Karvonsaroy
Biznes

Moskvadagi yaltiroq “Federatsiya Vostok” minorasi tovlamachi toʻdalarga aloqador boʻlib chiqdi

Karvonsaroy

Moskvaning “Federatsiya Vostok” minorasi Yevropadagi eng baland bino ekanligi bilan ajralib turadi. U yerda oʻnlab kriptovalyuta firmalari joylashgan, ularning aksari tovlamachi dasturlar hujumlariga yordam berganlikda gumon qilingani sabab tekshiruvdan oʻtkazilmoqda. [Apartments.fedtower.ru]

Moskvaning “Federatsiya Vostok” minorasi Yevropadagi eng baland bino ekanligi bilan ajralib turadi. U yerda oʻnlab kriptovalyuta firmalari joylashgan, ularning aksari tovlamachi dasturlar hujumlariga yordam berganlikda gumon qilingani sabab tekshiruvdan oʻtkazilmoqda. [Apartments.fedtower.ru]

MOSKVA – Amerika kompaniyalari, shifoxonalari va shahar maʼmuriyatlaridan millionlab dollarlar undirgan rossiyalik tovlamachi jinoiy guruhlar bitta umumiy xususiyatga ega, deydi razvedka rasmiylari va kiberjosuslar.

Ular “Federatsiya Vostok” minorasi nomi bilan tanilgan Moskvaning eng taniqli binosida joylashgan.

Reklama materiallariga koʻra, 2017-yilda qurilgan, shisha va poʻlatdan ishlangan 97 qavatli bino “raketa hujumlari va portlashlarga” chidamliligi bilan maqtana oladi, deb xabar bergan Bloomberg Businessweek.

Bu binoda Rossiya hukumatining yuqori martabali rasmiylari va biznesmenlari yashaydi va ishlaydi, bu yerdagi xonadonlar narxi esa 36 million AQSH dollaridan boshlanadi.

Sovet Ittifoqining asoschisi Vladimir Lenin, bitkoin belgisi va “Raqamli kelajak sari olgʻa” shiori tushirilgan poster oldidan oʻtib ketayotgan ayollar, Moskva markazi, 29-sentabr, 2017-yil. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Sovet Ittifoqining asoschisi Vladimir Lenin, bitkoin belgisi va “Raqamli kelajak sari olgʻa” shiori tushirilgan poster oldidan oʻtib ketayotgan ayollar, Moskva markazi, 29-sentabr, 2017-yil. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Kompaniya veb-saytidagi manzillar roʻyxatiga koʻra, 2018-yildan beri binoda kriptovalyutani naqd pulga ayirboshlovchi oʻndan ortiq kompaniyalar ham joylashib kelgan.

Bu kabi amaliyotlar aslida qonunga xilof boʻlmasa-da, bunday kompaniyalar, masalan tovlamachi toʻdalar sodir etadigan raqamli jinoyatlardan koʻrilgan daromadni naqdlashga imkon berishi mumkin.

Guruhlar jabrdiydaning raqamli maʼlumotlarini shifrlaydi va ularni qayta ochish uchun toʻlov talab qiladi.

Jabrlanuvchilar odatda toʻlovni anonim tarzda olish mumkin boʻlgan kriptovalyutada amalga oshiradi, soʻng jinoiy guruhlar ularni yevro, AQSH dollari va rubl kabi odatiy valyutaga alishtiradi.

Kreml koʻz yummoqda

May oyida yuz bergan shov-shuvli hodisada Rossiyaning “Darkside” nomli tovlamachi guruhi Texasdan Nyu-Yorkka tozalangan benzin va samolyot yoqilgʻisi yetkazib beruvchi Amerikadagi yirik quvur egasi “Colonial Pipeline” kompaniyasidan 4,4 million undirgan.

Hujum natijasida quvur faoliyati toʻxtab qoldi, bu esa Qoʻshma Shtatlar sharqida taʼminotdagi uzilishlar va yoqilgʻi quyish shoxobchalarida navbatlarning ortishiga sabab boʻlgan.

Iyun oyidagi uchrashuvida AQSH prezidenti Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putindan tovlamachi guruhlarga qarshi chora koʻrishni talab qilar ekan, hujumlar toʻxtatilmasa, javob choralari koʻrilishini aytib ogohlantirgan edi.

Ammo Rossiyada joylashgan tovlamachi jinoyatchilar AQSH tarmoqlariga hujum uyushtirishda davom etgan.

