] kamsituvchi tartib-qoidalar” joriy etilgani, belarusliklar esa undan ozod qilinganidan taajjubda ekanini aytadi.

“Buning sababi nima? Belaruslar bizga oʻxshab jinoyat sodir etmaydimi yoki yuqumli kasalliklarga chalinmaydimi?”

“Negaligini sizga aytaman – Rossiya hukumatida irqchilar bor”, deydi u.

Yusupov yangi chora-tadbirlarni butun Rossiya boʻylab koʻchmas mulk ijarasida keng tarqalgan irqchilik holatlari bilan taqqosladi.

Kvartira egalari uni koʻpincha oʻzbeklar yoki tojiklarga ijaraga berishdan bosh tortib, faqat slavyanlarni afzal koʻradilar, dedi u “faqat slavyanlarga” degan talab koʻrsatilgan eʼlonlarni nazarda tutib.

“Rossiyaga kirishda qatʼiylashtirilgan qoidalarning joriy etilishi – slavyanlarga yashil chiroq berib, koʻz shakli va terisining rangi boshqacha odamlar uchun koʻplab toʻsiqlar yaratadigan irqchilikning oʻzginasidir”, deydi Yusupov. “Faqat bunisi – davlat darajasida”.

Rossiya IIVning oktabr oyidagi xabariga koʻra, yangi choralar Rossiya migratsiya siyosatida 2025-yilgacha amalga oshiriladigan huquqiy islohotning bir qismidir.

Vazirlik rasmiylari soʻnggi oylarda Markaziy Osiyolik migrantlarga nisbatan dushmanlik ruhidagi munosabatini kuchaytirgan.

“Xorijliklarning Rossiyada boʻlishi nazoratga olinib, profilaktik choralar takomillashtiriladi”, deb aytgan Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Aleksandr Gorovoy 11-oktabr kuni jurnalistlarga.

“Migrantlar ular uchun qabul qilingan qarorlar, muayyan harakatlarni amalga oshirish zarurati va ularni bajarmaslik oqibatlari toʻgʻrisida onlayn tarzda xabardor qilinadi”, dedi u.

Mehnat migrantlari sodiqlik kelishuvini imzolaydilar, bu shartnomani buzganlar “Rossiyada qolish huquqidan mahrum boʻlishi mumkin”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Ushbu kelishuv Rossiya jamiyatida qabul qilingan qoidalar va xulq-atvor meʼyorlariga rioya qilish, jamoat tartibini buzishdan tiyilish, axborot erkinligi huquqini suiisteʼmol qilmaslik, shu jumladan konstitutsiyaviy ahamiyatga ega maʼnaviy va boshqa qadriyatlarni obroʻsizlantirishga urinishlar yoki ularni rad etishga moyillikdan saqlanish boʻyicha yozma majburiyatni anglatadi”.

Yangi qonun rossiyalik siyosatchilar Markaziy Osiyolik migrantlarga nisbatan ksenofobik takliflarni ilgari surayotgan bir paytda qabul qilindi.

Rossiya Tergov qoʻmitasi raisi Aleksandr Bastrikin noyabr oyida migrantlar orasida jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) davlatlaridan kelgan barcha migrantlar uchun genom boʻyicha roʻyxatga olish tartibini taklif qilgandi.

Rossiya hukumati bilan yaqin hamkorlikda ishlovchi lobbi guruhi – Rossiya migrantlar federatsiyasi rahbari Vadim Kojenov ham noyabr oyida “Moskovskiy komsomolets” gazetasiga bergan intervyusida 2024-yilgacha migratsiyaga oid choralar qatʼiylashtirilishini aytgan.

Jumladan, shaxsning joylashuvini doimiy ravishda kuzatib boradigan majburiy mobil ilova shular jumlasidandir. Bu ilovadagi geolokatsiya funksiyasini oʻchirib boʻlmaydi.