AQSh hukumatining “Federatsiya Vostok” binosidagi rossiyalik tovlamachi guruhlarni jazolashga qaratilgan choralari aksar xavfsizlik tahlilchilarini Rossiya hukumati tovlamachilik hujumlari ijrochilariga nisbatan toqatli munosabatda ekaniga ishontirgan, deb xabar beradi New York Times 6-dekabr kuni.

Minora Moskva moliyaviy markazining qoq markazida, bir qator hukumat vazirliklari, jumladan Rossiya raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiya vazirligidan uzoq boʻlmagan yerda joylashgan.

Rossiyaning qudratli internet-noziri va OAV senzurasi agentligi – “Romkomnadzor” ham shu vazirlikka qarashli.

“Moskvaning eng nufuzli biznes minorasida tovlamachi dasturlarga aloqador qator kompaniyalarning faoliyat olib borishi Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatining samarasizligiga yaqqol misol boʻlishi mumkin”, deb xabar bergan Bloomberg 3-noyabr kuni.

“Shuning oʻzi koʻp narsani aytib turibdi”, deydi Massachusetsdagi “Recorded Future” kiberxavfsizlik kompaniyasining xavflar boʻyicha tahlilchisi Dmitriy Smilyanets New York Times nashriga.

“Recorded Future” Moskvaning moliyaviy markazida noqonuniy faoliyat olib borishda gumonlagan 50 ga yaqin kriptovalyuta birjalarini sanab oʻtgan.

“Federatsiya. Vostok” binosida noqonuniy faoliyatda gumon qilingan kriptovalyuta klasterining mavjudligi Rossiyada tovlamachi jinoyatchilar hammaning koʻz oʻngida yashirina olishini koʻrsatmoqda.

“Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralari odatda javobi tayyor: Rossiya yurisdiksiyasida hech qanday ish ochilmagan. Qurbonlar yoʻq. Bu kabi hurmatli odamlarni qanday qilib jazolashimiz mumkin”, deydi Smilyanets.

Jabrdiydalarning deyarli hammasi Rossiyadan tashqarida boʻlgani uchun jinoyatchilarni Rossiya ichida taʼqib qilish qariyb imkonsiz.

Adolatni tiklash jarayonini boshqa omillar yanada murakkablashtirmoqda, deb xabar beradi gazeta AQSH sanksiyalari eʼlonida qayd etilgan gumonlanuvchining Rossiya josuslik agentligiga yordam bergani bilan bogʻliq kamida bitta holatga tayanib.

Tovlamachi dasturlar hujumlari faollashmoqda

2021-yilning dastlabki olti oyida tovlamachilik qurbonlari jinoyatchi-xakerlarga taxminan 590 million dollar toʻlagan, bu butun 2020-yil davomida qayd etilgan 416 million dollarlik koʻrsatkichdan 42 foizga koʻp, deb xabar beradi 15-oktabr kuni AQSH Moliya vazirligining moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash tarmogʻi (FinCEN).

Ushbu hisobot Oq uyda AQSH va 30 dan ortiq mamlakatlarning kiberxavfsizlik sohasi rahbarlari ishtirokida oʻtgan tovlamachilikka qarshi kurash boʻyicha ikki kunlik yigʻilishidan soʻng eʼlon qilingan.

“Tovlamachi dasturlar iqtisodiy va xavfsizlikka oid jiddiy oqibatlariga olib keladigan global xavfsizlik tahdididir”, deyiladi 14-oktabr kuni eʼlon qilingan qoʻshma bayonotda.

Unda jinoyatchilar faoliyat yuritishi mumkin boʻlgan mamlakatlarda “xavfsiz boshpana” yaratish masalasi muhokama qilingan. AQSH hukumati Rossiyani uchrashuvda ishtirok etishga taklif qilmagan.

FinCEN hisobotida aytilishicha, agar joriy tendensiyalar saqlanib qoladigan boʻlsa, bu yil taqdim etilgan shubhali faoliyatga oid hisobotlarda tovlamachilik bilan bogʻliq tranzaksiyalar avvalgi 10 yilni qoʻshib hisoblaganga nisbatan ancha kattaroq hajmga ega boʻlishi kutilmoqda.

FinCEN maʼlumotlariga koʻra, 2011-yildan beri amerikaliklar kibertovlamachilarga taxminan 1,56 milliard dollar pul toʻlaganlar.

“Tovlamachilik dasturlari AQSH moliya sektori, korxonalari va jamoatchiligi uchun tobora oʻsib borayotgan tahdiddir”, deyiladi hisobotda.

Yaqinda sodir etilgan hujumlar ishlab chiqarish, yuridik xizmatlar, sugʻurta, sogʻliqni saqlash, energetika, taʼlim va oziq-ovqat taʼminoti kabi muhimligi sabab xavfsizlik darajasi pastroq yoki qiymatliroq deb hisoblangan sohalarga qaratilgan.

Bundan tashqari, kamida 2019-yil oxiridan boshlab, tovlamachi toʻdalar daromadni maksimallashtirish va qurbonlarni toʻlovga undash uchun qoʻshimcha stimul yaratish rejasini qoʻllamoqda.

“Qoʻsh tovlamachilik” deb ataladigan shunday rejalarning biri doirasida jinoiy toʻdalar jabrlanuvchining katta hajmdagi maʼlumotlarini qoʻlga kiritadi, oʻgʻirlangan maʼlumotlarni shifrlaydi va toʻlov talablari bajarilmasa, ularni chop etish bilan tahdid qiladi.

Masalan, oʻtgan yili Rossiyaning “Ryuk” nomli tovlamachilar toʻdasi COVID-19 pandemiyasi vaqtida Amerika shifoxonalarining kompyuter tizimlarini shifrlab, maʼlumotlarni chop etish tahdidi bilan toʻlov talab qilish orqali taxminan 162 million dollar ishlab oldi, deb xabar beradi kriptovalyuta operatsiyalarini kuzatuvchi Chainalysis kompaniyasi.

“Federatsiya. Vostok” minorasi: jazo choralari

“Tovlamachi dasturlar ijrochilari – global virtual valyuta ekotizimidagi muvofiqlik rejimlaridagi boʻshliqlar tufayli faollashgan jinoyatchilardir”, dedi AQSH moliya vaziri oʻrinbosari Uolli Adeyyemo FinCEN hisoboti eʼlon qilinganidan keyin bergan bayonotida.

“Vazirlik ularning oʻz jinoyatlaridan foyda olishni qiyinlashtirib, tovlamachi dasturlar hujumlarini toʻxtatishga yordam berib kelmoqda, ammo ushbu noqonuniy faoliyatning oldini olish uchun bizga xususiy sektorda sheriklar zarur.”

Sentabr oyida AQSH hukumati Suex kriptovalyuta birjasini 2018-yildan buyon 160 million dollar noqonuniy mablagʻni yuvishda ayblab, unga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi.

Chainalysis maʼlumotlariga koʻra, bu tranzaksiyalar kompaniyaning maʼlum biznesining 40 foizini tashkil qilgan.

Suex “Federatsiya. Vostok” minorasining 31-qavatidagi Q ofisida faoliyat yuritadi.

Suex asoschisi Vasiliy Jabikin va kompaniyaning sanksiyalar joriy qilingan vaqtdagi eng yirik hissadori Yegor Petuxovskiy qonunbuzarlik sodir etgani yoki noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanganini inkor etmoqda.

Noyabr oyida Gollandiya politsiyasi AQSHning ekstraditsiya uchun orderidan foydalanib, EggChange kompaniyasi egasi Denis Dubnikovni hibsga oldi, deb xabar bergan Rossiya axborot agentliklari.

Ofislari “Federatsiya.Vostok” minorasining 22-qavatida joylashgan EggChange kompaniyasi AQSH va Yevropada pul yuvish ayblovlari yuzasidan tergov qilinmoqda, deb xabar beradi Bloomberg.

Dubnikov 5-noyabr kuni oʻzining boshqa kompaniyasi – Briefcase tomonidan eʼlon qilingan bayonotda qonunbuzarlik sodir etganini inkor qilgan.

Dunyodagi eng yirik kriptovalyuta bozori – Binance platformalar bilan bogʻliq bir nechta hisoblar va noqonuniy oqimlarni, jumladan EggChange, CashBank va “Federatsiya. Vostok” minorasidan turib faoliyat yurituvchi boshqa kompaniyani aniqlagan.

Binance huquq-tartibot idoralarini “ehtimoliy noqonuniy faoliyat” haqida ogohlantirib, aniqlangan hisoblarni yopganini aytdi.

Chainalysis maʼlumotlariga koʻra, bosh qarorgohi “Federatsiya Vostok” minorasida joylashgan boshqa operator – Buy-bitcoin.pro boshqa noqonuniy operatorlar, jumladan, Rossiyada joylashgan eng yirik darknet bozori – Hydra uchun yuz minglab dollarlarni tovlamachi dasturlar yordamida qayta ishlagan.

EggChange, CashBank va Buy-bitcoin.pro Bloomberg soʻrovlariga izoh bermagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Barakalla rossiyalik kiber terrorchilar yashiringan yerni topibsiz. Endi Petriot tizimi uchun koordinatalar aniq.

Javob berish