Maxfiylik muammolari va “raqamli konslager” ehtimoli haqida soʻralgan Kojenov “bu holatda muammo koʻrmayotganini” aytgan.

Oʻsayotgan muammolar

Rossiyadagi mehnat muhojirlari migratsiya idoralari tomonidan hosil qilingan byurokratik toʻsiqlardan tortib, noqonuniy va asossiz hibsga olishlargacha boʻlgan kundalik muammolarga duch kelishadi.

“Rossiya bizga qarshi koʻplab cheklovchi qonunlarni joriy qilgan, biz esa oddiy inson huquqlarimizni ham himoya qila olmayapmiz, mahalliy huquqbon tashkilotlar esa muammolarimizga eʼtibor qaratmaydi”, deydi Yusupov.

“Har kuni bunday bosim bilan kurashish psixologik jihatdan ogʻir”, deb qoʻshimcha qildi u.

Rossiyada xorijliklarga nisbatan cheklovlarning kuchayishi migrantlarning chiqib ketishiga sabab boʻlayotgan koʻrinadi.

Ikki yil avval Novosibirskdan Toshkentga qaytib, mahalliy chinni zavodiga ishga kirgan Norbek Ahmedov soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston iqtisodiyoti yaxshilanayotganini aytadi.

“Bu yil mamlakatimizda, jumladan, qurilish obyektlarida ham koʻplab ish oʻrinlari paydo boʻldi”, dedi Ahmedov Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Bu Rossiyani tark etib, vataniga qaytishni orzu qilayotgan minglab oʻzbekistonliklar uchun yaxshi tendensiya”, deydi u.

Bishkekdagi “Qilim shami” nodavlat huquqbon tashkiloti direktori Aziza Abdurasulovaning ishonishicha, yaqin kelajakda Rossiyada mehnat migrantlari huquqlarining tizimli buzilishi kuchayadi.

“Rossiya iqtisodiyoti mehnat migrantlariga keskin ehtiyoj sezmoqda, Rossiya siyosati esa ularni mamlakatni tark etishga majbur qilmoqda”, deydi Abdurasulova.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Maʼlum boʻlishicha, fashizm Ukrainada emas, Rossiyada ekan

Javob berish

Vikida “Rashizm” haqida maqola koʻrdim. Yaqinda butun dunyodagi hamma lugʻatlarga kiritilsa kerak. Hamma yerda tashviqotlari bilan qanchalar yolgʻon tarqatishmasin tarix hech qachon unutmaydi.

Javob berish

Rossiyadan keladigan ruslarning ham barmoq izlari olinishi kerak.

Javob berish

Oʻzlari Markaziy Osiyo xalqlarini kamsitish uchun hamma narsa qiladilar, keyin esa Rossiyadan TASHQARIDA huquqlari poymol qilinayotganini aytib dod-voy soladilar. Ikkiyuzlamachilik va natsizm eng ochiq holatda. Hech qachon ularga ishonmang

Javob berish

Ularga hech narsani ishonib boʻlmaydi! Agar haqiqatda nimalar boʻlayotganiga qarasangiz, ular oʻzlariga ham ishona olmaydilar – hamma joyda yolgʻon . “Buyuk Armiya” hamma narsani oʻmargan yaroqsiz askarlar va generallar toʻplami boʻlib chiqdi. Ular toʻgʻri va benuqson; qolganlar esa xatoda.

Oʻrta Osiyo xalqlari - ruslar ularga, yillar davomida ular bilan yashagan va ular uchun ishlaganlarga rasvo munosabatda boʻlishadi. Bu dahshat! Mashaqqatli mehnatlari uchun arzimagan chaqa olishadi, hujjatlar bilan bogʻliq doimiy muammolar va haqoratlarga duch kelishadi. Bularning bari oʻzlari ideal deb daʼvo qiladigan mamlakatda sodir boʻlmoqda.

Javob berish